- Xudayberganov R.A. “Rangshunoslik asoslari”, O’quv qollanma. T., Nashriyot – matbaa ijodiy uyi, 2006 y. 92 b. 3 nusxa.
- Xudayberganov R.A.“Tasviriy san’atda rang”, O‘quv qo‘llanma. Elektron resurs.T. TDSI O‘q. Bosmaxonasi, 2004 y. 79 b.
- Virgil Elliott. “Traditional oil painting”. Elektron variant. NY., “Watson-Guptill Publication”. 2007 y. 225 p.
- Richard Schmid “Alla Prima II” Elektron variant. USA., 2013 y. 193 p.
Rangtasvir darslarida grizayl texnikasida portret ishlashni talabalarga o’rgatish (moybo‘yoqda)
Nurnazarov Xudoyberdi Doniyorovich – JDPU Texnologik ta’lim va tasviriy san’at fanlari kafedrasi o’qituvchisi. +99894 348-48-69
Annotatsiya
Inson boshini tasvirlash, rassomdan o’ziga xos malaka, o’tkir nigoh va tajriba talab etadi.Tajribasiz talaba portret ishlashni oson deb o‘ylaydi. Naturadan qalamtasvir ishlagach, uni o‘ziga yaqin rang tanlab, bo‘yab qo‘yadi. Natija ko‘ngildagidek chiqmaydi. Naturaning tashqi qiyofasida o‘xshashlik sezilsada, to‘laqonli rangtasvir portreti deb bo’lmaydi. Portret rangtasvirida talaba butun bilim va mahoratini ishga solib, tasvirlanayotgan shaxsning o’ziga xos psixologik holatini aniq topa bilishi kerak.
Kalit so’zlar: grizayl texnikasi, portret, rangtasvir, Tabiiy umbra, etyud, natura.
Inson boshini tasvirlash, rassomdan o’ziga xos malaka, o’tkir nigoh va tajriba talab etadi.Tajribasiz talaba portret ishlashni oson deb o‘ylaydi. Naturadan qalamtasvir ishlagach, uni o‘ziga yaqin rang tanlab, bo‘yab qo‘yadi. Natija ko‘ngildagidek chiqmaydi. Naturaning tashqi qiyofasida o‘xshashlik sezilsada, to‘laqonli rangtasvir portreti deb bo’lmaydi. Portret rangtasvirida talaba butun bilim va mahoratini ishga solib, tasvirlanayotgan shaxsning o’ziga xos psixologik holatini aniq topa bilishi kerak. Faqatgina nazariy bilim bilan savodli tasvir ishlab bo’lmaydi. Bildirilgan fikrlar – portret ishlashda yo‘l qo‘yiladigan asosiy xatolarning oldini olishga qaratilgandir. Albatta, portret janrida ijodkor ichki psixologik holatni to‘g‘ri ochishga erishishi uchun yuksak iste’dod, mahorat va katta tajriba kerak bo‘ladi. Portret rangtasvirini o‘rganishda sizga bir qancha tavsiyalar diqqatingizga havola etiladi.
Moybo‘yoqda portret ishlash
Grizayl – Bu texnika bitta bo‘yoq bilan qalamtasvir ishlash demakdir. Aynan mana shu uslub qalamtasvir bilan rangtasvirni birlashtiradi. Odam boshi tasvirini ishlashda umumiy qoidalar bilan birgalikda o‘tkir, ingichka qalam va keng, yapaloq mo‘yqalam shaklni turlicha ifodalashi mumkinligini kuzatamiz. Portret qalamda ishlanganda shaklni chiziqlar yordamida qurib, maqsadga erishiladi. Mo‘yqalamda esa yirik shakl ifodasidan mayda detal ishlanmasiga o‘tiladi. Bo‘rtiqlik ifodasini yaxshi sezmaydigan tajribasiz rassom uchun mo‘yqalamda tasvir ishlash odatiy, yuzaki shtrix berishdan foydalidir. Mo‘yqalamda ishlashning afzallik tomonlaridan biri – lessirovka usulidir. Moybo‘yoqda ishlangan qalamtasvir odatda shu usul bilan o‘z yakuniga etkaziladi. Lessirovkada qurigan bo‘yoq ustidan shaffof yoki yarim shaffof qatlam berib keskin ishlangan detallar yumshatilib, aniq olinmagan yorug‘-soya munosabatini to‘g‘rilash mumkin.Grizayl uchun to‘q va iliqroq rang tanlangani ma’qul (masalan: umbra, mars, vandik). Boshqa bo‘yoqlar, aytaylik qora, ko‘k, oq bo‘yoq aralashmasida sovuq, o‘lik tusni beradi. Bu esa inson chehrasining iliqligiga mos kelmaydi. Moybo‘yoqda portret rangtasvirini ishlashdan oldin tus echimini hal etadigan bir nechta mashqlar bajarish foydalidir[1].
