JIZZAX VILOYATI MATBUOTI VA UNING FUQOROLIK JAMIYATI SHAKLLANISHIDAGI O’RNI
J.E. Toshboev, Jizzax davlat pedagogika universiteti o‘qituvchisi
E. Muqimov, JDPU, II bosqich magistranti
E mail: yanajamshid@ mail.ru Tel: 97-642-60-66; 93 305-38-13O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha harakatlar strategiyasida ommaviy axborot vositalarining rolini kuchaytirish, fuqarolik axborot va so‘z erkinligini ta’minlash, xususan, nodavlat OAV faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida muhim vazifalar belgilangan. Ularning amalga oshirilishi esa fuqarolarning axborot sohasidagi huquqini yanada kengaytirish uchun imkon yaratish, ommaviy axborot vositalarining davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyati ustidan jamoatchilik va parlament nazoratini ta’minlash, hokimiyat va jamoatchilik o‘rtasida mustahkam aloqa o‘rnatish borasidagi rolini kuchaytirishga xizmat qiladi[1].
Istiqlol yillarda O‘zbekistonda viloyatlarni har tomonla yuksaltirish, yashash uchun yanada qulay maskanga aylantirish, ulardagi mavjud iqtisodiy-ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish maqsadida muhim chora-tadbirlar amalga oshirildi. Viloyatdagi aksariyat shaharlarning zamonaviy shaharsozlik talablariga javob mos keladigan bosh rejasi ishlab chiqildi va shu asosida bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Shunday bunyodkorlik ishlari Jizzax viloyatida ham izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
So‘nggi yillarda barcha viloyatlarda bo‘lgani kabi Jizzax viloyatida ham har tomonlama obod qilish, ijtimoiy infratuzilma va kommunikatsiya tarmoqlarini rivojlantirish borasida tasdiqlangan rejalar asosida ko‘plab qurilish ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu ulkan bunyodkorlik ishlarin yoritishda Jizzax viloyatidagi ommaviy axborot vositalarining o‘rni katta hisoblanadi.
Rossiya imperiyasi O’rta Osiyo xonliklarini istilo qilgandan so’ng, Qo’qon va Buxoro xonliklaridan bosib olingan erlarda ozining tayanch markazi Turkiston general-gubernatorligini tuzdi. Uning markazi Toshkent shahri edi. 1870 yildan Toshkentda general-tubernatorlikning rasmiy organi – “Turkestanskie vedomosti” va uning ilovasi “Turkiston viloyatining gazeti” chiqa boshladi. “Turkestanskie vedomosti” 1870 yil 28 aprel (10 may kuni Turkiston general- gubernatori Kaufman farmoniga binoan bosilib chiqdi. “Turkestanskie vedomosti” – Turkistondagi to’ng’ich rasmiy bosma gazeta hisoblanib, u O’rta Osiyoda vaqtli matbuotga asos soldi. “Turkestanskie vedomosti” ning 1870 yilda 17 ta soni; 1871 yildan boshlab haftasiga 1 marta; 1903 yil dekabridan 3 marta; 1907 yildan 4 marta chiqib turdi va nihoyat 1907 yil iyulidan boshlab kundalik gazetaga aylantirildi. Uning oxirgi soni 1917 yil 15 dekabrda chiqdi.
Rossiya imperiyasi ma’murlari Turkistonda mahalliy xalq orasida rus tilini targ’ib qilish uchun 1885 yilda “Turkiston viloyatining gazeti” ni ikki tilda: o’zbek va rus tillarida nashr etish haqida rasmiy buyruq bergan edi. “Turkiston viloyatining gazeti” o’zbek madaniyati, san’ati va adabiyotining taraqqiyotida alohida o’rin tutadi. “Turkiston viloyatining gazeti” sahifalarida tarix, etnografiya, arxeologiya, numizmatika fanlariga oid o’nlab maqolalar chop etib borildi. Abdulla Avloniy “Turkiston viloyatining gazeti” haqida yana shunday yozadi: “Bu gazeta eski hukumatning moddiy ko’magi bilan 1869 yildan chiqa boshladi va fevral o’zgarishigacha to’xtamasdan davom etdi. Bu gazeta, dastlab chiqishida Ibrohimov degan bir totorning, undan keyin Novikov, Ostroumov, Ibn Yaminbeklar muxarrirligi ostida chiqib keldi. Bu gazeta Turkiston o’zbeklari uchun birinchi gazeta bo’lg’oni kabi erlik xalqni razolat, safolatg’a boshlag’on tarixiy bir qora gurux, gazetasi edi”[2].
