YO‘LDOShEV FARHODJON BAXTIYoR O‘G‘LI
Jizzax davlat pedagogika
universiteti o‘qituvchisi
Tel: +998903100026
farhod0912x@gmail.com
Annotatsiya: Maqolada o‘quvchilarning o‘quv faoliyatini nazorat qilish shakl va metodlari o‘z ifodasini topgan. Shuningdek, muallif boshlang‘ich ta’lim jarayonida pedagogik tekshirish bir necha bosqichlarda amalga oshirish xaqidagi fikrlarini keltirgan.
Abstract: Forms and methods of monitoring students’ educational activities are expressed in the article. Also, the author gave his opinion on the implementation of pedagogical examination in several stages in the process of primary education.
Annotatsiya: V state vыrajenы formы i metodы kontrolya uchebnoy deyatelnosti studentov. Takje avtor vыskazal svoe mnenie o provedenii pedagogicheskoy ekspertizы v neskolko etapov v protsesse nachalnogo obrazovaniya
.
Tayanch tushunchalar: diagnostika, korreksiya, nazorat, Tekshirish, o‘qitish, hisobga olish, tashxis qilish, shkalalash.
Basic concepts: diagnosis, correction, control, inspection, training, accounting, diagnosis, scalingOsnovnыe ponyatiya: diagnostika, korreksiya, kontrol, proverka, obuchenie, uchet, diagnostika, masshtabirovanie.
Bugungi kunda ta’lim jarayonining muhim tarkbiy qismlaridan biri
– nazorat va hisobga olishdir. Bu tushunchalar o‘ziga xos mohiyat va xususiyatlarga ega. O‘qituvchi nazorat va hisobga olishni to‘g‘ri tashkil etsa, ta’lim jarayonining samaradorligi ortadi. Buning uchun o‘qituvchi o‘quvchining o‘quv materiallarini o‘zlashtirish darajasini aniqlab berishi lozim.
Nazorat umumiy o‘rta ta’limda tahsil oluvchining bilim, ko‘nikma va malakalari darajasini aniqlash, o‘lchash va baholash jarayonini anglatadi. Aniqlash va o‘lchash tekshirish deb ham ataladi.
Tekshirish – nazoratning tarkibiy qismi bo‘lib, uning asosiy didaktik vazifasi o‘qituvchi va o‘quvchilar o‘rtasida teskari aloqani ta’minlash, pedagog tomonidan o‘quv materialini o‘zlashtirish haqida ob’ektiv axborot olinishi, bilimlardagi kamchilik va nuqsonlarni o‘z vaqtida aniqlashni ta’minlashdir. Tekshirishning maqsadi nafaqat o‘quvchining bilim darajasi, sifati, shuningdek, uning o‘quv mehnati hajmini ham aniqlashdani borat.
Boshlang‘ich sinflarda pedagogik diagnostika va korreksiya o‘tkazish uchun o‘quvchilarda o‘qish, matematik, grammatik kabi savodxonlikni aniqlashga ustuvorlik beriladi. Masalan, m
atematik savodxonlikni diagnostika qilish –shaxsning matematik fikrlash va real hayotdagi turli muammolarni yechishda ularni matematik ifodalash, qo‘llash va sharhlay olish qobiliyatini tashxislashga aytiladi. Ushbu diagnostika turi bo‘yicha o‘rganilayotgan o‘quvchi shaxsi hodisalarni tasvirlashi, tushuntirishi va oldindan aytish uchun matematik tushunchalar, jarayonlar, dalil va vositalardan foydalanish ko‘nikmalariga egaligi aniqlanadi. Buning uchun turli masala, misol, test va topshiriqlardan foydalanish mumkin.
Nafaqat ta’lim tizimida, balki boshqa sohalarda ham yutuqlarga erishish uchun asos bo‘ladigan, kelajakda ham inobatga olinadigan savodxonlik, kattalar hayotining turli jabhalarida muvaffaqiyatli ishtirok etishlari uchun muhim omil hisoblanadi.
