Mulohaza va mushohada
Millat ma’naviyatida qay biri muhim: pepsi yoki kitoblar…
Ma’lumki, davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan har bir islohotlarda, qonun va qarorlarda, oʻtkazilayotgan yigʻilishlarda mamlakatimiz yoshlarini keng tafakkurli, bilimli va barkamol qilib tarbiyalash, maʼnaviyatini yuksaltirish, ayniqsa, besh muhim tashabbusdan biri hisoblangan “Kitobxonlikni keng targ’ib qilish” boʻyicha dolzarb vazifalar belgilandi. Bugun yurtimizda kitobxonlik kechalari, turli tanlovlar va kitobxonlikka bag‘ishlangan uchrashuvlar keng miqyosda o‘tkazilyapti. Bu yaxshi, albatta. Lekin ommaviy-axborot vositalari orqali bizga ko‘rsatilayotgan turlicha maqbul, nomaqbul reklamalarning ba’zilari ko‘ngilni xira qiladi. O‘ylaymanki, bu reklamalarning o‘rnida kitoblar ko‘rgazmasi, reklamasi bo‘lsa, nazarimda, maqsadga muvofiq bo‘lardi. Negaki, bu bebaho ma’naviy xazinamizni zamonlar dengizida sayohat qilayotgan va oʻzining qimmatbaho yukini avlodlardan-avlodlarga tashiyotgan hikmat kemasi, deyish mumkin. Bizga olamni tanitgan kitoblar targ‘iboti orqali, menimcha, ilgari surilayotgan g‘oyalar, fikrlar amalda o‘z tasdig‘ini topadi, shubhasiz.
Hujjatlardagi xatolar yoki chalasavodlik ta’qiblari…
Ajabki, hujjat va imloning mos tushmasligi hamda u bilan bog‘liq muammolar nafaqat tahririyat ishida, balki kundalik hayotda ham tez-tez sodir bo‘ladi. Bu muammo jamiyatda qachon paydo bo‘ldi? Taassufki, kecha emas. Qarangki, ushbu masala xususida ilk marta milliy matbuotda yoritilganiga ham bir asrdan oshibdi! Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Oyna” jurnalining 1914-yil 18-sonida chop etilgan “Jaholat dardlaridan” nomli maqolasida aynan shu mavzu haqida yurako‘rtar darajada fikrlar bayon qilingan edi. Muallif “Absamat”, “Obduraxmon”, “Nutfullo” (Lutfullo), “Jodugor” (Yodgor), “Patxulla”larning ismlari “hujjatlar va hukumat mahkamalarida ham shul g‘alat va masharalik holatda” yozilishi haqida kuyunchaklik bilan hikoya qilib, o‘sha davrdayoq bu muammoni hal etishga da’vat etgan edi.
Maqoladan olingan ushbu parchada go‘yo Behbudiy o‘tgan asr emas, bugun haqida yozganday: “Ajab shulki, idorada g‘alat yozilib kelgan ismlarni to‘g‘ri yozib yuborilsa, egalari rozi bo‘lmaydur”… Bir asr o‘tibdi-yu, xatoga “sadoqat” hissi o‘zgarmabdi. Yuqorida guvohi bo‘lganimizdek, odamlarimizni ism-shariflarining to‘g‘ri-noto‘g‘ri yozilgani emas, hujjatdagisi bilan aynan berilishi ko‘proq qiziqtirmoqda. Imlo qoidalariga amal qilgan jurnalist respondentdan ta’na eshitgani kabi, boshqa holatlarda ham xato yozilgan ism yoki familiya egasini hujjatga “xiyonat” qilishga ko‘ndirish qiyin. Shunday ekan, xato ta’qib qilmoqdami yoki ta’qib qilinmoqdami?..
Mayli, hujjatchilikdagi ism-sharifga oid nomutanosibliklar huquqiy hujjatlarda murosasizlikni talab qilar. Lekin mutasaddi sifatida mutaxassislarni ishga qabul qilayotganlarida “Kompyuterni bilasizmi, xorijiy til bilimlaringiz qay darajada?” kabi savollar bilan murojaat qilganlarida ONA TILINI BILISH SAVODXONLIGI qandayligini ham bir karra so‘rab qo‘ysalar, ayni muddao bo‘larmidi?.. Yuritayotgan hujjatlarimizdagi XATOLAR millat ko‘ngliga g‘ashlik solmasin! Zero, Hazrat Navoiy bejizga besh asr ilgariyoq arab imlosidagi ko‘z so‘zidagi bitta nuqta tushirib qoldirilsa, KO‘Z KO‘R BO‘LISHI haqida bong urmaganlar.
Jizzax davlat pedagogika instituti
Boshlang‘ich ta’lim nazariyasi
va amaliyoti kafedrasi dotsenti Shohida Siddiqova