Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

Buxoro amirligi Qo‘shbegi devonxonasi arxivi xususida

Xamraev G‘ayrat G‘anievich Jizzax Davla pedagogika universiteti katta o‘qituvchisi Rezyume O‘zbek davlatchiligi tarixida o‘ziga xos o‘rin tutadigan Buxoro amirligi (1753-1920) davri tarixini o‘rganish yaqin o‘tmishimizni tadqiq etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Buxoro amirligi siyosiy-ma’muriy jihatdan anchagina mukammal bir tizimga ega bo‘lib, bu masalada amirlik boshqaruvchilarining mintaqaga xos an’analarni davom ettirish bilan birga, bu masalada ham o‘ziga xos amaliyotlar joriy qilganligi ko‘zga tashlanadi. Kalit so‘zlar: Qushbegi, Amir Haydar, urug‘, sunniy, ulamo, shia, arxiv, Ark, devonxona, parvonachi, kutubxona, muzey, Ma’muriy hujjatlar, diplomatiya, elchixona, mudarris, qozi, sarboz. Rezyume Izuchenie istorii Buxarskogo emirata (1753-1920 gg.), zanimayuщego osoboe mesto v istorii uzbekskoy gosudarstvennosti, igraet vajnuyu rol v izuchenii nashego nedavnego proshlogo. Buxarskiy emirat imeet ochen sovershennuyu politicheskuyu i administrativnuyu sistemu, i v etom otnoshenii praviteli emirata, prodoljaya traditsii regiona, takje vveli v etom otnoshenii spesificheskie praktiki. Klyuchevыe slova: Kushbegi, Amir Xaydar, plemya, sunnitы, svyaщennoslujitel, shiitы, arxiv, Kovcheg, kanselyariya, propeller, biblioteka, muzey, Administrativnыe dokumentы, diplomatiya, posolstvo, uchitel, sudya, soldat Summary The study of the history of the Emirate of Bukhara (1753-1920), which occupies a special place in the history of Uzbek statehood, plays an important role in the study of our recent past. The Emirate of Bukhara has a very perfect political and administrative system, and in this regard, the rulers of the emirate, continuing the traditions of the region, also introduced specific practices in this regard. Key words:  Kushbegi, Amir Haidar, tribe, Sunnis, cleric, Shiites, archive, Ark, office, propeller, library, museum, Administrative documents, diplomacy, embassy, teacher, judge, soldier Buxoro amirligi tarixini yoritishda bugungi kunda saqlanayotgan Qushbegi arxivi materiallari tarixchilar uchun muhim tarixiy materiallardir. Buxoro amirligi qushbegi arxivining hozirgi holatigacha bo‘lgan shakllanish jarayonlari ham uzoq davrni bosib o‘tgan bo‘lib, buni quyidagi jihatlarda ko‘rib chiqish mumkin. Amirlikdagi turli viloyatlardan amirning bosh boshqaruv markazi – Arkiga haftalik ma’lumotlar choparlar orqali yetkazib turilgan. Turli viloyatlardan kelgan maktublarning bir xil shakl mazmundaligi o‘sha paytda amirlik devonxonalari uchun maxsus kotiblar o‘qitilganligidan dalolat beradi. Ko‘pincha kotiblarning dastxatlari ham bir xil, bir-biriga o‘xshab ketadi. Ana shu choparlar orqali Arkka qushbegining qo‘liga keltirilgan har xil hujjatlar qayd qilish daftariga qayd