Masofaviy ta’lim – ta’lim tizimida yangi imkoniyatlar sari
Mamlakatimizda ilm-fanni yanada ravnaq toptirish, yoshlarimizni chuqur bilim, yuksak ma’naviyat va madaniyat egasi etib tarbiyalash uchun keng imkoniyatlar yaratish, ta’lim tizimini halqaro tajribadan kelib chiqqan holda modernizatsiya qilish bugungi kundagi eng ustuvor vazifalardan sanaladi.
Prezident Sh.Mirziyoevning 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida 2020 yilga “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb nomlanishi oliy ta’lim tizimini jahon tajribasidan kelib chiqqan holda modernizatsiya qilish, ta’lim tizimida axborot texnologiyalarining keng foydalanishiga imkoniyat yaratdi. Mazkur Murojaatnomadan kelib chiqqan holda oliy ta’limda halqaro standartlarni joriy etish, kredit-modul tizimini keng joriy etish, bosqichma-bosqich tajriba tariqasida bir nechta oliy ta’lim muassasalarida masofaviy ta’lim tizimini joriy etish, oliy ta’lim standartlarini xorijiy tajriba asosida takomillashtirish, oliy o‘quv yurtlariga bosqichma-bosqich akademik va moliyaviy mustaqillik berish, mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalarini xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda ularni transformatsiya qilish kabi ustuvor vazifalar belgilandi.
Mamlakatimizga karona virusining kirib kelishi hamda karantin holati e’lon qilinganligi oliy ta’lim tizimida elektron ta’lim platformasining joriy etilishini, ta’lim va axborot texnologiyalarining integratsiyasini yanada tezlashtirdi, ta’lim tizimida yangi imkoniyatlar eshigini ochib berdi.
Barcha oliy ta’lim muassasalarida karantin elon qilinganligi sababli professor-o‘qituvchilar va talabalarga ta’til berildi. Karantin davrida talabalarning uzluksiz bilim olishini tashkil etish, ta’lim tizimida masofaviy ta’lim shakllarinini amaliyotga keng joriy qilishni, professor-o‘qituvchilar va talabalar muloqatini masofaviy ta’lim orqali tashkil etishni talab qilar edi.
Jizzax davlat pedagogika institutida ham karantin e’lon qilinganligi sababli barcha talabalarga 16 martdan ta’til berildi. Talabalarning o‘quv rejada belgilangan fanlarni o‘zlashtirishi, bitiruvchi kurs talabalarining bitiruv imtiholarini tashkil etish masofaviy ta’lim tashkil etilishini talab etar edi. Institutimizda 1 apreldan boshlab talabalarning masofaviy ta’lim shakllarini keng qo‘llash orqali ularning uzluksiz bilim olishini ta’minlash maqsadida masofaviy ta’lim platformasi moodle.jdpu.uz faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Barcha fanlardan o‘quv adabiyotlari, ma’ruza seminar va laborotoriya topshiriqlari masofaviy ta’lim platformasiga joylashtirilib, talabalar bilan masofaviy muloqotni yo‘lga qo‘yish orqali ta’limning uzluksizligi ta’minlandi. Professor-o‘qituvchilar tomonidan 100 dan ziyod video darslar tayyorlanib, masofaviy ta’lim platformasiga hamda institutning ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasiga joylashtirildi. Shuningdek imkoniyati cheklangan talabalarning ham masofaviy ta’lim olishi ta’minlash uchun professor-o‘qituvchilar tomonidan audio darslar tayyoranib, masofaviy ta’lim platformasiga joylashtirildi.
Hududlarda internet tezligining pastligi talabalarning masofaviy ta’lim platformasi resurslaridan foydalanishda ma’lum qiyinchiliklarni tug‘diradi. Shu sababli ham masofaviy ta’lim platformasidagi berilgan topshiriqlarni ortiqcha qiyinchiliklarsiz o‘zlashtirish uchun telegram messerjeri orqali ma’lumotlar almashish tizimi faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan.
Bugungi kunga kelib institutimiz masofaviy ta’lim platformasida 11898 nafar talaba ro‘yxatdan o‘zkazilgan bo‘lib, 465 ta o‘quv rejada belgilangan fanlardan 1318 ta kurslar tashkil etilgan.
Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bitiruvchi kurs talabalarining yakuniy davlat attestatsiyasi imtixon shaklida onlayn test ko‘rinishiga o‘tkazildi. Professor-o‘qituvchilar tomonidan mutaxassislik fanlaridan 1000 tadan testlar banki shakllantirildi hamda moodle.jdpu.uz da kurs yaratilib tizimga joylashtirildi. Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga talabalari mutaxassislik fanlaridan 1 tadan fandan masofaviy (onlayn) tarzda test ko‘rinishida yakuniy davlat attestatsiyasini topshirishi belgilandi. Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga talabalari 1 iyundan – 13 iyungacha (ikki haftalik) yakuniy davlat attestatsiyasi imtihonlarini masofaviy tarzda topshirish imkoniyati yaratildi.
Magistratura mutaxassisliklari bitiruvchilarini magistrlik dissertatsiyasilari 15 iyundan 20 iyungacha (1 haftalik muddatda) onlayn ko‘rinishda ZOOM dasturi orqali onlayn himoya qilinishi uchun imkoniyat yaratilmoqda.
Karantin sababli masofaviy ta’lim platformasining yo‘lga qo‘yilganligi ta’lim tizimida keng imokniyatlar eshigini ochishiga sababchi bo‘ldi. Masofaviy ta’lim platformasi faoliyati orqali institutimizda ta’lim va axborot texnologiyalari integratsiyasi tezlashdi, kredit-modul tizimiga o‘tish uchun ma’lum bir tajriba to‘planishiga olib kelindi.
Umuman olganda masofaviy ta’limning tashkil etilishi oliy ta’lim tizimida yangi imkoniyatlar sari keng yo‘l ochmoqda.
X.Xamzaev – Jizzax davlat pedagogika instituti
o‘quv-uslubiy boshqarma boshlig‘i