- Bobur ensiklopediyasi. -T.; “Sharq”, 2014. 744 -b.
- Bobur Zahiriddin Muhammad. Boburnoma. -T.; “O‘qituvchi”, 2012. 287 -b.
- Lamb Harold. Bobur-yo‘lbars. -T.; “O‘zbekiston”, 2018. 296 -b.
- Mirsaydullaev M. Bobur nomi ila atalgan. -T.; “Mumtoz so‘z”, 2014. 139 -b.
- Qoraev S. Toponimika. O‘quv qo‘llanma. -T.; “O‘zb.fayl.jamiyati”. 2006, 320 -b.
- Hakimov Q. Jizzax viloyati toponimlari. -Jizzax. “Sangzor”, 2014, 204 -b.
- Hakimov Q. Toponimika. Darslik. -T.; “Mumtoz so‘z”, 2016, 368 -b.
- Hakimov Q. Adilova O.A. Jizzax viloyati geografiyasi. -T.; “Fan va texnologiya”, 2015, 180 -b.
- Hakimov Q. Kartadagi so‘z. -T.; “Vneshinvestprom”, 2019, 228 -b.
- Hasanov H. Tanlangan asarlar. -T.; “Vneshinvestprom”, 2019, 335 -b.
- Internet sayt: www. uzgeo.uz
BOBUR LAQABI VA “BOBURNOMA” DAGI AYRIM JOY NOMLARI ETIMOLOGIYASI HAQIDA
Xakimov K.M.
Jizzax davlat pedagogika universiteti
geografiya fanlari nomzodi. e-mail: hakimov_54@mail.ru
Annotatsiya: Maqolada temuriy shahzoda, boburiylar sulolasi asoschisi Zahiriddin Muhammad Boburning nomi va laqabi haqida, mutaxassislar tomonidan taklif qilingan turli farazlar o‘rganilgan va ularning ilmiy tavsifi keltirilgan. Bundan tashqari, tadqiqot ishida Boburga jahoniy shuhrat keltirgan va shoh asari hisoblangan “Boburnoma”da tilga olingan ayrim toponimlar etimologiyasi Jizzax viloyati hududida uchraydigan joy nomlari misolida tahlil qilingan. Shu bilan birga, “Boburnoma”da ilmiy ma’lumotlar behad ko‘p, ular hozirgi tarmoqlashgan fanlarning ellikka yaqin sohalariga mansub. Qomusiy asar nafaqat tarixchi, filolog, etnograflar uchun, balki geograf va xususan toponimistlar uchun ham qimmatli ilmiy manba hisoblanadi. Undagi toponimik ma’lumotlar noyobligi, muhimligi bilan ko‘pchilik mutaxassislar diqqatini o‘ziga tortadi.
Tayanch so‘zlar: toponim, geografik nom, taxallus, laqab, nom etimologiyasi, etnonim, etnik birlik, oronim, geografik termin.
ABOUT NICKNAME “BABUR”, AND ABOUT NAMES’ETHIMOLOGY OF SOME PLACES MENTIONED IN “BABURNAMA”.
Annotation: In article were investigated and outlined scientific characteristics of various hypotheses that had suggested by specialists about actual names of timurid prince, founder of dynasty of baburids Zakhiriddin Mukhammad Babur and his nickname. Furthermore, in the research work, the etymology of some toponyms mentioned in «Baburnama», which brought world fame to Babur and is considered a main work, was analyzed on the example of place names found in Jizzakh region.At the same time, there is a lot of scientific information in «Baburnama», which belongs to about fifty fields of branched sciences. The encyclopedic work is considered a valuable scientific resource not only for historians, philologists, ethnographers, but also for geographers and especially toponimysts. Its toponymical information attracts the attention of many specialists due to its uniqueness and importance.
Key words: toponyms, geographical name, pseudonym, nickname, name etymology, ethnonym, ethnic unit, oronym, geographical term.
