Uch ming yildan oshiq tarixga ega insoniylik, mehr-oqibat, muruvvat, mehnatsevarlik kabi qadriyatlarni o‘zida ifoda etadigan Navro‘z bayrami bayrami barchamizga muborak bo‘lsin.
Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otit-turk”, Firdavsiyning “Shohnoma”, Umar Hayyomning “Navro‘znoma”, Abu Bakr Narshaxiyning “Buxoro tarixi” asarlarida Navro‘z bayramining paydo bo‘lishi quyoshning hamal burjiga kirishi, tun va kunning tenglashuvi, kunduzning uzaya boshlashi kabi qator qiziqarli tarixiy ma’lumotlar keltirilgan.
Navro‘z bayrami – yangilanish fasli nafaqat O‘zbekistonda, balki, Afg‘oniston, Albaniya, Bahrayn, Eron, Hindiston, Iroq, Livan, Ozarbayjon, Pokiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Suriya, Tojikiston, Turkiya, Turkmaniston kabi davlatlarda ham keng nishonlanadi.
Milliy qadriyatlarimizning yorqin namunasi bo‘lgan Navro‘zni umumxalq bayrami keyingi yillarda mamlakatimizning barcha hududlarida keng nishonlash an’anaga aylandi. Amalga oshirilayotgan islohotlar esa ushbu bayramga yangicha ruh bag‘ishlamoqda. “2025-yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qaroriga ko‘ra, “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili”da Navro‘z shodiyonalari yangicha ruh, Yangi O‘zbekistonning bugungi salohiyati va nufuziga har tomonlama munosib tarzda “Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!” degan bosh g‘oya asosida yuqori saviyada o‘tkazilmoqda. Bu munavvar ayyomda xalq sayillari, sumalak bazmlari va milliy qadriyatlarimizni o‘zida aks etgan madaniy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tayapti.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ta’kidlab o‘tganidek “Navro‘z o‘zining o‘lmas ruhi, umuminsoniy g‘oyalari bilan bashariyat hayotidan tobora chuqur o‘rin egallamoqda”. Jumladan mazkur bayram 2009-yil 30-sentyabrda insoniyat madaniy merosining ajralmas qismi sifatida YUNESKO tomonidan umumjahon nomoddiy madaniy meroslar ro‘yxatiga kiritildi.
Azizlar, bu yilgi Navro‘z bayrami muqaddas Ramazon oyida nishonlanishini inobatga olib, keksa avlod vakillarini, xususan, shu universitetda uzoq yillar faoliyat yuritib, bugungi kunda nafaqadagi faxriy ustozlarimiz, hamda ijtimoiy himoya daftarlariga kiritilgan va ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olish, ular uchun bayram dasturxoni yozish kabi turli xayriya tadbirlarini tashkil etdik. Xabaringiz bor, ayni kunlarda yurtimizning barcha go‘shalarida “Yashil makon”-Dolzarb bir oylik” bahorgi mavsumi davom etmoqda. Bayram kunlarida barcha hududlarda, ko‘cha, mahalla, tuman va shaharlarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish aksiyalari, umumxalq hasharlari o‘tkazilmoqda. Jizzax davlat pedagogika universiteti professor-o‘qituvchilari, faol talabalari ham ushbu ezgu ishda o‘z hissalarini qo‘shib kelishmoqda. “Yashil makon-Dolzarb bir oyilik” doirasida universitetning Bo‘ston shaharchasida joylashgan Sirtqi bo‘lim hududiga 500 tup, “Bog‘ishamol” MFY hududidagi yangi qad rostlayotgan o‘quv binosi bog‘iga 2000 ta mevali va manzarali ko‘chatlar ekildi. Ummuxalq hasharlari o‘tkazildi.
Hurmatli hamkasblar, qadrli yoshlar.
Navro‘z an’analarini qayta tiklash va asrab-avaylash o‘zbek xalqining madaniy-tarixiy merosiga bo‘lgan chuqur hurmatni anglatadi. Birdamlik, mehr-oqibat kabi insoniy fazilatlarni kuchaytirish va insonlarni vatanparvarlik, mehnatsevarlik, tinchliksevarlik, mehr-shafqatlilik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.
Fursatdan foydalanib, bugungi sayil-shodiyonamizda ishtirok etayotgan aziz mehmonlarimizni, hurmatli ustozlarimizni, katta orzu-umidlar bilan saflarimizga kirib kelayotgan navqiron o‘g‘il-qizlarimizni dildan qutlab, baxt va omad ezgu tilaklarimni yo‘llayman.
Aziz va muhtaram yurtdoshlar!
Barchangizni, butun xalqimizni Navro‘z umumxalq bayrami bilan yana bir bor tabriklayman. Fasli navbahor har bir oila, har bir mahallaga, elu yurtimizga tinchlik va farovonlik, baxtu saodat olib kelsin! Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin! Navro‘zi olam barchamizga muborak bo‘lsin!