Dilnavoz Salimova JDPI, F.f.f.d.(PhD)
Oliy o‘quv yurtlari va akademik litseylar qoshida faoliyat yuritayotgan «Yosh adabiyotshunoslar», «Yosh tilshunoslar», «Bo‘lajak filolog» va boshqa shu kabi adabiy-lisoniy to‘garaklar qatorida «Yosh tarjimonlar» yoki «Tarjimashunoslar klubi» kabi to‘garaklarning muntazam ishlab turishi tarjimashunoslik sohasiga qiziquvchi talabalarga ijod va izlanish maktabi vazifasini o‘tashi tabiiy.
Tarjimashunoslik to‘garaklariga ham o‘quv darslaridagidek yangi pedagogik va innovatsion texnologiyalar asosida o‘qituvchining kompetentligini oshirish bugungi kun ta’limi uchun dolzarb deb hisoblaymiz. Bunday to‘garaklar, asosan, akademik litseylarning xorijiy tillarni o‘rganishga ixtisoslashgan kafedralari qoshida yuritilayotganligi shug‘ullanuvchilarning chet tillarini o‘zlashtirib olishlariga bo‘lgan intiluvchanliklarini yuqori darajaga ko‘tarishi bilan birga o‘zga xalq badiiy adabiyoti namunalarini tarjima qila olish ko‘nikmasini ham o‘stiradi. Shu maqsadda to‘garak faoliyatining ilmiy va metodik saviyasini oshirishga qaratilgan yangicha dastur loyihalari ishlab chiqilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.
Tarjimashunoslik darslarini adabiyot mashg‘ulotlarida ham tashkil etilganda badiiy adabiyotga qiziquvchi o‘quvchilarda tarjima asarini o‘rganish ishtiyoqini uyg‘otadi. Zero, bugungi kun yosh avlod kelgusida o‘zi egallagan sohasining yetuk mutaxassisi darajasida kamol topishi avvalo darsdan keyingi ta’limning qanday olib borilayotganligiga ham bog‘liqdir. Biz to‘garak mashg‘ulotlarida foydalanish mumkin bo‘lgan «Tarjima matni ustida muqobil-analitik izlanish» mavzusi yuzasidan bir soatlik mashg‘ulotni dasturga kiritish bo‘yicha o‘z tavsiyamizni berishni maqsad qilib oldik. Tarjima matni ustida muqobil-analitik izlanish deganda, o‘quvchining mustaqil ravishda biror badiiy asarni tarjima asariga qiyosiy metod asosida tahlil qilishi tushuniladi. Tahlil davomida o‘quvchi misol tariqasida berilgan matnni biror tilga tarjima qilib ko‘radi va tarjima qanday amalga oshganini, natijasini o‘zi tahlil qiladi. Shu tariqa yosh tarjimon o‘z ijodiga o‘zi baho beradi. Buning natijasida tarjima jarayonida yuz beradigan adabiy-lisoniy murakkabliklar, qulayliklar, tafovutlar v.h. amaliy o‘rganiladi. Izlanish uchun sintaktik konstruksiyasi jihatidan soddaroq va g‘oyaviy mazmuni jihatidan tez anglanadigan matn tanlab olinadi. Masalan, XX asr o‘zbek adabiyotining yetuk vakili Oybek qalamiga mansub «Kuz» she’rini va uning rus tiliga Yu. Neyman, A.Glezer qilgan tarjimalari misol tariqasida tahlil uchun tanlanadi:
Oybek: Quyoshning zar mo‘ynasin
Yopinib kuz iliq uyquda,
Suv tashlab loyqa, sho‘x sur’atin
Ipakdek tovlanar ko‘zguda.[3.133]
Yu. Neyman : Nespeshna dney osennix chereda,
Lojitsya osen v travы na nochleg.
Blestya, kak shelk, osennyaya voda
Ostanovila svoy igrivыy beg. [2.75]
A.Glezer: Ukutavshis v mexa gustыe solnsa,
Usnula krepka osen zolotaya.
Techet reka zadumchivaya sonn,
Kak shelk, perelivayas i sverkaya.[1.152.]
1.Quyida berilgan to‘rtlikni mustaqil ravishda tarjima qilishga kirishing:
- a) dastlab she’rni diqqat bilan o‘qib chiqing, so‘ngra she’r mazmunini rus tilida bilganingizcha so‘zlang (lug‘at yordamisiz);
- b) to‘rtlikni o‘girish uchun misralardan birini tanlab oling;
- c) tanlab olgan misrangizni she’riy yo‘l bilan emas, balki oddiy so‘zlashuv uslubida ruschada so‘zlab ko‘ring (lug‘at yordamida);
- d) so‘zlashuv uslubidagi gapingizni shoshilmasdan adabiy nutq normasiga soling;
- e) adabiy nutq doirasidagi matnni she’riy matnga aylantiring.
Ushbu topshiriq bo‘yicha quyidagi natijaga erishish ko‘zda tutiladi. Avvalo har qanday badiiy tarjima uch bosqichli tahrirdan o‘tishi kerak, shularni e’tiborga olib, o‘quvchilar o‘z ishlarini mazkur bosqichlarda zinama-zina bosib o‘tgan holda tahlil qiladilar. Bu bosqichlar quyidagilardan iborat:
badiiy (obrazlilik qay darajada saqlanganligini aniqlash),
ilmiy (lingvistik nuqtai nazardan baholash),
nashriy (matnning ijtimoiy ahamiyatini belgilab olish)[4.88.] kabi tahrirlarida tekshirishlari lozim topiladi. Zero, bu uchala bosqich birgalikda talab doirasidagi tarjimani yuzaga keltiradi. Bu mavzu oldingi darslarda o‘tilgan bo‘lishi kerak. Shunga ko‘ra, o‘quvchilar quyidagi shartlar asosida amalga oshirgan tarjimalarini tahlil qilishga kirishadilar:
1.Tarjimada asl nusxaning birorta so‘zi tushib qolmadimi?
- Asliyatda mavjud bo‘lmagan so‘z tarjimada paydo bo‘lib qolmadimi?
3.Asliyatga qaramasdan turib, tarjimangizning uslubiga e’tibor qiling, sizning fikr va g‘oyangiz asosan qaysi so‘zlarda ifodalangan?
- Ishingizdan ko‘nglingiz to‘lmagan jihatlar qaysilar, ularni to‘g‘rilab bo‘ladimi?
- Asliyat bilan tarjimaning farq qiluvchi nuqtasi bormi?
- Tarjimada so‘zlar takrori, gap g‘alizligi semantik nomushtaraklik kabilar uchramadimi? Ularni bartaraf qilsa bo‘ladimi?
- Asliyatga yaqinlik qay darajada deb o‘ylaysiz? Tarjimada yasamalik, zo‘rma-zo‘rakilik kabi holatlar uchramadimi?
O‘quvchilar ushbu savollarga javob qaytarish barobarida o‘zlari amalga oshirgan tarjimalariga yo‘l-yo‘lakay baho berib ketadilar. Qo‘llangan har bir so‘zning tarjimadagi badiiy va lisoniy funksiyasi ustida bosh qotiradilar. Masalan,
Quyoshning mayin zar mo‘ynasin // Yopinib kuz iliq uyquda misralaridagi
zar mo‘yna, iliq uyquda iboralarini rus tilida qanday ishlatilganligiga e’tibor beradilar, ya’ni asliyatdagi poetik ifodalarni tarjimada qayta yaratishda tarjimon tomonidan so‘z tanlashning o‘ziga xos murakkabliklariga duch kelishini o‘zlarida sinab ko‘radilar. Yosh tarjimonlar ilk bor matnni tarjima qilib ko‘rish jarayonida poetik, metaforik birikmalarning tarjimasida oddiy so‘zlashuv uslubiga xos yoki, neytral ahamiyatga ega bo‘lgan so‘zlarni ishlatib qo‘ymasliklari talab etiladi. A. Glezer, Yu. Neyman tarjimasida
zar mo‘yna va
iliq uyquda iboralari tarjimasida tarjimonlar qanday yo‘l tutganliklari aytib o‘tiladi:
Asliyat: Quyoshning
zar mo‘ynasin
Yopinib kuz
iliq uyquda.
- Glezer: Ukutavshis v mexa gustыe solnsa,
Usnula krepko osen zolotaya.
Yu. Neyman: Nespeshno dney osennix chereda,
Lojitsya osen v travы na nochleg.
Misollardan ko‘rinadiki, A. Glezer tarjimada asliyat bilan qadam baqadam odimlab boradi. O‘quvchilar ham tarjima ishiga kirishganlarida o‘z tarjimalarida sun’iylikdan kechib, quruq gaplar yig‘indisini emas, aksincha, muallif qalbidan otilib chiqqan otashin hislarni tarjimada qayta yarata olishga erishish kerakligini his qiladilar.
Foydalanilgan adabiyotlar:
- 1. Dalekaya zvezda moya. -T., Izd. Iskusstvo i literaturы im. G. Gulyama 1974.S. 152.
- 2. Moy golos. –T., izd.Iskusstvo i literaturы im. Gafura Gulyama 1987. S. 75.
- Muso Toshmuhammad Oybek. Mukammal asarlar to‘plami. II tom T. 1975., B. 128.
- 4. Salomov G‘. Tarjima nazariyasiga kirish.-T.: o‘qituvchi;1978; B-88