Boburiylar sulolasi asoschisi Zahiriddin Muhammad Bobur (1483.14.02. Andijon – 1530.26.12. Agra) nisbatan qisqa umr ko‘rgan bo‘lsa ham, jahon tarixida o‘ziga munosib o‘rin egallashga ulgurgan buyuk siymolardan biridir. Bobur faoliyat ko‘rsatgan sohalarning qamrovi keng, agar uning ilmiy-ijodiy kamolotini ta’riflasak juda ko‘plab sohalarni sanab chiqishga to‘g‘ri keladi. Uning asarlarida tilshunoslik, elshunoslik, dinshunoslik, nomshunoslik, geografiya, tarix va boshqa ko‘plab sohalar bo‘yicha qimmatli ma’lumotlarni topish mumkin. Shuning uchun Bobur shaxsi va uning ijodi asrlar davomida dunyo olimlarini qiziqtirib kelmoqda. Bobur shaxsi va ijodiy faoliyati haqida faqat Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlarida o‘ttizdan ortiq nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalari himoya qilingan.
Tarixiy manbalarda yozilishicha, Boburning otasi Umarshayx Mirzo birinchi o‘g‘il farzand ko‘rganida ism qo‘yib berishni piri Xoja Ahrori Valiydan iltimos qilgan va ustozi chaqaloqqa Zahiriddin Muhammad deb ism qo‘ygan. Boburshunoslar uning bolalikda erkalatib aytilgan “Bobur” ismini “forscha, babr -“yo‘lbars” so‘zidan kelib chiqqan deb taxmin qilishadi. Bobur fe’l-atvoridagi dovyuraklik, jahongirlik, jasurlik sifatlari balki bunday atalishiga asos bo‘lgandir.
O‘rta Osiyo tarixi bilan jiddiy shug‘ullangan amerikalik boburshunos Harold Lemb (1892-1962) o‘zining “Bobur – yo‘lbars” romanida shunday rivoyatni keltirgan: “… g‘orga kirib qarashsa, bir bola ikkita yo‘lbarsvachcha bilan umbaloq-dumbaloq o‘ynashayotgan emish. Ovchilar yo‘lbars bolalari bilan Zahiriddin Muhammadni olib saroyga qaytishibdi. Bu voqea bir zumda shaharga tarqalib, hazrati oliyning o‘g‘illari yo‘lbars bilan olishibti, degan xabarni barcha eshitibti. Hamma hayratdan yoqasini ushlabdi” [3, 11-b.]. Shundan keyin bolaning asli ismi yoniga babr – “yo‘lbars” laqabini qo‘shib aytadigan bo‘libdilar.
Harold Lembning “Bobur-yo‘lbars” asarini ingliz tilidan o‘zbekchaga tarjima qilgan taniqli andijonlik olim, Bobur xalqaro mukofoti sohibi G‘ofurjon Satimov Bobur laqabi haqida yana bir xulosani bayon qilgan. Olimning yozishicha, Boburning bu laqab bilan atalishiga kelib chiqishiga ko‘ra Chingizxonning avlodi bo‘lgan bobosi Yunusxon sababchi. Nevarasi bir yoshga to‘lishi munosabati bilan uni yo‘qlab kelgan ona tomonidan bobosi Yunusxon chaqaloqni boshi uzra baland ko‘tarib, “bu kichkina yo‘lbars”, deb xitob qilgan [4, 5-b.]. O‘shandan keyin shahzodani shu nom bilan erkalatgan ekanlar.
Ma’lumki, har qanday ism bir tildan boshqa tilga, bir yozuvdan boshqa bir yozuvga o‘girilganda o‘sha til qoidalari va imkoniyatlariga mos tarzda ba’zi o‘zgarishlarga uchrashi mumkin. Boburning ismi qanday yozilishi va uning kelib chiqishi masalasi bilan yevropalik boburshunoslar XIX asrdan boshlab qiziqishgan. Masalan, ingliz sharqshunosi Henri Beverij 1900 yili bu haqda maxsus maqola e’lon qilgan. Rus sharqshunos olimi A.N.Samoylovich Bobur yagona to‘g‘ri talaffuz ekanligi rus sharqshunoslari tomonidan hal qilib bo‘linganini ta’kidlagan. Ammo, babr so‘zi keyincha, bobur shakliga o‘zgargan degan fikrga e’tiroz bildirgan olimlar ham yo‘q emas. Masalan, AQSh dagi Harvard universitetining sharq tillari bo‘yicha professori, boburshunos Viler Tekston Bobur ismidagi “o” unlisi cho‘ziq, “babr” so‘zida uning o‘rnidagi unli qisqa ekanligidan kelib chiqib, mazkur farazga e’tiroz bildirgan [1, 69 -b].
