Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

OZOD SHARAFIDDINOV IJODIDA DABR VA IJODKOR SHAXS TALQINI

OZOD SHARAFIDDINOV IJODIDA DABR VA IJODKOR SHAXS TALQINI Gulzina Tulisheva, Jizzax DPU o‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi o‘qituvchisi XX asr o‘zbek adabiyoti va tanqidchiligi tarixini, kengroq qilib aytsak, xalqimiz ma’naviyati va tafakkuri rivojini Ozod Sharafiddinov ijodiy faoliyatisiz to‘liq tasavvur etib bo‘lmaydi. “Keyingi 50 yilda faoliyat ko‘rsatgan adabiyotshunoslar, publisistlar silsilasida Ozod Sharafiddinovning nomi alohida bir cho‘qqi yanglig‘ ko‘zga tashlanb turаdi. Ozod Sharafiddinov o‘zidan o‘lmas ijodiy meros qoldirdi. Bu ijod nainki bir insonning, balki butun bir millatning faxru g‘ururi bo‘la oladigan ijoddir.”[1.12] O‘zbekiston Qahramoni Abdula Oripovning bu samimiy e’tipofi butun adabiy jamoatchilikning va ziyoli xalqimizning ham yakdil bir bahosi deyish mumkin. Bu tarixiy haqiqat birinchi Prezidentimiz I.Karimovning so‘zlarida ham teran ifodasini topgan edi: “Ozod Sharafiddinov hayotda ham, ijodda ham o‘zining haqqoniy so‘zi, iroda va matonati bilan yurtdoshlarimizga, avvalambor yoshlarimizga ibrat bo‘layotgan, tom ma’nodagi ma’rifatparvar insondir” {2.142}. Haqiqatan ham, Ozod Sharafiddinov tanqidchi o‘z iste`dodi va yorqin shaxsi bilan adabiy jarayonda va badiiy ijod olamini rivojlantirishda qanchalar .ulkan rol o‘ynashi va qudratli ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini yaqqol isbotlab bera oldi. Ozod Sharafiddinovning nodir iste`dodi, badiiy ijod va estetik tafakkur rivojidagi va ayniqsa adabiy tanqidchilik sohasidagi beqiyos xizmatlari bu olimning g‘oyat serqirra va betakror bir siymo bo‘lganini ko‘rsatadi. O.Sharafiddinov fenomenining hayratli bir jihati ham shundaki, uning ilk chiqish laridayoq yorqin namoyon bo‘lgan tug‘ma tanqidchilik talanti hech qachon xira tortmadi, shoirona qalb ehtirosi va jo‘shqin ilhomi umrining so‘ngiga qadar susaymadi. Bu haqda O‘zbekiston Qahramoni, mashur shoirimiz Erkin Vohidov aytgan samimiy fikrlar millionlab kitobxonlarning ko‘nglidagi yakdil fiklarni ham ifodalagan: “Ozod SHarafiddinov XX asr adabiy muhitida o‘z ibratli shaxsiyati, mustahkam e’tiqodu dunyoqarashi bilan ziyolilarimiz ning butun bir avlodi uchun namuna bo‘lib tanilgan alloma. Bunaqa odamlarni xudoyim bizning baxtimizga, jamiyat baxti uchun beradi”. Ozod Sharafiddinovning tanqidchilik iste`dodi va ijodiy salohiyati nechog‘lik serqirra va samarali ekanligini tasavvur etish uchun loaqal u kishining badiiy ijod va adabiyotshunos likning qanday dolzarb va murakkab mavzu va muammolarini teran yoritib berganligini bir qur esga olaylik. Birgina XX asr o‘zbek adabiyoti tarixi masalasini o‘rganishni olaylik. G‘oyat murakkab va ziddiyatli kechgan bu davr adabiyotning o‘nlab atoqli vakillari hayoti