- Vohidov E. Saylanma.1-2-3 jildlar. Toshkent. O‘zbekiston NMIU. 2000-2001.
- Vohidov E. Iztirob. Toshent. O‘zbekiston NMIU. 1992.
- Vohidov E. Ustoz siyratiga chizgilar. Asarlar. Oltinchi jild. –T.: Sharq, 2018 yil 280-bet.
- Normatov U. Ijod va shijoat. Ozod Sharafiddinov. Tanlangan asarlar.- T.: Sharq. 2019 yil 566-bet.
- Normatov U. Ijod va shijoat. Ozod Sharafiddinov. Tanlangan asarlar.- T.: Sharq. 2019 yil 567-bet.
Erkin Vohidov badiiy publitsistikasida ustoz va zamondosh adiblar ijodiga munosabat
Jo‘raev Shukrullo Alishboevich
Jizzax davlat pedagogika
universiteti o‘qituvchisi
Annatatsiya: Maqolada Erkin Vohidov badiiy publitsistikasining muhim bir yo‘nalishlaridan biri, ya’ni ustozlari hamda zamondosh ziyolilar, adib va adabiyotshunoslar haqidagi maqolalari, Ozod Sharafiddinov faoliyatini aks ettiruvchi “Ustoz siyratiga chizgilar” nomli maqolasi misolida tahlilga tortilgan.
Kalit so‘zlar: Badiiy publitsistika, maqola, adabiy muhit, tanqidchi, adabiyotshunos.
Erkin Vohidov badiiy publitsistikasining yana bir muhim mavzu-mundarijasini ustozlari hamda zamondosh ziyolilar, adib va adabiyotshunoslar haqidagi maqolalari tashkil qiladi.
Muallifning O‘zbekiston Qahramoni, taniqli adib Said Ahmad ijodi va shaxsiyatiga bag‘ishlangan “Mehr va sadoqat ramzi”, Shoislom Shomuhamedovga bag‘ishlangan “Ezgulikka yo‘g‘rilgan hayot”, Hamid G‘ulom hayoti va ijod yo‘li haqida “Bag‘rikeng inson”, O‘tkir Hoshimov shaxsiyatini ochib beruvchi “Do‘stim to‘g‘risida bitiklar”, Ibrohim G‘ofurov haqida “Ijodkorning yorug‘ yulduzi”, shoir Oydinga bag‘ishlangan “She’riyatga oshnolik yuksalishdir”, taniqli adabiyotshunos olim Najmiddin Komilovning ilmiy faoliyatini aks ettiruvchi “Teran daryo sokin oqar”, sevimli va iste’dodli shoirimiz Muhammad Yusuf ijodi haqidagi “Parvona nurga talpinadi”, Abdug‘ofir Rasulov haqidagi “Kuyunchaklik” hamda ilk ustozi Hokimjon Hoshimov shaxsiyati va o‘qituvchilik faoliyatini yoritib bergan “Ustoz yodi” maqolalari Erkin Vohidovning publitsistik mahoratini o‘rganishda alohida ahamiyat kasb etadi.
Albatta, inson har doim inson bilan tirik va barhayotdir. Bir insonning ulg‘ayishida, uning kamolotga erishuvida, avvalo ota-onasi, shuningdek uni qurshab turgan yoru do‘stlari, aziz va qadrdon zamondoshlari, ustoz hamda tengdoshlari ta’siri va ko‘magini inkor etib bo‘lmaydi.
O‘zbekiston Qahramoni Erkin Vohidov o‘zining faoliyati va ijodi davomida o‘zining ijodiy, ma’naviy kamolotida o‘ziga xos o‘rin tutgan insonlar haqida publitsistik maqolalarida, xotira-esselarida ularga munosabat va minnatdorchiligini izhor qilib o‘tadi.
Jumladan, muallif O‘zbekiston Qahramoni, taniqli adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinov haqida o‘z fikrlarini bayon etib, – “XX asr o‘zbek adabiy muhitida o‘z ibratli shaxsiyati, mustahkam e’tiqodu dunyoqarashi bilan ziyolilarimizning butun bir avlodi uchun namuna bo‘lib tanilgan alloma Ozod Sharafiddinov mening nafaqat shoir, balki inson sifatida shakllanishimga katta ta’sir ko‘rsatgan chin ma’nodagi ustoz edi.”[1] – deya e’tirof etadi.
Haqiqatan ham, Ozod Sharafiddinov o‘tgan asr adabiyoti hamda adabiyotshunosligi taraqqiyotida beqiyos iz qoldirgan buyuk o‘zbek mutafakkirlaridan biri edi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
“Ozod Sharafiddinovning XX asr yangi o‘zbek adabiyotining mustabid adabiy siyosat tazyiqi va tahdidlari tufayli toptalgan tarixini tiklash, qatag‘on qilingan adiblar merosini xalqqa qaytarish yo‘lidagi jonbozliklari ayni ilmiy-ijodiy jasoratning chin namunasidir. Mustabid tuzum sharoitida bunday kurash va shijoatlar qanchalar qimmatga tushganligini, ehtimol, hozirgi yosh avlod yaxshi bilmas. Munaqqid “Tobutdan tovush” komediyasi haqidagi ilhom va ehtiros bilan yozilgan maqolasi, mafkuraviy-siyosiy jihatdan “nomaqbul” she’rlar mualliflari E.Vohidov, A.Oripovlarga ustozlik qilgani uchun ta’na-dashnomlarga uchradi, u muharrirlik qilgan “Tirik satrlar” to‘plami, A.Qahhorning “Yoshlar bilan suhbat” kitobi qatag‘onga uchradi, olovda yoqildi.”[2]
Erkin Vohidov o‘zining “Ustoz siyratiga chizgilar” nomli badiiy publitsistik maqolasida, yuqorida ta’kidlanganidek Ozod Sharafiddinovning chin ma’nodagi olimligi, yuqori saviyadagi badiiy asarlarga, haqiqiy iste’dod egalariga tom ma’nodagi ustoz hamda otalarcha g‘amxo‘r inson bo‘lganligini alohida ta’kidlab o‘tadi.
