GO‘ZALLIK NIMA?
Nizom TANGIROV, Falsafa, tarbiya va huquq ta’limi kafedrasi v.b. dotsenti, falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
Go‘zallik ijtimoiy hodisa sifatida inson va jamiyat tafakkur taraqqiyoti va olamning hissiy in’ikos etilishi bilan bog‘liq bo‘lgan ob’ekt-sub’ekt munosabatidir. Go‘zallik olamda, narsa va hodisalar mohiyatida mavjud, lekin shu bilan birgalikda tasvirlash qiyin bo‘lgan murakkab, ziddiyatli hodisa. Unda ham ob’ektivlik (inson hohish-istagidan tashqaridagi voqe’lik), ham sub’ektivlik (inson xohish-istagi bilan bog‘liq voqe’lik) mujassam. Go‘zallikning mohiyatini anglashda ob’ektning mohiyat va hodisa, ichki va tashqi, mazmun va shakl kabi jihatlari dialektik aloqadorlik kasb etadi. Go‘zallik bizga aloqador tabiat va jamiyatdan – borliqdan tashqarida mavjud emas. Go‘zallik insonning mohiyati, o‘zligi va tafakkur tarzi bilan bog‘liq hodisadir. XV asrdagi Layli va XIX asrdagi Kumush go‘zalligi o‘rtasida qanday bog‘liqlik va farq bor? Otabek uchun Layli go‘zal ko‘rinmasligi yoki Qays (Majnun) Kumushdan hayratlanmasligi mumkin. Ya’ni, Laylini Qaysning, Kumushni Otabekning ko‘zi bilan ko‘rish o‘rinli – go‘zaldir. Demakki, go‘zallik tushunchasining o‘zi ziddiyatlidir.
Rus yozuvchisi A.P.Chexov «Insonda hamma narsa yuzi ham, kiyimi ham, qalbi ham, fikri ham – go‘zal bo‘lmog‘i lozim», deb bejiz aytmagan. Bu o‘rinda insonning tashqi va ichki go‘zalligi o‘rtasidagi aloqadorlik mavjudligiga ishora qaratilmoqda. Bunda go‘zallikning hodisa sifatidagi mohiyati axloqiy, gumanistik mazmunga aloqadorlik kasb etadi. Shiroqning o‘z-o‘zini jarohatlashi, ya’ni, xunuklikni yaratishi botinida go‘zallik mavjud. Bunda Shiroqdagi xunuklik xunuklik emas, go‘zallik, go‘zallik bo‘lganda ham oddiy go‘zallik emas, bil’aks, mashhur nemis mutafakkiri Gyote aytgan dunyoni qutqaradigan «go‘zallik» sarasidandir. Go‘zallik insonning doimiy hayotiy qadriyatlarini aniqlashtirishda, orzu-umidlari parvozida va ijtimoiy ideallar qamrovida moddiylashadi. Shu o‘rinda bir fikr. Inson tabiatga qancha yaqin bo‘lsa, uning go‘zallik qamrovini idrok etishi shunchalik zaruriyatga aylanadi, determinatlashadi. Bunda go‘zallik insonga tabiatdan, uning tarkibiy qismi jamiyatdan, insonlardan o‘ziga xos ruhiy energiya sifatida ko‘chadi. Zero, tog‘liklar tabiatida kabi ulug‘vorlikka intilish, dashtliklar fe’l-atvorida beg‘amlikka uyqash keng fe’llik, shaharliklar, ayniqsa, megapolis shaharlarda o‘sgan odamlar tabiatida esa tog‘lik va dashtliklarga nisbatan pragmatiklik, «maydalik», hisob-kitoblilik, rejalilik, «etti o‘lchab bir kesish»lilik ustuvordir. Darvoqe, Yevropa ta’lim tizimida kam ta’minlangan oilada tug‘ilib o‘sgan yoshlarni arxitektura sohasiga o‘qishga qabul qilishmaydi. Bunda ular tor kulbada o‘sgan insonning keng qamrovli inshootlar yaratishiga shubha bilan qaraydilar.
Bu o‘rinda, R.Xamzatovning «Dog‘istonim» asarida avar xalqining fe’l-atvoriga xos bo‘lgan darveshlik ko‘z oldingizda yaqqol namoyon bo‘ladi.