Turkistonda birinchi o’zbek tilidagi gazeta “Turkestanskie vedomosti” ning bevosita yordami tufayli vujudga keldi. Bu gazeta “Turkiston viloyatining gazeti” bo’lib, u 1870 yilning iyulidan 1917 yilning fevraliga qadar chiqib turdi. “Turkiston viloyatining gazeti” 1871 yildan 1883 yilgacha Turkiston general- gubernatorining tarjimoni Shohimardon Ibrohimov va bir oz vaqtgacha Muhammadhasan Chanishev boshchiligida, 1883 yilning oxiridan 1917 yilning fevraligacha N.P. Ostroumov muharrirligi ostida chiqdi. Gazeta dastavval “Turkestanskie vedomosti” ga “Ilova” qilib chiqarilar edi. 1871 yildan u kichik
hajmda oyiga to’rt marta: ikki marta o’zbek tilida va ikki marta qozoq tilida chiqa boshladi. Bu “Ilovalar” “Turkestanskie vedomosti” tahririyati tomonidan uning mablag’i hisobiga nashr etildi. 1883 yil 30 yanvarda general-gubernator M.G. Chernyaevning 29-son buyrug’i bilan bu “Ilovalar” “Turkiston viloyatining gazeti” ga aylantirildi. Dastlabki o’zbek tilidagi matbuot nashri – “Turkiston viloyatining gazeti” ning (1870 yil) chop etilishida qozonlik tatarlardan Turkiston general gubernatorining tarjimoni Sh. Ibrohimov va keyinchalik M.A. Chanishevlarning muharrirligi katta rol o’ynagan[3].
O’zbek vaqtli matbuoti tarixi bo’yicha yirik tadqiqotchi bo’lgan Ziyo Said “Turkiston viloyatining gazeti” faoliyatiga ham keng o’rin beradi. Ziyo Said o’lkadagi inqilobiy va ozodlik qarakatlariga gazetaning teskari munosabatini aniq tahlil qiladi. U o’z asarida “gazeta 1916 yilgi voqea to’g’risida bizga, o’sha vaqtning siyosiy, ijtimoiy holini, ayrim talantlarning u tarixiy bosqichlardan o’tishdagi esankirashlarini bildiradigan ko’p “qimmatli materiallar” qoldirdi. Biz bu materiallar bo’yicha diniy sxolastikani qurol qilib, rus hukumatini saqlashga undagan Turkiston din ulamosining “millat”, “vatan” shiori bilan maydonga chiqib, mehnatkashlarni milliy sarmoya quli qilishga harakat qilgan, “jadid” laming o’sha vaqtdagi shu voqeaga taalluqli harakatlariga tegishli “baho” bera olamiz” – deb, ta’kidlab o’tadi.
Turkistonda rus tilida chiqqan “Sredne-Aziatskiy Vestnik” (1896), “Srednyaya Aziya” (1910-1911) jurnallari ham tariximizni o’rganishda muhim manba hisoblanadi. “Sredne-Aziatskiy Vestnik” O’rta Osiyodagi dastlabki rus tilidagi jurnal edi. “Turkestanskie vedomosti” gazetasi bunday xabar qiladi: “Smirnovga Toshkent shahrida senzuraning ibtidoiy ijozati bilan “Sredne-Aziatskiy Vestnik” oylik, ilmiy- adabiy jurnalini va uning “Novosti dnya” nomli ilovasini Geyer hamkorligida nashr qilishga ruxsat etildi”. “Sredne-Aziatskiy Vestnik” jurnali haqida ko’p o’tmay poytaxt va viloyatlar matbuotida ham juda ko’p ijobiy fikrlar bildirildi. Chunonchi, “Sankt- Peterburgskie vedomosti” gazetasi jurnal “yoqimli taassurot” qoldirmoqda deb,“Russkaya misl’” esa “uzoq chekka o’lkalarda jiddiy matbuot organi paydo bo’lgani” ni tabriklab, “U mamlakatni o’rganish uchun ko’p ish qilishi mumkin” deb yozadi1. Nashr etishga kech ruxsat berilganligi sababli jurnalning birinchi soni 1896 yilning martida dunyo yuzini ko’rdi. Yanvar va fevral oylarida jurnal o’rniga O’rta Osiyo to’g’risida maqolalarning ilmiy-adabiy to’plami chiqarildi.
Turkiston vaqtli matbuotining rivojlanishida mahalliy ziyolilarimizning o’rni nihoyatda kattadir. Biz bularni quyidagi ko’plab milliy ziyolilarimizning ish faoliyatlarida ko’rib o’tishimiz mumkin. Ulardan biri Munavvar qori Abdurashidxonovdir. Munavvar qori Abdurashidxonov 1878 yil Toshkentning Shayxontohur dahasi Darxon mahallasida tavallud topgan. Toshkentdagi Yunusxon madrasasida, so’ngra Buxoroda tahsil olgan. Munavvar qori Turkiston o’lkasida yangi usul maktabini birinchi bo’lib 1901 yilida o’z hovlisida, keyinchalik Toshkentning turli dahalarida ochishga muvaffaq bo’ldi. Bu maktablar uchun “Adibi avval” va “Adibi soniy” deb nomlangan darsliklar yaratdi. “Taraqqiy”dan keyin milliy matbuotimiz namunasi bo’lgan “Xurshid” gazetasini nashr qildi. “Najot”, “Kengash”, “Osiyo”, “Hurriyat”, “Turon” gazetalarida bosh muharrir, “Sadoi Turkiston”da esa bo’lim muharriri bo’lib xizmat qilgan. 1931 yilda kommunizm qatag’onining qurboni bo’lgan[4].
“Xurshid” gazetasining nashr qilinishida Munavvar qori Abdurashidxonov xizmatlari nihoyatda kattadir. Yaqingacha biz “Xurshid”gazetasining birinchi soni qachon bosilgani to’g’risida ma’lumotga ega emas edik. endilikda buni aniqlash mumkin bo’ldi. “Xurshid” gazetasining birinchi soni “Turkiston viloyatining gazeti” ro’znomasida chop etilgan (1906 yil, 21 sentabr’, 47-son) “Po povodu gazeta “Xurshid” v Tashkente” sarlavhali maqoladan ayon bo’lishicha, 1906 yil 6 sentabrda chiqqan1. Shu maqolada ko’rsatilshicha, birinchi son to’rt sahifadan iborat bo’lgan. Gazetaning Alisher Navoiy nomidagi respublika xalq kutubxonasining nodir nashrlar bo’limida “Xurshid”ning 2- va 3-sonlarigina saqlanib qolgan. 2-son 14 sentabr’ chorshanba kuni, 3-son esa 21 sengyabr chorshanba kuni chop etilgan. 2-sonining birinchi sahifasida gazetaning chiqish muddati va mazmun yo’nalishini anglatuvchi quyidagi so’zlar yozilgan: “Hozir haftada bir marta, tezdan 2-3 bora chiqadurg’on ilmiy, adabiy, siyosiy, maishiy turkcha jaridadur” . Mazkur sonlarning har ikkisi ham tosh bosma usuli bilan chop etilgan, Ziyo Saidning ko’rsatishicha, «Xurshid»ning to’rtta soni tosh bosmada, qolgan sonlari mix bosmada chiqarilgan. 2-sonda gazeta chop etilgan bosmaxona, gazetaning sotilish narxi, taxririyat manzilgoxi, muharrir va noshirning ism-sharifi haqida ma’lumotlar keltirilgan. Gazeta Toshkentda, xususiy tipolitografiyada chop etilgan.
Bugungi kunda Jizzax viloyatida 2 ta viloyat gazetalari (“Jizzax haqiqati”, “Djizakskaya pravda”) hamda 12 shahar va tumanlar hamda 5 ta tarmoq gazetalari ro‘yxatdan o‘tgan. 2016 yilda viloyatda 22 ta gazeta va 4 ta jurnal chop etilmoqda[5]. “Jizzax haqiqati” Jizzax viloyati hokimligining ijtimoiy-siyosiy gazetasidir. Jizzax shahrida o‘zbek tilida haftada 2 marta chiqadi. Gazetaning birinchi soni 1974 yil 1 mayda nashr etilgan. Taniqli jurnalistlar Islom Usmonov, Nushar Qarshiboyev, Xolmuhammad Nurullayev va boshqalar o‘z faoliyatlarini mazkur gazetada boshlaganlar. Gazeta viloyat hayotini, undagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni yoritadi. Uning sahifalarida Jizzax dashti, Zomin, Forish cho‘llarini kompleks o‘zlashtirish, Marjonbuloq oltin koni, Forish temir va qo‘rg‘oshin konlarini, Jizzax akkumulyator zavodi, plastmassa quvurlari zavodi, ip yigiruv fabrikasi kabi korxonalarning qurilishi va ishga tushirilishi haqida maqolalar berilgan.
Bundan tashqari, qishloq madaniyatini rivojlantirish, iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, mamlakatda huquqiy demokratik davlat barpo etish, mamlakat va viloyat miqyosidagi sport yangiliklarini keng yoritish mazkur gazetaning doimiy mavzularidir. Gazeta tahririyati tashabbusi bilan 1974 yilda tashkil etilgan ishchi va qishloq muxbirlari xalq universitetini 1800 tinglovchi bitirdi (2001). Gazetaning mahalliy boshqaruv, ijtimoiy masalalar va ma’naviyat, iqtisodiyot, agrosanoat, qonunchilik va huquq-tartibot, xatlar va ommaviy ishlar bo‘limlari mavjud bo‘lib, 2002 yilda adadi 7000 nusxa bo‘lgan bo‘lsa, 2016 yilda 7430 nusxada chop etilmoqda.
Viloyatdagi mavjud bosma ommaviy axborot vositalari va matbaa korxonalari faoliyatini muvofiqlashtirib borish, ularning muammo va kamchiliklarini o‘z vaqtida bartaraf etish borasida ham viloyat matbuot va axborot boshqarmasining faoliyatini jonlantirish hamda mas’uliyatini yanada oshirish talab etiladi. Viloyat boshqarmalari hamda shahar va tumanlar hokimliklari muassisligida chop etilayotgan nashrlar faoliyatiga muassislar yetarlicha e’tibor qaratishmayapti. Natijada gazetalar obunasi juda kam nusxada tashkil etilib, tushgan mablag‘ tahririyatlarning atigi 4-5 oylik xarajatlariga yetmoqda. Oqibatda gazetalar o‘z vaqtida chop etilmasdan, Nizom talablarini buzishmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, obunachilarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Bundan tashqari, shahar markazida matbuot xodimlari uchun mo‘ljallab qurilgan va viloyat jurnalistlarining asosiy ish joyi bo‘lgan “Matbuot uyi” binosi bugungi kunda butunlay ta’mirtalab ahvolga kelib qolganligi, ishlash uchun shart-sharoitlar yo‘qligi voha ijodkorlarining samarali mehnat qilishlariga jiddiy to‘siq bo‘lmoqda. Buning ustiga, ushbu binoning hozirgi ko‘rinishi kun sayin chiroy ochib borayotgan shahar husnini buzib turibdi[6].
Shuningdek, Jizzax viloyatida tuman hokimliklari gazetalari – “Jizzax ovozi”, “Arnasoy tongi”, “Baxmal hayoti”, “Do‘stlik hayoti”, “Zafar yo‘lidan”, “Zarbdor”, “Mirzacho‘l ovozi”, “Paxtakor hayoti”, “Forish tongi”, “Sharq tongi”, “G‘allaorol ovozi”, “Yangiobod tongi”, Jizzax viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi “Jizzax shifokori” (2004 yildan chiqa boshlagan), Jizzax Davlat pedagogika instituti “Ziyo chashmasi” (1993 yildan chop etila boshlagan), Jizzax xalq ta’limi boshqarmasi “Kamolot ko‘zgusi” (1997 yildan chop etila boshlagan), Viloyat o‘rta maxsus, kasb hunar ta’limi boshqarmasi “Kelajak bunyodkori” (2008 yildan chop etila boshlagan) Jizzax politexnika instituti “Yoshlar ovozi” (2012 yildan chop etila boshlagan) gazetalari mavjud. Bundan tashqari, viloyatda 2009 yildan boshlab o‘zbek, rus va ingliz tillarida “Antik dunyo” jurnali, Jizzax Davlat pedagogika institutining “JDPI axboroti” jurnali (2010 y.) va 2010 yildan “Tomorqa” jurnali chop etilmoqda.
Parlament huzuridagi Jamoat fondi tomonidan tashkil etiladigan tanlovlarda viloyatdagi ommaviy axborot vositalari ham muntazam ishtirok etmoqda. Xususan, 2011-2012 va 2015 yillarda “Bayoz” ijodiyot markazi, 2012 va 2015 yilda viloyat televideniyesi, 2013 yilda O‘zbekiston Jurnalistlar ijodiy uyushmasi viloyat bo‘limi, 2015 yilda “Jizzax haqiqati” va “Djizakskaya pravda” gazetalari tahririyati grant sohibi bo‘lishdi[7].
Ta’kidlash joizki, yildan yilga ommaviy axborot vositalarining faoliyati faollashib bormoqda. Ayniqsa, tanqidiy va tahliliy materiallar sifat va son jihatidan ko‘payib bormoqda, bu esa OAVning davlat hokimiyati va boshqaruvi faoliyatini ijtimoiy nazorat qilish imkoniyatini bermoqda. Shuningdek, elektron OAV ham ijtimoiy nazoratni amalga oshirishda faollashmoqda. Jumladan, viloyat teleradiokompaniyasining “Kun mavzusi”, “Diyor yangiliklari”, “Shaffof fikr” ko‘rsatuvlari hamda shahar televideniyesining “Zamin” axborot dasturini misol qilib olish mumkin[8]. Bundan tashqari, “Jizzax haqiqati” gazetasi 2015 ylda yozgi oromgohlarda tayyorgarlik jarayoni bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar, Jizzax shahri va G‘allaorol tumanlaridagi istirohat bog‘laridagi achinarli holatlarni ko‘tarib chiqdi. Bu mammolar mutasaddi tashkilotlar tomonidan bartaraf etildi. 2015 yilda Jizzax viloyat televideniyesining “Talqin” ko‘rsatuvida kuzgi-qishki mavsumga tayyorgarlik tumanlar kesimida tanqidiy ruhda namoyish etildi[9].
Viloyat radiosi o‘z eshittirishlari bilan viloyat ijtimoiy-siyosiy hayotida o‘z o‘rni va mavqeiga ega. 1990 yilda Jizzax viloyati televideniyesi tashkil etilib, uning birinchi ko‘rsatuvlari efirga uzatildi. 2016 yilda Jizzax viloyatida jami 3 ta telekanal – Jizzax viloyati teleradiokompaniyasi qoshida “Jizzax”, Jizzax shahar telekanali, “Baxtiyor-Shahboz” xususiy firmasi qoshidagi “Jizzax – TV-2”, shuningdek, FM-105,5 to‘lqinidagi Jizzax radiosi faoliyat yuritmoqda[10].
Viloyat teleradiokompaniyasi haftasiga 4 soat, Jizzax shahri televideniyesi 7 soat hajmdagi eshittirish va ko‘rsatuvlar olib boradi. Jizzax shahrida kabelli televideniye ham ishlamoqda. Teletomoshabinlar respublika televideniyesi va Rossiyaning ORT, RTR kanallarini tomosha qilishlari uchun imkoniyatlar mavjud.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2012 yil 17 apreldagi PQ-1741-son qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi raqamli televideniyaga texnik va texnologik o‘tish bo‘yicha Davlat dasturi”, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 17 apreldagi “2013-2016 yillarda qishloq joylarda xizmat ko‘rsatish va servis sohasini jadal rivojlantirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-1957-sonli qarorining 1.4-bandi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 14 fevraldagi “Obod turmush yili” davlat dasturi” to‘g‘risidagi PQ-1920-sonli qarorining 59-bandi hamda Jizzax viloyati hokimligining 2013 yil 19 fevraldagi 39-sonli qarori bilan tasdiqlangan “2013 yil “Obod turmush yili” viloyat dasturi” ning 59-bandida Viloyatni raqamli televideniye bilan qamrab olishni kengaytirish maqsadida va raqamli televideniyega bosqichma-bosqich o‘tish maqsadida “Qo‘ytosh” RTS ga 1 ta raqamli teleuzatgich o‘rnatish belgilangan.
O‘zbekiston Milliy Axborot agentligi ma’lum qilishicha, “O‘zbektelekom” aksiyadorlik kompaniyasining Jizzax filiali tomonidan viloyatda raqamli televideniyega bosqichma-bosqich o‘tish maqsadida “Qo‘ytosh” radio televizon stansiyasiga Yaponiyaning JBIC bankining imtiyozli krediti evaziga 2013 yil noyabr oyidan boshlab raqamli teleuzatgichlar o‘rnatilib, test rejimida ishlashni boshlagan. Oqibatda raqamli teleuzatkich o‘rnatilgandan so‘ng birinchi navbatda aholining televizion kanallarini yuqori sifatli va aniq tasvirlarda ko‘rish imkoniyati yuzaga keladi hamda televizion kanallarning soni ham keskin ko‘payadi, ya’ni dastlabki bosqichda 12 ta kanal, keyinchalik esa kanallar soni bosqichma bosqich oshib boraveradi. Ayni paytda viloyat aholisining 70 foizi raqamli televideniye dasturlari bilan qamrab olingan hamda respublika televideniyesining 12 kanalini ko‘rmoqda.
Teleko‘rsatuvlarni tashqi xotiraga saqlab olish imkoniyati ham mavjud bo‘lib, raqamli signallarni uzatish MPEG-4 formatida amalga oshiriladi. Viloyat shahar va tumanlaridagi “Yagona oyna” markazlarida aholiga servis xizmati va abonentlarga IP-TV interaktiv xizmatini ko‘rsatish joriy etilgan. Imkoniyati kengligi bois 2015 yilda IP-TV interaktiv xizmatiga ulanish ko‘rsatgichi 2014 yilga nisbatan 2 barobar oshdi. IP-TV interaktiv xizmatida 62 telekanal mavjud bo‘lib, unda 3 kunlik arxivni ortga qaytargan holda ko‘rish imkoniyati mavjud.
Jizzax shahar Zargarlik mahallasidagi 15 dan ortiq ko‘p qavatli uylarga optik tolali kabel yotqizilib, yuqori tezlikdagi internet hamda IP-TV interaktiv xizmatlari ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.
Yaponiya xalqaro hamkorlik banki va Yaponiya tijorat banklarining imtiyozli krediti evaziga 2013-2017 yillarda Jizzax shahri va “Qo‘ytosh” radio televizon uzatish markaziga yangi teleuzatgichlar o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Yangi teleuzatgichlar o‘rnatilishi bilan Jizzax shahrida telekanallar soni 48, tumanlarda 24 taga yetadi[11]. Jizzax-Qo‘ytosh radiotelevizion uzatish stansiyasi dengiz sathidan 1900 metr balandlikda joylashgan. Teleradiouzatish markazi esa qo‘shimcha 72 metr balandlikka o‘rnitilgan[12].
2016 yilda Jizzax viloyatida jami 3 ta telekanal – Jizzax viloyati teleradiokompaniyasi qoshida “Jizzax”, Jizzax shahar telekanali, “Baxtiyor-Shahboz” xususiy firmasi qoshidagi “Jizzax – TV-2”, shuningdek, FM-105,5 to‘lqinidagi Jizzax radiosi faoliyat yuritmoqda[13].
Umuman, Jizzax viloyatida madaniy muassalarning rivojlanishi istiqlol bilan bog‘liq. Davlatimiz tomonidan madaniy muassalar faoliyatini yaxshilashga bo‘lgan e’tibor, ular faolitini rivojlanishiga asos bo‘lmoqda. Bugun Jizzax viloyati shaharlaridagi madaniy muassalar va ommaviy axborot vositalari aholining madaniy hayotida alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Shaharlarda infrastrukturasida kommunikatsiya va aloqa xizmatlari alohida o‘rin tutadi. Pochta aloqasi sohasi barcha davlatlardagi kabi, O‘zbekiston Respublikasining ham milliy iqtisodiyoti va ijtimoiy-siyosiy infrastrukturasining muhim elementlaridan biri hisoblanadi. Bundan tashqari, pochta aloqasi korxonalari davlatga, tijorat va moliya tashkilotlariga, boshqaruv organlariga va aholiga kommunikatsion xizmat ko‘rsatuvchi yirik tizimdir.
Kommunikatsiya sohasidagi yangi xizmat turlaridan biri internet xizmati bo‘lib, mustaqillik yillarida bu sohada ham anchagina ishlar qilindi. Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida ta’kidlanganidek, axborot texnologiyalari va tizimlaridan foydalangan holda axborot resurslarini qo‘llash bo‘yicha mexanizmlarni aniqlash va joriy qilish modernizatsiyalash jarayonini jadal rivojlantirishga xizmat qilmoqdi. Amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar samarasida Internetdan foydalanuvchilar soni tobora oshmoqda.
Mobil aloqa operatorlari tomonidan aholi va tadbirkorlarga qulaylik yaratish, onlayn xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish maqsadida 4 ta mobil baza stansiyalari o‘rnatilib 3,5 mingga yaqin aholiga ko‘rsatilayotgan aloqa xizmatining sifati yaxshilandi. Viloyat bo‘yicha mobil aloqa xizmatidan foydalanuvchilar soni 800 mingdan oshdi. Shuningdek dunyoning eng ilg‘or texnologiyalaridan biri bo‘lgan to‘rtinchi avlod simsiz internet tarmog‘i ishga tushirildi[14].
Shunday qilib, matbuotni odamlar o‘z fikr va g‘oyalarini, sodir bo‘layotgan voqealarga o‘z munosabati va pozitsiyasini erkin ifoda etadigan minbarga aylantirish maqsadida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar samarasida so‘ngi yillarda O‘zbekistonda nodavlat ommaviy axborot vositalarining ulushi kun sayin oshib bormoqda. Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev rahnamoligida fuqarolik jamiyati institutlari tizimida ommaviy axborot vositalarining o‘rni va rolini mustahkamlash, ularni yanada erkinlashtirish borasida keng ko‘lamli islohotlar tizimli va izchil amalga oshirilib kelinmoqda.
[1] Toshboyev J. Jamiyat siyosiy tizimida nodavlat va notijorat tashkilotlarning o‘rni Berdaq nomidagi Qoraqalpoq Davlat universiteti Axborotnomasi № 4 (49) Nukus, 2020. B. 154.
[2] Shamsutdinov R., Karimov Sh. Vatan tarixi. -Т.: “Sharq”, 2010. Б. 129.
[3] O’zbekistonning Yangi tarixi. 1 kitob. Turkiston Rossiya imperiyasi mustamlakachiligi davrida. T.: “Sharq”, 2000. Б.
[4] Зиёев X. Туркистонда Россия тажовузи ва ҳукмронлигига қарши кураш. Т.: “Шарқ”, 1998.
[5] Даминов У. Состояние развития гражданского общества, его институтов на примере Джизакской области // Джизакская правда. – 2016. – 20 февраля (№17).
[6] Жиззах вилояти ҳокимияти жорий архиви
[7] Фуқоролик жамияти ривожланишда // Жиззах ҳақиқати. – 2014. – 20 (5433); Даминов У. Состояние развития гражданского общества, его институтов на примере Джизакской области // Джизакская правда. – 2016. – 20 февраля (№17).
[8] Даминов У. Состояние развития гражданского общества, его институтов на примере Джизакской области // Джизакская правда. – 2016. – 20 февраля (№17).
[9] Фуқоролик жамияти институтлари ривожланишдаги ўтган йилдаги асосий кўрсаткичлари // Жиззах ҳақиқати. – 2016. – 20 февраль (№17).
[10] Даминов У. Состояние развития гражданского общества, его институтов на примере Джизакской области // Джизакская правда. – 2016. – 20 февраля (№17).
[11] Фуқоролик жамияти ривожланишда // Жиззах ҳақиқати. – 2014. – 20 (5433
[12] Янги йилгача телеузатиш созланади // Жиззах ҳақиқати. – 2015. – 2 декабрь (№104).
[13] Даминов У. Состояние развития гражданского общества, его институтов на примере Джизакской области // Джизакская правда. – 2016. – 20 февраля (№17).
[14] Жиззахда вилоятни ижтимоий-иқтисодий ривожлантиришнинг биринчи чорак якунларига бағишланган фаоллар йиғилиши бўлди // http://jizzax.uz/uz/2016/04/25/jizzaxda-viloyatni-ijtimoiy-iqtisodiy-rivojlantirishning-birinchi-chorak-yakunlariga-bagishlangan-faollar-yigilishi-boldi/#more-4555