Ziyo chashmasi
“Ziyo chashmasi” gazetasi haqida “Ziyo chashmasi” gazetasi Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika universiteti muassisligida 1993-yil 21-martdan boshlab chiqa boshlagan.
Nashr O’zbekiston matbuot va axborot agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi tomonidan 2006-yil 27-dekabrda qayta ro’yxatga olingan. Talaba-yoshlarga ijtimoiy, madaniy-ma’rifiy axborot yetkazib berishni maqsad qiladi.
So’nggi yillarda tahririyat moddiy-texnik va kadrlar bazasi yaxshilandi. Shtatlar jadvaliga ko’ra, jamoa bosh muharrir, texnik muharrir va musahhihdan iborat. Xodimlarning barchasi oliy ma’lumotga ega. Bundan tashqari, talabalar orasidan ellikka yaqin jamoatchi muxbirlar safi shakllantirilgan.
Tahririyat qoshida ijodkor talabalarni o’z ichiga olgan “Yosh jurnalistlar” to’garagi faoliyat yuritadi. To’garak a’zolarining ilmiy, badiiy va publitsistik ijod namunalari gazeta sahifalarida muntazam e’lon qilib boriladi.
So’nggi yillarda gazeta bilan muntazam hamkorlik qilib kelgan 4 nafar talaba Navoiy nomidagi davlat stipendiyasi, ikki nafari “Yurt kelajagi” respublika tanlovi (publitsistika), 3 nafari viloyat miqyosida “Yilning eng faol yosh jurnalisti” tanlovi g’olibligini qo’lga kiritdi.
Gazeta mavzu-mundarijasini boyitish, talabalarni qiynab kelayotgan muammo va takliflarga jamoatchilik e’tiborini tortish borasida aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Misol uchun, “Mulohaza uchun mavzu”, “O’zimiz haqimizda”, “Kitob javoningizga” “Menda taklif bor!”, “Nigoh”, “Bahs” kabi yangi ruknlar tashkil etildi. Natijada so’nggi o’nta sonning o’zida o’ttizdan ortiq tanqidiy-tahliliy va mulohaza mazmunidagi maqolalar e’lon qilindi. Ko’tarilayotgan mavzularga talabalarning fikri, munosabati ham “Aks-sado” rukni ostida berib borilmoqda. Tahririyat va muassis kelishuviga asosan, joriy yilning boshidan nashr sifat ko’rsatkichlarini yaxshilash, davriylikni yanada qisqartirish va jurnalist-xodimlarning ijtimoiy turmush darajasini oshirish borasida aniq vazifalar belgilab olindi. Ayni paytda universitet rasmiy saytida gazeta materiallari muntazam yoritib borilmoqda.
Bosh muharrir: Abdug’affor Abdurahmonov.