Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

3+1 qo'shma ta'lim dasturi

Belarus davlat pedagogika universiteti bilan qo'shma ta'lim dasturiga marhamat!

Xulqi og‘ishgan o‘smirlar ijtimoiylashuvida ota-ona va bola munosabatlarining psixologik xususiyatlari va ularning ta’siri

 Umumiy pedagogika kafedrasi o‘qituvchisi Musaeva Umida Xolmatjonovna Annotatsiya Mazkur maqolada xulqi og‘ishgan o‘smirlar va ularning ijtimoiylashuvida ota-onalar va bolalarning munosabatlari xususida fikrlar keltirilgan. Kalit so‘zlar: oila, xulq og‘ishi, deviant xulq-atvor, mikroijtimoiy munosabatlar, yomon xulq, deviatsiya (og‘ish), axloqiy tarbiyasi, ma’naviy kamolot. Annotatsiya V dannoy state obsujdaetsya vzaimosvyaz mejdu neadekvatnыm povedeniem podrostkov i detsko-roditelskimi otnosheniyami v ix sotsializatsii. Klyuchevыe slova: semya, deviatsiya, deviantnoe povedenie, mikrosotsialnыe otnosheniya, ploxoe povedenie, deviatsiya, deviatsiya, nravstvennoe vospitanie, duxovnaya zrelost. Annotation            This article discusses the relationship between inappropriate behavior of adolescents and child-parent relationships in their socialization.            Key words: family, deviation, deviant behavior, microsocial relations, bad behavior, deviation, deviation, moral education, spiritual maturity.   O‘smirlar ijtimoiylashuvida ota-ona va bola munosabatlarining psixologik xususiyatlarini o‘rganish hamda o‘smirlar o‘rtasida xulq og‘ishining oldini olish tadbirlari, eng avvalo, xulq og‘ishini keltirib chiqaradigan shart-sharoit va sabablarni bartaraf qilishni taqozo qiladi. Masalaning dolzarbligidan kelib chiqqan holda, bugungi kunda butun dunyo miqyosida, shu jumladan, respublikamizda o‘smirlar  o‘rtasida xulq og‘ishining oldini olish borasida bir qator ilmiy va amaliy jihatdan asoslangan chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning “Ma’lumki, yosh avlod tarbiyasi hamma zamonlarda ham muhim va dolzarb ahamiyatga ega bo‘lib kelgan. Ammo biz yashayotgan XXI asrda bu masala haqiqatan ham hayot-mamot masalasiga aylanib bormoqda. “Tarbiya qancha mukammal bo‘lsa, xalq shuncha baxtli yashaydi”, deydi donishmandlar. Tarbiya mukammal bo‘lishi uchun esa bu masalada bo‘shliq paydo bo‘lishiga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”[1], degan ta’kidi, yurtimizda yoshlar tarbiyasiga, ayniqsa, oila, onalik va bolalikni ijtimoiy muhofaza qilishga alohida e’tibor berilayotganining dalolatidir. Buyuk mutafakkir Ibn Sino deydi: “agar yomon xulq odatga kirib qolsa, u mijoz buzilishini keltirib chiqaradi. Masalan, g‘azab kuchli qizdiradi, qayg‘u kuchli ozdiradi, hafsalasizlik nafsoniy quvvatni bo‘shashtirib, mijozni balg‘amlikka moyil qiladi. Xulqning mo‘tadilligi natijasida, ham nafas, ham badan sog‘lom bo‘ladi”[2] . Ibn Sino axloqqa oid ko‘plab muammolarni odamning ruhiy holati va ma’naviy xossalarining his-hayajonli paydo bo‘lishi asosida talqin etadi. Deviant xulq-atvor — mikroijtimoiy munosabatlar (oilaviy, maktabdagi munosabatlar) va kichik ijtimoiy guruhlarga xos bulgan ijtimoiy me’yorlar va xulq-atvor qoidalarini buzish bilan bog‘liq me’yordan og‘uvchi xulq-atvor turlaridan biridir. Bu