Bu mashg‘ulotning maqsadi – odam boshining shakl ifodasini yorug‘-soya munosabatlarda o‘rganishdir. Grizaylda ishlash uchun odatda 2 ta bo’yoq olinadi: tabiiy umbra va oq «Tabiiy umbra» o‘rniga umbraning boshqa turlari yoki «mars jigarrang» bo‘yog‘ini ham ishlatish mumkin. Yorqin qizil rang yoki yashil, ko‘k bo‘yoqlar tavsiya etilmaydi. Kompozitsiya – rassomning ko‘rish nuqtasidan hamda o’lcham hajmidan kelib chiqiladi[2]. Mato hajmini kichikroq o‘lchamda tanlash kerak. Agar tanlangan mato katta bo‘lsa model ham asl hajmidan kattaroq chizilsa, tajribasiz rassom chalg‘ib qolishi tabiiy. Bosh etyudini ishlash uchun 30×40 sm o’lcham tavsiya etiladi. Dastlab bosh tuzilishi konstruktiv belgilanib, yuz nisbatlariga e’tibor kuchaytiriladi. Xar – bir detalga yorug‘ – soya, hajm xarakterini ishlab chiqish shart emas. Bu narsa keyinroq boshning yaxlit shakli belgilab olingach, mo‘yqalamda aniq ishlov beriladi. Eng muhimi qalamtasvir boshning umumiy konstruksiyasini aniq belgilab berishi shart. Matoda tasvir qalamdan ko‘ra ko‘mir qalamchalarida ishlangani ma’qul. Ko‘mirda tus va yorug‘-soyaning farqini belgilash qulay[3]. Bundan tashqari ko‘mir (rezinka) o‘chirg‘ich hatto lattada ham o‘chiriladi. Ishni nimadan boshlash kerak? Dastlab modelni yaxshilab kuzatamiz. Boshning yoritilgan va soya qismini fonga nisbatan solishtiriladi. Eng yorug‘ va eng to‘q qismini ajratib, ularni fikran tahlil etiladi. Masalan, yoritilgan peshona qismini fonga nisbatan och-to‘qlik nisbatini topish kerak. Blik va eng to‘q joylar uchun aralashma tayyorlash shart emas. Aralashma yorug‘lik va soyaning o‘rtacha tusi uchun tayyorlanadi. Boshning soya qismida fonni belgilab bo‘lgach, ikkinchi tarafini ham ishlashga o’tiladi. Endi boshning yorug‘ qismiga soya va fonga nisbatan solishtirgan holda bo‘yoq qo‘ying. Detallar ustida ishlash, boshning umumiy shaklini aniqlashtirish, ishning 2-bosqichiga kiradi. Bu bosqichda yuzning detal ishlovini boshning konstruksiyasiga bo‘ysundirgan holda olib boriladi. Yirik mo‘yqalamlar bilan detallarga rang berish, oson emas. Endi kichik mo‘yqalamlardan foydalanamiz. Mo‘yqalamda yuza tekisliklarini bo‘yoq surtmalarida ifodalash kerak. Bir tekislikdan ikkinchisiga o‘tishda chegarani silliqlashga uringmang. Balki yanada mayda bo‘laklar orqali birlashtiring. Ko‘zni ishlayotganingizda kichkina mo‘yqalam bilan qovoqlarni chizib chiqmang. Avvalo ko‘zni joylashgan o‘rnini kerakli tusda belgilab olinadi. Tusni belgilashda boshning boshqa ishlangan bo‘laklari bilan solishtirishni unutmang. Joylashgan o‘rni va xarakterini topganingizdan keyin ko‘z tasvirini chizishga kirishiladi. Bir ko‘zga ishlov berib, darhol ikkinchisiga o‘ting. Ularning qurilishiga e’tiborni susaytirmagan holda ikkala ko‘zni ham baravar ishlashga harakat qiling. Lablarni bir chiziqda chizib chiqmang. Lab shaklini ham «lepka» qilish kerak. Chunki unda turli tekisliklardan iborat bo‘rtiqlik mavjud. Shuning uchun labning shakliga qarab bo‘yoq surtmalar qo’ying. Labning shakli mo‘yqalamda puxta «yasalib» bo‘lingach, modelning yaxlit ifodasi yo‘qolmasligiga diqqatni qaratish lozim. Bo‘laklarga ishlov berish bilan ovora bo‘lib, boshning yaxlit ko‘rishini