Ma’lumki, Zahiriddin Muhammad Boburdan avval ham va undan keyin ham, temuriy shahzodalar orasida Bobur ismli shaxslar bo‘lgan. Ana shulardan biri, Boysung‘ur Mirzoning o‘g‘li Abulqosim Boburdir (1422, Hirot – 1457, Mashhad). U temuriylarning Xurosondagi hukmdori (1449-1457 y.) bo‘lgan. Abulqosim Bobur 1422 yili, ya’ni Zahiriddin Muhammad Boburdan 61 yil oldin Hirot shahrida tug‘ilgan va u ham turkiy va forsiy tillarda she’rlar yozgan. Boysung‘ur Mirzoning o‘g‘li Abulqosimga Bobur nomi qanday berilganligi tarixi alohida toponimik tadqiqotlarni talab qiladi.
Zahiriddin Muhammad Boburga jahoniy shuhrat keltirgan va uning shoh asari hisoblangan “Boburnoma” taxminan 1518-1530 yillarda yozilgan. XVI asr o‘zbek nasrining betakror namunasi bo‘lgan bu asar, “Boburiya”, “Tuzuki Boburiy”, “Tabaqoti Boburiy”, “Tavorixi Bobur” nomlari bilan ham mashhur bo‘lgan. Boburning o‘zi kitobni “Vaqoe’” nomi bilan tilga olgan [4, 6 -b]. Bobur kitobida O‘rta Osiyo, Afg‘oniston, Hindistonda o‘zi ishtirok etgan yoki guvohi bo‘lgan voqea hodisalarni o‘ta aniq va xolisona yoritgan.
Taniqli nomshunos olim H.Hasanov ta’biri bilan aytganda, kitob hozirgi kunda ham aslo ahamiyatini yo‘qotmagan va ayrim eski so‘z va iboralarni nazarga olmaganda, uni har bir savodli kishi bemalol o‘qiydi. Darhaqiqat “Boburnoma”da ilmiy ma’lumotlar behad ko‘p, ular hozirgi tarmoqlashgan fanlarning ellikka yaqin sohalariga mansub. Shu nuqtai nazardan qaraganda, uni qomusiy asar deyish mumkin, u nafaqat tarixchi, filolog, etnograf uchun, balki geograf va xususan toponimistlar uchun ham qimmatli ilmiy manba sanaladi. Undagi toponimik ma’lumotlar noyobligi, muhimligi bilan ko‘pchilik mutaxassislar diqqatini o‘ziga tortadi.
Binobarin, “Boburnoma” asari nomshunos olimlar tomonidan ham chuqur o‘rganilgan. Masalan, geograf olim H.Hasanov “Zahiriddin Bobur – sayyoh va olim” (1960 y.) nomli risola chop etgan bo‘lsa, boshqa bir nomshunos olim, professor S.Qoraev asarni toponimik jihatdan tahlil va tadqiq qilgan [5, 308 -b). H.Hasanov ma’lumotlariga ko‘ra, «Boburnoma»da mingga yaqin geografik nom tilga olingan va yuzlab nomlar izohlangan [10, 22-b]. Olimning yozishicha, O‘rta Osiyoga doir joy nomlarining ko‘pchiligi hali ham o‘sha davrdagi kabi yoziladi va talaffuz qilinadi.
Ular orasida Jizzax viloyati va shahri hududidagi geografik ob’ektlar nomlari ham talaygina uchraydi, asarda Turkiston, Pishag‘ar, Zomin, Og‘ar, Qoraqishloq, Qorasoy, Yom, Sangzor, Ilono‘tti kabi nomlar tilga olingan. Ularning ko‘pchiligi bizgacha o‘zgarmasdan yetib kelgan va hamon o‘sha davrdagi kabi yoziladi va talaffuzi etiladi. Viloyat hududidagi ayrim geografik ob’ektlarning nomlari esa shaklan o‘zgargan. Masalan, Dizak – Jizzax, Pashog‘ar – Pishag‘ar, Oqar – Og‘ar va boshqalar.
