Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

3+1 qo'shma ta'lim dasturi

Belarus davlat pedagogika universiteti bilan qo'shma ta'lim dasturiga marhamat!

Konstitutsiya asosiy qonunimiz!

8-dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni

Yuksak vatanparvarlik tuyg‘usi aks etgan qasida!

10-dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun

Yangi yil — yangi marralar sari imkoniyat!

Kirib kelayotgan yangi 2024-yilingiz muborak bo’lsin!

Xotira muqaddas – inson qadri aziz!

9-may — Xotira va qadrlash kuni

JDPU 50 yoshda!

Jizzax davlat pedagogika universitetining 50 yoshlik yubileyi muborak bo‘lsin!

Mutolaa…

Axtamqul Karim. Urush ko‘rgan chollar (hikoya) Tog‘ yo‘lining tanobini tortish mashaqqat… Oy to‘lishgan paytda yo‘lga tushamiz. Negadir yo‘limiz unmaydi. Ulovli yo piyoda, zim-ziyo dara qo‘ynida tog‘u tosh oralab o‘rlab boraveramiz. Yo‘l tugamaydi. Qorli cho‘qqilarga tutashib ketgan yolg‘izoyoq yo‘l darmonni quritib, holdan toydiradi, ko‘zlarni toliqtiradi. Dunyo boshdan-oyoq yo‘l ekanini fahm­layman. Yuqorilab borgan sari osmonga yaqinlashaman. Qo‘lim yulduzlarga yetgudek hayajonlanaman. Bobom negadir kechasi yo‘l yurishni xush ko‘radilar. Emishki, tunda yurganda yo‘l unadi. Men esa toshlarga qoqilib, daralar yonbag‘ridan, bir odam zo‘rg‘a o‘tadigan so‘qmoqdan pastga qulab tushishdan qo‘rqib, tongning otishini intizorlik bilan kutaman. G‘aroyib cho‘qqilaru, tog‘ning xushhavo manzarasini oyning yorug‘ida tomosha qilib borish jonu dilim. Ammo kechasi yo‘l yurish menga yoqmaydi. Toshlar qorong‘ida Maysara momoning hikoyasidagi alvastidek tus oladi. Aftidan, nuqul bir qirning atrofida aylanib yurganga o‘xshaymiz. Ulovdan uzoqlashganim uchun oyog‘im mo‘ljal dan adashib, yiqilaman, qo‘limdagi zarang tayog‘im uchib ketadi. Bobom menga burgutdek qahrli nigohini qadaydi. Darhol hushyor tortaman. Bo‘sh-bayov harakatim unga yoqmaganini anglayman. Bu galgi hamrohlarimiz urush ko‘rgan chollar. Ularning ichida urush ko‘rmagan, dayovrog‘i Safar birgad. «Jangchi» chollar mening qoqilib-surilib yurishimga parvo qilishmaydi. Bu ular uchun odatiy hol. Negaki, ularga tog‘ yo‘lida har yili qanchadan-qancha menga o‘xshagan xom-xatala bolalar hamroh bo‘lishadi. Chollar bizga o‘xshash g‘o‘r, tog‘ yo‘lida pishmaganlarni endigina jangga otlangan yosh jangchiga o‘xshatishsa kerak. Shilinib, qontalash bo‘lgan kaftimga avaylab tuproq bosaman. Tanam og‘riqdan zirqiraydi. Endi yiqilmasdan «jang­chi» chollar bilan basma-bas yurishga kuch to‘playman. Ammo buning chorasi yo‘q… Safar birgadning hayqirig‘idan tog‘lar gumburlaydi. Yo‘limizdan kutilmaganda yirtqich jondor chiqib qolmasligi uchun daralar qo‘ynida yurganda kimdir har zamonda ovoz berib turishi kerak. Bu ish Safar birgadga yuklatilgan. Chunki uning ovozi baland. Daryo bo‘yida yashagani uchun ham har doim baland-baland so‘zlaydi. Ovozini ilk bora eshitgan kishi unga nega buncha baqiradi, deb hayron qolishi tayin. Ko‘plar Safar birgadning bobokalonini «kallasiz» odam bo‘lgan, deyishadi. Bobom u voqeani menga shunday hikoya qilganlar: katta bobosi Ahmadboyning tog‘da juda katta bog‘-rog‘i bo‘lgan ekan. Tog‘ yo‘lidan o‘tib ketayotgan yo‘lovchilar uning uyiga qo‘nmasdan o‘tmas, qo‘nganlar bog‘idan biron olma yoki yong‘oqnimi olmasdan ketsa, ranjir ekan. Ahmadboy bog‘idagi toshsupaga o‘tirib, to‘rt tomonini qurshagan tog‘larni obdan kuzatishni xush ko‘rar ekan. Bir kuni uyiga yaqin tog‘ning yonbag‘rida charaqlab turgan qizg‘ish shu’laga ko‘zi tushibdi. Buning nimaligiga qiziqib qolgan Ahmadboy yuqoriga ko‘tarilibdi. Lekin u shu ’laning chiqayotgan joyini aniqlay olmabdi. Uch-to‘rt marotaba qirga chiqib tushibdi. Pastdan ko‘ringan qizg‘ish nur yuqoriga chiqqanda yo‘qolar emish. Oxiri o‘rtacha qovunday keladigan qip-qizil tosh uning diqqatini o‘ziga tortibdi. Tosh ustiga boshidagi sallasini qo‘yib, pastga tushibdi. Qarasaki, shu’la endi sallaning ostidan chiqayotgan emish. Ahmadboy odamni shunchalar sarson qilasanmi, deb toshni uyiga ko‘tarib kelibdi. Xotiniga shu savil toshni deb, to‘rt marta qirga chiqib tushganini aytib kulibdi. Ajoyib tosh ekan, yangi qurayotgan o‘choqqa ishlatsak bo‘ladi, debdi. Shunday qilib u tosh o‘choqtoshga aylanib, voqeaga nuqta qo‘yilibdi. Kunlarning birida Ahmadboynikida bir cho‘pon yigit mehmon bo‘libdi. Ahmadboy mehmon oldiga topgan-tutganini qo‘yibdi. Nogoh cho‘ponning ko‘zi Ahmadboyning o‘chog‘ida tovlanib turgan toshga tushib, salmoqlanib, so‘zni uzoqdan boshlabdi: — Ahmad aka, sizdan bir arzimas narsa so‘rasam yo‘q demaysizmi? U mehmonning so‘ziga hayron bo‘lib: —  Nima so‘ramoqchisan, so‘ra, bo‘lsa jonim bilan, —  debdi. Mehmon o‘choqqa ishora qilib: —  Shu o‘choqqa qo‘ygan toshingizga havasim keldi, shuni menga bersangiz. Ahmadboy kulib: —  Shunga ham shunchami, kelib-kelib bir tosh so‘raysanmi, nahotki, tosh insondan aziz bo‘lsa, olaver, —  deb u o‘choqdagi toshni qo‘porib, cho‘ponga beribdi. Oradan yillar o‘tibdi. Bir kuni cho‘pon yigit bir suruv qo‘yni haydab Ahmadboynikiga kelibdi. U Ahmadboyga: «Mana shu suruvdan xohlagancha qo‘yni ajratib oling, ular sizniki. Siz bergan tosh qimmatbaho tosh ekan, meni boyitdi», debdi. Ahmadboy cho‘ponning gapiga hayron bo‘lib kulibdi: — Shunga ham shunchami? Men u toshni o‘choqqa qo‘ygandim, senga boylik bergan bo‘lsa, osh bo‘lsin! Ko‘rmayapsanmi, to‘rt tomonimda bunaqa toshlar tiqilib yotibdi. Yigit Ahmadboyning mardligiga qoyil qolibdi. So‘ng qo‘yarda-qo‘ymay suruvning yarmini unga qoldiribdi. Ahmadboy cho‘pon qoldirgan qo‘ylarni beva-bechoralarga bo‘lib beribdi. Bundan xabar topgan qishloq boylari: «Ahmad, kallasi yo‘q odam ekan», degan gap tarqatishibdi. Bobomning so‘zlarini eshitib, chuqur o‘yga tolganman: Ahmadboy ha­qiqatda kallasiz odammi yoki boylikni nazariga ilmagan odammi?! Bu savolning javobini hanuzgacha o‘ylayman… Chollar xuddi qo‘liga qurol ushlab olgan kishidek, tayoqlariga suyanib-suyanib yuqoriga ko‘tariladi. Ildamlikda bir-biridan qolishmaydi. Men esa ularga hamroh bo‘lib borayotganimdan mamnun holda orqalaridan ergashaman. Nuqul bir qo‘lini bo‘yniga osib, qishin-yozin boshidan telpagi tushmaydigan Shoto‘r boboning qo‘lida tayog‘i yo‘q. U tayoqqa suyanib yurishni yomon ko‘radi. Qo‘lida doimo zarang yog‘ochdan yasalgan qip-qizil xalacho‘p olib yuradi. Badanining bir necha joyini o‘q ilma-teshik qilgan Shoto‘r boboni bobom yaxshi ko‘radilar. Shotiro‘dliklar esa uni xushlamagani uchun «jinni chol» deyishadi. Emishki, u urushda qon kechib yurgan paytlari g‘azabi oshib, dushman qonini ichib, yuragini sovitgan ekan. Bobom urush ko‘rmagan odam, ammo qalbida urush jarohati qolgan. Akalari Abdurahmon va Sulaymon jangdan qaytmagani bois bir umr fashistning go‘riga «g‘isht qalab» yuradi. Urush ko‘rgan jangchilarning yuragiga har zamon-har zamonda qo‘l solib ko‘rgan bobom urushda nomu nishonsiz ketgan akalari haqida biror ili q so‘z eshitishga hamisha ilhaq. — Urushda qancha fashistni yer tishlatgansiz? Bobomning kutilmaganda yosh bolalar kabi o‘rtaga tashlagan savolidan «jangchi» chollar kalovlanib qolishadi. — Ey jinni, besh yil davom etgan urushda o‘lim bilan hisoblashishni kim xayoliga keltirgan! — Shoto‘r boboning jahli chiqib, ko‘zlari ola-kula bo‘ladi. Toshboyev boshini sarak-sarak qilib: — Uka, urush o‘ldirgan dushmaningni sanaydigan maydon emas. Odam tutdek to‘kilib ketaveradi. O‘qqa uchramay qolishingni o‘ylab, Xudo deb yurasan. Hamrohlarimizdan faqat bir «jangchi» unsizgina gap tinglaydi. U urushda yetti yil yo‘qolib qaytgan Hakim chol. Urush haqida birovga churq etmaydigan bu odamni, siz ham biron narsa deng, deb holi joniga qo‘ymaganlaridan so‘ng goh qizarib, goh sarg‘ayib so‘z boshlaydi: — U kunlarni do‘st-ku do‘st, hatto, dushmaningniyam boshiga solmasin! Hakim cholning uzoq qistovlardan so‘ng aytgan birgina so‘zi shu. Bobomning gap-ulovidan bilganmanki, Hakim chol fashistga asir tushgan odam. Ko‘rgan-kechirganlari haqida hech kimga so‘z aytmaslik uchun nemisgami yoki o‘risgami qasam ichgan. Shuning uchun o‘z «va’da»siga vafo qilib, «sir»ni bir umr o‘zi bilan olib yuradi. U jang taassurotlarini jangda qoldirgan, urushdan gap ochilishini xushlamaydi. Biz tog‘ning uzundan-uzun so‘qmoqlarida eshakli — piyoda gurung qilib, tunimizni tongga ulardik. Toyxar1larimiz og‘ir yukdan inqillay-inqillay yuqoriga ko‘tariladi… Yo‘l qoq ikkiga bo‘linganda «Janggal»ga yetib kelamiz. Shundan bilamizki, yo‘lning teng yarmini bosib o‘tdik hisob. Bobom ulovlarning oldini qaytarishimni buyuradi. Men qo‘noqqa yetib kelganimizdan quvonaman. Qop-qorong‘i bu bog‘ yo‘lovchilarning dam olish qo‘nog‘i hisoblanadi. Ulovlarimiz ham ustidagi og‘ir yukdan qutulishini payqagandek taqa-taq to‘xtaydi. Yuklarni tushirib, chiroyli qilib taxlaymiz. Bobom dami latta bilan o‘ralgan boltachasini olib, Safar birgad bilan zim-ziyo daraga o‘tin qidirib ketadi. Hakim chol qumg‘onlarni olib, daryoga jo‘naydi. Shoto‘r bobo esa yog‘och tovoqqa uch-to‘rt siqim unni solib, bir qo‘li bilan qorishtirishga tushadi. Aftidan, cho‘g‘da ko‘moch pishirmoqchi. Negadir Toshboyevning vajohati o‘zgaradi. U ichi kovak bo‘lib qolgan beso‘naqay chinor daraxti atrofida nimanidir izlayotgandek alanglab yuradi… Hayal o‘tmay bobom bilan Safar birgadning sudrab kelgan bir dunyo shox-shabbasidan yoqilgan gulxan atrofni yoritadi. — Eh, bu damlarning zavqiga nima yetsin! — deydilar bobom. Biz gurillab ko‘kka intilgan olov atrofida chordana quramiz. Bu joyni nihondaraliklar o‘zlariga qadrdon go‘sha, deb biladi. Jazirama saraton paytlarida ham quyosh bu boqqa kirishdan hayiqadi. Tog‘ning bahavo joyi bo‘lgani uchun yo‘lovchilar qaysi daradan yo‘lga chiqsa, albatta, kechasi shu yerga yetib keladi. Kimdir vaqtida barpo etgan ulkan bog‘ning daraxtlari osmonu falak egasiga kaft ochib, o‘tgan-ketganga duo berayotgan mo‘ysafidga o‘xshaydi. Yo‘lovchilarning eshagi uchun beminnat ozuqa maydoniga aylangan bog‘ bir zayl yashnab turadi. Bobom xurjunidan bir tovoq kartoshka olib cho‘g‘ga ko‘madi. Tog‘ning kartoshkasida bosh­qacha ta’m bor, ayniqsa, yo‘l yurib, horib-charchagan, qorin piyoz po‘stiga aylangan vaqtda cho‘g‘ga ko‘mib yesang. Yo‘l azobi — go‘r azobi, deyishgan bobolarimiz. Ammo tog‘ning ana shu bir lahzalik rohatidan yo‘ldagi charchoqlaring butunlay unutiladi. Shoto‘r boboning cho‘g‘da tayyorlagan ko‘mochi-yu, bobomning ko‘mgan kartoshkasini Rim pazandalari ham yetti uxlab tushida ko‘rmagan bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman o‘zimcha. Uning ta’mini hanuzgacha sog‘inaman. «Jangchi» chollar uzoq yo‘l yurganidan suhbatning shashti pasayadi. Bobom eshagi uchun olgan xashakni mening tagimga to‘shaydi. Uning ustidan eski choponini tashlab, yotishimga joy hozirlaydi. Ulovlarimiz bu xashakni oy chiqqanda yeydi. Keyin yana yo‘lni davom ettiramiz. Bobom menga ertaga ham yo‘l yurish kerakligini eslatadi… O‘zi esa uyulib qolgan cho‘g‘larni qo‘zg‘ab turib, suhbatdosh «jangchi»larning ham eski dardini qo‘zg‘aydi. Bu gal bobomning qistovi bilan so‘z navbati Toshboyevga keladi. Urushdan keyin bir necha yil kolxozda amaldor bo‘lgani uchun tog‘liklar hurmatini joyiga qo‘yib Toshboyev deyishadi. U urush tugab, qaytishida yuz bergan voqeani eslaydi: — Besh yil qon kechdik. E uka, u kunlar bizlarga chin, sizlarga yolg‘on! Odam ochlikdan o‘lmas ekan, yuguraverishdan sillamiz qurib qolgandi. Oxiri, dushmanni yengdik, keyin deng, bir dunyo orden-medallar bilan Vatanga qaytdim. Oyoqlarimda fashistning noyob xrom etigi g‘irchillaydi. Go‘yo yer ing­rayotgandek bo‘ladi. Ichimga sig‘magan quvonch bilan yurtga qayt­dim. O‘zimni zo‘r jangchi bo‘lganimni tog‘liklarga ko‘z-ko‘z qilishni xayolimdan o‘tkazdim. Jangda olgan or­den-medallarimni yap-yangi harbiycha kiyimimga qator qilib taqdim. Harbiy bilet bilan jangda berilgan hujjatlarni hamyonga solib, yo‘lga tushdim. Tog‘ yo‘lida kiyimlarim kir bo‘lishini o‘ylab, eskilari bilan almashtirdim, yangilarini xaltaga soldim. Uni manzilga yetib olgach, kiyishni xayolimdan o‘tkazdim. Yakka-yolg‘iz bir o‘zim toqqa chiqib boryapman, ko‘zlarimdan uchqun uchadi. Go‘yo bu darada mendan zo‘r odam yo‘qdek. Yarim tunda anavi o‘n qadam narida turgan ichi kovak chinorning tagiga yetib kelganman. Endi bu yog‘i tinchlik deb, ki­yimlarim solingan xaltaga boshimni qo‘yib uxladim. Anchadan beri bunday maza qilib uxlamagan edim. Yurt tuprog‘i isidan mast bo‘lib qolibman. Tong sahar uyg‘onib qarasam, boshimga qo‘yilgan xalta yo‘q. Besh yil urushda yurib bunday noqulay holatga tushmaganman. To‘rt tomonim kimsasiz tog‘, biron jonzot ko‘rinmaydi. Kimdan gumon qilishni bilmayman. Ovozimning boricha hayqirib boryapman. Tog‘lar ham menga qo‘shilib dod solayotgandek, sado beradi! — Bolalaringizning yaxshiligini ko‘ringlar, kiyimlarimni kim olgan bo‘lsa ham mingdan-ming roziman, faqat hujjatlarim bilan orden-medallarimni qaytarib bersalaring bas, — deya ovoz chiqarib chor atrofga yolvoraman! Qani dodimni birov eshitsa-yu, men oldim, desa. Besh yil urushda qilgan xizmatlarim To‘polon daryoga oqdi. Shotiro‘dliklar oldiga boshimni xam qilib bordim. Maqtagulik hech narsam yo‘q edi. Bo‘lgan voqeani odamlarga aytishga uyaldim. Or yomon ekan, bir zumda tilim qisiq bo‘lib qoldi. Fashist­ni yengib, qancha olovlardan omon qolgan jangchi — beparvoligim oqibatida bir kechada mag‘lub bo‘ldim. Inson taqdirini ba’zan shu bir parcha qog‘oz hal qilar ekan. Urushning tugaganiga qancha yillar o‘tgan bo‘lsa-da, men sobiq jangchilar safida mag‘lubiyatga uchragan odamdek boshimni egib yuraman. Hukumatning barcha imtiyozlaridan mahrumman. Urushdan qo‘rqib, bir qo‘lini shartta bolta bilan chopib, o‘z qonini to‘kkan Nasim choldan nima farqim bor. Nasim balki o‘shanda to‘g‘ri qilgandir. Birovlar qonini to‘kkand an ko‘ra o‘z qonini to‘kib qo‘ya qoldi. O‘zini oqlash maqsadida bir qo‘li bilan tog‘da bepoyon bog‘ barpo qildi… Urushda qancha begunoh odamlar qoni to‘kildi. Urushni anglab yetmagan yigitlarimiz juvonmarg bo‘lishdi. Akang Sulaymon o‘shanda o‘n olti yoshda edi. Tog‘ odami bo‘lgani uchun ko‘zga juda salobatli ko‘rinardi. U urushga kirmasdan turib yuragi yorildi… Qo‘y, O‘zbekboy inim, dardimni yangilama, urushning uyiga o‘t ketsin!.. Gulxan atrofida choy xo‘plab, ko‘zlaridan duv-duv yosh oqayotgan Hakim cholni ko‘rib, beixtiyor mening ham ko‘zlarim yoshlandi. Uyqum qochdi. Balki Hakim chol dilida yillab yiqqan dardu hasratlarini o‘z ko‘z yoshlari bilan yuvayotgandir. Shoto‘r bobo yarador qo‘lini olovning taftiga toblab, jangga hozirlik ko‘rayotgan jangchidek atrofga alang­­- laydi… Borgan sari gulxanning shashti pasayib borardi. Bobom ham endi na chollarni, na gulxanni qo‘zg‘aydi. Chunki u ilk marta Toshboyevdan akasi haqidagi achchiq haqiqatni bilib olgan edi. Olovning cho‘g‘i pasaydi. «Janggal»ni zulmat qopladi. Qorong‘ida ko‘ksini kerib turgan tog‘lar nazarimda oyning g‘ira-shira yorug‘ida qo‘qqisdan bostirib kelayotgan yovga o‘xshab ko‘rinardi. Safar birgadning beg‘ubor xurragi daryoning ovoziga jo‘r bo‘lardi. Chollar jang maydonida yaralangan jangchilar kabi har joy-har joyda pala-partish qotib qolishgandi. Faqat birgina «jangchi» o‘sha kecha uxlamadi, u Toshboyev edi. Uning yarasi boshqalarnikiga o‘xshamasdi. Necha marotaba sovqotib uyg‘ongan bo‘lsam, Toshboyev bir narsasini yo‘qotgan odamdek, gulxanning cho‘g‘ini kovlab o‘tirardi. Nazarimda u nimanidir izlayotganga o‘xshardi…