Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

Aziz va muxtaram opa-singillar!

Inson zoti borki, olamdagi barcha yaxshilik va ezguliklarni, hayot siru-asrorlari va saboqlarini onaning, ayolning mehru-saxovati tufayli o‘rganadi. Dunyoda «muqaddas» degan so‘zga eng munosib zot ham – Ayoldir. Ayolni  e’zozlash – bizning millatimiz, xalqimiz uchun oliy qadriyat darajasiga ko‘tarilgan fazilat. Chunki ayollarni qancha ulug‘lasak, hayotimizning chirog‘i, umrimizning guli deb e’zozlasak, demakki, oilamizni, Vatanimizni e’zozlagan bo‘lamiz. Xalqimizning buyuk tarixida o‘zining jasorat va matonati, aql-zakovati, nafosat va nazokati bilan o‘chmas nom qoldirgan Ayollarga bo‘lgan cheksiz hurmat-ehtiromimizning yana bir sababi shundaki, ayol avvalo har bir insonning beshigini tebratadigan, oq suti bilan uning  yuragiga odamiylik fazilatlarini singdiradigan, uni hayot bo‘ronlaridan asrab-avaylaydigan fidoiy insondir.
Ayol va Bahor degan muqaddas kalomlar bejizga yonma-yon yozilmaydi. Biz bahorning kelishi va uning beqiyos go‘zalligini munis ayollarimizning gulgun chehralariga  qarab   bilib olamiz.
Har qanday xalqning yetuklik darajasini, avvalo, ayollarning ilmiy-madaniy kamoloti belgilab berishi, oqila va o‘qimishli onalar millatning buyuk kelajagini yaratishlari hammamizga yaxshi ayon. Shu bois donishmandlar: “O‘g‘il bolaning ilm olishi — bir kishiga, qiz bolaning o‘qitilishi esa butun jamiyatga ta’lim berish bilan teng”, “Bitta qiz farzandni o‘qitsangiz — butun oilani o‘qitgan bo‘lasiz” deb bejiz aytishmagan» Zero Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Qizlarning o‘qib, oliy ma’lumotli bo‘lishi butun jamiyat ravnaqi uchun xizmat qiladi”, “Qiz farzandni, onani o‘qitsak, jamiyatni o‘qitgan bo‘lamiz” . Har bir ota-ona o‘zidan ezgu nom qoldirish maqsadida farzandlariga yaxshi ta’lim–tarbiya berishga harakat qiladi. Oila – tarbiya maskani. Jamiyat esa oilalardan tarkib topadi. Oilada tarbiyaning asosiy mas’uliyati onalarning zimmasida ekan, demak, jamiyatdagi ma’naviy sog‘lomlik bo‘lg‘usi onalarning, qizlarning tarbiyasiga bevo­sita bog‘liq. Bugun Jizzax davlat pedagogika universitetida qariyib 20000 ga yaqin talabalar tahsil olsa, ularning 12138 nafarini qizlar tashkil etadi. Talaba qizlar ichida yuzlab har ishda faol jamoatchi va tashabbuskor, iqtidorli talaba qizlarimiz, 1 nafar Prezident, 9 nafar Navoiy nomidagi davlat stipendiyalari, 11 nafar universitet stipendiyasi nomzodlari bor. Sport va san’at yo‘nalishida universitetimiz sha’nini yuksaklarga ko‘tarayotgan talaba qizlarimizning yutuqlari ko‘ksimizni faxrga to‘ldiradi. Jumladan O‘tgan 2024-yil 16-23 dekabr kunlari sportning Penchak -silat turi bo‘yicha kattalar o‘rtasida bo‘lib otgan Jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida qatnashib ushbu nufuzli musobaqada yuqori natijalarga erishgan  Hilola Abduvoitova, Sarvinoz Hamidova, boks bo‘yicha bir necha xalqaro musoboqalarda ishtirok etib yuqori natijalarga erishayotgan Aziza Zokirova, Madina Normatova, Jasmin Tohirova bo‘lajak chempionlar Mashhura Soliboyeva, Muxlisa Xushvaqtova Muxlisa, Gulsevar G‘aniyeva kurashchi qizimiz Sevinya Isroilova bilan har qancha faxrlansak ham shuncha oz. Shu o’rinda universitetimizning “Ziyokor” qizlar voleybol hamda basketbol jamolarini ham alohida ta’kidlab o‘tishni istardim. Bir necha musoboqlarda g‘oliblikni qo‘ldan bermagan voleybolchi va basketbolchi qizlarimiz harakatlari tahsinga loyiq. Mamlakatimizda ayolga bo‘lgan munosabat o‘z tarixiy ildizlariga ega. Ajdodlarimiz doimo ayollarni qadrlashga, ularga nisbatan hurmat va izzatda bo‘lishga undashgan. Abdulla Avloniy: “Qizlar bilim olishga hammadan ko‘proq intilishlari lozim, zero, bu bilimlar bilan ular kelajak avlodni tarbiyalaydilar”, – deb yozgan edi.
