Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

O‘zbekistonda davlat tili kuni

Har yili «Davlat tili haqida»gi qonun qabul qilingan kun arafasida barcha tashkilot va muassalarda   “Ona tilimizga”  bag‘ishlangan ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tadi. O‘zbek tilining naqadar ulug‘ligi va boy til ekanligi haqida turli maqola va badialar, tanqidiy va tahliliy ko‘rsatuvlar tayyorlanadi. ( balki hisobot uchun ) Bir so‘z bilan aytganda, biz o‘sha kunlari tilimizning go‘zalligini, unga yot va ajnabiy so‘zlarni aralashitirib buzayotganimizni farzandlarimiz  “aralash til”li bolalar bo‘lib voyaga yetayotganligini eslab qolamiz.Qisqasi o‘zbek tilining  maqomi va mavqeini, turli jarangdor shiorlar ostida o‘tkazilayotgan tadbirlar orqali ifodalashga urinamiz.

Jizzax davlat pedagogika instituti
Jizzax davlat pedagogika instituti

O‘zbek tili davlat tili bo‘lganiga chorak asrdan oshdi.Yashirishning hojati yo‘q hozirgacha juda ko‘p tashkilotlarda hujjatlar rus tilida yuritiladi. Eng qizig‘i o‘ta muhim va dolzarb masalalarga bag‘ishlangan turli seminar va tadbirlar ham  rus tilida olib boriladi. Yaqinda Jizzaxda Halqaro Investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi. 25 ga yaqin xorijiy mamlakatlardan vakillar ishtirok etgan ushbu tadbirining rus va  ingliz tilida olib borilishi tahsinga sazovor, ammo kun tartibidagi masalalar va tarqatilgan “press-relizlarning ” rus tilida ekanligi tadbirga tashrif buyurgan mehmonlarni kutib oluvchilar ya’ni tashkiliy ishlar qo‘mitasi a’zolari “jingalaksoch” va albatta “qoraqosh” rusiyzabon hamyurtlarimiz ekanligi meni taajjubga soldi. O‘zimni xuddi Rossiyaning qaysidir bir  nomdor shaharlariidan birida  o‘tkazilayotgan kattaroq bir tadbirda yurgandek his qildim. Xorijlik mehmonlar bilan kelgan tarjimonlarning ham deyarli yetmish foizi “qorasoch” rusiyzabonlar edi. Forum kun tartibida OAV xodimlari uchun perss konferensiya ham tashkil etilgan ekan. Shaxsan men uchun ushbu press konferensiyada qatnashish ko‘pchilikni qiziqtirgan muammoli holatlar yuzasidan savollarimga javob olish juda muhim. Har holda xorijlik kasbdoshlar va respublikaning ko‘zga ko‘ringan tahririyatlarining taniqli jurnalist va blogerlari ishtirok etayotgan press konferensiya bahs va munozaralarga boy bo‘lishi tabiiy. Afsuski unday bo‘lmadi. Jizzax viloyat  investitsiya boshqarmasi xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan press konferensiya kutganimdek bahs va munozaraga boy emas aksincha o‘ta qisqa va deyarli nomigagina bo‘lib o‘tdi. Muhimi bu emas, OAV xodimlari uchun o‘tkazilgan perss konferensiyada boshlovchi ham, so‘zlovchilar ham, savol beruvchilar ham rus tilida muloqot qilishdi. E’tibor berib qarsangiz ana shunday muhim tadbirlar deyarli rus tilida olib boriladi. Men rus tilini juda yaxshi tushunaman.O‘z fikrimni ham bayon eta olaman, lekin nega endi o‘zbek bo‘la turib  o‘z tilimizda emas boshqa tilda so‘zlashishimiz kerak. Nega endi barchamiz o‘zbek millatiga mansub bo‘la turib oliftalik uchunmi yoki o‘zbek tilida to‘liq fikrimizni bayon eta olmagnimiz uchunmi bunday tadbirlar rus tilida o‘tkazishilishi kerak?

Taqdir taqozosi bilan deyarli olti yillik umrimni rus diyorlarida o‘tkazdim.U yerda hatto o‘z ismini ham rus tilida aytaolmaydigan millatdoshlarimni ham ko‘rdim. Ularning ustidan obdon kulishganini-yu va shu millatdoshlarimning ko‘pchiligi o‘z tili qolib ishdan tashqari  kulgu va mazax ostida qolmaslik uchun rus tilini o‘rganishga borini sarflaganiga ham guvoh bo‘ldim. O‘zbekistonda biron bir rus millatiga mansub bo‘lgan fuqaroni o‘zbekcha gapirtirib ko‘ringchi? yillar davomida shu yurtda yashab o‘zbek tilida oddiy salomlashishni ham bilmaydigan fuqarolar ham bor. Ularning ustidan kulish tugul oddiy tanbeh berib ko‘ringchi shu zahoti  millatchi va halq dushmaniga chiqasiz.

Men Turkiya Jumhuriyatida ham bo‘lganman, ta’lim olganman ular ham turli tadbirlar o‘tkazishadi. Halqaro miqyosidagi tadbirlar ham turk va ingliz tilida bo‘lishi mumkin lekin olmon, fransuz, yoki rus tilida emas. Biz kimga o‘zimizni “aristokrat” qilib ko‘rsatmoqchimiz. Qachongacha o‘z tilimizni kamsitib o‘zga tilda gapirishni “bilimdonlik” deb sanaymiz. Fikrimcha avvalo o‘z tilimizda mukammal so‘zlashishni o‘rganmog‘imiz va qadrlamog‘imiz lozim. Siz nima deysiz?

                                         Jizzax davlat pedagogika instituti axborot xizmati .