Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

1 oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni!

Assalomu alaykum mehri daryo ustozlar, qadrli hamkasblar!!! Bugun 1 oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni! Shu kuni bizga saboq bergan, hayot so‘qmoqlaridan odimlab borishimizda ustozlik qilgan va bu vazifani ayni paytda ham sharaf bilan bajarib kelayotgan insonlarni kasb bayramlari bilan tabriklashga oshiqamiz. Har birimiz qaysi sohada mehnat qilmaylik, ustoz va murabbiylarga ehtiyoj sezamiz. Avvaliga maktabgacha ta’lim muassasasi, keyin maktab, navbati bilan oliy o‘quv yurtida ustozlardan saboq olamiz. Ota-onalarimiz esa bu borada bizning bir umrlik yo‘ldoshimiz. Ularning o‘gitlari esa alohida mavzu. Farzandlar ta’lim-tarbiyasi, yosh avlodni barkamol insonlar etib kamolga yetkazishga alohida e’tibor qaratish xalqimizga xos ezgu fazilatlardan. Xalqimizning ustoz otangdek ulug‘, degan purhikmat naqlida ham o‘qituvchi va murabbiylarga bo‘lgan samimiy ehtirom namoyon. Bu bayram, avvalo, o‘zining bilim va tajribasi, iste’dod va mahorati, insoniy fazilatlarini, ko‘z nuri va qalb qo‘ri, butun borlig‘ini ayamasdan, ma’rifat yo‘lida beminnat xizmat qiladigan ustoz va murabbiylarimizga nisbatan xalqimizning azaliy hurmat-ehtiromining namunasidir. A. Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika instituti 1974 yilda tashkil topgan. Shu davr mobaynida bu dargohda  yuzlab o‘z ishining ustalari bo‘lmish ustozlar yoshlarga ta’lim tarbiya berishdi. Ayni kunlarda bu oliygohda 700 ga yaqin professor o‘qituvchilar faoliyat yuritadi. Shu o‘rinda, bu dargohga joriy yilning o‘zida talaba bo‘lish uchun 40 mingdan ziyod abiturientlarning hujjat topshirganini faxr bilan aytib o‘tishni joiz deb topdim. Bu ularning sizdek jafokash va qalbidaryo ustozlar kasbiga mehr qo‘yganidan dalolat beradi. Ha, muhtaram Prezidentimiz ham o‘qituvchi va murabbiylarga yo‘llagan bayram tabriklarida “Bizning barcha sa’y-harakatlarimiz«O‘zbekistonda eng obro‘li inson muallim bo‘lishi kerak” degan g‘oyani amalga oshirishga qaratilmoqda. Buning uchun davlat va jamiyat tomonidan qancha mablag‘, resurs va imkoniyatlar zarur bo‘lsa, barchasini safarbar etamiz.” deya bejizga e’tirof etmadilar. Mana shu lahzalarda ko‘z nuri va qalb qo‘rini, butun ongli hayotini yosh avlodga bilim va tarbiya berishga, ularni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida kamol toptirishga bag‘ishlagan, bir so‘z bilan aytganda, Vatanimizning ertangi kunining poydevorini yaratayotgan hamkasbalarimning olijanob mehnatiga tahsinlar aytaman. Ustoz deganda, har qaysi inson ko‘nglida chuqur hurmat – ehtirom va cheksiz minnatdorlik tuyg‘ulari, shu bilan birga, hech qanday boylik bilan o‘lchab va ado qilib bo‘lmaydigan qarzdorlik xissi paydo bo‘ladi. Ustozlarimiz o‘giti, keksalarimiz pand-nasihatlariga amal qilib borsak, aslo kam bo‘lmaymiz. Bu bilan ustoz va murabbiylarimiz oldidagi ilk burchimizni ado etgan bo‘lamiz. Inson, avvalo, unga bilim va ma’rifat dunyosi sari yo‘l ochib bergan, uning qalbiga yuksak insoniy fazilatlar hissini singdirish yo‘lida zahmat chekkan ustoz va murabbiylariga nisbatan ko‘nglida hamisha minnatdorlik tuyg‘usi bilan yashaydi. Bugun Jizzax davlat pedagogika institutida yuzlab faxriy o‘qituvchilar bilan bir qatorda, yosh bilimga chanqoq pedagoglar “ustoz shogird” a’nanalariga sodiq qolib faoliyat yuritishmoqda. Xalqimiz ustozlarni e’zozlab: “Ustozning umri – mangu, chunki shogirdlar umri unga ulanadi”, – deydi. Ha, juda ham to‘g‘ri fikr. Muallim – ustoz shunday mo‘tabar zotki, uning nomi ham, umri ham hamisha boqiydir. Shuni ishonch bilan ayta olmanki bugun men bilan hamnafas, hamfikr bo‘lib chin ustozlik maqomiga sodiq qolib mehnat qilayotgan o‘qituvchi va murabbiylar juda ko‘p. Ularni nomma-nom sanashdan yiroqman! Shuni quvonch bilan aytishim mumkinki, bizni bir maqsad birlashtiradi  u ham bo‘lsa yosh avlodga ilm va insoniylik fazilatlaridan saboq berishdir… Ustoz! Muallim! O‘qituvchi! Murabbiy! Bu so‘zlar naqadar purma’no va sermazmundir. Bu so‘zlarni eshitganda, ko‘ngillar yorishib ketadi. Zero, esimizni tanigan ilk onlarimizdan boshlab aynan ana shunday zotlar bizning qo‘limizdan tutib kelmoqda. Hech birimiz birinchi bo‘lib o‘qish-yozishni o‘rgatgan ustozimizni yodimizdan chiqarmaganmiz, desam, o‘ylaymanki, mubolag‘a bo‘lmaydi. Ustoz – sofdil, kamtarin, ma’naviy boy, axloqan pok insondir. Ustozlar – butun kuchlarini, aql-idroklarini, bilim va zehnlarini, qalb-qo‘riyu mehrlarini shogirdlariga baxshida etgan zahmatkashlardir. Ular bizlarga oq-qorani, yaxshi-yomonni tanitib, qo‘llarimizga ilk bor qalam tutqazib, “Ota-ona”, “Vatan”, “Ezgulik”, “Vatanparvarlik”, “Fidoyilik”  kabi so‘zlarni yozishga o‘rgatgan buyuk va aziz zotlardir. Ustozlar ma’naviyat osmonida musaffo ziyo taratib turgan yo‘lchi yulduzdirlar, ular tufayli odamlar to‘g‘ri yo‘lni topadilar, ularning sharofati bilan jaholat zulmatlaridan yorug‘likka yetishadilar. Mehringiz ota-ona mehri qadar yuksak, kuyinchak va samimiy  ustozlar! So‘zim yakunida sizlarni 1 oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Yosh avlodga ziyo nurini taratishdan aslo charchamang, zero donishmandlar ta’biri bilan aytganda “Elni ma’rifat asraydi”… Jizzax davlat pedagogika instituti rektori prof. Sh. S. Sharipov