Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

KIMYO FANINI O‘QITISHDA TALABALAR MA’NAVIYATINI SHAKLLANTIRISH

Boyxo‘rozova Muxlisa Valiqul qizi 2-kurs talabas. Mo‘minova Nargiza Isatullaevna k.f.n., dotsent Jizzax davlat pedagogika universiteti ye-mail: tunikom57@mail.ru  Ma’lumki, Xorazm Ma’mun akademiyasi namoyandalari matematika, fizika, mexanika va boshqa tabiiy fanlar singari kimyo sohasida ham olg‘a ilgarilab ketganliklariga fan tarixi guvohlik beradi. Bu o‘rinda taniqli tarixchi, angliyalik J. Beriall shunday yozadi: Ovrupaning katta qismi Rim imperiyasi qurilishida alg‘ov-dalg‘ov bo‘lib yotgan paytda musulmon dunyosi mislsiz taraqqiyotni boshdan o‘tkazgan edi. Musulmon olimlari tirik va rivojlanayotgan fanni yaratdilar. Ular Eron, Hindiston, Xitoy va Yunoniston ilmini ijodiy rivojlantirib matematika, astronomiya va meditsinani kengaytirdilar, algebra, trigonometriya va optikaga asos soldilar. Eng hal qiluvchi yutuqlarni kimyo va alkimyo sohasida qo‘lga kiritdilar, ular eski nazariyalarni tubdan qayta ishladilar, unga yangi tajriba yakunlarini qo‘shdilar va yangi kimyo fanini yaratdilar. Shu boisdan Xorazm zaminida Beruniy, Ibn Sino, keyinchalik Abdurahmon al-Xaziniyning noorganik kimyo, analitik kimyo, organik kimyo fanlariga asos solganliklari to‘g‘risidagi boy ilmiy merosni oliy ta’lim tizimida kimyo fanini o‘rganish jarayonida talabalarga to‘g‘ri, haqqoniy ravishda aniq materiallar asosida ko‘rsatib berish, bo‘lajak o‘qituvchilarda o‘zbek millatiga mansubligidan g‘ururlanish, yurtparvar-lik kabi fazilatlarni shakllantirish manbai bo‘la oladi. Noorganik kimyo fanining “Kirish”, “Kimyoviy reaksiyalar”, “Metallarning umumiy obzori” va boshqa mavzularini o‘rganish jarayonida talabalar Ibn Sinoning noorganik kimyo faniga asos solganlardan biri ekanligiga yana bir bor ishonch hosil qiladilar. Chunki u oltin, simob, kumush, mishyak (margumush), temir, qalay, surma, oltingugurt, qo‘rg‘oshin, mis hamda ularning birikmalari bo‘lgan ammoniy, xlor, ishqor, achchiqtosh, kuparos va hokazo tuzlarning xususiyatlarini chuqur o‘rganibgina qolmay, balki ularni o‘zining tabiblik amaliyotida mahorat bilan qo‘lladi. Ibn Sino ilmiy salohiyatining naqadar ulkanligini, betakror ekanligini oltin va kumush elementlari ustida o‘tkazgan tadqiqotlari asosida bir metallni ikkinchi boshqa bir metallga aylantirishni yo‘li yo‘qligini kimyo fani tarixida birinchi bo‘lib tushunib yetganidan, o‘sha davrda fanda hukmron bo‘lgan alximiklar nazariyasini hech qanday ilmiy asosga ega emasligini isbotlab berganidan ham ko‘rish mumkin. Buyuk vatandoshimizning kimyo fani taraqqiyotiga qo‘shgan o‘chmas hissasini, uning amaliy kimyo fanini ilmiy asoslangan yo‘ldan rivojlanishiga asos solganidan ham ko‘rish mumkin. Bu yerda gap, kimyoviy moddalarni guruhlashda kimyo fani tarixida birinchi bo‘lib Ibn Sino nashatir va achchiqtoshni tuzlar guruhiga kiritganligi ustida bormoqda. Shunday qilib, Xorazm Ma’mun akademiyasi namoyandalarining boy ilmiy merosi, ularning fan yo‘lida fidoyi insonlar bo‘lganliklarini talabalarga aniq dalillar asosida tushuntirib berish, shubhasiz bo‘lajak o‘qituvchilarni ona diyorimizning shon-shuhrati, qudrati, salohiyatini yanada mustahkamlashda hamda uni butun dunyoga yoyish uchun milliy ong hamda milliy g‘ypyp tuyg‘usi bilan halol mehnat qilishda muhim vosita bo‘ladi.