Boshlang‘ich ta’lim jarayonida pedagogik tekshirish bir necha bosqichlarda amalga oshiriladi. Ya’ni:
- O‘quvchilarning bilim darajasini oldindan aniqlash. Odatda, u o‘quv yili boshida o‘quvchilar tomonidan avvalgi o‘quv yilida o‘zlashtirilgan bilimlari darajasini aniqlash maqsadida o‘tkaziladi. Bu kabi tekshirish, shuningdek, o‘quv yilining o‘rtasida yangi bo‘lim (kurs)ni o‘rganishga kirishilganda ham o‘tkazilishi mumkin va o‘rinli.
- Har bir mavzuni o‘zlashtirish jarayonidagi joriy tekshirishdir. Joriy tekshirish ta’lim oluvchilar tomonidan o‘quv dasturida belgilangan ayrim alohida elementlarni o‘zlashtirish darajasini tashxislash imkonini beradi. Mazkur tekshirishning asosiy vazifasi alohida olingan muayyan vaziyatni o‘rganishdir. Bunday tekshirish shakl va metodlari turlicha bo‘lib, ular o‘quv materiali mazmuni, murakkabligi, o‘quvchilarning yoshi va tayyorgarligi, ta’lim bosqichi va maqsadlari, muayyan pedagogik sharoitlarga muvofiq belgilanadi.
- Oraliq tekshirish bilim, ko‘nikma va malakalarni tekshirish. O‘quvchilarning o‘quv materialining muayyan bob yoki bo‘limlari bo‘yicha o‘zlashtirgan bilim, ko‘nikma va malakalari darajasini aniqlash, baholash shakli. Yangi mavzuni o‘rganish bilan birga o‘quvchilar avval o‘zlashtirilganlarni takrorlaydilar. Takroriy tekshirish bilimlarni mustahkamlashga ko‘maklashadi, biroq o‘quv ishlari bosqichini tavsiflash, bilimlarning mustahkamlik darajasini tashxislash imkonini bermaydi. Tashxisning boshqa shakl va metodlari bilan birga qo‘llanilsagina ushbu tekshirish kutilgan samarani beradi [ 1,18 ] .
O‘kuvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalari diagnostika qilingandan so‘ng o‘rganilgan o‘quv materialining strukturaviy elementlaridagi bo‘shliqlarni to‘ldirish, o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni o‘zlashtirish sifatini oshirish uchun o‘tkaziladi. O‘quvchilar bilimini tizimlashtirish va umumlashtirish uchun pedagogik diagnostika va korreksiya ta’lim jarayonining barcha bosqichlarida amalga oshirilib boradi.
Nazorat, shuningdek, o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasini baholash va tahlil qilishni ham o‘z ichiga oladi. O‘zlashtirish tabellari, sinf, guruh jurnallarida baholar shartli belgilar, kod signallari, xotirlash belgilari va hokazolar baho ko‘rinishida qayd etiladi.
O‘quvchining o‘zlashtirish darajasini baholash uchun nazorat yakunlari (natijalari) asos bo‘ladi. Bunda o‘quvchilar ishining ham sifat, ham miqdor ko‘rsatkichlari hisobga olinadi. Miqdor ko‘rsatkichlari ko‘proq ballar yoki foizlarda. Sifat ko‘rsatkichlari esa a’lo, yaxshi, qoniqarli va hokazo baholovchi fikrlar yordamida qayd etiladi. Har bir baholovchi fikrga oldindan kelishilgan (belgilangan) ma’lum ball, ko‘rsatkich (masalan, o‘rin – 1, 2, 3, 4 va hokazo) tayinlanadi.
