Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

MUSIQA O’QITUVCHILARINING PEDAGOGIK MAHORATI

Annotatsiya. Mazkur maqolada musiqa o’qituvchilarining kasbiy-pedagogik mahoratini va uning bir tarmog’ sanaladigan kasbiy kompetensiyasini oshirish ahamiyati haqida so’z boradi. Bugungi kun musiqa o’qituvchilari faoliyati samaradorligini, pedagogik faoliyatini yo’lga qo’yishda avvalo, unda pedagogik mahorat, har bir pedagogik jarayonda zarur bo’lgan kompetensiya turlariga egalik faoliyatdagi ahamiyati yoritib o’tilgan. Kalit so’zlar: musiqa madaniyati, axloqiy tarbiya, estetika, faoliyat, pedagogika, pedagogik mahorat, kompetensiya, komponent, mutaxassis.   Umumiy o’rta ta’limda o’rgatilayotgan har bir fanning maqsad va vazifalari belgilab qo’yilgan. Asosan amaliy faoliyat bilan uzviy bog’liq bo’lgan musiqa madaniyati fanining ham o’z maqsad, vazifalari bo’lib, umumta’lim maktablarida musiqa madaniyati fanini o‘qitishdan ko‘zlangan asosiy maqsad o‘quvchilarning ma’naviy, badiiy va axloqiy madaniyatini, milliy g‘urur hamda vatanparvarlik tuyg‘usini shakllantirish, tafakkurini kengaytirish, bolalardagi ijodiy mahorat, nafosat va badiiy didni o‘stirish hamda tashabbuskorlikni tarbiyalashdan iboratdir. “Musiqa madaniyatini o’quvchilar ongida shakllantirish asnosida fan o’z oldiga bir necha vazifalarni qo’yadi:
  • O’quvchilarga berilayotgan musiqiy ta’lim-tarbiyani hayotga bog’lab olib borish;
  • O’quvchilarda musiqa san’atiga mehr, qiziqishni o’stirish;
  • O’quvchilarda musiqiy-badiiy didni va musiqa faoliyatlariga ehtiyojini rivojlantirish;
  • Musiqa haqida bilim, malakalar doirasini tarkib toptirish;
  • Iqtidorli o’quvchilarning musiqiy rivojlanishi uchun sharoit yaratib berish;
  • Musiqiy faoliyatlar jarayonida badiiy-ijodkorlik his-tuyg’ularini rivojlantirish;
  • Musiqiy asarlarning badiiy-g’oyaviy mazmuni vositasida o’quvchilarda axloqiy-estetik qarashlarni tarbiyalash”[2, 10-11].
Demak, musiqa ta’limining oliy maqsadi: “musiqani idrok eta oladigan, yetuk, barkamol, madaniyatli, nafaqat o’z milliy an’analarini, balki boshqa millatlar madaniyatidan boxabar va bu an’ana, madaniyatlarini xurmat qiladigan qilib voyaga yetkazishdan iboratdir”[8, 4] Yuqoridagi kabi jihatlarni bolalarda shakllantirishda pedagog asosiy rol o’ynashini hisobga olsak, bo’lajak musiqa o’qituvchilarini tayyorlash musiqa madaniyati fanlarining sifat ko’rsatkichini belgilab berishini anglash qiyin emas. O’qituvchining kasbiy jihatdan shakllanishi oliy ta’limda kasbiy ta’lim olish jarayonidan boshlanadi. Pedagogika oliy dargohlarining fan dasturlari mazmuni bo’lajak o’qituvchilarga kasb bo’yicha bilimlar berish, pedagog faoliyat sirlarini o’rgatish va talabalarda ko’nikma hosil qilishga qaratilgan. Yuqorida qayd etilgan vazifalarni bajarishda bo’lajak musiqa o’qituvchilarining kasbiy va pedagogik mahoratini shakllantirishga ahamiyat berish zarur. Zero o’qituvchi “pedagoglik kasbiga doir bilimlarni, ya’ni psixologik, pedagogik malaka va mahoratni, ilmiy-nazariy va amaliy bilimlarni puxta egallagan bo’lishi”[3,11] zarur. O’qituvchining kasbiy va pedagogik mahorati deganda ustuvor ijtimoiy-siyosiy, umumilliy, maxsus, psixologik-pedagogik va kasbiy-metodik bilim va ko ‘nikmalar tizimi asosida olingan kasbiy faoliyatini amalga oshirish qobiliyati tushuniladi. Mahorat – bu “ishni muvaffaqqiyatli bajarish uchun zarur bo’lgan shaxsning shaxsiy xususiyatlari kombinatsiyasidir”[5, 26]. Pedagogik mahorat tushunchasiga esa hozirgi zamon psixologiya va pedagogikasida turlicha ta’rif beriladi. “Pedagogik mahoratga ega mutaxassis bu – o’z kasbining mohir ustasi bo’lgan, yuksak darajada madaniyatli, o’z fanini chuqur biladigan, yondosh fanlar sohalarini yaxshi tahlil eta oladigan, tarbiyalash va o’qitish uslubiyatini mukammal egallagan mutaxassis” [9, 11] dir. Pedagogik mahorat tushunchasi quyidagicha izohlanadi:
  • Madaniyatning yuqori darajasi, bilimdonlikning yuqori ko’rsatkichi;
  • O’z faniga doir mukammal bilimlar sohibi;
  • Pedagogika va psixologiya oid bilimlarni ham puxta o’zlashtirib, o’z kasbiy faoliyatida ularni ishlata oladigan shaxs;
  • O’quv va tarbiyaviy ishlar uslubiyatini mukammal biladigan pedagog.
Bo’lajak musiqa o’qituvchisining pedagogik mahorati turli ko’nikmalarga egalik bilan yanada oshib boradi. Ya’ni musiqa o’qituvchida shakllanishi zarur bo’lgan quyidagi ko’nikmalarni tavsiflash orqali uning shakllanish jarayonini, pedagogik mahoratga erishish bosqichlarini yanada teranroq anglaymiz: Birinchidan, u professional tarzdagi tashkiliy qobiliyatlar: pedagog sifatida har doim o’zini tahlil etib borish, bolalar faoliyati ustidan tezkor nazoratni ta’minlash, bolalarning pedagogik ta’sirga bo’lgan munosabatini hisobga olgan holda, o’z vaqtida o’quvchini yo’naltirish va berilgan pedagogik vazifalarni to’g’rilashni oqilona amalga oshirish, belgilangan vazifalarga erishish uchun ko’rsatmalarni bajarish, bolalar o’rtasidagi munosabatlarni tartibga solish, bolalarning muvaffaqiyatlari va yutuqlarini hisobga olgan holda faoliyatni rag’batlantirish, dars, o’zlashtirishdagi talablarning eng optimal shaklini topish va ularni bolalarning individual xususiyatlariga va muayyan pedagogik sharoitlarga qarab o’zgartirish, vazifalarni aniq, qisqa va oson tushuntirish kabilar. Ikkinchidan, tahliliy qobiliyatlar: olingan natijalarni dastlabki ma’lumotlar va qo’yilgan pedagogik vazifalar bilan solishtirganda tahlil qilish, musiqiy faoliyatdagi yutuq va kamchiliklarning mohiyatini tahlil qilish, erishilgan natijalarni tahlil qilish asosida o‘z tajribasini pedagogik nazariya bilan bog‘lash, pedagogik vazifalarni ilgari surish va asoslash. Pedagog “o’z faoliyatini doimo tahlil qilib, unga nisbatan tanqidiy munosabatda bo’lish”[1, 37] i zarur. Uchinchidan, muloqot qobiliyatlari: musiqa o’qituvchisi bolalar va ularning