“Boburnoma”da Jizzax shahrini Dizak deb tilga olgan va uni Samarqand va Shohruxiya o‘rtasida joylashgan viloyat va shahar deb ta’riflagan [2, 84 -b]. Tarixiy manbalardan ma’lumki, shahar temuriylar davrida Movarounnahr orqali o‘tadigan savdo karvonlarining muhim manzilgohi bo‘lgan. Jizzax o‘rta asrlarda Samarqandga tobe bo‘lgan va so‘nggi temuriylar davrida ularning zaiflashganidan foydalangan Sulton Mahmudxon shaharni tasarrufiga olib, Hofizbek Do‘ldoyni hokim etib tayinlagan. Undan so‘ng uning o‘g‘li Tohir Do‘ldoy qo‘rg‘onbegilik qilgan.
1501 yili Samarqandni tashlab chiqqan Bobur Jizzaxga kelganda, uni Tohir Do‘ldoy yaxshi kutib olgan. Samarqand qamali davomida azob chekkan Bobur va uning navkarlari Jizzaxda bir necha kun hordiq chiqarib, keyin O‘ratepaga (hozirgi Istaravshan) jo‘nab ketishadi. Keyincha Bobur kitobida Dizak shaharini ta’riflab shunday yozadi: «Dizakta semiz go‘shtlar va non arzon, chuchuk qovun va yaxshi uzumlar farovon. Unday mashaqqatdan bunday arzonchilik va unday falokatlardan bunday omonlikka keldik. Uch-to‘rt kun Dizakta istirohat qilduk» deb, shahar nomini Dizak ekanligini tasdiqlaydi. Demak, shahar nomi XVI asr boshida ham Dizak bo‘lgan [7, 84 -b].
Albatta, har bir shaharning o‘ziga xos tarixi, qiyofasi va qismati bo‘ladi. Bir xil shaharlar nomi dunyoda ma’lum va mashhur, boshqalarni ko‘pchilik bilmasligi mumkin. Har qanday shaharning shon-shuhrati, birinchi navbatda uning siyosiy, iqtisodiy va madaniy hayotda tutgan o‘rni bilan belgilanadi. Jizzax shahri ham ana shunday o‘ziga xos qiyofaga, ming yillik o‘tmishga ega shahardir. Qachondan boshlab Dizak nomi Jizzaxga aylanganligi hozirgacha ilmiy adabiyotlarda aniq ko‘rsatilmagan bo‘lsada, u taxminan XVII asrdan keyin shu nom bilan atala boshlaganligi aniq.
Boburning geografiya sohasidagi ilmiy merosini chuqur o‘rgangan professor H.Hasanov Jizzax nomini izohlab shunday yozgan: «Bu qal’aning asli oti Dizak. X asrdagi asarlarda ham shunday deb atalgan. Ma’nosi “diz”- qadimgi sug‘d tilida qal’a, istehkom demakdir, “-ak”- esa bizdagi -cha qo‘shimchasiga to‘g‘ri keladi. Demak, Dizak – qal’acha demakdir» [10, 54 -b]. Boshqa nomshunos olim, professor Suyun Qoraev esa tarkibida «-diz, -diza («qal’a, istehkom») so‘zlari bor nomlarga alohida to‘xtalib, ularni qadimiy joy nomlari ekanligini tasdiqlaydi. Dizak so‘zining Jizzax shakliga o‘zgarishini olim quyidagicha izohlagan: «z, d, j – tovushlarining o‘zaro almashishi va munosabati ham toponimiyada katta ahamiyat kasb etadi, jumladan Dizak nomining Jizzax shaklini olishi ham shu qonuniyat mahsulidir» [5, 72 -b].
Tarixiy manbalarda yozilishicha, Dizak shahar nomi sifatida yagona emas, balki XII-XIII asrlarda Xurosonda ham Yuqori Dizak va quyi Dizak kabi aholi punktlari bo‘lgan. Arab geograflari Yoqut Hamaviy, Abdulkarim Sam’oniy asarlarida Marvda Dizak nomli bir qancha qishloqlar borligi qayd qilingan. Masalan, Dizak-xavs, Dizak-miskin, Dizak-boron shular jumlasidandir. Arab sayyohlaridan yana biri Muqaddasiy Marvrudda ham Dizak shahri borligini qayd qilib, «katta shahar, undan daryo o‘tadi, bozori yonida jome masjid bor» deb yozib qoldirgan.