va ijodini mufassal yorituvchi ko‘plab yirik tadqiqotlar, darslik, monografiya va salmoqli to‘plamlarining aksariyati bevosita Ozod Sharafiddinov rahnamoligi va mutasaddiligida yuzaga kelgan. Bu haqiqatni va bularning evaziga sho‘ro davrida keskin tazyiq va ta’na-dashnomlarga ham duchor bo‘lganligini, afsuski , bugungi yoshlarimiz yaxshi bilmasligi mumkin. Zotan, Istiqlol tufayli bugun Cho‘lponning nomini qo‘rquv yoki hadik bilan emas, balki haqli ravishda faxr bilan tilga olishimizda va uni adabiyotimizning eng porloq siymolaridan biri sifatida ardoqlashimizda O.Sharafiddinovning xizmatlari beqiyosdir.[1-62] Munaqqidning “Iste`dod jilolari” (1976) kitobi ham uning “Zamon. Qalb. Poeziya” (1962) asari singari adabiy – tanqidiy tafakkur rivojida quvonchli bir voqea bo‘lgan. Ushbu asarni varaqlar ekanmiz, dastavval undagi esse – portretlarning nomlari diqqatimizni o‘ziga jalb etadi: “Cho‘qqi”, “Daryodil shoir”, “So‘z san’atiga fidoyi sadoqat”, “Ulkan hayotning ilk sahifalari”. Darhaqiqat, mashhur shoir, buyuk qalb egasi bo‘lgan G‘afur G‘ulomga nisbatan “Daryodil shoir” degan iboradan ko‘ra ham munosibroq ta’rif bormi? G‘afur G‘ulom ijodi adabiyotimizning eng yuksak va porloq “cho‘qqisi”ga qiyos qilingani-chi? Yoki zabardast adibimiz Oybekning so‘z san’atiga bo‘lgan sevgi-sadoqatini “fidoyi” deb atamaslik mumkinmi? To‘plamdagi maqolalar hajman katta emas, lekin tanqidchi ana shu ixcham maqolalarda adabiyotimizning eng yirik vakillarining hayot yo‘lini yoritishga va ular ijodi va shaxsiyatining asosiy qirralarini mufassal ochib berishga muvaffaq bo‘lgan. Нaqiqiy tanqidchilarga xos mahorat bilan u yoki bu so‘z san’atkorining ijodiy yo‘li qanday shakllanganligini,uning o‘ziga xos va mushtarak tomonlarini,adabiyotimizga qo‘shgan hissasini va shu tariqa o‘sha yozuvchining adabiyot tarixida tutgan o‘rnini aniqlashni asosiy maqsad qilib qo‘yadi. Masalan, A.Qahhorning “Sarob” romani tahliliga to‘xtalib o‘taylik. Kitobxonlarga ma`lumki, “Sarob” romani tanqidchilikda ko‘pgina munozaralarga sabab bo‘ldi. Ayrim adabiyotshunoslar asarni to‘la va to‘g‘ri baholay olmadilar. Ular romanning o‘ziga xosligini, uning g‘oyaviy-badiiy Jihatlarini qandaydir “quyma qolip”lar bilan o‘lchab ko‘rishdi va oqibatda yozuvchi oldiga noto‘g‘ri talablar ham qo‘yishdi. Munaqqid A.Qahhorning satirik iste`dodi va uning evolyutsiyasini tadqiq etar ekan, adib asarlarini baholashda ham jahon adabiy-estetik tafakkur me`zonlarini asosiy dasturulamal qilib oladi. “Yozuvchi ijodiga baho berganda faqat nimani aks ettirayotganini asos qilib olsagu, boshqa tomonlarini hisobga olmasak, noobyektiv, birtomonlama yo‘lga kirib ketish oson. Yozuvchi ijodining qiymatini belgila ydigan eng muhim narsa uning aks ettirayotgan hodisalarga munosabatidir”, – deydi olim. “Iste`dod jilolari”ning “Sarob” romaniga nisbatan yana bir jihati bor. “Sarob”- ko‘p qirrali roman. U ayni paytda egoistik talant va uning fojiali taqdiri haqidagi asar ham bo‘lib, A.Qahhorning muhim adabiy-estetik qarashlarini ham o‘zida mujassamlashtirgandir. Afsuski, romanning bu jihati adabiyotshunoslar e`tiboridan chetda qolib ketar edi. A.Qahhor Saidiydagi durustgina talantining qurboni bo‘lishini realistik lavhalarda aks ettirar ekan, u orqali go‘yo “Gap faqat talantda emas balki talantning maqsad yo‘nalishidadir. Talant xalqqa bag‘ishlanishi, eng yuksak va oliyjanob g‘oyalarning tantanasi uchun xizmat qilishi kerak”, degan ezgu bir haqiqatdan bizni ogoh qilganday bo‘ladi. Bunday hayotiy g‘oyalar bugun ham dolzarbligini yo‘qotmaydi. Aslida, adib asarlariga baho berish va ularni tadqiq etishda tarixiy sharoitni e’tiborga olishimiz va sobiq sho‘ro davrida yashab, ijod qilgan boshqa san’atkorlar kabi Qodiriy, CHo‘lpon va Qahhorlar ham butunlay erkin bo‘lmaganini unutib bo‘lmaydi. Bu jihatdan Ozod Sharafiddinovning CHo‘lpon ijodini o‘rganish borasidagi fikrlari asosli: “Muayyan zamon, muayyan jamiyatda yashagan shoir, tabiiyki, bu jamiyatdan tashqariga chiqib keta olgan emas. CHo‘lponga ob’yektiv yondoshish, uning shaxsiyatini, ijodini xolisona baholash uni mutlaqo kamsitmaydi, balki bizning yuraklarga yaqinroq qiladi. CHo‘lponning badiiy ijodidagi yoxud adabiy-tanqidiy maqolalar idagi hukmron mafkura g‘oyalariga yon berilgan o‘rinlarni ko‘rganda, uning nomiga malomat toshlarini otishga shoshilmaslik kerak. Bil’aks, uni tushunmoqqa harakat qilaylik. Bu mulohazalar faqat Cho‘lponga emas, balki Oybek, G‘.G‘ulom, H.Olimjon, A.Qahhor, Shayxzoda, Mirtemir kabi ko‘p yillar mobaynida adabiyotimizning chinorlari hisoblanib kelgan, keyingi yillarda esa o‘rinli-o‘rinsiz ta’na-dashnomlarga ro‘para kelayotgan ijodkorlarga ham taalluqli.” [2-64] Ozod Sharafiddinov ijodi va shaxsiga baho berishda ham ana shu sharoit va holatlarni nazardan qochirmaslik lozim. U kishi ham partiyani ulug‘lovchi fikrlar bildirgan yoxud Mayakovskiy kabi proletariat sinfi va revolyutsiyani madh etuvchi asarlarini yuqori baholaganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Lekin bu o‘tkinchi g‘oya-qarashlar mash’um sovet tuzumi siyosati va hukmron mafkurasi bilan bog‘liq ekanligi endilikda barchaga ayon bo‘lmoqda. Ozod SHarafiddinovning zabardast adabiyotshunos alloma va mohir tarjimon sifatidagi rang-barang ijodiyoti qanchalar e`tiborga loyiq bo‘lsa, u kishining muharrirlik va ustoz-murabbiylik faoliyati ham shu qadar e`zoz-ehtiromga munosibdir. Olimning bu faoliyati ham alohida tadqiqotlarga mavzu bo‘lishi shubhasizdir. Adabiyotlar: 1.Ozod SHarafiddinov. Birinchi mo‘jiza. T.1979. 2.Ozod SHarafiddinov. Talant xalq mulki. T. 1979. 3.Ozod SHarafiddinov. Ijodni anglash baxti. T. SHarq 2004. 4.Ozod SHarafiddinov zamondoshlari xotirasida. Т.2007.