Jizzax davlat pedagogika universiteti
Maktabgacha va boshlangich yo‘nalishlarida
masofaviy ta’lim kafedrasi mudiri
PhD, Umarov Ilhomjon Akbarovich,
Annotatsiya: Maqolada doston matnida qo‘llangan ot va sifat so‘z turkumlariga mansub leksemalarning ko‘p ma’noliligi tarixiy-etimologik nuqtai nazardan tahlil qilingan
Kalit so‘zlar: Doston tili, ko‘p ma’nolilik, leksema, turkiy qatlamga hos ko‘p ma’nolilik, arabcha, forscha-tojikcha o‘zlashmalardagi ko‘p ma’nolilik va boshqalar
Annotatsiya: V state analiziruetsya naibolshaya znachimost leksem, otnosyaщixsya k gorizontam slova i kachestvennыm slovosochetaniyam, ispolzovannыm v epicheskoy poeme, s istoriko-etimologicheskoy tochki zreniya.
Klyuchevыe slova: Raskadrovka, mnogoyazыchie, leksema, mnogoyazыchie v tureskom obщestve, mnogoyazыchie v arabskom, persidsko-tadjikskie znakomstva i mnogie drugie.
Abstract: The article analyzes the most meaningfulness of the lexemes belonging to the word horizons and quality word phrases used in the epic poem, from a historical-etymological point of view.
Key words: Doston, multilingualism, lexema, multilingualism in the Turkish language, multilingualism in Arabic, Persian-Tajik and others
Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li kuylagan “Malika ayyor” dostonining leksikasi bo‘yicha izlanishlarimiz ko‘p ma’noli so‘zlarning deyarlik 52 % dan ortig‘i ot so‘z turkumiga mansubligi aniqlandi. Mazkur otlar tarixiy-e’timologik nuqtai nazardan quyidagi ko‘rinishlarga ega:
- a) turkiy qatlamga tegishli so‘zlarda ko‘p ma’nolilik. “Quyoshdan keyingi uchinchi planeta” (O‘TIL, 2, 14) bosh semasini anglatuvchi yer astronomi qadimgi yozma yodgorliklarda to‘rt ma’noda qo‘llangan (DTS, 257). Navoiy asarlari tilida ushbu ot leksema olti ma’noda ishlatilgan (ANATIL, I, 524-525). Shoirning tarixiy asarlari leksikasida bu istiloh bir yuzi o‘n sakkiz o‘rinda to‘rt ma’noni ifodalash uchun hizmat qilganligi e’tirof etilgan[1]. Hozirgi o‘zbek adabiy tilida yer leksemasining o‘n bir ma’noda voqealanganligi aniqlangan (O‘TIL, 2, 14). Biz tadqiq qilgan dostonda ham mazkur leksemaning qo‘llanilish faoliyati ancha yuqori, ular asosan quyidagi ma’nolarni ifodalagan:
- “Narsalar turgan, tirik organizmlar hayot kechirayotgan yuza, sath (shaxs yoki boshqa narsalarga nisbatan)” ma’nosida: Men kelganman odamzodning qastidan, // Izlasang, topmaysan yerning ustidan (8); Bu so‘zlarni senga aytdi Avazxon. // Borar yering aytgin menga, sen dushman (22).
- “Er sathining muayyan bir qismi; joy, hudud” ma’nosida: Go‘ro‘g‘li otini Avazga berdi: ostiga mingandir G‘irotni, har yerga borsa topadi murodni (16); Endi tavakkal, ovloq yerda bunga ma’lum qilayin bir”, — deb Avazxon o‘zini ma’lum qilib, bir so‘z qilib turibdi:(23).
- “Biror narsa band qilib turgan, egallagan o‘rin, joy; makon” ma’nosida: Bu fe’limga tavba qilibman, — deb G‘irotini Soqiga berib, qirq eshikli chillaxonasiga kirib, ko‘kragini nam yerga berib xafa bo‘lib yotdi (10); Qaradi: bir filni mingan, ikki oyog‘i chim yerni omochday tilgan, soqol murti o‘sib ketgan, aymashib kelib, og‘zi-burnini bosib ketgan (21).