xulq-atvorni “g‘ayriintizomiy” deb atasak ham bo‘ladi. Deviant xulq-atvorning yorqin namoyon bo‘lishiga namoyish, agressiya, o‘qishdan qochish va daydilik, bolalar va o‘smirlar orasidagi aroqxo‘rlik, giyohvandlik va u bilan bog‘liq g‘ayriijtimoiy harakatlar, jinsiy tavsifdagi g‘ayriaxloqiy xatti-harakatlar, o‘ziga suiqasd qilishga urinishlarni misol qilib keltirsak bo‘ladi. Jamiyatda qabul qilingan qoidalar, xulq-atvor me’yorlaridan chetga chiqqan o‘smirlarni “qiyin o‘smir” yoki “tarbiyasi og‘ir o‘smir” deyiladi. “Tarbiyalash og‘ir” deganda, pedagogik ta’sirga qarshilik ko‘rsatish tushuniladi. Tarbiyalash og‘ir, qabul qilingan me’yor va qoidalarga tarbiyalanuvchi tomonidan amal qilinmasligini fanda deviatsiya (og‘ish) hodisasi orqali o‘rganiladi. Deviatsiya (og‘ish) ham insonga, ham uni o‘rab turgan olamga xos bo‘lgan o‘zgaruvchanlik hodisasining jihatlaridan biri hisoblanadi. Ijtimoiy sohada o‘zgaruvchanlik faoliyatga bog‘liq bo‘lib, insonning atrofdagilar bilan o‘zaro munosabatini aks ettiradigan xulq-atvorda o‘z ifodasini topadi. Avval aytib o‘tganimizdek, xulq-atvor me’yordan chetga chiqqan bo‘ladi. O‘smirning me’yordagi xulq-atvori uning ijtimoiylashuvi, rivojlanishi, ehtiyojlariga mostushuvchi mikrosotsium bilan o‘zaro munosabatida aks etadi. Agar atrofdagilar o‘smirning u yoki bu xususiyatlariga o‘z vaqtida e’tibor qaratishsa, uning xulq-atvori doimo me’yorda bo‘ladi. Bunday me’yordan og‘ishgan xul q-atvor jamiyat tomonidan bola shaxsiyati xususiyatlarini inobatga olmaslik oqibatida kelib chiqadi, degan tushuncha paydo bo‘ladi. Aftidan, me’yordan og‘ish gan xulq-atvor ijtimoiy dezadaptatsiya ko‘rinishlaridan biri hisoblanadi. Bolalar va o‘smirlar dezadaptatsiyasi haqida gapirganda, bu jarayonga giriftor bo‘lgan bolalar toifalarini anikutab olish lozim: 1) maktabga qatnamaydigan maktab yoshidagi bolalar; 2) yetim bolalar; 3) ijtimoiy yetimlar. Ular tuzuk ovqatlanishmaydi, jismoniy, ruhiy, jinsiy qiynoqlarga duchor bo‘lishadi; 4) giyohvand va toksin moddalar iste’mol kiluvchi bolalar; 5) jinsiy intizomsiz bolalar; 6) g‘ayriqonuniy xatti-harakatlar sodir etgan bolalar. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra ularning soni kattalarga qaraganda, ikki hissa tez oshmoqda. Axborot inqilobi, qadriyatlarning uyg‘unlashuvi va moliyaviy bozorlarning integratsiyasi bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan ushbu davrda insonlarning ma’naviy-ruhiy olamini izdan chiqarishga qaratilgan turfa shakldagi mafkuraviy, ma’naviy tahdidlar sodir bo‘lmoqda. Bunday vaziyatda shaxsning axloqiy tarbiyasi, ma’naviy kamoloti masalasi alohida dolzarblik kasb etadi. Ma’lumki, shaxs ma’naviy kamolotida oilaviy tarbiyaning o‘rni beqiyos. Oilaning bolalarga tarbiyaviy ta’sir doirasi o‘ta keng va ahamiyatlidir. Biroq keyingi paytda oilada farzandlar tarbiyasida, ularni kamol toptirishda bir qator muammolarga duch kelinmoqda. Ota-onalar va farzandlar o‘rtasidagi salbiy munosabatlar bolalarda xulq og‘ishi hamda psixosomatik kasalliklarning kelib chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.