Nazoratning turi o‘quv ishini tashkil etish shakliga bog‘liq. O‘qituvchi mavzudan kelib chiqib, nazoratning quyidagi shakllaridan foydalanadi:
1) nazoratning ommaviy (frontal) shakliga ko‘ra o‘qituvchi o‘quvchilarga materialning ma’lum bir hajmi bo‘yicha savol beradi, o‘quvchilar unga qisqacha javob qaytaradilar. Bu kabi so‘rash ko‘pchilik o‘quvchini bir vaqtning o‘zida nazorat qilishni ta’minlaydi va butun guruhni faollashtiradi. Ammo bu nazoratni o‘quvchilarning bilim darajasini har tomonlama aniqlash uchun qo‘llab bo‘lmaydi;
2) nazoratning guruhli shakliga ko‘ra o‘quvchilarning ma’lum bir qismi nazorat qilinadi. O‘qituvchi tomonidan o‘quvchilar guruhiga vazifa beriladi va uni guruh muayyan vaqt oralig‘ida bajaradi. Lekin masalani hal qilishda boshqa o‘quvchilar ham ishtirok etishlari mumkin.
3) nazoratning individual shaklidan har bir o‘quvchining bilim. ko‘nikma va malakalari darajasini mukammal tashxislash uchun foydalaniladi. Nazoratning bu shaklida, odatda o‘quvchilar javob berish uchun sinf yozuv taxtasi oldiga chaqiriladi:
4) nazoratning uyg‘unlashtirilgan (kombinatsiyalangan) shakli individual nazoratni ommaviy va guruhli shakllar bilan birlashtirishni taqozo etadi. Bu nazoratdan yirik hajmli mavzularni bir vaqtning o‘zida barcha o‘quvchilardan so‘rash maqsadida foydalaniladi, har bir o‘quvchiga alohida topshiriq beriladi va bir vaqtda bir necha o‘quvchini tekshirish imkoniyati yuzaga keladi;
5) o‘z-o‘zini nazorat qilish ta’lim jarayonida ichki qaytar aloqani yuzaga keltirishga xizmat qiladi va psixologik mezonlarga asoslanadi. Uning samaradorligi o‘qituvchining kasbiy mahoratiga bog‘liq bo‘ladi.
O‘quvchilarning faoliyatini nazorat qilish metodlari quyidagilar:
og‘zaki tekshirish, yozma tekshirish, amaliy topshiriqlarni bajarishga asoslangan tekshirish, uy vazifalarini tekshirish.
Og‘zaki tekshirish. Bu metod bilimlarni nazorat qilish va baholashning ancha keng tarqalgan an’anaviy usullaridan biridir. Tekshirish chog‘ida o‘qituvchi o‘quvchilarga o‘rganilgan mavzuning mazmunidan kelib chiqib, savol-javob usuli asosida amalga oshiriladi. Ushbu usul ayrim hollarda suhbat usuli deb ham ataladi. Og‘zaki tekshirishda o‘qituvchi o‘rganilayotgan mavzuni alohida qismlarga ajratadi va ularni har biridan o‘quvchilarga savollar beradi. Biroq, o‘quvchilarning nutqini o‘stirish hamda ularning chuqur va mustahkam bilimga ega bo‘lishlari uchun ulardan shu yoki oldingi mavzuni butunlay esga tushirishni talab qilish mumkin.
Keng tarqalganligi va samarali ekanligiga qaramay og‘zaki tekshirish ayrim kamchiliklarga ham ega. Chunonchi, uni qo‘llash jarayonida: nisbatan ko‘p mehnat sarflanadi; dars mobaynida 3-4 nafar o‘quvchinigina bilimini tekshirish mumkin. [ 2, 28 ]
Yozma tekshirish. O‘quvchilarning bilim, ko‘nikma va malakalarini nazorat qilish va baholashning eng samarali usullaridan biri bo‘lib, ularning ijodiy qobiliyatlarini baholash imkonini beradi. Unga ko‘ra o‘qituvchi alohida mavzu yoki o‘quv dasturining ma’lum bo‘limini o‘tib bo‘lganidan so‘ng o‘quvchilarning bilimlarini nazorat qilish va baholashni tashkil etadi. Yozma tekshirish nazorat ishi, insho, bayon, diktant va boshqalar yordamida olib boriladi. Ushbu jarayonda o‘qituvchining bajarilgan ish bilan tanishib chiqishi, uning sifatini tekshirishi uchun ko‘p mehnat va vaqt sarflanadi. O‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasida bevosita aloqaning yo‘qligi sababli uning fikrlashini kuzatish imkoni bo‘lmaydi.