Bobur Jizzaxdan O‘ratepaga qarab yurganda yo‘lda hozirgi Zomin tumaniga qarashli Pishag‘ar qishlog‘ida bir muddat yashagan. Tarixiy manbalarda qadimiy Buyuk Ipak yo‘lining Samarqanddan Farg‘ona, Ustrushona va Toshkentga boradigan yo‘nalishi shu qishloq hududidan o‘tganligi ta’kidlangan. Bobur 1498-1499 yillar voqealarini bayonida qishloq haqida, “Yoryayloq kentlaridin Pashog‘arkim, Hazrati xoja (Xoja Ahror Valiy – muallif) ning mulk kentlaridindur, bu fataratga anga (Muhammad Husayn Mirzoga) taaluq bo‘lub edi, tiladukkim, bu qish oriyati bergay, to anda o‘lturub Samarqand viloyatig‘a ilikdan kelgancha evrushgaybiz”, deb yozgan. [2, 64 -b].
Bobur Pishag‘ar qishlog‘ida keyin ham bo‘lgan va Jizzaxdan O‘ratepaga ketayotganda, qishloqda sayr qilgan. Bu safar u qishloq haqida shunday yozadi: «uch-to‘rt kun Dizakta istirohat qilduk. Andin so‘ng O‘ratepa sari azimat qilduk. Pashog‘ar bir nima yo‘ldan qaqasroqdur, chun muddati anda bo‘lib edim, o‘tib borurda ani sayr qildim» [2, 85 -b]. Boburning yurishlarida shu qishloqdan bo‘lgan aka-uka Mullo Bobo va Boboshayx Pashog‘ariylar faollik ko‘rsatishgan.
Nomshunos olimlar qishloq nomini qadimiy so‘g‘d tilidagi pesh – “old” va g‘ar – “tog‘” so‘zlaridan tashkil topgan va g‘ar so‘zining hozirgi g‘or so‘ziga aloqasi yo‘q deyishgan. Ustrushona tarixi bilimdoni, akademik N.Nigmatov Pishag‘ar so‘zining etimologiyasi to‘g‘risida gapirib, qishloq nomi o‘sha “g‘ar – tog‘” qo‘shimchasidan tuzilgan degan fikrni bayon qilgan. Haqiqatdan ham, qishloq Turkiston tizmasining bir tarmog‘i hisoblangan Molguzar tog‘larining shimoliy etagida joylashgan. Demak, qishloq nomlanishiga uning geografik o‘rni asos vazifasini bajargan. Pishag‘ar – tog‘ oldida joylashgan qishloq degan, ma’noni ifodalaydi [6, 75 -b].
“Boburnoma”da Jizzax viloyati hududida hozirgacha joy nomlari shaklida saqlanib qolgan barlos, jaloyir, do‘ldoy kabi bir qancha etnik guruh nomlarini ham tilga olgan. Tarixiy ma’lumotlar bo‘yicha, Bobur armiyasining asosini ana shu uch qabila vakillari tashkil qilgan. Xususan, barloslar to‘g‘risida asarda keng ma’lumot berilgan. Bobur o‘z kitobida Muzaffar Barlos, Muhammad Burunduq Barlos, Jahongir Barlos, Islom Barlos singari amirlarning har biriga alohida to‘xtalib o‘tgan. Ammo, o‘zini Amir Temur saltanatida uning vorisi deb bilgan Bobur turkiy qavmdan ekanini qayta va qayta ta’kidlagan holda, barlos urug‘idan ekanligi to‘g‘risida hech nima demagan.
Hozirgi Jizzax viloyati Zomin tumani hududida etnik guruh nomi bilan ataladigan Jaloyir qishlog‘i bor. “Boburnoma”da jaloyir urug‘iga mansub Sayyid Qosim Eshikog‘a, Hasanali Jaloyir kabi shaxslar tilga olingan. Tarixchi Rashiduddinning yozishiga ko‘ra, jaloyirlar XII asrda Onon va Kerulen daryolari bo‘yida yashashgan. Ayrim tarixiy manbalarda jaloyirlarni turk-mo‘g‘ul qabilalar uyushmasiga mansub deb qayd qilingan. Chingizxon hukmronligi davrida, jaloyirlardan bir qancha e’tiborli beklar va lashkarboshilar yetishib chiqqan. XII asrning oxiri va XIII asrning boshlarida jaloyirlarning katta qismi Yettisuv va Movarounnahrning ayrim viloyatlariga ko‘chib kelib mahalliy xalq tarkibiga singib ketgan.
