Institutda “Ey, darvesh (Zulmatni yenggan mazlumlar)” kitobi taqdimoti o‘tkazildi.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Jizzax davlat pedagogika instituti tuzilmasidagi Qatag‘on
Qurbonlari xotirasi muzeyi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Jizzax viloyati bo‘limi hamkorligida tashkil etilgan jurnalist va tarjimon G‘ulom Mirzoning “Ey, darvesh (Zulmatni yenggan mazlumlar)” kitob taqdimotini institut rektori Sh.Sharipov ochib berdi.
“Hech kimga sir emas bugungi kunda siyosiy qatag‘on yillarida nohaq qurbon bo‘lgan yurtdoshlarimizning nomlarini aniqlash, ularning qoldirgan merosini o‘rganish va keng jamoatchilikka yetkazishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot ishlari, badiiy va hujjatli asarlar yaratilmoqda. Yaqinda “Mashrab” nashriyoti tomonidan chop etilgan «Ey, darvesh (Zulmni yenggan mazlumlar qissasi)» nomli kitob ham ayni shu mavzuda yozilgan. O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, shoir va tarjimon G‘ulom Mirzo qalamiga mansub qissa tarixiy hujjatlar va shaxsiy xotira-kechinmalar asosida bitilgan. Ishonamanki, ushbu asar institut professor-o‘qituvchilarni va talaba yoshlarimizda ham yaxshi taassurot qoldiradi.”-deydi institut rektori Sh.Sharipov
XX asr 50-yillaridagi «iliqlik davri»da katta qatag‘on qurbonlari orasidan ayrim taniqli ziyolilarnigina qisman oqlangan. Buning sababi shuki, nohaq qatag‘on etilgan millionlab oddiy kishilar ham yalpi oqlab yuborilsa, sovetlar tuzumi zulmkor bo‘lgani to‘g‘risidagi haqiqat ochilib qolar, oqibatda xalqning ishonchsizligi va noroziligi kuchayib ketishi mumkin, deb qaralgan.
Oqibatda «xalq dushmani» degan soxta ayblov bilan qatag‘onga duchor etilgan ushbu kitob qahramonlari – ota-bola Mirza To‘laev va Abdirayim Mirzaevning oqlanishi uchun 70 yil vaqt kerak bo‘ldi. Bunga qadar esa sovet davrida dinu e’tiqodida mustahkam turgan Mirza So‘fi bobo – 10 yil, o‘g‘li Abdirayim bobo – 6 yil qamoq jazosini GULAG – Axloq tuzatish mehnat koloniyalari bosh boshqarmasining mehnat-tuzatish lagerlarida to‘la o‘tab qaytganlar. Afsuski, ota ham, o‘g‘il ham aynan qaysi manzilda jazo o‘taganini hech qachon hech kimga aniq ochiqlamagan.
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, kitob muallifi G‘ulom Mirzo “Qissa nega shunday nomlandi?” taqdimot ma’ruzasida ana shular xususida qisqacha ma’lumot berdi.
Tadbirda shuningdek O‘zbekiston Respublikasi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov ham o‘z fikrlarini bildirdi. U o‘z so‘zida keyingi yillarda mamlakatimizda qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish, ularning hayoti va merosini chuqur o‘rganishga hamda keng jamoatchilikka yetkazish ishlari yangi bosqichga ko‘tarilgani, ushbu jarayonda Vatanimiz mustaqilligi, xalqimizning erkin va ozod, kelajak avlodlarning tinch, to‘kin hayotini ta’minlash orzusida mardona kurash olib borgan, mustabid tuzum davrida qatag‘on qilingan ulug‘ ajdodlarimiz faoliyati va merosini targ‘ib qilish muhim vazifalardan biriga aylanganini alohida ta’kidlab o‘tdi.
«Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili» hamda 9 may – «Xotira va qadrlash kuni»ga bag‘ishlangan tadbirda shuningdek akademik Qalandar Abdurahmonov, shoira Mehribon Abdurahmonovalar ishtirok etishdi.
Tadbir so‘ngida mehmonlar Jizzax davlat pedagogika instituti tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyiga tashrif buyurishdi.