Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

Abdulla Qodiriy qanday yashab o‘tdi?

 ( 10 aprel buyuk yozuvchi A. Qodiriy tavallud topgan kun. 1989 yilda Jizzax davlat pedagogika institutiga A.Qodiriy nomi berilgan quyidagi maqolada yozuvchi bilan bog‘liq chiroyli xotiralar va ma’lumotlar berilgan uni sizga taqdim etamiz )

 Abdulla Qodiriy xalq uchun ilm-ma’rifat havodek zarur bo‘lgan, yurt tepasida johil shaxslar egalik qilayotgan bir zamonda yashab o‘tdi. Yaratgan qahramonlari orqali xalqni o‘tgan kunlardan saboq olishga, o‘z oramizdagi mehrobdan chiqayotgan chayonlardan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi. Millatning har bir xonadoniga Otabek, Kumush, Anvar, Ra’nolar qiyofasida kirib bordi, ular taqdiri orqali xalqni o‘ylatdi, yig‘latdi, yupatdi. Hayoti tazyiqlar, xavf-xatarlar ostida qolsa ham millati uchun yozishdan to‘xtamadi…

Mashaqqatga to‘la bolalik…

Aksariyat buyuk insonlar, daho ijodkorlarning bolaligi ko‘p mashaqqatli, qiyinchiliklar girdobida azobli kechgan. Abdulla Qodiriy ham bolaligini ma’yus xotiralar bilan eslagan.

“Men qaysi yilda va oyda tug‘ilganimni bilmayman. Har holda bemavridroq bo‘lsa kerak, kambag‘al bog‘bonlik bilan kun kechiruvchi bir oilada tug‘ilib, yaqinlarimning so‘zlariga qaraganda mustabid Nikolayning taxtga o‘tirgan yilida tug‘ilganman”, deb yozadi Qodiriy o‘z tarjimai holida.

Tarixda yozilishicha, Nikolay podshoh 1894 yilda taxtga o‘tirgan. Shunga qaramay ba’zi arxiv hujjatlarida, xususan, anketalarda Abdulla bobomiz tug‘ilgan yilini 1895, ba’zan 1896, hatto 1897 yil, deb ham ko‘rsatgan.

Yozuvchining o‘g‘li Habibulla Qodiriy o‘z xotiralarida shunday eslaydi: – Qay bir vaqt dadamdan “Qaysi oy-kunda tug‘ilgansiz?” deb so‘raganimda, u kishi kulib “O‘rik gulida tug‘ilganman. Taxminan 10 aprelda bo‘lsa kerak” deganlari yodimda…

O‘sha yillari Qodiriylar oilasida iqtisodiy tanglik hukm surardi. Bu vaqtda Qodir bobo yetmishdan oshib, ancha kuch-quvvatdan qolgan, oilaning doimiy daromadi yo‘q edi. To‘ng‘ich o‘g‘li Rahimberdi endi 15 yoshga kirgan, qo‘lidan hali durustroq ish kelmasdi, bog‘dan olingan daromad esa besh jonning yeb-ichishiga arang yetardi.

Bu haqida Abdulla Qodiriy shunday yozadi: 

– Boshida boy oilada tug‘ildimmi yoki kambag‘al oiladami, albatta, bilmadim. Ammo yoshim 7-8 ga yetgach, qornim oshga to‘ymaganidan aniq bildimki, besh jonning tomog‘i faqat 80 yoshli bir chol otamning mehnatidan, 1300 sarjin bog‘ning yozda yetishtirib beradigan hosilidan kelar ekan. Agar bahor yomon kelib, bog‘ mevalari ofatga uchrab qolsa, biz ham ochlikka duch kelib, qishi bilan jovrashib chiqar ekanmiz.

Ehtimol shuning uchun ham Qodiriy asarlarida xalqning och-nahor, og‘ir hayoti nihoyatda ishonarli, tabiiy tasvirlangandir.

Birinchi qadam…

Abdulla Qodiriyning matbuotdagi ilk chiqishi 1913-1914 yillarga to‘g‘ri keladi. Manbalarga ko‘ra, uning birinchi maqolasi 1914 yil 1 aprelda, “Sadoyi Turkiston” gazetasida “Yangi masjid va maktab” sarlavhasi bilan bosilib chiqadi.

Hali yosh yozuvchi ilk ijodini kichik-kichik maqola, xabarlar yozishdan boshlagan.

Ijodiy o‘sish

Qodiriy 1914-1916 yillarda “Baxtsiz kuyov”, “Juvonboz”, “Uloqda”, “Jinlar bazmi” kabi qator jiddiy, badiiy jihatdan pishiq, hatto shu kunlarda ham sevib o‘qiladigan asarlarni yaratdi. Bu asarlarni yozishga ilhomlantirgan omillar xususida adib shunday deydi:

– “Padarkush” pesasi ta’sirida “Baxtsiz kuyov” degan teatr kitobini yozib yuborganimni o‘zim ham payqamay qoldim. Yana shu yilda teatrlarda chiqib turgan hikoya va romanlarga taqlidan “Juvonboz” otliq hikoyani yozib, noshir topilmaganidan o‘zim nashr qilib yubordim. Endi chin musannif bo‘ldimov, deb quvonar edim…

Shu zaylda, zo‘r qudrat bilan milliy adabiyotimiz sari navqiron, ammo juda katta iqtidor, ijodiy potensialga ega millat yozuvchisi shiddat bilan kirib kelmoqda edi.

Feletonlar qiroli

Abdulla Qodiriyning “Mushtum” jurnalida birga faoliyat yuritgan safdoshlaridan biri o‘z xotiralarida adib haqida shunday yozadi: “Abdulla Qodiriy har qanday narsaga tanqidiy nazar bilan qarar, eski xurofot narsalarga g‘oyatda dushman edi. Uning har bir so‘zidan hajviy ifoda anqib turar edi.

U g‘oyatda jasoratli, o‘z so‘zida ustuvor va barqaror, o‘tkir satirik va g‘oyatda zakovatli edi. Kim to‘g‘risida yozadigan bo‘lsa, xuddi o‘sha shaxsning o‘zi bo‘lib ketar edi.

Bu xildagi yozishlar uchun o‘sha tipdagi kishilarning butun ichki sirlaridan xabardor bo‘lish kerak, albatta. Favqulodda zakovatga ega bo‘lgan bu yozuvchi, mazkur tipdagi shaxslar orasida yurib, har birisi bilan alohida suhbatlashishdan sira tortinmagani eski mullalar bilan ham, qimorvoz, bedanavoz chapanilar bilan ham, o‘g‘rilar bilan ham, eshonlar, muridlar, so‘filar, darveshlar, qalandarlar bilan ham, ko‘knori va bangilar bilan ham suhbatlashgan.

U bir maqola yoki hikoyani yozishga o‘tirganda, o‘shani yozib tugatmasdan o‘tirgan yeridan turib ketmas edi. Xalq uning yozgan maqola, asarlarini g‘oyatda sevib o‘qir, asarlari bosilib chiqishini to‘zimsizlanib kutib turishar edi…”.

Oradan yuz yildan ko‘p vaqt o‘tib aytamizki, bu sifatlar bugungi jurnalistlarimiz uchun ham g‘oyat kerakli bo‘lgan zaruriy xislatlardir.

“Mushtum”ning 1924 yildagi 4-sonida Abdulla Qodiriy surati “Feletonlar qiroli Julqunboy kuldirib yig‘latadi, yig‘latib kuldiradi…” izohi bilan bosilib chiqadi. Qodiriyning o‘zi esa feleton, umuman hajviy tanqidga shunday ta’rif beradi: “Turmush bo‘ylab uchquchi burgutdir… hayot sharoitiga yaramagan zaif, qizg‘anchiq manfur, muzir va shuning singari unsurlar unga yemdir”.

“Mushtum”ning 1923 yildagi 2-sonida Abdulla Qodiriyning “Salomnoma” nomli noodatiy yozilgan materiali chop etiladi. Mana o‘sha material:

– Otga qoqqan taqadek, suvdan chiqqan baqadek, bir mirilik chaqadek maorif sho‘rosiga salo-o-om!

– O‘zi chetga buqinib, shaxsiyatga to‘qinib, allakimga cho‘qinib – o‘g‘ri ushlaganga salo-o-om!

– Ko‘ringan yer oq salla, oq bo‘lsa ham bo‘sh kalla, oq-u qora ham mulla – Turkiston ulamolariga salo-o-om!

– Boshlariga soch qo‘ygan, otlarini yosh qo‘ygan, fahsh devni fosh qilgan dumsizlarimizga salo-o-om!

– Moskov borib kelibon, minglab joyda qilibon, haftada gap yeyibon, tomga karnay qo‘yibon, xalq qayg‘usini yemayin, maktab ochay demayin, ellik-oltmish qo‘y bergan, sakkiz kunlab to‘y bergan – Turkiston savdogarlariga salo-o-om!

Amma-xolasi havodor, aylanay! Kelin yangasi: Dumbanisa.

O‘zbek romanchiligi maktabi asoschisi

Filologiya fanlari doktori Ergash Rustamov taniqli sharqshunos olim Yevgeniy Edvardovich Bertels bilan Abdulla Qodiriy haqidagi suhbatini shunday eslaydi: “Men Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanini 1925-1926 yillarda Toshkentdaligimda o‘qiganman. U ulug‘ romanchi, – dedi ustod va o‘rnidan turib, javondagi kitoblar orasini timirskilab, ikkita kitob oldi va joyiga o‘tirarkan menga uzatdi. Kitoblar, ikkisi ham menga tanish, jadid alifbosida bosilgan “O‘tkan kunlar” va “Mehrobdan chayon” romanlarining birinchi bosmasi edi. Kitoblarning ko‘p sahifalarida hoshiyasiga ustod qo‘li bilan ba’zi o‘zbekcha so‘zlarning ruscha ma’nolari va qandaydir boshqa bir xil izoh-ishoralar yozilgan edi. Ustod so‘zida davom etib: – Eron, turk, arab yozuvchilarining ham ko‘pgina romanlari bor. Lekin ularniki uslub jihatdan ingliz, fransuz, nemis romanchilik maktablaridan uncha farq qilmaydi, ularda taqlidchilik juda ustun. Abdulla Qodiriy ham ko‘pgina romanchilik maktablaridan iste’fodalangan, ularni chuqur o‘rgangan bo‘lishi mumkin. Ammo unda taqlidchilik ko‘rinmaydi. Qodiriy romanlari butun tarkibi bilan o‘ziga xos uslubda yozilgan o‘zbek romanlaridir. Dunyoda 5 ta, ya’ni fransuz, rus, ingliz, nemis va hind romanchiligi maktablari bor edi. Endi oltinchisi, ya’ni O‘ZBEK romanchiligi maktabini Abdulla Qodiriy yaratib berdi” deya yozuvchi iste’dodini yuksak e’tirof etadi.

Ergash Rustamov Muxtor Avezov fikrini ham keltirib o‘tadi: “Abdulla Qodiriy yuksak romanlar yaratdi. Uning romanlari 1920 yillarda, go‘yo tekis sahroda to‘satdan “Pomir” tog‘lari vujudga kelganday paydo bo‘ldi. Qodiriy asarlarini Qurmong‘ozi yoki Chaykovskiy kuylarini tinglaganday dam olib, miriqib, gasht qilib o‘qiysan, kishi… Garchi Julqunboy 1920 yillar boshida matbuotda gazetchi, publitsist bo‘lib tanilgan bo‘lsa ham, uning romanlarida gazetchilik, jurnalchilik tili sira iz qoldirmagan. Uning tili ravon, shirali, musiqiy, menimcha, hamma O‘rta Osiyo xalqlariga ham tarjimonsiz tushunarli. Masalan, biz qozoqlar Julqunboy asarlarini tarjimasiz ham bemalol o‘qib tushunaveramiz”.

“O‘tkan kunlar”

Romanning mavzusi to‘g‘risida Qodiriyning o‘zi shunday yozadi:

“Moziyga qaytib ish ko‘rish xayrli, deydilar. Shunga ko‘ra mavzuni moziydan, yaqin o‘tgan kunlardan, tariximizning eng kir, qora kunlari bo‘lgan “xon zamonlari” dan belgiladim”.

“O‘tkan kunlar”ning ayrim boblari 1923-1924 yillarda “Inqilob” jurnalida bosilgan. Masalan, “Otabek Yusufbekhoji o‘g‘li”, “Xon qiziga loyiq bir yigit”, “Bek oshiq”, “Marg‘ilon havosi yoqmadi”, “Kiroyi kuyoving shundog‘ bo‘lsa”, “Majburiyat”, “Chaqimchilik kabi bosilgan boblar muqaddimasida yozuvchi tomonidan so‘z boshi berilib, tagiga “Toshkent, 1920 yil” deb tarix qo‘yilgan. Bundan anglashiladiki, romanga so‘z boshi 1920 yilda yozilgan. Demak, “O‘tkan kunlar”ni yaratish fikri muallifda garchi ko‘pdan tug‘ilgan bo‘lsa ham yozishga 1918-1919 yillardan, ya’ni 24-25 yoshidan kirishgani taxmin qilinadi.

Abdulla Qodiriy “O‘tkan kunlar”ni yozilishi haqida o‘z farzandlariga “Men Marg‘ilon ko‘chalarida yurib, karvonsaroy, eski o‘rda o‘rinlarini belgiladim. Mirzakarim qutidor, usta Olim, Homid, Sodiqlar uyini taxminladim va “Xo‘ja ma’oz” da bir kecha tunadim”, deya hikoya qilib bergan.

Habibulla Qodiriy esa o‘z xotiralarida shunday eslaydi:

– Ijod chog‘ida u kishi asabiy, odamovi, hatto tashqaridagi tovushni ham yoqtirmas edilar. Bunday paytlarda biz xalal bermaslikka tirishar, koyishidan qo‘rqib, asta oyoq bosar edik. Agar zarurat tug‘ilib, fikrlarini bo‘lishga to‘g‘ri kelsa, darhol javob qilmas, ishini ma’lum nuqtaga yetkazgach, bosh ko‘tarar edilar:

– Nima deding?

So‘z takrorlangach “ha” yo “yo‘q” deb qisqa javob berib, yana ishga berilar edilar.

Bobom vafotidan so‘ng edi. Shahar hovlida yashar edik. Bir kun uyimizda shunday voqea ro‘y berdi: oyim odatimizcha, ertalab choyni bobomning uyiga hozirladilarda, erta turib yozayotgan dadamni choyga chaqirgani kirib ketdilar. Biz dasturxon tevaragida dadamning chiqishini kutamiz… Bir vaqt oyim negadir indamay chiqdilar-da, o‘tirib bizga choy quyib bera boshladilar.

– Abdullani chaqirdingmi, Rahbar? – dadam chiqavermagach, oyimdan so‘radi bibim?

– Yo‘q.

– Nega?

– O‘g‘lingiz yig‘lab o‘tiribdilar – dedi oyim.

Bibim bechora sakrab o‘rnilaridan turib, dadamning uyiga yo‘l oldilar. Kap-katta kishining yig‘lashidan hayratga kelib men ham bibim ortidan ergashdim. Kirsak, darhaqiqat, u kishi yum-yum yig‘lar, kursiga tirsaklanib olib to‘xtovsiz yozar edilar. Bibim dadamning bu holiga biroz qarab turdilar-da, bir narsani tushundilar shekilli, indamay meni boshlab orqaga qaytdilar va o‘tirib choy icha boshladilar. Men bibimdan so‘radim.

– Ona, dadam nega yig‘layaptilar?..

– Dadang jinni bo‘lib qolibdi… – javob qildilar bibim va boshqa so‘z aytmadilar.

Keyinchalik anglasam o‘shanda dadam o‘z sevimli qahramoni Kumushning o‘limi paytini tasvirlab, iztirob chekayotgan ekanlar…

O‘rni kelganda Abdulla Qodiriyning aytgan so‘zlarini eslatib o‘tish lozim: “Yozganing agar o‘zingni yig‘latmasa, kuldirmasa, o‘zgani hech yig‘latmas-kuldirmas…”

“Mehrobdan chayon”

1926 yilning kuzidan Qodiriy ikkinchi roman – “Mehrobdan chayon”ni yozishga o‘tiradi.

Asar qahramonlari bo‘lgan Solih Maxdum va Ra’nolar-ku, hayotda aynan bo‘lmasa-da, tez-tez uchraydi, ammo Anvar va Mulla Abdurahmon singari murakkab, bir-biriga zid obrazlar qayoqdan olindi ekan? Bu – muallif fantaziyasimikan yoki bular ham turmushda ko‘rilgan achchiq-chuchuk kechinmalarmi?

Yana Habibulla Qodiriy xotiralarini keltiramiz.

– Men bu obraz-qahramonlar to‘g‘risida Qodiriydan biron fikr, izoh eshitmaganman. Lekin qisman bo‘lsa ham mulla Abdurahmon hayotiga, obraziga o‘xshab ketuvchi shunday bir nozik tarixni g‘ira-shira xotirlayman.

Josiyat bibim ba’zan mehmondorchiliklarda “falonchining onasi”ligi bilan faxrlanib maqtanar edilar.

– Abdulla “Mehrobdan chayon”da To‘laganning xo‘p sirini ochgan… Buxoroi sharifga borib o‘qigani bormi, bachchalik qilgani bormi, imomlik qilgani, xutba o‘qigani bormi, hammasini kitobga bitib, sharmanda qilgan…

Ko‘plab adabiyotshunoslar, kitobxonlar Anvar obrazida Abdulla Qodiriyni ko‘rishadi. Uning shaxsiyati, xarakteri, ichki kechinmalari adib ruhiyatiga juda yaqin.

Darhaqiqat, Qodiriyni ajal bag‘riga nima yetakladi? Vijdonga sodiqlik, millatparvarlik emasmi?! Qodiriyni qatlgohga kim sudradi? Millatni ma’rifatli bo‘lishiga tish-tirnog‘i bilan qarshi bo‘lgan, ilm-fan rivojlanishiga dushman johil Abdurahmonlar emasmi?! Bu kabi mehrob chayonlari bo‘lgan Abdurahmonlar o‘sha mudhish kunlarda qanchadan qancha Anvarlarning o‘limini iljayib kuzatishmadi deysiz.

1929 yilning fevralida gazeta-jurnallarda “Mehrobdan chayon”ning tez kunda bosmadan chiqishi to‘g‘risida e’lonlar chiqa boshlaydi. Bu e’lonlar negadir topishmoq tarzida yozilgan. Masalan: “Mehrobdan chayon”

Gazet emas, jurnal emas, kino emas, nima bu? Yaqin kunda ma’lum bo‘ladi?!

“Mehrobdan chayon” nima? Kutib turing, yaqinda bilasiz.

Shu yilning mart oyida roman Samarqand shahrida 7 ming nusxada bosmadan chiqadi.

– Bir kun dadam shahar hovlimizga bir dasta kitob ko‘tarib keldilar va yor-do‘stlarga, qo‘shnilarga ulashdilar. Kitobning birinchi nashri arab alifbosida, qalinroq qog‘oz muqovada edi. Muqova ustiga mehrob surati solinib, o‘rtasiga sallali xunuk bir mulla-imomning basharasi chizilgan, tag qismida esa chayoning rasmi, – deb xotirlaydi Habibulla Qodiriy.

Vahshiy qatag‘on shamoli

Abdulla Qodiriyning ozodlik haqidagi fikrlari asarlarida juda ta’sirli tasvirlangan. Bu esa o‘sha zamon “kattakonlari”ning e’tiborini tortmay qolmadi. Ilk bor 1926 yil “Ovsar” taxallusi bilan matbuotda chiqqan “Yig‘indi gaplar” maqolasi uchun Qodiriy “Sho‘ro amaldorlarini matbuot orqali obro‘sizlantirdi” degan ayb bilan xibsga olinadi. Xo‘sh, rostdan ham shunday edimi? Keling maqolaning ayrim o‘rinlarini ko‘rib o‘tamiz:

…Yer islohoti munosabati bilan O‘zbekistonda boshqa islohotlar ham yasalar emish, deb eshitdim. Darhaqiqat, mamlakatda islohotga muhtoj masalalar ko‘pdir. Masalan, kattalarga aql va basirat islohoti, muharrirlarga til va ma’no, shoirlarga ilhom va uslub (ma’no bo‘lmasa ham mayli), yoshlarg‘a axloq va kiyim, xotunlarga jabr-zulm, domlalarg‘a din va salla, “Mushtum” yozuvchilarig‘a faqat shaxslarning yoqasig‘a yopishaverishlik va boshqa mavzular to‘g‘risida o‘ylab ham qaramaslik va hokazo islohotlarg‘a nihoyat darajada ehtiyoj ko‘pdir”.

Ko‘rinib turganidek, muallif jamiyatning ijtimoiy ahvolini o‘zining achchiq tili bilan ochib tashlaydi. Qodiriyga nisbatan dalil va isbotlarni topa olmagan sho‘rolar uni noiloj ozod qilishadi, unga go‘yo ogohlantirish berilganini ta’kidlashadi. Ammo Qodiriy ijoddan, haq gapni hayiqmay aytishdan bir daqiqa ham chekinmadi.

Qodiriy zamondoshlari xotirasida

1964 yil Abdulla Qodiriy tavalludining 70 yilligi tantanali ravishda nishonlanadi. Ustoz xotirasiga bag‘ishlangan kechalarning birida Abdulla Qahhor otashin nutq so‘zlaydi. Guvohlarning naql qilishicha, Abdulla Qahhor hech qachon bu qadar to‘lib-toshib, bir soatdan ortiq gapirmagan ekan. Afsuski, Qahhorning “qog‘ozga qaramasdan” so‘zlagan o‘sha nutqining to‘liq matni yo‘q, faqat nutq qoralamasi keyinchalik e’lon qilingan, xolos.

Abdulla Qahhor:

– O‘zbek elining sevikli adibi Abdulla Qodiriy manfaatparast, martabaparast odamlarning chaquvi bilan safimizdan yulib olingan edi.

Afsuski, oramizda bu muhtaram zotlarni tirilib, 20-yillar adabiyotimiz tarixini obod qilishga g‘ashlik qilayotgan, hatto to‘sqinlik qilmoqchi bo‘lgan odamlar ham bor. G‘ashlik qilayotgan odamlarning bir toifasini o‘limtik yeb tiriklik qiladigan quzg‘unga o‘xshatish mumkin, ko‘zini cho‘qishga chog‘lanib turganda o‘lik qimirlasa, xususan, boshini ko‘tarib, o‘rnidan tursa, albatta, norozi bo‘ladi, yana yiqilishini kutadi, qag‘illab uning boshi uzra aylanadi. G‘ashlik qilayotgan odamlarning boshqa bir toifasi shuhratparast qalam ahillaridan bo‘lib, “o‘liklar” tirilsa, hozir adabiyotda ishg‘ol qilib turgan o‘rni “poyga”roq bo‘lib qolishidan qo‘rqadi. Holbuki, aytilgan adib va shoirlar safga qaytsa, hech kimni o‘rnidan turg‘azmaydi, o‘zining bo‘sh turgan o‘rniga o‘tiradi, chunki adabiyotda hech qachon birov birovning o‘rnini ololmaydi, har kim qobiliyati, qilgan xizmati, qay darajada kitobxonning ko‘nglini olganinga qarab o‘zi munosib o‘rnini ishg‘ol qiladi…

Bizning vazifamiz, bularning hammasini joy-joyiga o‘tqazib, 20-yillar adabiyoti tarixining go‘zal manzarasini tiklashdir”.

1966 yilning avgust oyida Oybekning 60 yoshga to‘lishi munosabati bilan Moskvadagi “Drujba narodov” jaridasi yozuvchining “Adabiyot, tarix, zamonaviylik” mavzudagi suhbatini chop etadi. Suhbatdosh Naumov yozib olgan mazkur materialning tarjimasi “O‘zbekiston madaniyati” ro‘znomasining o‘sha yilgi 1 oktabr sonida bosiladi. Jurnalistning “Siz hozirgacha klassik adabiyotdan o‘rganganlaringizni aytdingiz. Zamondosh yozuvchilardan ham birontasining ta’sirini sezdingizmi?” degan savoliga Oybek domla shunday javob bergan edi: “…Texnikumning studenti ekanligimdayoq muallimlarimizdan biri meni Abdulla Qodiriy bilan tanishtirdi. O‘rta bo‘yli va miqtidan kelgan, doimo to‘n va baxmal do‘ppi kiyib yuradigan, ko‘rinishidan dehqonlarga o‘xshagan tim qora ko‘zlari kichik, o‘tkir, sho‘xchan, sinovchan boquvchi, goho esa xuddi o‘zi bilan band bo‘lganday beparvo ko‘ringan bu kishi o‘sha paytlardayoq mashhur yozuvchi, hammamiz qo‘ldan qo‘ymay o‘qiydigan o‘zbek adabiyotidagi birinchi ulkan va go‘zal romanning muallifi edi. Meni nihoyatda u odamning salobati bosib qolganidan, zo‘rg‘a nimalarnidir g‘o‘ldirardim, o‘shanda uning menga nimalar degani esimda yo‘q. Keyinchalik men u bilan tez-tez uchrashib turardim, biroq uni faqat 30-yillarning boshlarida, Lelingraddan qaytib kelganimdan keyingina durustroq bilib oldim. Abdulla Qodiriy iste’dodli, qalbi butun va o‘ziga xos ravishdagi shaxs edi. Sirtdan qaraganda bosiq, kamgap ko‘rinar, chunki u har bir so‘zni taroziga solib ko‘rar, og‘ziga kelgan har bir so‘zni aytavermas, sekin va gapi xuddi o‘ziga halal berayotgandek, yoqinqiramay gap boshlardi. U aqliy mehnat kishilariga har mahal ham nasib bo‘lavermaydigan darajada jismoniy mehnatga o‘ch kishi edi. Jismoniy mehnatga chalg‘ib uning qandayligini o‘zida sinab ko‘rish har bir ziyolining zarur ehtiyoji emas. Qodiriyning mehnatga o‘chligi – dehqondan chiqqanligida bo‘lsa kerak. O‘zi ham xuddi dehqonlarday tinim bilmasdan, qattiq mehnat qilar edi. U Samarqand darvozasi yaqinida turar, kattagina bog‘i bo‘lib unda shaftoli, olma, tog‘olchalarning ko‘p navi bor edi. Ularni o‘zi parvarish qilardi. Aytmoqchi, uning adabiy asarlaridan keladigan daromad har doim ham qozonini qaynatavermasdi, shuning uchun goho bolachaqasini bog‘i boqardi. Bog‘ning ichkarisida bir necha quti asalari bo‘lardi. O‘ttizinchi yillarning boshlarida uni taqsimot do‘konida ko‘rib (mahsulot va mollar kartochka-yu talonlarga qarab beriladigan do‘konda) qolganimda, rafiqamga:

– Bu yerda menga asal ham tegadi, xo‘p desanglar, ulushimni olaqolinglar – uyda asal o‘zimizdan chiqadi, – degani esimda.

O‘zining aytishiga qaraganda, u shunday yozardi: avvaliga ko‘chada, ko‘pincha kechqurunlari huvillab qolgan paytda, uzoq vaqt aylanib yurib, yangi asarining bo‘lajak qahramonlari va sujet yo‘llarigacha o‘ylab, rosa pishitardi…

Abdulla Qodiriy madrasada o‘qigan, yoshligida o‘ris adabiyoti va o‘ris tilini bilmasdi. U yetuk yozuvchi bo‘lib shakllangan paytlarda o‘ris adabiyotini o‘ziga kashf etganidan xuddi maktab o‘quvchisiday terisiga sig‘may faxrlanib qo‘yardi.

Keyingi paytda tanqidchilar unga tez-tez hujum qilib turdilar. U iloji boricha bunga e’tibor bermaslikka tirishsa ham tanqid toshlari izzat-nafsiga tegib, qalbini yaralardi.

– Manavini qarang-a, – dedi u bir kuni keskin yozilgan bir maqolaning muallifi haqida. – Bu go‘dakni yozishga o‘zim o‘rgatuvdim-ku. Hammasidan ham shunisi ajabki, men haqimda yozganlarini o‘zimdan eshitib olgandi, faqat oyog‘ini osmondan qilibdi, xolos.

Abdulla Qodiriyning ko‘zlari istehzo ostida yonsa ham tovushidan pinhoniy alam sezilardi.

– Meni millatchilikda ayblash g‘irt bema’nilik emasmi? – dedi u menga boshqa bir safar. – Nimaga millatchi deyishayapti deng?..

U ma’lum nuqsonlardan qat’iy nazar, tug‘ma yopiq yozuvchi, keng ko‘lamdagi master, yuksak ma’nodagi realist san’atkor edi”.

Maqsud Shayxzoda:

– Abdulla Qodiriy bilan tanishganimga qadar – 1932 yilgacha ham uning nomi menga yaxshi tanish edi. 20-yillarning oxirlarida va 30-yillarning boshlarida muallimning ikki romani – “O‘tkan kunlar” bilan “Mehrobdan chayon”i juda katta shov-shuvlarga sabab bo‘ldi…

Boz ustiga, taxminan, 1927 yil Abdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” romani Xolid Said tomonidan ozar tiliga tarjima qilinib, Boku shahrida chop etiladi-yu yozuvchi Ozarboyjonda ham mashhur bo‘lib ketadi.

Abdulla Qodiriy bekorga shuhrat qozonmagan edi. Hamma gap shundaki, o‘tmishda o‘zbek adabiyotida roman janri yo‘q edi. Abdulla Qodiriy o‘zi foydalanishi mumkin bo‘lgan qardosh xalqlar adabiyotlarining, xususan, ozarboyjon, tatar, o‘ris adabiyotlarining tajribalaridan foydalanib, birinchi o‘zbek romanini – Yevropa adabiyoti mezonlari bilan o‘lchanadigan romanni yaratdi. Abdulla Qodiriy ana shu romanlari bilan favqulodda iste’dod sohibi, yirik asarlar ustasi ekanini isbotladi. Romanlar juda katta badiiy va tarbiyaviy ahamiyatga molikdir…

Abdulla Qodiriyning yuksak badiiy qimmatga ega bo‘lgan romanlari musodara qilinishi natijasida o‘zbek Sho‘ro adabiyoti tarixi kambag‘allashib qoldi va tarbiyaviy ishlarga – xalqimizning munosib o‘rinbosari bo‘lmish yosh avlodni go‘zallikka oshnolik, bilimdonlik ruhida tarbiyalashdek oliyjanob ishlarimizga misli ko‘rilmagan darajada zarar yetkazildi”.

Abdulla Qodiriyning adabiy merosi mustaqillik yillarida yana qaytadan ilmiy, badiiy jihatdan o‘rganila boshlandi, asarlari minglab nusxada dunyo yuzini ko‘rdi. Qodiriyning mehnatlarini xalqimiz unutmadi. Adib “Mustaqillik” ordeniga birinchi bo‘lib loyiq ko‘rildi. Biz adibning ulkan badiiy merosini yanada boyitishda mas’ulmiz.

Maqolanini tayyorlashda Habibulla Qodiriyning “Otam haqida”, Nabijon Boqiyning  “Qatlnoma”  kitoblaridan foydalanildi.

                                                                                  Inobat Ahatova,