Hamid G‘ulomning «Toshkentliklar» romanida esa yirik shahardagi odamlar fe’l-atvoriga xos bo‘lgan rejali ish tutish tizimini ko‘ramiz.
A.Oripov «Qarshi qo‘shig‘i»dagi quyidagi to‘rtlikni faqat shu yurtda tug‘ilib o‘sgan shoirgina shunday ifodalay oladi va uning go‘zalligini shu rakursda ko‘ra oladi:
Butun olam go‘yo ulkan doshqozon,
Qaydadir ko‘rinmas uning naryog‘i.
Bu qaynoq qozonni kuzatmoq oson,
Ichiga tushmoqlik osonmas chog‘i.
H.Olimjon she’riyatida esa Jizzax vohasiga xos bo‘lgan ayricha go‘zallik kuylanadi.
Aytaylik sharqiy xalqlar tabiatida bulbul go‘zallikning yorqin ifodasi bo‘lsa, Afrika xalqlari uchun esa echkiemar go‘zallik ramzi bo‘lishi mumkin. Bulbul yoki bedananing o‘ziga xos sayrashidan zavq olgan inson o‘zining tabiat bilan naqadar uyg‘unligini his qiladi, anglaydi. Bunda go‘zallik mohiyatan naqadar qanchalik darajada bizga yaqin va shu bilan birgalikda uzoqda anglash murakkab bo‘lgan voqeiylik. Bunda A.Navoiyning ruboiysida:
«G‘urbatda g‘arib shodumon bo‘lmas emish,
El anga shafiqu, mehribon bo‘lmas emish,
Oltin qafas ichra gar qizil gul bitsa,
Bulbulga tikandek, oshiyon bo‘lmas emish»
Yoki Oybekning
«Vatanni sev, tuprog‘ini o‘p,
Har qarichi muqaddas bizga.
Cho‘lidagi hatto quruq cho‘p
Jondan yaqin yuragimizga»
Qarang, naqadar, go‘zallik ajib va ziddiyatli. Bunda go‘zalligi bir qarashda ziddiyatliday bo‘lgan tikan va cho‘plar go‘zallik ramziga aylanadi. O‘z navbatida go‘zallik tabiatdagi mavjudotlar kabi insonning erkinligida, uning ozodligida ham namoyon bo‘ladi. Misol uchun, Braziliya kino ijodkorlari tomonidan yaratilgan «Kanizak Izaura» serial filmidagi kanizak qiz Izauraning taqdirida insonning ozodlik va erkinlikka bo‘lgan tabiiy intilishini, harakatini ko‘ramiz.
Shu o‘rinda go‘zallik hodisa sifatida o‘z-o‘zini tashkillashtirish, boshqarishga ham aylanadi. Inson mohiyatan ichki va tashqi go‘zallikni rivojlantirmasa yoki, doimiy hayotiy zaruratga aylantirmasa ham zavol topishi mumkin. Bunda masalan yigit-qizlarimizning o‘ziga oro berishi, doimo yangilikka intilishi o‘ziga xosdir. Mohiyatan go‘zallikka intilish insonning o‘z-o‘zini anglashida, idora qilishida muhim omildir. Insonning bundagi ichki va tashqi go‘zalligi shartli va nisbiy hodisa. Ular o‘rtasida aloqadorlik mavjud. O‘ta yaltiroqlik ham go‘zallik bo‘lolmaydi. Bunda u bachkanalikka aylanadi. Ya’ni, go‘zallikni inkishof qilayotganda sifat, miqdor va me’yorni unutmasligimiz kerak.
Xulosa. Birinchidan, go‘zallik inson va uning borlig‘idan tashqarida mavjud emas; ikkinchidan, go‘zallik insonning tabiat va jamiyatga bo‘lgan munosabatidagi hissiy idroki – hayolot, fantaziya, ilhomida namoyon bo‘ladi; uchinchidan, go‘zallik inson (rassom, adib yoki hunarmandlar)ning ijodkorligida moddiylashadi, muayyan san’at darajasiga ko‘tariladi; to‘rtinchidan, go‘zallik insonning o‘z-o‘zini boshqarishida, aytaylik go‘zal fe’l-atvorida namoyon bo‘ladi; beshinchidan, go‘zallik insonning ruhan, jismonan erkinligi, ozodligini taqozo qiladi. Insonning erkinligi, ozodligi yaratuvchilik, bunyodkorlik mezonidir.