qilingach, devonxona sandiqlariga taxlab qo‘yilar edi. Ana shu zaylda Buxoro amirligida arxiv ishlari shakllana boshlagan. Buxoro amirligidagi arxiv o‘z faoliyatini 1865 yil, ya’ni Amir Muzaffar davridan boshlagan. Yana shuni taxmin qilish mumkin-ki, arxivning vujudga kelishida rus ma’muriyatining ta’siri ham bo‘lgan. Buxoro Xalq Sovet Respublikasining noziri olim va tarixchi Musojon Saidjonovning yozishicha, Buxoro amirligining arxivi ikki qismga bo‘lingan edi: Birinchi bo‘lim Buxoro amirligining shaxsiy devonxona arxivi; Ikkinchi bo‘lim, Buxoro Qo‘shbegisining devonxonasi arxivi. Shuni aytib o‘tish kerakki, Buxoro amirligi devonxona arxivi bevosita amir qo‘l ostida bo‘lgan. Masalan, Amir Muzaffar Buxoroda o‘zining qarorgohida arxivni o‘z yonida saqlardi. Uning o‘g’li Sayyid Abul Ahad Buxoro amirligi devonxona arxivini o‘zi bilan birgalikda Karmanadagi qarorgohiga olib keldi. 1910-1920 yilda Amir Olimxon uni Buxoroga keltirdi. Devonxona parvonachi qo‘l ostida edi. Baxtga qarshi Buxoro amirligining devonxona arxivi hozirgi kunga qadar saqlanib qolmagan. Shunday taxminlar borki, 1920 yildagi Buxoro inqilobi davrida bu arxiv sovet askarlari tomonidan ishg’ol qilingan edi va bu arxiv turk frontiga ko‘chirib o‘tkazilgan. O‘zbekiston Milliy arxivida 5 mingga yaqin Buxoro amirligi devonxona hujjatlari saqlanadi, lekin ularning hammasi Buxoro Qushbegisi nomiga yozilganligi sababli «Buxoro amirligi Qushbegisining kanselyariyasi» arxivida saqlanadi. Bundan tashqari, fondda Buxoro amiri va Afg‘oniston shohi o‘rtasidagi yozishma hujjatlari ham saqlanadi. Buxoro amirligining so‘nggi o‘n yilliklarida qushbegi huzurida saqlangan turli mazmundagi hujjatlar: vasiqalar, hisobotlar, statistik mazmundagi turli ma’lumotlar, arizalar va hokazolar saqlanib qolgan bo‘lib, ular sobiq Sovetlar davrida ilmiy jamoatchilikdan birmuncha uzoq tutildi. Faqat mustaqillik davriga kelib ularni ilm ommasiga havola qilish ishlari boshlab yuborildi. A.Muhammadjonov mas’ul muharriligida Buxoro Qushbegi hujjatlarining yaqin yillarda chop etilishi bunga misol bo‘la oladi[1.26]. Qushbegi Buxoro amirligida katta imtiyozlarga ega edi, butun devonxona orqali davlat boshqaruviga tegishli siyosiy, madaniy,iqtisodiy doiradagi hujjatlar o‘tardi. Mirzo Nasrulloh qushbegigacha arxiv tartibga ketirilmagan bo‘lib, yer ostida maxsus sandiqlarda saqlanardi. Yangi tayinlangan Usmonbek Qushbegi savodsiz kishi bo‘lganligi sababli, arxivning tarixiy ahamiyatiga uncha e’tibor bermagan. 1920 yil sentyabr oyida Buxoroda Sovet hokimiyati o‘rnatilgandan so‘ng, Kuybishev boshchiligida Amir va Qushbegining arxivini topish va uni saqlash yuzasidan Buxoro Revkomi tomonidan buyruq chiqarilgan edi. ChK va militsiya xodimlari tomonidan Arkning yer osti xonalarida hujjatlar saqlangan sandiqlar topilgan. Ayrim hujjatlar devonxonaning polida va tokchalaridan topilgan. Taxminan ular ham amaldorlar tomonidan quvg‘in paytida tashlab ketilgan. Barcha hujjatlar hech qanday tartibsiz va yozuvsiz qutilarga solingan va sobiq Sovet Xalq Nozirligi omborlariga jo‘natilgan, u yerda tashqi ishlar vazirligi omborlariga joylashtirilgan. Hujjatlar u yerda O‘zSSR tashkil topgunga qadar saqlangan. Buxoro hukumati taklifiga binoan, Buxoro tarixini yozish uchun 1920-1921 yillar Buxoroga tarixchi olimlardan V.V.Bartold, A.A.Semenov, Po‘lat Soliev, Fitrat va boshqalar kelishgan[2.161]. Ular faqatgina o‘zlariga kerakli bo‘lgan hujjatlarni o‘rganib chiqishgan. Chegaralanish davrida Buxoroda M.Sayidjonov rahbarligida komissiya tuziladi. U 1924 yili hamma to‘plangan hujjatlarni qayta ishlanmagan asl holida Buxoroning markaziy kutubxonasiga topshiradi. Akt bo‘yicha 69 o‘ram, 52 daftar va 50 kitob mavjud edi.1931 yilga kelib arxiv tasodifan Arkda, berkitilgan binoda topilgan[3.44-46]. Albatta, ko‘p narsalar yo‘qolib bo‘lgan edi. Arxivni topgan shaxslardan biri Mirzo Nasrulloh o‘z davrining fidoiy kishilaridan edi va uning islohotlari amir Olimxonga ma’qul bo‘lmagan, shu sabab Kolesov voqeasidan so‘ng uni 1918 yili qatl ettiradi. O‘zbekiston Respublikasi Milliy davlat arxividagi «Buxoro Amirligi Qushbegisi arxivi» sarlavhasi bilan I-126 fondda saqlanayotgan hujjatlarning tavsifiga to‘xtaladigan bo‘lsak, bugungi kunga kelib, O‘zbekiston Milliy arxivining «Buxoro amirligi qushbegi boshkarmasi»   I-126 fondida Buxoro amirligi devonxonasi arxiviga tegishli 5000ga yaqin hujjat saqlanib, ularning hammasi qushbegi nomiga yuborilganligi uchun qushbegi arxivi hujjatlari tarkibiga kiritilgan. O‘zbekiston Milliy arxividagi «Buxoro Amiri Qushbegisi arxivi» sarlavhasi bilan I-126 fondda saqlanayotgan hujjatlarni umumiy to‘qqizta katta guruhga bo‘lib o‘rganish mumkin. Har bir bo‘lim, o‘z navbatida, yana mayda bo‘limlarga bo‘linadi. Qayd raqamlariga berilgan so‘zboshisi fondda saqlanayotgan hujjat nusxalari haqida ma’lumot beradi:
  1. Ma’muriy hujjatlar: Amirlarning mansablarga tayinlash to‘grisidagi yorliklari yoki aksincha, mansabdan bo‘shatish haqidagi farmonlari yoxud mansabdor shaxslarning lavozimlarini oshirish, sadoqat bilan xizmat kilib, boshqalardan ajralib turadigan shaxslarni mukofotlash haqidagi muboraknomalar, Buxoro amirligining ma’muriy-hududiy bo‘linishiga oid hujjatlar, fuqarolarning ijtimoiy ahvoli hamda hayotiy muammolari yuzasidan yozgan shikoyat arizalari va davlat tomonidan qilingan qurilishlar, tabiiy ofatlar, zilzilalarni zararlarini bartaraf etish, amirlik hududidagi transport masalalarini hal etish yuzasidan berilgan farmonlar, har xil mavzudagi vasiqalar ham turkumga kiradi. Shu bilan birgalikda amirlikdagi barcha ish yuritish qog‘ozlari raqamlanib, qayd qilish daftarlariga yozib, ro‘yxatdan o‘tkazib borilgan. Ana shu daftarlar ham birinchi turkum – ma’muriy hujjatlar turkumiga kiradi.
  2. Siyosiy mavzudagi hujjatlar. Amirlikning ichki va tashqi siyosatidagi aniq xabarlar, voqealar va hodisalarga guvohlik beradi. Asosan, ichki siyosat, undagi burilish nuqtalari haqidagi ma’lumotlarga ega hujjatlarni amirlikning 1917 yilgacha bo‘lgan umumiy siyosiy ahvoliga doir va undan keyingi siyosiy holati to‘grisidagi ma’lumot beruvchi hujjatlarga taqsimlash mumkin[4.24].
Siyosiy mavzudagi hujjatlar turkumining ikkinchi kismi 1917 yildan keyingi, ya’ni amirlikning oxirgi yillariga doir voqealarni o‘z ichiga oluvchi har xil xatlar, vasiqalar, muboraknomalar tashkil kiladi. Biz bunda amirlikning tashki siyosati haqidagi ma’lumatlarni ham ko‘plab uchratamiz. Ma’lumki, bularning ko‘pchiligi asosan Rossiya bilan o‘zaro olib borilgan yozishmalardir.Bu yozishmalar Turkiston general-gubernatorligi, Buxorodagi Rossiya imperatorligining siyosiy agentligi kabi tashkilotlar bilan olib borilgan. Ularda savdo-sotiq, transport masalalari, temir yo‘llar qurish kabi masalalarda o‘zaro maslahatli aloqalar haqida gap boradi[5.13-21]. Bunday hujjatlarni O‘zbekiston Milliy arxivi «Turkiston general gubernatorligining kanselyariyasi» degan sarlavha ostidagi I-1 fondidagi hujjatlar orasida ham ko‘plab uchratish mumkin. Masalan, amirlikning oxirgi yillarida tashqi tahdidlar oldingi yillarga nisbatan ancha kuchaygan. Bunga Buxorodagi ichki notinchliklar ham ta’sir ko‘rsatgan. Bu yillarda chegara viloyatlari hokimlari qo‘shni mamlakatlarda kuzatish olib borish o‘z kishilarini savdogar yoki elchi suratida yuborib, ulardan ma’lumot olib, bu ma’lumotlarni tez-tez qushbegiga yozib, jo‘natib turganlar.
  1. Iqtisodiyot masalalariga doir hujjatlar. Qo‘shbegi arxivining kattagina kismini tashkil etadi. Iqtisodiyotga tegishli barcha hujjatlar, jumladan, soliqlar, zakot, boshka tushumlar, ijaraga berish, ijaraga olish, davlat xazinasining ahvoli, davlat xarajatlari, vaqflar, savdo masalalari, savdo aloqalari, bozorlardagi narx-navo, soliqlardan ba’zi bir kishilarni ozod qilinishi yoki ularga ayrim imtiyozlar berish, kirim-chiqim daftarlari, zahiralar, saroy xarajatlari haqidagi hujjatlar ushbu turkumning asosiy mohiyatini belgilaydi. Shu bilan birga, tabiiy boyliklar, issiqlik energiyasi zaxiralari, qishloq xo‘jaligi hamda suv xo‘jaligi, suvdan unumli foydalanish masalalarini aks ettiruvchi qog’ozlar ham ana shu bo‘limdan joy olgan[8.166]. Bundan tashqari, pochta aloqalari, temir yo‘l xarajatlari va ulardan keladigan daromadlar, bojxona faoliyatiga doir hujjatlar ham iqtisodiyot masalalariga doir turkumga kiradi[6.378-394].
4.Tashqi aloqalar haqidagi hujjatlar. Buxoro amirligining qo‘shni chegaradosh davlat rahbarlariga yozgan do‘stona maktublari yoki aksincha, boshqa davlat rahbarlaridan yoxud amaldorlaridan amir va qushbegi nomiga kelgan maktublar, davlatlararo tuzilgan shartnomalar, xalqaro aktlar, amirlikning musulmon hamda nomusulmon davlatlar bilan qilgan o‘zaro diplomatiya hujjatlari va boshqalardan iborat. Amirlikda pasport tizimini joriy qilish, fuqarolarni emigrastiya qilish, chet el fuqarolarini ijtimoiy va huquqiy himoya qilish, harbiy asirlarga doir hujjatlar ham ana shu to‘rtinchi turkumga kiradi. Shu bilan birga, davlatlararo chegara masalalari, elchixonalarga tegishli hujjatlar, mamlakatlarning ilmiy va madaniy aloqalari, axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish, Rossiya hamda boshqa mamlakatlarning har xil muassasa hamda tashkilotlarni amirlikda faoliyai olib borishini aks ettiruvchi hujjatlar mavjud[7.18].