- “Muayyan vazifani (otni egarlash) bajarishga kirishdan oldingi qisqa muddat, vaqt” ma’nosida: Soqi otni yalang‘ochlab, qashlab, egarlab berayin deb turgan yeri: (13).
- “Muayyan mamlakat yoki davlatga qarashli hudud, joy” ma’nosida: Bu so‘zni eshitib: — Bu mendan borar yerimni qayta so‘ray berdi, endi aytib ketayin, qaysar ekan, — deb bir so‘z aytib turgani:(22); «Bu yerda qulayga tushirolmadik, biror yerda qulayga tushirsak, o‘zi bilan birga bo‘lsak deb: — Avazxon, boradigan yering yaqinmi, uzoqmi? Biz ham birga borib kelsak, — dedi (19).
- “Biror narsaning yoki a’zoning ayrim qismi, o‘rni, nuqtasi, joyi” ma’nosida: Avazxon ko‘nglini xushlab, dimog‘i choq bo‘lib, u yeridan, bu yeridan ushlab, Gulqiz oyimning ko‘nglini xushlab, huzur qilib, ikkovining dimog‘i choq bo‘lib, o‘tiraberdi (54).
- Yerga urmoq – “qadrini kasitmoq, tahqirlamoq” ma’nosida: Asad merganni ko‘rdi, bir suv yuvib ketgan jirandada o‘zini har bir yerga urib yashirina olmay yuribdi (56); Xoldar mahram o‘n yigitman quvonib, // Yerga urib qo‘shadi har bir so‘ziga (207).
- Yer ostida (ostiga) – “Qaerda (ga) bo‘lsa ham” ma’nosida: Har kishi olgani bilan qarisin, // Yer ostida dushman tani chirisin (110); Kunma-kundan zo‘rg‘a yetsak kerak-da, // Yer ostiga tushib ketsak kerak-da (46).
- Yer yuzi – “Butun dunyo, olam” ma’nosida: Qizil dev aytdi: — O‘ jiyanim! Bizlar kun botish bilan kun chiqarni, yer yuzini qolmay uchamiz (58); Yer yuzinda jumla o‘tgan valilar, // Bu so‘zlarni aytar Shohiqalandar (72).
- Yerga qo‘ymoq – “Hammaning gapi, maslahati bir xil bo‘lib chiqmoq” ma’nosida: Avazxon uchchovi chinorning oldida ko‘p so‘zlarni gaplashib, maslahatni bir yerga qo‘yib: — Ey bolam, gapdan nima chiqadi, yo‘l yurmoq a’loroq. Endi yo‘l yurayik, — dedi (66).
- Yerda qolmoq – “Boshini yerda qoldirmaslik yoki begona qilmaslik” ma’nosida: Pastki ko‘shkiga yetib, Avazjonning qaddi-qomatini ko‘rib oshiqi beqaror bo‘lib, «Mardning boshi yerda qolmasin», Avazjonning boshini tizzasiga olib «Qaysi mamlakatdan kelding?» — deb so‘rab, bir so‘z dedi:(51).
- Yer leksemasi doston matnida jo‘nalish, o‘rin-payt, chiqish, qaratqich kelishigi shaklida ko‘makchi vazifasini bajarganda payt, o‘rin, sabab kabi munosabatlarni bildiradi: Devlar bu yerda yo‘q edi (54); Manzili shu yerdan yetmish yillik yo‘l keladi, bir Boymoq dev degan tog‘angiz bor, shu bilmasa bizlar bilmadik (58); Shunda Xadicha Tillaqizdan bu so‘zni eshitib, yerdan temirtak topgan qulday bo‘lib, chopib orqasiga qayta berdi (108) kabi.
Ana shunday ko‘p ma’nolilik leksemalardan yana biri “organizmning yurak va qon tomirlardan iborat yopiq sistema ichida to‘xtovsiz harakatlanib turuvchi suyuq to‘qimasi” ma’nosini anglatuvchi
qon leksemasi ham doston matnida faol qo‘llangan. Navoiy asarlari tilida bu istilohning ikki ma’noda qo‘llanganligi (ANATIL, IV, 63), shoirning tarixiy asarlari leksikasida “qon”, “xun, qon qasosi” ma’nolarida
[2] ishlatilganligi tilshunoslikda e’tirof etilgan. Doston matnida ushbu leksema quyidagi ma’nolarda qo‘llanilganligi aniqlandi:
- “Rang-tusi o‘chgan” ma’nosida: Devlar ham Asaddan qo‘rqdi. «Qoni suyuq, rangida qoni yo‘q, ko‘zi olaygan yomon yigit ekan», deb devlar qo‘rqib turibdi (42).
- “Qattiq, ezilib-kuyib yig‘lamoq, qattiq azobli holatda yig‘lamoq” ma’nosida: Qon yig‘latib bu manzilda // Sen ketarsan bizni tashlab // Ayroliq o‘tiga dog‘lab, // Biz qolamiz qonlar yig‘lab (120); Ko‘p yurganman har shaharni so‘rog‘lab, // Bu dilbarning firoqida qon yig‘lab (111).
- “Qurbon beriladigan urish, jang qilmoq; shu yo‘l bilan kishi(lar)ni qurbon qilmoq” ma’nosida: G‘ayrat bilan qon to‘kishmoq lozimdi(r), // Anglab bilgin mening aytgan so‘zimdi (131); Ot qo‘yib dushman ustiga // Qaramay baland-pastiga, // Qon to‘kilib shu zamonda, // Ko‘klamtog‘ining ustiga (141).
- “Qattiq qayg‘u-azobda qolmoq; bag‘ri qon bo‘lmoq” ma’nosida: Yodimizga sizni olsak, // Biz yig‘larmiz qon yutib (120).
- “Rangi o‘chmoq, qizilligi yo‘qolmoq” ma’nosida: Bu devlarni ko‘rib, merganlarning rangi-tusi uchib, qoni qochib, ko‘zi olayib, bo‘g‘ini qaltirab, mazasi ketib qoldi(41) kabi.
O‘z tovush qobig‘iga, mustaqil lug‘aviy ma’noga ega bo‘lgan nutq birligi (O‘TIL, 3, 608)
so‘z leksemasi ham dostonda faol qo‘llangan va quyidagi ma’nolarni ifodalagan:
- “Gap, gap-so‘z, nutq” ma’nosida: Ota, eshit mening aytgan so‘zimni, // Op kep beray ko‘rgan sarvinozingni (12); Bu xizmatga bel bog‘lama, Avazjon, // Aytgan so‘zim ol endi bo‘zo‘g‘lon (12).
- “Muayyan ma’lumotni aytib berish, hikoya qilish” ma’nosida: Ana shunda Parizod Go‘ro‘g‘lidan bu so‘zni eshitib, o‘sgan elini, sog‘u-so‘lini, sha’n-shavkatini, manzil-joyini Go‘ro‘g‘liga bayon berib, bir so‘z deb turibdi…(8); Shunda Go‘ro‘g‘li G‘irotning boshini burib, Chambilga qarab yo‘lga kirib, ko‘zini yoshlab, o‘zini otning yoliga tashlab, bu so‘zni aytib bora berdi…(9).
- “O‘zaro suhbatlashish yoki maslahatlashish, munosabat bildirish” ma’nosida: Shunda Go‘ro‘g‘libek Avazxondan bu so‘zni eshitib: — Avaz o‘g‘lim, bu so‘zni bejoy aytding. Bu aytgan so‘zing ko‘p yomon bo‘ldi, endi har nima bo‘lsa, bormasang bo‘lmaydi (12); Go‘ro‘g‘libek Avazxondan o‘n olti oy degan so‘zni eshitib, vaqti ziyoda xush bo‘lib, Avazxonga qarab bir so‘z dedi (15).
- So‘z bermoq – “Gapirishga imkon berish yoki bermaslik” ma’nosida: So‘z bergandir merganlarga jodugar, // So‘z bermasa, merganlarda nima bor (202); Senga so‘z berdimi Malika ayyor, // Qay shahardan munda kelding, qalandar (91).
- 5. So‘z qotmoq – “Biror gap, so‘z aytishlik yoki aytmaslik; gapirmoqlik yoki gapirmaslik” ma’nosida: Diqqat bo‘lib yotgan Avazjon Gulzamonga so‘ylamadi ham, qaramadi ham, so‘z qotmadi ham (49); Shunda Qosimshoh qalandarlarga qarab: — Qaysi shahardan keldinglar? — deb so‘rab, so‘z qotib, bir so‘z dedi: (91); Shohning fikrda qolganini bilib: «Menga endi navbat keldi, bunga bir narsa deb so‘z qotayin», — deb Shozargar qalandar o‘rnidan turib, Qosimshohga qarab, bir so‘z dedi: (93).
- Maqol, hikmatli so‘z; ibora namunasi sifatida: Egasi ushlab bizlarni garang qilib yurmasin. «Piyoda qo‘noq — yaxshi qo‘noq», degan so‘z bor (84); Har kimni birov chaqirsa, borgan yaxshi… «Er tilagan yerda aziz», degan so‘z bor (184) kabi. So‘z leksemasi qadimgi turkiy tilda bir ma’noni ifodalaganligi ta’kidlangan (DTS, 511), Navoiy asarlarida esa to‘rt ma’noni ifodalash uchun hizmat qilgan (ANATIL, III, 137). Hozirgi o‘zbek adabiy tilida so‘z leksemasining sakkiz semani ifodalash uchun qo‘llanilayotganligi aniqlangan (O‘TIL, 3, 608). Yuqoridagi tahlillardan ma’lum bo‘ladiki, tadqiq qilingan doston matnida mazkur istiloh oltita semani ifodalash uchun hizmat qilgan.
- b) arabcha o‘zlashmalarda ko‘p ma’nolilik. “Malika ayyor” dostoni matnida ot so‘z turkumiga kiruvchi arab tilidan o‘zlashgan qirqdan ortiq leksema o‘zining ko‘p ma’nolilik xususiyatlarini namoyon qilganligi aniqlandi. Quyida ularning ayrimlarini tahlil qilamiz.
Tilimizga arab tilidan o‘zlashgan
vaqt leksemasi zamon, vaqt muddati; on; mavsum kabi ma’nolarni, shuningdek, “yuz berib turuvchi voqea-hodisa, narsalarning asrlar, yillar, soatlar, minutlar va sh. k. bilan o‘lchanadigan davomiyligi, shunday o‘lchov belgisiga ega bo‘lgan ob’ektiv hodisa” ma’nolarini ifodalashi tilshunoslikda e’tirof etilgan (O‘TIL, 1, 448). Mazkur leksema hozirgi kunda besh ma’noda (O‘TIL, 1, 448) qo‘llanishda bo‘lsa, qadimgi turkiy tilda faqatgina birgina ma’noda ishlatilganligi nufuzli lug‘atlarda (DTS, 632) e’tirof etilgan. Alisher Navoiy asarlari tilida olti ma’noda (ANATIL, 1, 367), tarixiy asarlari leksikasida esa uch ma’noda
[3] qo‘llanganligi aniqlangan. Biz o‘rgangan doston matnida mazkur leksemaning quyidagi ma’nolari mavjudligini kuzatdik:
- “Ko‘tarinki kayfiyatli holat; yaxshi kayfiyatli, hursand holatni kechirmoq yoki hursandchilik qilmoq” ma’nosida: Hammasi vaqti xush bo‘lib // Gulqizoyim ish boshqargan (185); Vaqti xush bo‘b Shoqalandar, // Jilva qilib aqlin olib (186); Qiz-sanamlarning vaqti xush bo‘lib, o‘yin-tomosha qilib o‘tira berdilar (190);
- “Vaqtning biror narsa, ish-mashg‘ulot uchun belgilangan ajratilgan bo‘lagi; muddat” ma’nosida: Xudoyim kechirgay qilgan xatomni, // Jo‘nar vaqtda men ko‘rmayin otamni (191);
- “Soat, kun, oy, yil va sh. k. ning uzliksiz izchil almashuvida biror maqsad uchun belgilangan yoki biror maqsad uchun faydalanilishi muddat orolig‘i; fursat” ma’nosida: Necha vaqt men ham qoldim xor-zor, // Yetti yil devlarga bo‘ldim xizmatkor (194); Necha vaqt yor deb jafo ko‘ribman, // Yaqin qoldi, elga bu kun kelibman (196);
- “Ko‘tarinki kayfiyatli holat, vaqtichog‘lik, hursandchilik” ma’nosida: Ikkovining vaqtini choqlab, o‘zlari omon-eson Malika ayyorni Chambilga olib kelib, Malika ayyorni Avazxonga qirq kun to‘y-tamosha qilib, nikohlab berdi (207);
- “Ayni vaqtda, hozir(da), hozirning o‘zida” ma’nosida: Xazon bo‘lib bog‘da gullar so‘ladi, // Shum falak boshiga savdo soladi, // Shu vaqtda choqlasak qanday bo‘ladi?.. // Ko‘zidan to‘kayik selob yoshini (20);
- “Ob’ektiv tarzda kechuvchi davrning, kishi hayotining ma’lum, aniq bir bo‘lagi, nuqtasi, oralig‘i” ma’nosida: Shunda ko‘rdim g‘arib bo‘lib qalandar, // Shu vaqtida topishganmiz muqarrar, // Va’dasiga kelgan jonim Qalandar (157); Men shu vaqtgacha yuz oltmish darani qarab axtardim (131);
- “Hozirning o‘zida, shu bilan birga” ma’nosida: Devlar kelar vaqtin topib yonashib, // Albatta, bularning aqli shoshib, // Shu vaqtda sen turgin daryoday oshib, // Shunday qib sen bo‘lgin bulardan xabardor (163);
- “O‘ylamagan, hayolga kelmagan, bilmagan bir vaqtda” ma’nosida: Qoratulpor yashinday bo‘lib oqib ketdi, bir vaqt yorug‘ dunyoga, chashmaning labiga yetdi (109); Zargarbek hayron qolib kelayotib edi, bir vaqti Bo‘ztulporning ko‘zi Qoratulporga tushib, guldirab kishnab yubordi (128) kabi.
“Qadimgi turkiy lug‘at”da va hozirgi o‘zbek adabiy tilida
vafo leksemasi “yorga, do‘stga, yaqin kishilarga sadoqat; o‘z ahd-paymonini muqaddas tutish; so‘zda, va’dada qat’iy turish” ma’nolarini ifodalashi aniqlangan (DTS, 632; O‘TIL, 1, 445). Alisher Navoiyning tarixiy asarlari leksikasida ushbu leksema uch ma’noda qo‘llanganligi e’tirof etilgan
[4]. Biz o‘rgangan doston matnida mazkur leksema quyidagi ma’nolarda qo‘llangan:
- “Yaqin kishilarga sadoqatli” ma’nosida: Xizmat qilgan mehribonlar, xo‘sh endi, // Vafoli kanizlar, qoling, xo‘sh endi (122);
- “Yorga ahd-vafosini muqaddas tutish, bergan va’dasida qat’iy turish” ma’nosida: Ahdu vafo etgan menga zo‘rabor, // Va’dasiga kelgan jonim Qalandar (157) kabi.
“Fikr, tafakkur; g‘oya; hayol” ma’nolarini ifodalaydigan, aslida arab tilidan tilimizga o‘zlashgan
xotira leksemasi doston matnida birgina o‘rinda qo‘llangan. Bu istiloh “biror kimsa yoki narsa haqidagi yodda, esda saqlangan taassurot” (O‘TIL, 4, 416) ma’nosini ifodalab kelgan:
Malayik suratli, gulyuzli dilbar, // Xotiramdan ketmas bu sohib beklar (118) kabi. Xuddi shunday lisoniy holat: ma’ni va hikmat leksemalari ham doston matnida bir martadan qo‘llangan.
Hikmat istilohi Navoiyning tarixiy asarlari leksikasida ikki ma’noda (“donolik” va “ilm, ma’rifat”) ishlatilganligi e’tirof etilgan
[5]. Tadqiq qilingan dostonda bu leksema birinchi ma’noda (donolik) qo‘llanganligini kuzatdik:
Shoqalandar bu so‘zni eshitib, beklariga qarab: — Borsak borayik, Xudoning hikmatin ko‘rayik beklar (184). Arab tilidan tilimizga o‘zlashgan
ma’ni leksemasi “ma’no, mazmun” (O‘TIL, 2, 565) ni ifodalaydi. Lekin uning inkor (bo‘lishsizlik) shakli
bema’ni, ma’nisiz leksemalarining mazmuni yuqoridagi tushunchaning mutloq teskarisini ifodalaydi. Dostonda qo‘llangan
bema’ni leksemasi “aql-hushsiz, tayinsiz yoki betayin” ma’nolarida qo‘llanganligini kuzatamiz:
Er izlasang, mamlakatdan topilar, // Bema’niga mingashib bizga nima bor (188) kabi.
- v) forscha-tojikcha o‘zlashmalarda ko‘p ma’nolilik. Tadqiq qilingan doston matnida ot so‘z turkumiga kiruvchi fors tilidan o‘zlashgan ko‘pma’noli leksemalar juda oz miqdorni tashkil etadi. Quyida ot leksemalarning ayrimlarini ko‘rib o‘tamiz. Tilimizdagi “boshlanish; birinchi” ma’nolarini ifodalovchi arabcha avval leksemasi doston matnida anchayin faol qo‘llangan. Ularning ma’nolari quyidagi ko‘rinishlarga ega ekanligi aniqlandi:
- “Muayyan harakatning boshlanishida; boshida” ma’nosida: Boymoq dev avvalgi urushning qo‘rqinchligidan qo‘rqib, Shoqalandarning urushiga toqat qilolmay bir yoqqa qochib ketgan edi (161); Avval Olloh duyum bo‘lsa Nabi yor, // Bizni haydab keldi Haq-parvardigor (113);
- “Birinchi navbatda, birinchi bo‘lib; dastlab” ma’nolarida: Maqotil aytdi: — Menga navbat berib nima qilasan, bir ursam o‘lib qolasan, avval sen ur (26); Miskin umidvordir Aliday sherdan, // Avvali Ollohdan, duyumi pirdan (72);
- Ravish vazifasida: “o‘tgan vaqtlarda, hozirga qadar; ilgarigi” ma’nosida: O‘z chegaramizdan o‘tsak, bizlardan katta devlarning podsholari, avvalgi o‘tgan podsholarga, keyingi keladigan podsholarga bizlar kulgi bo‘lamiz, bizlarga ta’na qiladi (180); Dalolatni qilgan Malika ayyordi(r), // Avvaldan o‘zining ham ko‘ngli bor edi (189);
- Ko‘makchi vazifasida: “biror voqea, hodisa yoki harakatning boshqasidan yoki shu haqda so‘z borayotgan vaqtdan oldin bo‘lganligini bildiradi”: Shoqalandar aytdi: — Ey, Avazjon, endi yo‘l yaqin qoldi, hangamalashib borayik, — deb seni avvaldagi husningga keltirdik (69); Ana endi Qizilqumning ichidagi Qalayi qo‘rg‘on, avvalgi yolg‘iz chinorning oldiga yetib, sarhovuzning oldiga kelib qo‘ndi (169). Ta’kidlash lozimki, payt ma’nosini ifodalovchi ravish turkumiga kiruvchi avval leksemasi hozirgi o‘zbek adabiy tilida besh ma’noda (O‘TIL, 1, 29-30), Navoiy asarlarida uch ma’noda (ANATIL, I, 27) va shuningdek, shoirning tarixiy asrlari leksikasida uch ma’noda qo‘llanganligi aniqlangan[6]. Biz o‘rgangan dostonda ushbu istilohning to‘rt ma’noda qo‘llanganligi ma’lum bo‘ldi.
Hozirgi o‘zbek adabiy tilida “binoning, uyning tomini ko‘tarib turuvchi yoki tik ko‘tarilgan qismi” bosh sememasini ifodalovchi
devor leksemasi to‘rt ma’noda (O‘TIL, 1, 588), Navoiyning tarixiy asarlari leksikasida ikki ma’noda (“chegara”, “devor, tom”) qo‘llanganligi aniqlangan
[7]. Tadqiq qilingan dostonda bu leksema faqatgina bir o‘rinda: “Biror yerni (hususan qo‘rg‘onni), hududni o‘rab olgan muayyan g‘ov, to‘siq” ma’nosida qo‘llangan: …
Juda katta chinor. Uning yon yog‘ini qo‘rg‘on qilib, devor qilib qo‘yibdi. Qo‘rg‘onning devori qalayidan (59-60) kabi.
Arabcha “haqiqiy bilim, qat’iy ishonch” ma’nolarini (O‘TIL, 5, 129) ifodalovchi
yaqin leksemasining birlamchi ma’nosi “oroliq masofa uchun katta bo‘lmagan, uzoq emas” (O‘TIL, 5, 129) dan iborat. Turkiycha yaqin so‘zining qadimgi turkiy tilda qo‘llanilgani aniqlangan (DTS, 237). Navoiy asarlarida bu so‘z ikki ma’noda ishlatilganligi (ANATIL, 1, 574), shuningdek, shoirning tarixiy asarlari leksikasida uch ma’noda namayon bo‘lganligi e’tirof qilingan
[8]. Biz o‘rgangan doston matnida bu leksema quyidagi ma’nolarni ifodalab kelganligini kuzatdik: 1. “Oraliq masofa uncha katta bo‘lmagan, uzoq emas” ma’nosida:
Kelayotgan lashkarboshlar ham Avazni ko‘rdi. Orasi yaqin qolgan ekan, biri-biriga o‘rab turdi (27); O‘lar vaqting yaqin kelgandir, devlar, // Izlab kelgan qaysar Avaz zo‘rabor (55); 2
. “Nutq so‘zlanayotgan paytdan vaqt oralig‘i uncha katta bo‘lmagan” ma’nosida:
Qalandarning uyg‘onadigan fursati yaqin bo‘ldi (60); …dimog‘i chog‘ bo‘lib aytdi: — Endi mazgil yaqin qoldi. Bular ham damini olgandir (69); 3. “Biror hodisa yoki voqea yuz berishiga oz fursat qolganda, ma’lum bir vaqt kelishi oldidan” ma’nosida:
Xaloyiqlar yig‘ilgandir ustiga, // Yaqinlab qoldi-ku dorning ostiga (90); Shoqalandar aytdi: — Ey, Avazjon, endi yo‘l yaqin qoldi, hangamalashib borayik, — deb seni avvaldagi husningga keltirdik (69); 4. “Taxminan, qariyb…” ma’nosida:
Merganlar aytdi: — Avazjon, bora turgan joying yaqinmi? O‘zing bilasanmi, necha kunda borasan, qaysi shaharga borasan (37); Ko‘z jubortib har tarafga qaradi, // Torkiston shahrini yaqin ko‘radi (84); 5. “Shu yerdan uzoq bo‘lmagan joyda, shu atrofda” ma’nosida:
Shunda Gulqizoyim bu beklarning omon-eson qaytib kelganini… yaqindagi parizod qizlarga xabarni yubordi (185) kabi.
Foydalanilgan adabiyotlar va shartli qisqartmalar
- Abduvalieva D. Alisher Navoiy tarixiy asarlari leksikasi. – T.: Fan, 2016. – 82-84.b.
- ANATIL – Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati, I-V. –Toshkent: Fan, 1983-1985.I-1983, 646 b; II-1983, 642 b; III-1984, 622 b; IV-1985, 636 b.
- DTS – Drevnetyurksiy slovar. – L., 1969. S.257.
- O‘TIL – O‘zbek tilining izohli lug‘ati. Besh tomlik. – T.1.Toshkent: O‘zbME, 2006. – 679 b.; T.2. – 2006.-671 b.; T.3. – 2007. – 662 b. T.4. – 2008-606 b.; T.5. -2008 – 591 b.
- a. – Malika ayyor. T.: G‘.G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, 1986. – 5-98-betlar.
[1] Абдувалиева Д. Алишер Навоий тарихий асарлари лексикаси. – Т.: Фан, 2016, Б. 153.
[2] Абдувалиева Д. Алишер Навоий тарихий асарлари лексикаси. – Т.: Фан, 2016, Б. 153.
[3] Абдувалиева Д. Алишер Навоий тарихий асарлари лексикаси. – Т.: Фан, 2016, Б. 154.
[4] Абдувалиева Д, Кўрсатилган манба, Б. 154.
[5] Абдувалиева Д, Кўрсатилган манба, Б. 155.
[6] Абдувалиева Д, Кўрсатилган манба, Б. 155.
[7] Абдувалиева Д, Кўрсатилган манба, Б. 155.
[8] Абдувалиева Д, Кўрсатилган манба, Б. 156.