Amaliy topshiriqlarni bajarishga asoslangan tekshirish. Amaliy harakatlar (sport, mehnat harakatlari)ning to‘g‘riligini kuzatish yoki olingan natijalarga tayanishdan iborat bo‘ladi. Tekshirishning bu shaklidan o‘quvchilarning tabiiy fanlar bo‘yicha bilimlarini hisobga olishda keng foydalaniladi.
Uy vazifalarini tekshirish. O‘quvchilarning o‘zlashtirishini nazorat qilish uchun ular tomonidan uyga berilgan vazifalarning bajarishlarini tekshirish katta ahamiyatga ega. Uy vazifalarini tekshirish o‘qituvchiga o‘quvchilarning o‘quv faoliyatiga bo‘lgan munosabatini, o‘rganilgan materialni qanchalik egallaganligini, uy vazifalarini bajarishdagi mustaqillik darajasini aniqlashga imkon beradi.
Shkalalash. Aniq jarayonlarni raqamlar tizimi yordamida modellashtirish. Uning turli uslublari sifat tavsiflarini miqdoriy o‘zgarishlarga aylantirishga yordam beradi.
Dasturiy ta’minot. Maqsad asosida muayyan holat darajasini sifat va miqdoriy ko‘rsatkichlarda belgilashga imkon beruvchi Moodle, WordPress, PHP, Turbo Site, Bandicam, Audisity, Movavi Video, Editor Plus, AutoPley, Media Studio 8, Macromedia Flash bajarilgan elektron axborot sinov vositasi.
Pedagogik amaliyotda Moodle, WordPress, PHP, Turbo Site, Bandicam, Audisity, Movavi Video, Editor Plus kabi dasturiy vositalardan foydalanish mumkin. Bunda bir qator afzalliklar ko‘zga tashlanadi. Ular quyidagilardir: 1) nazorat uchun vaqtning kam sarflanishi; 2) nazariy va amaliy bilim darajasini ob’ektiv sharoitda aniqlash imkonining mavjudligi; 3) bir vaqtda ko‘p sonli o‘quvchilar bilan nazoratni tashkil etish mumkinligi; 4) bilim natijalarining o‘qituvchi tomonidan qisqa muddatda tekshirilishi; 5) barcha o‘quvchilarga bir xil murakkablikdagi savollar berilib, ular uchun bir xil sharoitning yaratilishi.
O‘quvchilar bilimini baholashning besh balli tizimining eskirganligi, zamon talablariga javob bera olmagani uni reyting tizimi asosida baholash uslubi bilan almashtirishni taqozo etdi.
Umumiy o‘rta ta’lim tizimida, shu jumladan boshlang‘ich ta’limda xam o‘quvchilarning tayanch va fanga oid kompetensiyalarining shakllanganlik darajalarini baholash mezonlari har bir fanning maqsad va vazifalari, shuningdek, sinf. guruhdagi o‘quvchilarning o‘zlashtirish darajasiga tayangan holda belgilanadi. Baholash mezonlarini ishlab chiqishda o‘quvchilarning og‘zaki javob berishlari, ko‘nikma va malakalariga, kompetensiyalariga alohida-alohida yondashish lozim.
ADABIYoTLAR:
- Abdullaeva Sh.A. Pedagogik diagnostika.-Toshkent:Universitet, 2019.-310 b.
- Asadov Y.M., Turdiev N., Akbarova S., Temirov S., Babadjanov S. O‘quvchilarda kompetentsiyalarning shakllanganligini tashxislash va korreksiyalash metodikasi.-Toshkent: Qori Niyoziy nomidagi O‘ZPFITI bosmaxonasi, 2016.-158 b.
- Zaripov, K. Pedagogicheskaya diagnostika v sisteme neprerыvnogo povыsheniya kvalifikatsii uchiteley: avtoref. diss. . d-ra ped.nauk / K.Zaripov.- Tashkent, 1990. 35 s.
- Ingenkamp K. Pedagogicheskaya diagnostika.- Moskva “Pedagogika”, 1991.