  1. Harbiy ishlar hujjatlari. Amirlik armiyasi sarbozlarining holati, ularning harbiy unvonlari va tuzilmasi haqida xabar beradi. Buxoro garnizoni, umuman, amir qo‘shinidagi sarbozlarni kiyintirish ularni transport-ulov bilan ta’minlash, sarbozlarning o‘q-dori, qurol-yarog’lari, kazarmalarining xolati haqidagi hujjatlar bu turkumning asosini tashkil kiladi. Shu bilan bir qatorda, fuqarolarni o‘z roziligi bilan harbiy xizmatga olish, zahiraga bo‘shatish, xizmatdan bo‘yin tovlagan yoki xizmatni tashlab qochgan sarbozlar haqidagi hujjatlar ham uchrab turadi. Askarlarning o‘z komandirlari ustidan Qushbegiga yozgan shikoyatlari, arizalari hamda o‘z xizmatlaridan rozi ekanliklarini bildiruvchi maktublari, qorovul, patrul xizmatlari faoliyatiga doir hujjatlar harbiy ishlar hujjatlariga kiradi[8.445-462].
6.Sud materiallari. Amirlikning qozixonalarda yuritilgan huquqiy sohadagi ishlar haqida ma’lumot beradi. Rasmiy qozilik huquqini beruvchi manshuralar, fuqarolik ishlari, ulardan tushgan ariza va shikoyatlar, da’vo xatlari, iqror xatlari, tug‘ilganlik haqidagi guvohnomalar, nikoh xatlari,taloq xatlari, merosni bo‘lish haqidagi hujjatlar ushbu bo‘limdan o‘rin olgan.Bulardan tashqari, oddiyroq jinoyatga nisbatan shaxsan amirning o‘zi hal qiluvchi ko‘rsatmalarni berib, muvaffaqiyatli tugatilgan ishlarga muboraknomalar jo‘natib, qozilarni tabriklab, rag‘batlantirib turgan. Asosan, jinoiy ishlarning ko‘rilishi haqidagi hisobotlar Qushbegi nomiga jo‘natilib turilgan. 7.Madaniy-maishiy holat haqidagi hujjatlar. Bu turkumga amaldorlarning amirga qilgan tortiqlari yoki aksincha, biror bayram, xursandchilik munosabati bilan amirning amaldorlarga qilgan sovg’alari rasmiylashtirib qo‘ygan hujjatlarni kiritish mumkin. Saroy a’yonlarining to‘y-hashamlari va bayramlaridagi voqealarni o‘zida aks ettiruvchi nomalar amirlikdagi madaniy-maishiy holat haqida ma’lumotlar beradi[9.24].  Amirlar sovg‘a olsalarda, lekin Amir Olimxon keyingi yillarda (hujjatda sana ko‘rsatilmagan) fuqarolardan tortiq olishni ta’qiqlab, qozi Muhammad  Sharif  Sadir va Muhammad Maxdiy raislarga “Bundan buyon tortiqlar qabul qilish qat’iyan taqiqlanganligi to‘grisida”gi muhokamasi e’tiborli hujjatlardan biridir.
  1. Sog‘liqni saqlash ishlari hujjatlari. Bu bo‘yicha amirlik viloyat va shaharlarida olib borilgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot beruvchi hujjatlar juda ozchilikni tashkil etadi. Shunday bo‘lsada, dastlab tashkil qilingan kasalxonallar, ularni jihozlash, ta’mirlash masalalari, o‘sha paytdagi ayrim kasalliklar, ularga qarshi ko‘rilgan choralar haqidagi ma’lumotlar ushbu turkum hujjatlari orasida joy olgan. Vabo, o‘lat epidemiyalarining paydo bo‘lishi, ularga qarshi ommaviy kurash qilinganligi haqidagi hujjatlar ham arxivda saqlanadi.Bundan tashqari, chorva mollari kasalligi epidemiyasiga qarshi ko‘rilgan choralar o‘zida aks ettiruvchi hujjatlar ham uchraydi.
  2. Diniy hujjatlar. Ushbu hujjatlar jumlasiga diniy bayramlarni o‘tkazish, Ramazon oyida xatmi Qur’onlarni tashkil qilish to‘grisidagi farmoyishlar kiradi. Amirlik shahar va viloyatlardagi asosiy masjid-madrasalar ro‘yxati hamda ulardagi imom-xatib, bosh mudarris yoki mutavvalliylarning ro‘yxatlari ham diniy hujjatlar bo‘limidan joy olgan. Diniy mansablarga (mufti, qozi, imom, mudarrislik va hokazolarga) tayinlash uchun qozikalon tomonidan Amir nomiga yozilgan arizalarda shu mansablarga loyiq kishilarning ismlari ko‘rsatilib, taklif kiritilgan.
Xulosa qilib aytganda Buxoro amirligi qushbegi arxivi Buxoro haqida ma’lumot beruvchi muhim hujjatlar jamlanmasidan iborat. Ulardan iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy hayot bilan bog‘liq masalalarni yoritishda foydalanish mumkin. Adabiyotlar ro‘yxati
  1. Bartold V.V. Zanyatiya v turkestanskix bibliotekax i muzeyax letom 1925 g. Sochineniya v 9-ti tomax. T. VIII. – M.: Nauka, 1973. – S. 445-462
  2. Jurazoda J.X. Izuchenie politicheskoy istorii Buxarskogo emirata v sovetskoy i postsovetskoy periode. // Vestnik Tadjikskogo gosudarstvennogo universiteta prava, biznesa i politiki. Seriya gumanitarnыx nauk. – 2015. – №2 (63). – S. 13-21
  3. Muhammad Ya’qub. Gulshan al‑muluk. O‘zR FA ShI qo‘lyozmasi №1507,164 a v.
  4. Muhammadjonov A.R., Buxoro va Xivaning Rossiya bilan munosabatlari tarixiga doir – T.: Fan, 1958. – 18 b.
5.Naselennыe punktы Buxarskogo emirata (kones XIX – nachalo XXv.)              /Materialы k istoricheskoy geografii Sredney Azii.  Pod. Red. A.R. Muxammedjanova. –T.: Universitet, 2001.c-26. 6.Semenov A.A. Ocherk ustroystva sentralnogo administrativnogo upravleniya Buxarskogo xanstva pozdneyshego vremeni//Materialы po istorii tadjikov i uzbekov Sredney Azii. – Stalinabad, 1954. – S.  24.
  1. Suxareva O. A. Buxara XIX – nach. XX v. – M.: Nauka, 1966. – 166 s.
  2. Tashev X. Kultura i bыt jivotnovodov Zarafshanskoy dolinы (kones XIX – 60-ye XX v.). Avtoref.diss.kand.ist.nauk. – T., 1968. –S. 24
9.Sharofuddinov S.S. Vklad akademika V.V.Bartolda v izuchenii istorii i kulturы tadjikskogo naroda IX-XV vv.: Diss. kand. ist. nauk. – Dushanbe, 2014. – 161 s; 10..Hamroev A.H. Akademik V.V.Bartold Buxoroda. // Buxoro davlat universiteti Ilmiy axboroti. – Buxara, 2012. – №1/45-son. – B. 44-46.