Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

3+1 qo'shma ta'lim dasturi

Belarus davlat pedagogika universiteti bilan qo'shma ta'lim dasturiga marhamat!

Konstitutsiya asosiy qonunimiz!

8-dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni

Yuksak vatanparvarlik tuyg‘usi aks etgan qasida!

10-dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun

Yangi yil — yangi marralar sari imkoniyat!

Kirib kelayotgan yangi 2024-yilingiz muborak bo’lsin!

Xotira muqaddas – inson qadri aziz!

9-may — Xotira va qadrlash kuni

JDPU 50 yoshda!

Jizzax davlat pedagogika universitetining 50 yoshlik yubileyi muborak bo‘lsin!

NOSTANDART TAFAKKUR

HAYDARBEK HAMDAMOV. Jizzax davlat pedagogika universiteti “Umumiy psixologiya” kafedrasi katta o‘qituvchisi.                                         Tafakkur yuritishga harakat qilgan inson hech shubhasiz                           o‘zi intilayotgan so‘nggi darajadagi baxt-saodatga erisha oladi                                                                                                  ABU NASR FOROBIY   Tafakkur insonga berilgan  katta in’om bo‘lib,  bu murakkab ruhiy jarayon inson aql-zakovati hamda fahm-farosatining eng yuksak shakli hisoblanadi. Inson kundalik hayotda uchraydigan oddiy masalalar bilan birga butun insoniyatga daxldor bo‘lgan global muammolarni ham aynan tafakkuri yordamida hal etadi. Arabcha “fikr” so‘zidan kelib chiqqan “tafakkur” so‘zining zamirida “muhokama”, “mushohada”, “mulohaza” kabi ma’nolar yotadi. Tafakkur   axborotlarni ishlab chiqishning oliy bosqichi bo‘lib, bunda narsa va hodisalar o‘rtasidagi bog‘lanishlar aniqlanadi. Sodda qilib aytganda, tafakkur bu – o‘ylash, fikr yuritish, ma’lum bir masalani yechishdir. Inson yangi vaziyat yoki biror-bir muammoga duch kelganida odatda o‘zining avvalgi tajribasiga tezlik bilan murojaat etadi va ko‘p hollarda masalani yecha olmay ketma-ket xatolarga yo‘l qo‘yadi. Mulohaza yuritishda noto‘g‘ri taxminlardan chiqib keta olmaslik, o‘z-o‘ziga yetarlicha savol bera olmaslik, variantlarning hammasini ham ko‘rib chiqmaslik kabilar to‘g‘ri xulosa chiqarishga to‘sqinlik qiladi. Ayrim hollarda bir qarashdan g‘alatidek tuyulgan fikr katta bir muammoning yechimi bo‘lib chiqishi mumkin. Aksar muammolarning yechimi  ko‘p hollarda standartga mos kelmaydigan mulohaza, ya’ni nostandart tafakkur bilan topiladi. Nostandart tafakkur bu – har qanday muammoli vaziyatlarda g‘ayrioddiy, o‘zgacha yechim va usullarni topa olish qobiliyatidir. Inson hammaga ma’lum bo‘lgan g‘oyalardan yangi g‘oyalar chiqarish maqsadida nostandart tafakkuriga murojaat etadi. Nostandart tafakkuri yaxshi shakllangan hamda hayotiy muammolarga kreativlik bilan yondoshadigan inson boshqalarga nisbatan oson, samarali va qiziqarli hayot kechiradi. Talabalarda va umuman ilm-fanga daxldor bo‘lgan har qanday insonda nostandart tafakkurning yaxshi shakllangan bo‘lishi muhim ahamiyatga egadir. Nostandart fikrlash qobiliyatiga ega bo‘lgan shaxslarning muvaffaqiyatga erisha olishi haqida ko‘plab tarixiy misollarni keltirish mumkin. Masalan, Amir Temurning Hindistonga qilgan yurishida uning 15 yoshlik nevarasi Xalil Sulton Mirzo nostandart tafakkurini ishlatib g‘alabani ta’minlab bergan taktik yechimni bera olganligi bilan alohida e’tirof etiladi. Gap shundaki, Amir Temur armiyasi Dehli yaqinida Sulton Mahmudxon qo‘shini bilan jangga kirganida unga qarshi 500 ta jangovar fil ishga solinadi.  Ilgari bunday vaziyatga hech ham tushmagan Temur qo‘shinini fillar toptab tashlaydi va qal’aga umuman yaqinlashtirmaydi. Katta muammo oldida qolgan Amir Temur chekinishga majbur bo‘ladi. Ertasi kuni Xalil Sulton Mirzoning taklifi bilan 300 ta tuyaning ustiga latta va uvada paxtalar bilan to‘ldirilgan hamda ustiga moy quyilgan kajava savatlar ortiladi. Har bir tuyaning oldiga qo‘lida mash’ala ushlagan bittadan askar qo‘yiladi. Endi dushman tomonidan jangga takror tashlangan fillarga qarshi ustidagi savatga o‘t qo‘yilgan va dahshat bilan bo‘kirib yonayotgan tuyalar jo‘natiladi. Yugurib kelayotgan olovli tuyalarni ko‘rgan fillar sarosimaga tushib, orqaga qarab qochadilar va egalarining o‘zlarini toptab tashlaydilar. Xalil Sulton Mirzoning to‘g‘ri tanlangan nostandart fikri bilan Amir Temur qo‘shini g‘alaba qozonib, qal’ani egallaydi. Nostandart tafakkur insonni ijodkorlikka va yaratuvchanlikka undovchi katta kuchdir. Aynan nostandart tafakkurimiz yordamidagina biz hayotiy yoki professional faoliyatimizda uchragan murakkab va chalkash masalalarni hal eta olamiz.   Nostandart tafakkurni rivojlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar  
  1. Fikrlash jarayonida bir qolipdalik va bir xildalikdan qochishga harakat qiling. Bir shablonga tushib qolmasdan chuqur va keng mulohaza yuriting.
  2. Tafakkur mahsuldorligini rivojlantiring. Masalan, yerto‘langizda yotgan eski sandiqdan o‘zining vazifasidan tashqari foydalanish mumkin bo‘lgan yana kamida beshta turli variantlarni o‘ylab topishga harakat qiling.
  3. Tasavvur, his-tuyg‘u yoki muayyan bir fikr kabilarning bir-birini eslatadigan o‘zaro bog‘lanishi, ya’ni assotsiatsiyalar bilan ishlashni o‘rganing. Masalan, qo‘g‘irchoq va qor, pichoq bilan zanjir yoki stakan bilan qotillik o‘rtasida qanday bog‘liqlik bo‘lishi mumkinligi haqida o‘ylab ko‘ring.
  4. O‘ylashga, diqqat qilishga, hisoblab chiqishga hech qachon erinmang.
  5. “Odamlar yechgan masalani men ham yecha olaman” degan ustanovka bilan mulohaza yuriting.
  Nostandart tafakkur yuritish qobiliyatini rivojlantirishning eng samarali va nisbatan keng tarqalgan usullaridan biri aniq vaziyatlarga asoslangan turli masala va boshqotirmalarni yechishdir. Har bir pedagog yoki umuman tarbiyachi qo‘l ostidagi ta’lim oluvchilarni nostandart tafakkur yuritishga o‘rgatishi maqsadga muvofiq ish hisoblanadi. Zero, o‘qish va ishda muvaffaqiyat qozona olmaslikning eng asosiy sababi bu – tafakkur yuritishga, yana bir bor o‘ylab ko‘rishga, muammoni chuqur va atroflicha o‘rganib chiqishga erinishdir.