[3] Xulq og‘ishi va tarbiyasida nuqsonlarga ega o‘smirlarning ota yoki onasidan birining spirtli ichimlikka ruju qo‘yishi holati ham oilada tarbiyalanayotgan bolalarga salbiy ta’sir etib, ularning alkogolizm ko‘chasiga kirib ketishlariga sabab bo‘ladi. Shu boisdan “Ota-onalardan birining jamiyat va axloq me’yorlariga zid bo‘lgan xulqqa ega bo‘lishi” holati bolalar va o‘smirlarda xulq og‘ishining kelib chiqishiga va tarbiya buzilishiga sabab bo‘lishi kuzatiladi. Oilaviy tarbiya inson ma’naviy kamolotida muhim o‘rin tutadi. Oila birlamchi hayotiy ko‘nikmalarni, Vatanga muhabbat, ota-ona va atrofdagilarga sadoqat kabi yuksak axloqiy va ma’naviy sifatlarni shakllantirishda, turmushga, ijtimoiy faoliyatga nisbatan psixologik va amaliy jihatdan tayyorlashda katta imkoniyatlarga egadir. Oilada farzandlarni tarbiyalashda, ularni kamol toptirishda mavjud muammolar, nuqsonlar bolalarning xulq-atvoriga, shaxs sifatida shakllanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Ma’naviy-axloqiy jihatdan sust rivojlanganlik va shaxsdagi o‘ziga xos xususiyatlar (o‘zgaruvchanlik, qo‘zg‘aluvchanlik, beqarorlik, hissiyotga beriluvchanlik, tobelik, jur’atsizlik va boshqalar) bolalar va o‘smirlarda deviant xulqning kelib chiqishiga sabab bo‘ladi. Shaxsning ma’naviy-axloqiy jihatdan barkamolligi esa ijtimoiy turmushda vujudga kelgan turli xil nizoli vaziyatlardan chiqib ketishiga yordam beradi. Voyaga yetmaganlarda deviant axloq, xulq og‘ishi va tarbiya buzilishining kelib chiqishiga ta’sir etuvchi yana bir omil ota-onalarda farzandlar tarbiyasiga doir bilimlarning yetarli emasligidir. Bolalarga profilaktik ta’sir ko‘rsatishda o‘smirning shaxs sifatidagi shakllanishi jarayonini, uning o‘ziga xos xususiyatlarini, xarakter xislatlari va psixologiyasini hisobga olgan holda ish tutish yaxshi natija berishini unutmaslik lozim. Farzand tarbiyasida ularning yoshga oid va psixologik xususiyatlarini bilish hamda hisobga olish o‘ta muhimdir. Shuningdek, ularda o‘ziga ishonch, o‘z xulqini yaxshilash motivlarini quyidagicha shakllantirish zarur: – bolalarni o‘z xulq-atvorini o‘zi baholashga o‘rgatish; – farzandiga bo‘lgan ishonch; – oilada oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarishda erishgan yutuqlarini rag‘batlantirish; – tarbiya berishning optimal strategiyasini aniqlash; – bolalarga mustaqil faoliyat (o‘qish, o‘yin, mehnat, xobbi va qiziqishlari)ni tanlash uchun imkoniyat berish; -“Oila markaz”lari, amaliyotchi psixologlar, mahalla fuqarolaryig‘ini va shifokorlar bilan maslahatlashish.[4] Ayrim oilalarda bolalar va o‘smirlarga yetarlicha shart-sharoit yaratib berilmasligi hamda ular faoliyatini cheklash – ularda infantillik (o‘zini nochor, yordamga muhtoj his qilish), muammoli vaziyatlardan chiqib ketish qobiliyatining susayishi kabilarga olib keladi. O‘smirlarda xulq og‘ishi va tarbiya buzilishining kelib chiqishiga ta’sir etuvchi sabablarni o‘rganar ekanmiz, ularning sub’ektiv va ob’ektiv ko‘rinishlarini bir-biridan farqlash lozim bo‘ladi. Tarbiya buzilishining sub’ektiv sabablariga o‘smir shaxsining qiziqish va ehtiyojlari, dunyoqarashi va ma’naviy olami, maqsad va yo‘nalishlari, qadriyatlari, huquqiy ongi, hayotiy rejalari, turmush tarzi va motivlari (hayotiy yo‘nalishi, maqsad va qarashlari) kiradi. Sub’ektiv shart-sharoitlarga esa aholining demografik va ijtimoiy-psixologik xususiyatlari, xususan, etnopsixologik jihatlari, xarakteri, temperamenti, yoshi va jinsi kiradi. Ob’ektiv sabablar sifatida jamiyatdagi nosog‘lom muhit, shart-sharoit, iqtisodiy va siyosiy beqarorlik, kichik ijtimoiy guruhlardagi ijtimoiy-psixologik muhit, kishilar bilan bo‘ladigan o‘zaro shaxslararo munosabatlarda namoyon bo‘ladi. Tarbiya buzilishining ob’ektiv shart-sharoitlari esa, jamiyatdagi tashkiliy va texnik xatoliklar, boshqaruv tizimidagi kamchiliklar, qonun va qoidalarning talabga javob bermasligi va boshqalardan iboratdir. Shuningdek, tarbiya buzilishining kelib chiqish sabab- larini aniqlash, eng avvalo, u yuzaga kelgan ijtimoiy muhit xususiyatlarini o‘rganib chiqishni taqozo qiladi. Chunki tarbiya buzilishini umumiy ko‘rinishda oladigan bo‘lsak, u biror bir shaxsga xos bo‘lgan sub’ektiv xulqatvor natijasi emas, balki sub’ektiv va ob’ektiv jarayonlar, shart-sharoitlar, munosabatlar natijasi sifatida ifodalanishini kuzatishimiz mumkin. Shu nuqtai nazardan olib qaralganda, ijtimoiy jarayonlarning individual xatti-harakatlarga ta’siri masalasiga oydinlik kiritish zarur bo‘ladi. Oilalarda nosog‘lom psixologik muhitning mavjudligi oilaviy munosabatlar noxushligi, oilaviy ajrashish- lar, ota-onalardan biri yo‘qligi, oilaviy tarbiyadagi yo‘l qo‘yilayotgan nuqsonlar hamda oilaning tarbiyaviy ta’sirga ega emasligi holatlari bolalar va o‘smirlarda jinoyatchilik xulqining kelib chiqishiga ta’sir ko‘rsatadi. Demak, o‘smirdagi dezadaptatsiya (ijtimoiy sharoitlarga moslashuvning zaiflashuvi yoki butunlay yo‘qolishi)langan xulqni tuzatishning keyingi sharti o‘smir psixikasidagi o‘zgarishni o‘z vaqtida aniqlash va tibbiy, psixologik-pedagogik yordam ko‘rsatish hisoblanadi. O‘smirlarda tarbiya buzilishining kelib chiqishida moddiy yetishmovchilik ko‘pincha sabab sifatida emas, balki xulq og‘ishining kelib chiqishi uchun qiziqish va shart-sharoit tarzida xizmat qilgani kuzatiladi. Demak, aytish mumkinki, o‘smirlarda tarbiya buzilishining kelib chiqishida iqtisodiy yetishmovchilik omili asosiy sabab sifatida namoyon bo‘lmaydi. U faqatgina muayyan shart-sharoit sifatida xizmat qiladi xolos.   Adabiyotlar 1.O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakatining IV qurultoyidagi nutqi.1 iyul, 2017 y. 2.Karimov I.A. Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch. -T.: «Ma’naviyat», 2008. – 270 b 3.Rahimov S. Abu Ali ibn Sino ta’lim va tarbiya haqida. – Toshkent: O‘qituvchi, 1967. –B. 88–89 4.Umarov B.M. O‘zbekistonda voyaga yetmaganlar jinoyatchiligining ijtimoiy-psixologik muammolari. Monografiya. – Toshkent, “Fan” nashriyoti – 2008, 314 bet [1] Ўзбекистон Республикаси Президенти Шавкат Мирзиёевнинг «Камолот» ёшлар ижтимоий ҳаракатининг IV қурултойидаги нутқи.1 июль, 2017 й. [2] Раҳимов С. Абу Али ибн Сино таълим ва тарбия ҳақида. – Тошкент: Ўқитувчи, 1967. –Б. 88–89 [3] Каримов И.А. Юксак маънавият – енгилмас куч. -Т.: «Маънавият», 2008. – 270 б [4] Умаров Б.М. Ўзбекистонда вояга етмаганлар жиноятчилигининг ижтимоий-психологик муаммолари. Монография. – Тошкент, “Фан” нашриёти – 2008, 314 бет.