unutish mumkin emas. Detallar alohida puxta ishlangan bo‘lsada, ular orasidagi bog‘lanish yo‘qolishi mumkin. Bunday holatni rassom darrov sezadi, shuning uchun detallarga qancha e’tibor bermang, boshning tasviri o‘z o‘xshashligini yo‘qotadi. Bosh qurilishida ayrim kichik xatolar sezila boshlanadi. Qo‘yilgan «blik»lar o‘z holatidan «chiqib» etyud maydalanib ketadi[4]. Soya qismlari juda to‘q ko‘rinib, go‘yoki bo‘shliqdek tuyuladi. Bu kamchiliklarga sabab, rassom detallarni juda maydalab ishlab yuborib, umumiy ko‘rish imkoniyatini yo‘qotib qo‘yganligidadir. Bunday xatolarga yo‘l qo‘ymaslik uchun detallarga ishlov berganda doimo umumiy holatni kuzatib, solishtirib turish zarur. Detallarga ishlov berish jarayonida u boshqa bo‘laklar bilan uyg‘unlashib, umumiy ko‘rinishga halaqit bermasa maqsadga muvofiq bo’ladi.Tajribali pedagog – rassom P.P.Chistyakov shunday deydi: «Rasm ishlayotganingizda chizayotgan chizig‘ingizga emas, qalamning uchiga qarang». «Bosh tasvirini ishlayotganingizda tovonni ko‘rib turishingiz kerak», yoki «ko‘zni chizayotganingizda quloqqa qarang» kabi. Demak rassom uchun eng zaruri naturani yaxlit ko‘ra bilish xususiyatini rivojlantirishdir. Aytaylik, siz burunni ishlay boshladingiz. Unga diqqat bilan qarang. Burunning rangi va shaklini ifodalashga harakat qiling. Burun ham yorug‘lik chegarasiga, soya, yarimsoya va turli ranglar shu’lasiga ega. Mana shu yerda tajribasiz rassom xatoga yo‘l qo‘ydi. Rassom burunga tikilganicha u ham bosh shaklining bir bo‘lagi ekanligini unutib yaxlit qaramaydi. Detalga ishlov berganda umumiylikdan chiqib ketmaslik uchun nima qilish kerak? Buning uchun umumiy shaklni hech qachon ko‘zdan qochirmaslikni o‘rganish kerak. Bu oson ish emas! Rassom uchun kerakli bo‘lgan bu xususiyatni uning o‘zigina tarbiyalay oladi. Buning uchun doimo hushyor turish kerak. Detalga biroz ishlov berdingizmi, uni umumiy ko‘rinish bilan solishtirishni unutmang. Yo‘l qo‘ygan xatolarni tuzatish uchun, tasvirni yaxlit ko’rish maqsadga muvofiqdir. Bu jarayon ishning uchinchi bosqichi bo‘lib xizmat qiladi. Bu bosqichda kattaroq mo‘yqalam bilan etyudingizning ba’zi joylarini qaytadan erkin, qo‘rqmasdan yozing. Eng yorug‘ va eng to‘q joy etyudingizning boshqa qismlarida takrorlanmasligi kerak. To‘q deb belgilangan soya qora va xira ko‘rinmasligiga erishing. Qo’yilmani umumlashtirganingizda uning hamma qismini quyuq yozib chiqish shart emas. Lessirovka (suyuq rangqoplama) usulida bo‘yoqning shaffof va yarim shaffof qatlamidan foydalanib ham ishni maromiga etkazish mumkin[5]. Grizayl usulida bir nechta etyudlar ishlaganingizdan keyin mo‘yqalamda shakl yasashni o‘zlashtirib olasiz. Endi siz «bo‘yash» bilan emas, balki bo‘yoq surtmalarda «mazok» ishlashni o’rganib oldingiz. Etyudni bosqichma-bosqich ishlab, umumiylikdan yakkaga, qarab ishlashni shu bilan birgalikda yaxlitlikni saqlab qolish zarurligini ham bildingiz. Etyudlarni bir necha bor turli tomonlardan ishlash zarur hisoblanadi , bu esa o’rganuvchining ko’rish tezligini oshiradi.
Foydalanilgan adabiyotlar
1.Toshmurodov. M.E. “Rangtasvir amaliyoti” (dastgohli rangtasvir), O‘quv-uslubiy qo‘llanma. Elektron resurs. T., “CHashma print”, 2010 y.