Etnograf – olima B.Karmishevaning yozishicha, jaloyir qabilasi vakillari to 1375 yilgacha hozirgi Ohangaron havzasi hamda Xo‘jand atrofida yashagan. Amir Temurga qattiq qarshilik ko‘rsatganliklari uchun, sohibqiron jaloyirlar sarkardasini qatl ettiradi va ularni turli tamonlarga bo‘lib yuboradi. XIII asrda jaloyirlarning katta bir guruhi Ozarbayjon va Iroqqa ko‘chib borib, o‘z davlatlarini barpo etganlar [5, 188 -b]. Zomin tumanidagi jaloyirlar XIV asrning oxirlarida bu hududga ko‘chib kelib muqim yashab qolganlar degan, taxminlar mavjud.
«Boburnoma»da Jizzax viloyati hududida keng qo‘llanilgan geografik terminlar ham ko‘p uchraydi, ularning ko‘pchiligi hozir ham muomalada bo‘lsa, ba’zilari bugungi kunda iste’moldan chiqqan. Hozirgacha saqlanib qolgan va viloyat hududida keng qo‘llaniladigan mahalliy geografik terminlarga jar, tangi, dara, dasht, koriz, dovon, sahro, soy, sel kabi terminlarni ko‘rsatish mumkin [6, 23 -b]. E’tiborli tomoni shuki, ular hozirda ham o‘zbek geografik adabiyotlarida keng qo‘llaniladi.
Kitobdagi geografik terminlarning bir qismi bugungi kunda mahalliy xalq tomonidan qo‘llanilmasa ham, ammo geografik ob’ektlar nomlari tarkibida saqlanib qolgan. Masalan, langar – (Jo‘langar – Yangiobod tumani), tangi – (Chortangi – Zomin tumani, Qoratangi – Sharof Rashidov tumani), koriz – (Koriz – G‘allaorol tumani), mo‘la – (Mo‘la – Forish tumani, Mo‘labuloq – G‘allaorol tumani) va hokazo [8, 42 -b].
Umuman aytganda, «Boburnoma» ni yirik toponimik asar deb ham qabul qilish kerak. Chunki qayd qilgandek, unda mingga yaqin geografik nomlar tilga olingan. Kitobda uchraydigan joy nomlarining areali esa juda keng, Markaziy Osiyo davlatlaridan tashqari, Afg‘oniston, Pokiston, Hindiston, Bangladesh kabi davlatlani ham qamrab olgan.
Xulosa. Tadqiqot ishida Zahiriddin Muhammad Boburning laqabi va “Boburnoma” asaridagi Jizzax viloyati hududida uchraydigan ayrim joy nomlari tahlil qilindi. O‘rganishlardan ayon bo‘ldiki, Bobur har bir geografik nomni, uni qaerda joylashganligidan qat’iy nazar sinchiklab o‘rgangan, joy nomining yasalishi, tarixiy asosi va kelib chiqishini aniq ilmiy ma’lumotlar bilan dalilab, ilmiy xulosalar chiqargan.
Zahiriddin Muhammad Bobur qisqa hayoti davomida qaerlarga borgan bo‘lsa, yoki qaysi yurtlarni zabt etgan bo‘lsa. o‘zidan faqat yaxshi nom qoldirgan. Shu sababdan, o‘sha davrlarda ham ko‘plab geografik ob’ektlar uning nomi bilan atalgan va hozir ham bu an’ana davom etmoqda. Boburning zamondoshi taniqli shoir va davlat arbobi Hasanxoja Nisoriy (1516 –Buxoro – 1597) ning yozishicha, “Bobur podshohning fazilatlari bisyor va kamolotlari beshumordir”[1, 398 -b].
Foydalanilgan adabiyotlar: