Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

3+1 qo'shma ta'lim dasturi

Belarus davlat pedagogika universiteti bilan qo'shma ta'lim dasturiga marhamat!

Konstitutsiya asosiy qonunimiz!

8-dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni

Yuksak vatanparvarlik tuyg‘usi aks etgan qasida!

10-dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun

Yangi yil — yangi marralar sari imkoniyat!

Kirib kelayotgan yangi 2024-yilingiz muborak bo’lsin!

Xotira muqaddas – inson qadri aziz!

9-may — Xotira va qadrlash kuni

JDPU 50 yoshda!

Jizzax davlat pedagogika universitetining 50 yoshlik yubileyi muborak bo‘lsin!

INGLIZ TILI TEXNIK TERMINLARI TARJIMASINING O‘ZIGA XOSLIKLARI

Abdkllaeva Fotima Jizzax davlat pedagogika universiteti Annotatsiya: Texnik adabiyot tarjimasi badiiy adabiyot tarjimasidan bir qator o‘ziga xos xususiyatlari bilan farq qiladi. Bu o‘ziga xos jihatlar, avvalombor, texnik adabiyot tilining spesifikasi bilan bog‘liq. Ilmiy va texnik adabiyot tiliga qo‘yiladigan asosiy talablar – ifoda tarzi, uslub, bayonning qisqaligi va ifoda qilingan fikrlarning aniqligidir. Shu bilan bir qatorda ilmiy va texnik adabiyot maxsus termin (va qisqartma)larga to‘yinganligi, so‘z qo‘llashdagi an’anaviylik va ayrim sintaktik iboralarning boshqalariga nisbatan afzal ko‘rib qo‘llanilishi bilan ham sifatlanadi. Kalit so‘zlar: ilmiy-texnik til, sintaktik ibora, texnik matn, obrazlilik, ilmiy-texnik adabiyot, maxsus terminlar, leksik aloqalar.   Matnda maxsus terminlarning ko‘p miqdorda bo‘lishi, ayniqsa yaqinda yangitdan paydo bo‘lganlari (neologizmlar) va hali lug‘atlarda qayd etilib ulgurmaganlari tarjima amaliyotida sezilarli qiyinchiliklarni tug‘diradi. Ilmiy-texnik adabiyot tilining bu qadar yangi terminlarga boyligi terminlar til lug‘at tarkibining tabiatan harakatchan qatlami ekanligi bilan izohlanadi. Tilning lug‘at tarkibi uzluksiz ravishda to‘lib boradi va bu lingvistik hodisa fan va texnikaning rivojlanishi, ularning jamiyatdagi mavqeining oshishi hisobiga, so‘nggi yillarda fan va texnika taraqqiyotining jadal sur’atlarda o‘sishi natijasida yuzaga kelgan yangi tushuncha va hodisalarni atash, nomlash uchun yaratilgan yangi maxsus terminlar hisobiga yuz bermoqda. Odatda, mohiyat-maqsadiga ko‘ra ilmiy-texnik adabiyot o‘zida ilm-fan va texnikaning so‘nggi yutuqlarini aks ettirishi kerak; neologizmlar esa jami leksikaning nisbatan katta foizini tashkil etadi. Umuman olganda terminologiya, xususan, texnik terminologiya umummilliy tilning bir qismini tashkil etadi. Unda, ayniqsa, fikr ifodalashning elliptik xarakteri yaqqol ko‘zga tashlanib turadi va bu, birinchi navbatda, ilmiy aniqlik va qisqalik talablari nuqtai narzaridan sodir bo‘ladi. Texnik adabiyotning yana bir asosiy stilistik xususiyatibu materialni bayon qilishning muxtasarligi va ifodalarning ravonligidir. Ingliz ilmiy-texnik tilining, va umuman, ingliz tilining xos xususiyatlaridan yana biri shuki, unda ma’noviy to‘yinganlik gapning oxiriga qarab kuchsizlanib boradi. Rus tilida esa aks hodisa yuz beradi, ya’ni ma’noviy o‘sish gapning boshidan uning oxiriga qadar rivojlanib boradi. O‘zbek tili haqida yuqorida keltirilgan ikkala mulohazaning birortasini ham aytib bo‘lmaydi, bizningcha bunga o‘zbek tilida ko‘p jihatdan gapning kesimiga urg‘u berilishi ma’lum ma’noda ta’sir etsa kerak. Shunday qilib, ingliz tilida e’tiborni qaratish kerak bo‘lgan jihat birinchi o‘rinni egallasa, rus tilida esa, aksincha, so‘nggi o‘rinlarda turadi. O‘zbek tili e’tiborning teng taqsimlanishini talab qiluvchi gaplardan tashkil topadi. Ilmiy-texnik adabiyotga xos bo‘lgan qisqalik va aniqlik kabi xususiyatlardan tashqari, texnik matn texnik xarakterdagi obrazli frazeologik birikmalarga boyligi bilan ham ajralib turadi. Masalan, the wire is alive – provod pod tokom – sim elektr kuchlanish ostida, dead engine landing – posadka s vыklyuchennыm dvigatelem – o‘chiq, to‘xtatilgan dvigatel bilan qo‘nish shular jumlasidandir. Bunday hollarda to‘laqonli (adekvat) tarjima mazmunning haqiqatdan aniq berilishidan tashqari asl nusxadagi obrazlilikning barcha unsurlarini o‘quvchiga yetkazilishi hisobiga erishiladi. Ilmiy-texnik adabiyotning o‘ziga xos xususiyati unda maxsus terminlarning katta miqdorda mavjudligi bo‘lsada, u o‘z ichiga umumiste’moldagi so‘z va birikmalarning kattagina foizini oladi. Umumiste’moldagi so‘zlarning anchagina qismini ko‘p ma’noli so‘zlar tashkil etadi. Ba’zi hollarda ko‘p ma’noli so‘zlarning ma’nosini aniqlash uchun birgina ularning grammatik alomatlarini bilishning o‘zi kifoya qilmaydi, ularning leksik aloqalarini bilish ham birdek zarur bo‘ladi. Bunday ko‘p ma’noli so‘zlarning tipik vakili sifatida ingliz texnik terminologiyasida keng qo‘llaniladigan to suggest, to stem, to claim, to understand kabi leksik birliklarni keltirish mumkin. Texnik matn tarjimasining yana bir muhim tomoni shundaki, tarjimon ko‘p hollarda yangi tushunchalarni atash uchun terminlarning boshqa bir tildagi muqobillarini o‘zi yaratishiga to‘g‘ri keladi. Aynan terminlar texnik materialni tarjima qilishda qiyinchilik tug‘diradi. Badiiy adabiyotni tarjima qilishda chet tilidagi matnni tushunish, odatda, u qadar qiyinchilik tug‘dirmaydi va asosiy muammo sifatida asl nusxaning estetik va g‘oyaviy dunyosini, manzarasini tarjima tilida qayta yaratish yuzaga keladi. Ayni paytda chet tilidagi ilmiy yoki texnik matnni tushunish esa odatda bir qator u yoki bu darajada ahamiyatga molik bo‘lgan qiyinchiliklar bilan bog‘liq bo‘ladi. Bunda dastlabki bosqichlarda, avvalombor, chet-tili grammatikasining o‘ziga xosliklari qiyinchilik tug‘diradi. Keyinchalik esa tarjimon mahoratining oshishi bilan grammatik qiyinchiliklar ortga chekinadi, ammo noma’lum terminlarning ma’nolarini aniqlash esa hali hamon zarurat bo‘lib qolaveradi. Har doim ham noma’lum termin ma’nosini topish mumkin emas. Ko‘pincha tarjimon kontekst va terminning maxsus struktur(morfo)-semantik tahlilini qilib chiqishga majbur bo‘ladi. Texnik adabiyotda uchraydigan iboralar ikki turga mansub: biri – umumxalq leksikasi, qolganlari esa – maxsus (ilmiy yoki yasama) terminlardir. Xo‘sh, termin o‘zi nima, u boshqa so‘zlardan nimasi bilan farq qiladi? Keling, misol uchun ikki guruhga mansub so‘z va iboralarni taqqoslab ko‘raylik: qog‘oz – substrat; haydamoq – frezalamoq; chiroyli – implitsit Avvalombor shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, so‘zlarning birinchisi keng qo‘llaniladi va har bir savodli odamga tushunarli hisoblanadi. Biroq, ushbu ta’rifni misollarning ikkinchi qismidagi so‘zlarga nisbatan qo‘llab bo‘lmaydi. Chunki, ular o‘ta maxsus ilmiy va ishlab chiqarishga aloqador tushunchalarni ifodalab, faqatgina fan va  texnikaning aniq sohalaridagina qo‘llaniladi. Shunday qilib, ilmiy va ishlab chiqarishga oid terminlarni boshqa umumxalq leksikasi so‘zlaridan dastlabki farqi shundaki, ular maxsus ilmiy va texnik tushunchalarni anglatadi. Terminlar, shuningdek, boshqa oddiy so‘zlardan o‘zining yuqori ma’noviy aniqligi bilan ham farq qiladi. Buni umumiste’moldagi to go – bormoq fe’li bilan to mill – frezalamoq texnik terminini qiyoslaganda ko‘rish mumkin. Terminlarning yuqori aniqligi ularning maxsus lug‘atlarda alohida qayd qilinishi va ta’riflanishi bilan ta’minlanadi. Terminlarning aniqligi, asosan, ularning asliga muvofiq ma’nosidandir. Terminlarning asl ma’nosi (yoki ularning semantik  tuzilishi) odatda ularning haqiqatdagi ma’nosi bilan qisman mos keladi. Masalan, atomoxod terminining asl, aynan ma’nosi qandaydir predmetning atom energiyasi yordamida bir joydan ikkinchi bir joyga ko‘chishini anglatadi. Bu terminning haqiqiy, amaldagi ma’nosi esa – «atom dvigateliga ega bo‘lgan kema». Terminning asl ma’nosi, yoki aniqroq aytadigan bo‘lsak, uning semantik tuzilishi predmet (narsa yoki hodisa)ning eng muhim xususiyatlaridan birini aks ettirishi lozim. Terminologiyada ma’no tuzilishi (semantik struktura, matritsa) bevosita ilmiy to‘g‘ri tushunish, berilgan tushunchaning aniq tavsifi va tasnifi bilan bog‘liq. Aniq ilmiy tavsif va tasnifga ega bo‘lmagan tushuncha hodisa, voqeaning o‘ziga xosligini aks ettiruvchi aniq nomga ega bo‘la olmaydi. Masalan, zarba kuchi, zarbali kuch va tirik kuch terminlarida «kuch» so‘zi faqatgina ikkinchi terminda haqiqiy, tom ma’nodagi kuchni anglatmoqda. Birinchi va uchinchi terminlarda impuls va quvvat (energiya) ma’nolarida qo‘llanilganligining guvohi bo‘lamiz. Ko‘rinib turibdiki, bu terminlar yaratilayotgan paytda «kuch», «impuls» va «quvvat» tushunchalarini yetarli darajada aniq farqlay olishmagan, natijada yuqoridagi holat yuzaga kelgan. Bir predmetning turli tillarda nomlanishini ko‘rib chiqamiz. Quyidagi jadvalda samolyotning bir qator tillarda atalishi va bu terminlarning asl ma’nosining mag‘zi ochib berilgan [?].
Til Termin So‘zning asl ma’nosi
O‘zbekcha Samolyot (tayyora) O‘zi uchadigan ob’ekt
Ukraincha Limak Uchadigan narsa
Inglizcha Airplane Grekchadan aer «havo» va lotinchadan planum «tekislik» Havo va tekislikka qandaydir aloqasi bo‘lgan predmet
Italyancha Aeroplano
Nemischa Flugzeng Uchishga qandaydir aloqasi bo‘lgan moslama
Fransuzcha Avion lotichadan avis «qush» Qushni eslatadigan ob’ekt
Ispancha
  «Samolyot» tushunchasining o‘zi esa quyidagicha aniqlanadi: «havodan og‘ir bo‘lgan, apparatga nisbatan qo‘zg‘almas tashqi tashuvchi va uning parvozini ta’minlovchi kuch(li)(tok) qurilmasiga ega uchish apparati». Keltirilgan misollar shuni ko‘rsatadiki, turli tillardagi aynan bir predmetni anglatuvchi turli terminlar ko‘pincha o‘zining asl ma’nosiga ko‘ra farq qiladi. Biroq, har qanday holatda ham terminlarning asl, aynan ma’nosi amaldagi predmetning unga xos bo‘lgan qandaydir xususiyatini, alomatini o‘zida aks ettiradi. Biz ona tilidagi so‘zlarga shunchalik ko‘nikib ketganmizki, odatda ularning tub ma’nosiga umuman e’tiborimizni qaratmaymiz. Aksincha, chet tilidagi notanish so‘zni tarjima qilaturib esa uning, dastavval, tub-asl ma’nosiga urg‘u beramiz. Bu misollar bizni tarjima nazariyasi va amaliyoti nuqtai nazaridan juda muhim bo‘lgan termin motivirovkasi (asoslanishi), ya’ni termin semantik tuzilishida terminlashtirilayotgan tushuncha(hodisa, voqelik)ning aynan qaysi o‘ziga xos xususiyatlari aks etishi lozim degan masalaga ro‘baro qiladi. Shunday qilib, ayrim holatlarda oldindan tushunchaning mazmunidagi ehtimoli bo‘lgan o‘zgarishlarni shu darajada ko‘ra bilish mumkinki, unda terminning ma’no tuzilishi u tushunchaga mos kelishdan to‘xtaydi (casting by the lostwax process), boshqa hollarda esa buni qilish mumkin emas (dry fluid drive). Haqli savol tug‘iladi: hech bo‘lmaganda ikkinchi holat minimumiga keltirish uchun ma’no tuzilishida tushunchaning qanday alomatlari aks etgan bo‘lishi kerak? Birinchi terminda u yaratilish paytida tushunchani yetarli darajada to‘la, umuman olganda esa kerak bo‘lmagan alomat aks etgan. Shunga ko‘ra termin o‘zagiga zarur alomat, belgi qo‘yilishi shart ekan. Lekin buning o‘zi kifoya qilmaydi. Zarur belgi, alomat terminlashtirilayotgan ob’ekt haqida to‘liq va aniq tavsif bermaydi. Shuning uchun ma’no qurilishida yetarli belgi-alomatlar ham aks etishi kerak. Biroq, zarur bo‘lgan alomatlar emas, faqatgina yetarli bo‘lgan belgi-alomat asos qilib olinadigan bo‘lsa, unda kelgusida terminlashtirish ob’ektining u yoki bu o‘ziga xos jihatlarining o‘zgarishi bilan termin ma’no tuzilishi uning haqiqiy mazmuniga mos kelmay qoladi. Bu, masalan, inglizcha sweeper terminida sodir bo‘lgan, qaysiki hozirda nafaqat cho‘tkali supuruvchi mashinani, balki pnevmatik (siqilgan havo yordami bilan ishlaydigan) turini ham anglatadi. Mana shu asnoda termin yaratilayotganida ham zarur, ham yetarli bo‘lgan belgi-alomatlar e’tibordan chetda qolmasligi kerak. Faqatgina zaruriy va yetarli alomatlarning majmui predmetni to‘laligicha tavsiflaydi va u haqidagi yaqin tushunchalardan chegaralaydi. Shunday qilib, terminlogiyaning sinonimlarga nisbatan boyligi garchi quloch ochib kutib olinmasada, fan va texnika gurkirab rivojlanishining chetlab o‘tib bo‘lmaydigan, muqarrar oqibatlaridandir.   Foydalanilgan adabiyotlar:
  1. Doniyorov R. O‘zbek tili texnik terminologiyasining ayrim masalalari. O‘zFAN, – , 1977.
  2. Doniyorov R. O‘zbek tilining ilmiy-texnik terminlari tarixidan, – : Fan, 1975, 68-b.
  3. Salomov G‘. Tarjima nazariyasi asoslari. – : O‘qituvchi, 1983, 232 b.
  4. Skoroxodko E.F. Voprosы perevoda angliyskoy texnicheskoy literaturы: Perevod terminov. Kievskogo Universiteta, 1963, 90 s.
  5. Skubeydi P.I. Tolkovыy slovar voennыx terminov. – M., 1986, 364 s.
  6. Strelkovskiy G.M., Latыshev A.N. Nauchno-texnicheskiy perevod.
  7. Superanskaya A.V. Terminы i ix funksionirovanie. – M., 1989.
  8. Superanskaya A.V., Podolskaya N.V., Vasileva N.V. Obщaya terminologiya. Voprosы teorii, – M.: Nauka, 1989.
  9. Tolkovыy slovar russkogo yazыka, tt. I-IV, pod red. prof. D.N. Ushakova, – M., Gos. izd. inostr. i nas. slovarey.
  10. Tolstoy S.S. Osnovы perevoda s angliyskogo yazыka na russkiy. IMO, – M., 1957.
  11. Tursunov U., Muxtorov J., Rahmatullaev Sh. Hozirgi o‘zbek adabiy tili. – : O‘zbekiston, 399 b.
  12. Turuk I.F., Stoykova V.N. Posobie po perevodu texnicheskix tekstov. – M.: Vыsshaya shkola, 1963, 156 s.
  13. Fyodorov A.V. Vvedenie v teoriyu perevoda. – M., Izd. liter. na inostr. yazыkax, 1958.
  14. Fedorov A.V. Osnovы obщey teorii perevoda. 1983, 306 s.
  15. Chernov G.V. Teoriya i praktika sinxronnogo perevoda. 1978, 419 s.