Ushbu veb-sayt hozirda test rejimida ishlamoqda. Ba'zi funksiyalar mavjud bo‘lmasligi yoki kutilganidek ishlamasligi mumkin.
Ilmiy ommaviy maqolalar
Ilmiy ommaviy maqolalar
|
01/05/2023
Chop etish
SHE’RIY TARJIMA MATNLARI TAHLILIGA  INTERAKTIV YONDASHUV            

    Dilnavoz Salimova JDPI, F.f.f.d.(PhD) 

Oliy o‘quv yurtlari va akademik litseylar qoshida faoliyat yuritayotgan «Yosh adabiyotshunoslar», «Yosh tilshunoslar», «Bo‘lajak filolog» va boshqa shu kabi adabiy-lisoniy to‘garaklar qatorida «Yosh tarjimonlar» yoki «Tarjimashunoslar klubi» kabi to‘garaklarning muntazam ishlab turishi tarjimashunoslik sohasiga qiziquvchi talabalarga  ijod va izlanish maktabi vazifasini o‘tashi tabiiy. Tarjimashunoslik to‘garaklariga ham o‘quv darslaridagidek yangi pedagogik va innovatsion texnologiyalar asosida o‘qituvchining kompetentligini oshirish   bugungi kun ta’limi uchun dolzarb   deb hisoblaymiz. Bunday to‘garaklar, asosan, akademik litseylarning xorijiy tillarni o‘rganishga ixtisoslashgan kafedralari qoshida yuritilayotganligi shug‘ullanuvchilarning chet tillarini o‘zlashtirib olishlariga bo‘lgan intiluvchanliklarini yuqori darajaga ko‘tarishi bilan birga  o‘zga xalq badiiy adabiyoti namunalarini tarjima qila olish ko‘nikmasini ham o‘stiradi. Shu maqsadda to‘garak faoliyatining ilmiy va metodik saviyasini oshirishga qaratilgan yangicha dastur loyihalari ishlab chiqilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Tarjimashunoslik darslarini adabiyot mashg‘ulotlarida ham tashkil etilganda   badiiy adabiyotga qiziquvchi  o‘quvchilarda tarjima asarini o‘rganish ishtiyoqini  uyg‘otadi. Zero, bugungi kun  yosh avlod kelgusida o‘zi egallagan sohasining yetuk mutaxassisi darajasida kamol topishi  avvalo darsdan keyingi ta’limning qanday olib borilayotganligiga ham bog‘liqdir.  Biz to‘garak mashg‘ulotlarida foydalanish mumkin bo‘lgan «Tarjima matni ustida muqobil-analitik izlanish» mavzusi yuzasidan bir soatlik mashg‘ulotni dasturga kiritish bo‘yicha o‘z tavsiyamizni berishni maqsad qilib oldik. Tarjima matni ustida muqobil-analitik izlanish deganda, o‘quvchining mustaqil ravishda  biror badiiy asarni tarjima asariga qiyosiy metod asosida tahlil qilishi tushuniladi. Tahlil davomida o‘quvchi misol tariqasida berilgan matnni biror tilga tarjima qilib ko‘radi va tarjima qanday amalga oshganini, natijasini o‘zi tahlil qiladi. Shu tariqa yosh tarjimon  o‘z ijodiga o‘zi baho beradi. Buning natijasida tarjima jarayonida  yuz beradigan adabiy-lisoniy murakkabliklar, qulayliklar, tafovutlar v.h. amaliy o‘rganiladi. Izlanish uchun sintaktik konstruksiyasi jihatidan soddaroq va g‘oyaviy mazmuni jihatidan tez anglanadigan matn tanlab olinadi. Masalan, XX asr o‘zbek adabiyotining yetuk vakili Oybek qalamiga mansub «Kuz» she’rini va uning rus tiliga    Yu. Neyman, A.Glezer    qilgan tarjimalari misol tariqasida tahlil uchun tanlanadi:

               Oybek:           Quyoshning zar mo‘ynasin

Yopinib kuz iliq uyquda,

Suv tashlab loyqa, sho‘x sur’atin

Ipakdek tovlanar ko‘zguda.[3.133]      

 Yu. Neyman :    Nespeshna dney osennix chereda,

Lojitsya osen v travы na nochleg.

Blestya, kak shelk, osennyaya voda

Ostanovila svoy igrivыy beg. [2.75]                                           

  A.Glezer:         Ukutavshis v mexa gustыe solnsa,

Usnula krepka osen zolotaya.

Techet  reka zadumchivaya sonn,

Kak  shelk, perelivayas i sverkaya.[1.152.]

 

1.Quyida berilgan to‘rtlikni mustaqil ravishda tarjima qilishga kirishing:

  1. a) dastlab she’rni diqqat bilan o‘qib chiqing, so‘ngra she’r mazmunini rus tilida bilganingizcha so‘zlang (lug‘at yordamisiz);
  2. b) to‘rtlikni o‘girish uchun misralardan birini tanlab oling;
  3. c) tanlab olgan misrangizni she’riy yo‘l bilan emas, balki oddiy so‘zlashuv uslubida ruschada so‘zlab ko‘ring (lug‘at yordamida);
  4. d) so‘zlashuv uslubidagi gapingizni shoshilmasdan adabiy nutq normasiga soling;
  5. e) adabiy nutq doirasidagi matnni she’riy matnga aylantiring.