ota-onalari bilan munosabatlar o’rnatadi, bolalarni axloqiy, estetik jihatdan tarbiyalaydi, har bir bolaga individual yondashishni ta’minlaydi. Zero, musiqiy va tarbiyaviy faoliyatning asosi muloqotdir. Bolalar bilan muloqot qilish qobiliyati ularga muhabbatsiz rivojlanmaydi. Jamoadagi munosabatlar ko’p jihatdan tarbiya, ta’lim va o’qitishdagi muvaffaqiyatni belgilaydi. Bu o’qituvchining muloqot qobiliyatining mazmuni va ahamiyatini belgilaydi. To’rtinchidan, loyihalash qobiliyatlari: pedagogik faoliyat natijalarini loyihalash qobiliyati, ularni amalga oshirish yo’llarini rejalashtirish, har bir bolaning va guruhning musiqa fanini o’zlashtirishini loyihalash, tarbiya va ta’lim natijalarini, bolalarni musiqiy tarbiyalash va o’qitishda yuzaga kelishi mumkin bo’lgan qiyinchiliklarni oldindan ko’ra bilish, aniq vazifalarni ajratib ko’rsatish va shakllantirish. Yuqoridagilarni umumlashtirgan holda shuni ta’kidlaymizki, bo’lajak musiqa o’qituvchisining pedagogik faoliyati – bu maxsus bilim, ko’nikma va malakalar, tashkilotchilik qobiliyatiga egalik, kasbiy tayyorgarlikning yuqori darajasi, kasbda o’z-o’zini anglash, doimiy o’z-o’zini takomillashtirish, muloqot qilish va har bir bolaga to’g’ri yondashuvni topish qobiliyatlarini namoyon qilishdir. Bu uning ijodiga bo‘lgan ulkan qiziqish, o‘z oldida turgan vazifasini tushunish, san’atdagi o‘rni, yuksak shaxsiy madaniyati va kasbiy ishtiyoqi orqali yo’lga qo’yiladigan pedagog sifatidagi kelajagi hisoblanadi. Biz pedagogik mahoratning asosiy tarkibiy qismlarini o’rganar ekanmiz, yuqoridagi barcha jihatlar musiqa o’qituvchisining kasbiy faoliyatiga to’liq taalluqli ekanligiga amin bo’lamiz. Musiqa o’qituvchisida pedagogik mahoratni shakllantirish shaxs madaniyatiga, o’sib borayotgan shaxsning o’z vaqtida va to’liq ijtimoiylashuviga hissa qo’shishga, bolani ma’naviy, axloqiy va estetik jihatdan tarbiyalashga qaratilgandir.   Urinova Sabina Shuxrat qizi J.D.P.U. “Musiqa madaniyati” fakulteti stajor-o’qituvchisi Tel: +998 99 331 33 35   FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO’YXATI  
  1. 1. Asqarova M., Xayitboyeva M., Nishonov M. Pedagogika. “Talqin” nashriyoti. Toshkent., 2008-yil.
  2. Ho’jayeva M. “Umumta’lim maktablarida musiqa o’qitish metodikasi” O’z.D.K.tahrir-nashriyot bo’limi. Toshkent., 2008-yil.
  3. 3. Mavlonova R, Abdurahimova R. “Pedagogik mahorat”. “Fan va texnologiya nashriyoti”. T., 2009-yil
  4. 4. Макаренко А.С. “Педагогические сочинения”: В 8 т. М.: “Прогресс”, 1983–1986.
  5. Маркова А.К. “Психология профессионализма “ – М.: “Знание”, 1996.
  6. Umarov E., Karimov M., Mirsaidova M., Oyxo’jayeva G. “Estetika asoslar”. Cho’lpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi. 2009-yil.
  7. Xoliqov A. “Pedagogik mahorat”. “Iqtisod-moliya nashriyoti”, Toshkent., 2011-yil.
  8. 8. Yusupova N. “Musiqa savodi, metodikasi va ritmika”. “Musiqa” nashriyoti. Toshkent., 2010-yil