Jizzax davlat pedagogika universiteti
Xorijiy tillar fakulteti
Ingliz tili amaliy kursi kafedrasi
dotsenti, PhD Xolmurodova Olima Abdivaliyevna
Mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlariga hamda xalqaro standartlar talablariga mos keladigan oliy ta’lim tizimini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 8-oktabr kuni imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi farmonda “respublikadagi kamida 10 ta oliy ta’lim muassasasini xalqaro e’tirof etilgan tashkilotlar (Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education yoki Academic Ranking of World Universities) reytingining birinchi 1 000 ta o‘rindagi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga kiritish va oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonini bosqichma-bosqich kredit-modul tizimiga o‘tkazish” belgilab berilgandi.
2030-yilga qadar respublikadagi barcha oliy ta’lim muassasasi (OTM)ning 85 foizi, jumladan, 2020/2021-o‘quv yilining o‘zida 33 ta oliy ta’lim dargohini kredit-modul tizimiga o‘tkazish ko‘rsatib o’tilgan. Bu borada Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika universiteti O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 8 oktyabrdagi PF -5847 – son farmoni bilan tasdiqlangan “O’zbekiston Respublkasi Oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi”da oliy ta’lim jarayonlarni raqamli texnologiyalar va zamonaviy o’qitish usullarini joriy etish, yoshlarni ilmiy faolyatga keng jalb etish, kredit modul tizimini joriy etish, o’quv rejalarida amaliy ko’nikmalarni oshirishga qaratilgan mutaxassislik fanlar bo’yicha amaliy mashg’ulotlar ulushini oshirish bo’yicha aniq vazifalar olib borilmoqda. Jizzax davlat pedagogika universitetida kredit modul tizimi 2020-2021 o’quv yilida tadbiq etildi va bakalavr, magistratura bosqichlarida ta’lim jarayoni to’liq kredit modul tizimi asosida tashkil etilgan. Hozirgi kunda kredit modul tizimi HEMIS elektron platformasi orqali joriy etilgan. Institut professor o’qituvchilari hamda talabalalari uchun doimiy seminar treninglar tashkil etilganligi sababli kredit modul tizimining samarali yo’lga qo’yilganligi bo’yicha Jizzax davlat pedagogika universiteti oliy o’quv yurtlari ichida yuqori o’rinlarda bo’lib kelmoqda. Kredit-modul tizimi — taʼlimni tashkil etish jarayoni boʻlib, oʻqitishning modul texnologiyalari jamlamasi va kredit oʻlchovi asosida baholash modeli hisoblanadi. Kredit-modul tamoyilida ikkita asosiy masalaga ahamiyat beriladi:
- talabalarning mustaqil ishlashini taʼminlash;
- talabalar bilimini reyting asosida baholash.
Shu bilan birgalikda kredit-modul oʻqitish tizimiga oʻtish oliy oʻquv yurti professor-oʻqituvchilariga boʻlgan majburiyat hamda talabni ham oshiradi. Yuqorida taʼkidlab oʻtilganidek, modulli oʻqitish tizimi bilan oʻqituvchi nafaqat axborot beruvchi va nazorat qiluvchi funksiyalarini, balki maslahatchi hamda muvofiqlashtiruvchilik vazifalarini ham bajaradi. Pedagogik jarayonda oʻqituvchining yetakchilik roli saqlab qolinadi.
Taʼlimning kredit tizimi talabalar almashinuvini oshiradi. Chunki bitta oliy o’quv yurtida olingan kreditlar ikkinchisida hisobga olinadi va talabalar kredit yoʻqotmasdan bir universitetdan boshqasiga oʻtishi mumkin. Ushbu tizimning samarali tashkil etilishi oʻzbekistonlik talabalarning akademik mobillashuviga handa ilgʻor xorijiy universitetlarda oʻqishini davom ettirishiga imkoniyat yaratadi.
Kredit-modul tizimining asosiy vazifalari sifatida quyidagilar eʼtirof etiladi:
— oʻquv jarayonlarini modul asosida tashkil qilish;
— bitta fan, kurs (kredit)ning qiymatini aniqlash;
— talabalar bilimini reyting bali asosida baholash;
— talabalarga oʻzlarining oʻquv rejalarini individual tarzda tuzishlariga imkon yaratish;
— taʼlim jarayonida mustaqil taʼlim olishning ulushini oshirish;
— taʼlim dasturlarining qulayligi va mehnat bozorida mutaxassisga qoʻyilgan talabdan kelib chiqib oʻzgartirish mumkinligi.
Modul — bu, bir nechta fan hamda kurslar oʻrganiladigan oʻquv rejasining bir qismi. U talabalarda maʼlum bir bilim va koʻnikma hosil qilish, tahliliy-mantiqiy mushohada yuritish salohiyatiga ega boʻlishiga qaratilgan bir nechta fanlar (kurslar) majmui hisoblanadi. Bunda oʻqituvchi oʻquv jarayonini tashkil qiladi, jonli, video hamda audio maʼruzalar oʻqiydi, talabaning faoliyatini muvofiqlashtiradi va nazorat qiladi. Talaba esa mavzuni mustaqil oʻrganadi hamda berilgan topshiriqlarni bajaradi.
Kredit (credit) — talabaning alohida taʼlim yoʻnalishi yoki dasturi (kurs) boʻyicha fanlarni oʻqib oʻrganishi va oʻzlashtirishi uchun sarflangan oʻquv yuklamasining (vaqtning) oʻlchov birligidir.
Kredit — talabaning meʼyoriy hujjat bilan belgilangan, odatda bir hafta davomida auditoriyada va mustaqil ravishda taʼlim olishi uchun ajratilgan minimal vaqt oʻlchovidir. Talabaga kredit maʼlum bir fandan belgilangan topshiriqlarni bajarib, yakuniy imtihondan muvaffaqiyatli oʻtgandan soʻng beriladi.
Har bir talaba kelajakda tanlagan yoʻnalishi va mutaxassisligi boʻyicha diplomga ega boʻlishi uchun kreditlarni yigʻib borishi lozim. Toʻplangan kredit talabaga butun umr davomida oʻzining malakasini oshirib borish yoki qoʻshimcha oliy maʼlumot olishiga xizmat qilib boraveradi. Shuningdek, toʻplangan kredit talabaning akademik “aktivi”ga aylanib boradi. Kredit texnologiyasi taʼlim oluvchilarga ishchi oʻquv rejaga kiritilgan tanlov fanlarini tanlash, bu orqali individual oʻquv rejasini shakllantirishda bevosita ishtirok etish huquqini beradi. Ularga, nafaqat fanlarni, balki professor-oʻqituvchilarni ham tanlash erkinligi beriladi. Talabalarga fanlarni tanlash imkoniyatining berilishi ijobiy hol sanaladi. Bu oʻquv jarayonlarini baholashning oʻziga xos qiymat koʻrsatkichi boʻlib ham hisoblanadi.
O‘qitishning kredit tizimining asosiy afzalliklari:
- Akademik mobillik – talabaning ta’lim jarayoni davrida chet el o‘quv yurtlarida yoki o‘zga ta’lim yurtida ta’lim olib so‘ngra o‘qishni davom ettira olishi;
- Ta’lim sifatini yuqori darajadaligi – o‘quv jarayonida chet el o‘quv yurtlari va tashqi muassasalardan o‘z sohasini mukammal o‘zlashtirgan mutaxassislarni jalb etilishi;
- Ta’lim jarayonini jadalligini ta’minlash maqsadida chet el oliy ta’lim muassasalari amaliyotidan kelib chiqqan holda, o‘quv dasturlarini ishlab chiqilganligi;
- Talabalar istagidan kelib chiqqan holda, fan tanlash imkoniyatiga egaligi va hakazolar.
Xulosa sifatida shuni ta’kidlash muhimki, oliy ta’limda o‘qitishning kredit tizimni tadbiq qilinishi hozirgi o‘zgaruvchan xalqaro mehnat bozorida raqobatlasha oladigan oliy toifali mutaxassislarni tayyorlash hamda umumjahon oliygohlar reytingida yuqori 1000 talikka kirishga imkon yaratadi.