Ushbu topshiriq bo‘yicha quyidagi natijaga erishish ko‘zda tutiladi. Avvalo har qanday badiiy tarjima uch bosqichli tahrirdan o‘tishi kerak, shularni e’tiborga olib, o‘quvchilar o‘z ishlarini mazkur bosqichlarda zinama-zina bosib o‘tgan holda tahlil qiladilar. Bu bosqichlar quyidagilardan iborat: badiiy (obrazlilik qay darajada saqlanganligini aniqlash),  ilmiy (lingvistik nuqtai nazardan baholash), nashriy (matnning ijtimoiy ahamiyatini belgilab olish)[4.88.] kabi tahrirlarida tekshirishlari lozim topiladi. Zero, bu uchala bosqich birgalikda talab doirasidagi tarjimani yuzaga keltiradi. Bu mavzu oldingi darslarda o‘tilgan bo‘lishi kerak. Shunga ko‘ra, o‘quvchilar quyidagi shartlar asosida amalga oshirgan tarjimalarini tahlil qilishga kirishadilar:

1.Tarjimada asl nusxaning birorta so‘zi tushib qolmadimi?

  1. Asliyatda mavjud bo‘lmagan so‘z tarjimada paydo bo‘lib qolmadimi?

3.Asliyatga qaramasdan turib, tarjimangizning uslubiga e’tibor qiling, sizning fikr va g‘oyangiz asosan qaysi so‘zlarda ifodalangan?

  1. Ishingizdan ko‘nglingiz to‘lmagan jihatlar qaysilar, ularni to‘g‘rilab bo‘ladimi?
  2. Asliyat bilan tarjimaning farq qiluvchi nuqtasi bormi?
  3. Tarjimada so‘zlar takrori, gap g‘alizligi semantik nomushtaraklik kabilar uchramadimi? Ularni bartaraf qilsa bo‘ladimi?
  4. Asliyatga yaqinlik qay darajada deb o‘ylaysiz? Tarjimada yasamalik, zo‘rma-zo‘rakilik kabi holatlar uchramadimi?

 

O‘quvchilar ushbu savollarga javob qaytarish barobarida o‘zlari amalga oshirgan  tarjimalariga yo‘l-yo‘lakay baho berib ketadilar. Qo‘llangan har bir so‘zning tarjimadagi badiiy va lisoniy funksiyasi ustida bosh qotiradilar. Masalan, Quyoshning mayin zar mo‘ynasin // Yopinib kuz iliq uyquda misralaridagi zar mo‘yna, iliq uyquda iboralarini rus tilida qanday ishlatilganligiga e’tibor beradilar,  ya’ni asliyatdagi poetik ifodalarni tarjimada qayta yaratishda tarjimon tomonidan so‘z tanlashning o‘ziga xos murakkabliklariga duch kelishini o‘zlarida sinab ko‘radilar. Yosh tarjimonlar ilk bor matnni tarjima qilib ko‘rish jarayonida poetik, metaforik birikmalarning tarjimasida oddiy so‘zlashuv uslubiga  xos yoki, neytral ahamiyatga ega bo‘lgan so‘zlarni  ishlatib qo‘ymasliklari  talab etiladi. A. Glezer, Yu. Neyman tarjimasida zar mo‘yna va iliq uyquda iboralari tarjimasida tarjimonlar qanday yo‘l tutganliklari  aytib o‘tiladi:

            Asliyat:               Quyoshning zar mo‘ynasin

Yopinib kuz iliq uyquda.

  1.    Glezer:               Ukutavshis v mexa gustыe solnsa,

Usnula krepko osen zolotaya.

         Yu. Neyman:            Nespeshno dney osennix chereda,

Lojitsya osen v travы na nochleg.

 

Misollardan ko‘rinadiki,  A. Glezer tarjimada asliyat bilan qadam baqadam odimlab boradi. O‘quvchilar ham tarjima ishiga  kirishganlarida  o‘z tarjimalarida  sun’iylikdan kechib, quruq gaplar yig‘indisini emas, aksincha, muallif qalbidan otilib chiqqan otashin hislarni tarjimada qayta yarata olishga erishish kerakligini his qiladilar.

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. 1. Dalekaya zvezda moya. -T., Izd. Iskusstvo i literaturы im. G. Gulyama 1974.S. 152.
  2. 2. Moy golos. –T., izd.Iskusstvo i literaturы im. Gafura Gulyama 1987. S. 75.
  3. Muso Toshmuhammad Oybek. Mukammal asarlar to‘plami. II tom T. 1975., B. 128.
  4. 4. Salomov G‘. Tarjima nazariyasiga kirish.-T.: o‘qituvchi;1978; B-88

 

 


Ulashish:
451
Boshqa rubrikalarda mashhur

JDPU xorijiy tillar fakulteti professor-o‘qituvchilari Vengriyaning nufuzli Obuda universitetida malaka oshirishmoqda.
Jizzax davlat pedagogika universiteti Xorijiy tillar fakulteti professor-o‘qituvchilari jahon oliy ta’lim muassasalari reytingida 680-o‘rinni egallagan Vengriya Respublikasining nufuzli ta’lim maskanlaridan biri — Obuda universitetida bo‘lib...
Jizzax davlat pedagogika universitetida texnikum bitiruvchilari bilan suhbat boshlandi.
Jizzax davlat pedagogika universitetida oliy ta’limga kirish istagida bo‘lgan texnikum bitiruvchilari uchun suhbat jarayonlari start oldi. Joriy yilda turli texnikumlarni tamomlagan 134 nafar nomzod hujjatlarni...
JDPUda talabalar uchun turar joy va ijara xonadonlari bo‘yicha ma’lumotlar markazi ish boshladi.
Jizzax davlat pedagogika universitetida 2025/2026-o‘quv yilida talabalarni munosib kutib olish va ularni turar joy bilan tezkor ta’minlash maqsadida “Talabalar turar joylari va ijara xonadonlari bo‘yicha...