Muallifning e’tirof etishicha, o‘z davrining hamda keyingi yillarda ham o‘zbek adabiyotining yirik darg‘alaridan biri hisoblangan, taniqli adib Abdulla Qahhor bilan tanishuvida, katta avlod ijodkorlari nazariga tushishida Ozod Sharafiddinovning o‘rni va xizmatlari mislsiz katta bo‘lgan.
Sobiq sho‘rolar tuzumi davrida, siyosiy-mafkuraviy devorlar bilan qoplangan bir muhitda yozuvchi-shoir nomini ko‘tarib yurish nechog‘lik qiyin bo‘lgan bo‘lsa, tanqidchi-adabiyotshunos sifatida faoliyat olib borish ham shu qadar og‘ir bo‘lganligini tasavvur qilish qiyin emas.
Sho‘rolar zamonida ijodkorlarning o‘rni va mavqei partiyaga nechog‘lik sodiqligi hamda mehru sadoqatiga qarab belgilanar, munosabatiga ko‘ra mukofotu yorliqlar bilan taqdirlanar edi. U tuzumda badiiy ijod maydonida ijodkor iste’dodining haqiqiy bahosi, halol baholash mezoni bo‘lgan emas.
Xuddi shunday g‘ayrioddiy qonun-qoidalar asosiga qurilgan tuzumga chiday olmagan insonlardan biri, ulug‘ yozuvchi Abdulla Qahhor bo‘lgan bo‘lsa, yana biri esa tanqidchi-adabiyotshunos Ozod Sharafiddinov bo‘lganligini, Erkin Vohidov o‘z maqolasida qayd qilib o‘tadi.
Bu muhitga, uning tartib va qoidalariga qarshi chiqqan ziyolilar, oddiy insonlar ham doimiy ta’qib hamda tazyiqqa duchor bo‘lgan. Bunday jasoratli zotlarga yaqin bo‘lgan ijodkorlar esa, turli xil yo‘llar bilan to‘siqqa uchrab, nomlari “qora ro‘yxat”larga kiritilgan.
Garchi shunday bo‘lsada, juda ko‘plab ilm va ijod ahli, ayniqsa yoshlar Abdulla Qahhor va Ozod Sharafiddinovlarni haqiqiy ijod posbonlari, haqiqat jarchilari deb bilib, ularga ergashishga, ularning davrasida bo‘lishga intilishgan.
Muallifning ta’kidlashicha; Ozod Sharafiddinov talantni ilg‘aydi, iste’dodni ko‘ra biladi, deb maqtashadi. Talantni ilg‘ash-ku qiyin narsa emas. Yaxshi she’rni yomon she’rdan boshqalar ham farqlay biladi. Bu juda katta donishmandlik talab qilmaydi. Lekin iste’dod yonidan indamasdan o‘tib, pachoq adibni olqishlaydigan odamlarga qoyil qolish kerak. Mana buni san’at desa, noyob qobiliyat desa bo‘ladi. Ozod Sharafiddinov bunday “qoyilmaqom” munaqqidlar qatoriga kirmaydi. Borini qandoq bo‘lsa, shundoqligicha aytadi-qo‘yadi. Ko‘pgina hamkasabalarida bor bu xil “hunar” bizning ustozda yo‘q.
Darhaqiqat, haqiqiy iste’dod va iqtidorni to‘g‘ri baholay olish hamda har qanday vaziyatda oqni oq, qorani qora, deb ayta olish ham chin ma’noda insoniylik va jasoratning bir ko‘rinishidir.
Shu ma’noda aytadigan bo‘lsak, Ozod Sharafiddinov adabiyot hamda adabiy tanqid maydoniga XX asrning o‘rtalarida, yurtimizda mustamlaka tuzumning adabiy siyosati biroz yumshagan bir davrda kirib keldi. Xuddi shu kezlarda badiiy tafakkur, adabiy tanqidchilik olamida yangi to‘lqin yuzaga kela boshlagan edi. Ozod Sharafiddinov shu to‘lqinning oldingi qatorlarida, umidbaxsh tamoyillarning, haqiqiy iqtidorlarning himoyachisi va kashfiyotchisi tariqasida maydonga kirib kelganligini ko‘rishimiz mumkin.
“Munaqqid adabiyotimiz osmonida mitti yulduzlar – Erkin Vohidov, Abdulla Oripovlar paydo bo‘lganida – bu istiqboli porloq chin iste’dodlarni tanqidchilikda ilk bor kashf etdi, ularni yangi ijodiy parvozlarga ruhlantirdi.”[3]
Erkin Vohidovning ushbu “Ustoz siyratiga chizgilar” nomli maqolasi faqatgina Ozod Sharafiddinov shaxsiyati va ijod yo‘lini yoritibgina qolmasdan, balki XX asr ikkinchi yarmi o‘zbek adabiyoti va adabiyotshunosligining tom ma’nodagi qiyofasi, badiiy ijodga, ijodkor shaxsiga sobiq mafkuraning munosabati masalalarini ham qamrab olganligi bilan alohida ilmiy-estetik ahamiyat kasb etadi.
Adabiyotlar ro‘yhati