Aziz talaba qizlarim, Siz borsizki, dunyo dunyo bo‘lib turibdi. Siz borsizki, ko‘ngil qatidagi so‘zlar qog‘ozga she’ru g‘azal to‘kiladi. Siz bilan xonadonlar fayz-nurga to‘la. Siz borsizki, jamiyatda gul ifori taraladi. Yutuqlaringiz, odobingiz va ezgu amallaringiz bilan doimo yuzingiz yorug‘, e’zozda bo‘ling.
Bugun Jizzax davlat pedagogika universitetida 1205 nafar pedagog va ishchi xodimlar faoliyat yuritadi. Ularning 552 nafarini ayollar tshkil etadi. 338 nafari ayollarimiz ustozlik maqomida talabalarimizga ta’lim-tarbiya berib kelishmoqda. Ularning ichida 80 ga olima ayollarimizning ilmu-fanda erishilgan muvaffaqiyatlari olima ayollar safi kengayib borayotgani bizni quvontiradi. Navoiy bobomizning “Farhod va Shirin” dostonida ta’riflangan 10 nafar olima qiz, jumladan, mantiq ilmida tengsiz Diloso, astronom Gulandom, faylasuf Sumanbo‘y, hikmat fani bilimdoni Parizod obrazlari ham haqiqiy hayotdan olingan. Ularning prototipi hazratga zamondosh bo‘lgan zakiy momolarimizdir. Shu lahzalarda men bugun oliygohimizga zeb berib turgan ana shunday zakiy, o‘z kasbining ustasi bo‘lgan bir qator olima ayollarimizni ta’kidlab o‘tishni istardim. Ular siz tanigan va mehr qo‘ygan ustozlaringiz Fanya Ahmedshina, Zulfiya Pardayeva, Baxti Ochilova, Zuhra Yaxshiyeva, Nodira Soatova Guljahon Jumanzarova va Yulduz Karimovalardir. Bizga zamondosh, hamkasb va ustoz bo‘lgan oqila va zukko olima ayollarimizni qadrlash hamda ulug‘lash biz uchun ham qarz, ham farzdir. Bolasiga alla aytgan ayol bu birinchi shoir, ilk muallim. Farzandiga nima yaxshi-yu, nima yomonligini o‘rgatgan ayol bu ilk tarbiyachi. Sizdek  muallim va tarbiyachi, olima ayollarimiz bor ekan hayot shamchirog‘i o‘chmaydi.
Aziz ayollar, zukko va oqila talab qizlar, qalbi chaman, O‘zbekimoyimlar !
Bilasizmi, bayram sizga, siz bayramga yarashasiz. Siz hayotning oliy mukofotisiz. Sizlar borsizki, erkaklarning dimog‘i chog‘, qadamlari shahdam, ko‘ksi tog‘dek baland. Siz muqaddassiz va muqaddas bo’lib qolasiz.  
Bayramingiz muborak bo‘lsin,
Hurmat bilan JDPU rektori,professor Sh.S.Sharipov