Do‘mbiram maqtoviga bag‘ishlangan termalar
Abbos Tursunqulov
Jizzax DPI filologiya
fanlari nomzodi
XX asr boshlarida gurkirab rivojlangan dostonchilik an’analari o‘z ichki qonun-qoidalariga ega edi. Xalq baxshilari dostonchilikni boshlashdan olidn o‘z do‘mbiralarini ta’riflab maqtar va shu bilan ovozni sozga moslashtirardi. “Kunlarim”, “Do‘mbiram”, “Do‘mbiram ovozi”, “Nima aytay” kabi termalar ana shunday dostonchilikka kirish termalari hisoblanadi.
O‘zbek xalq og‘zaki ijodida har bir janr voqelikni qamrov doirasi, tematikasi, kompozitsion qurilishi, umuman, spesifik xususiyatlariga ko‘ra bir-biridan ajralib turadi. Buni terma janri misolida ham aynan ko‘rishimiz mumkin.
Terma o‘zbek folklorining mustaqil janri bo‘lib, uning yaratilishida baxshilarning roli nihoyatda kattavir, ko‘pchilik hollarda ular dostonchilarning individual ijodi hisoblanadi. Pand-nasihat, odob-fxloq, soz va so‘z haqida yaratilgan, ijtimoiy hayotdagi turli hodisalar, shaxs va jonivorlarning ta’rifi yoki tanqidiga bag‘ishlangan, baxshilar tomonidan kuylanadigan o‘n-o‘n ikki satrdan yuz ellik – ikki yuz, ba’zan undan ham ortiq misragacha bo‘lgan lirik, liro-epik she’rlarga termalar deyiladi.
Terma so‘zinig ma’nosi terib, tanlab tizish demakdir, ya’ni nisbiy mustaqillikka ega bo‘lgan, forma va mazmun jihatidanbir-biriga yaqin bandlarni (har bir band uch, to‘rt, besh,olti va undan ortiq misralardan iborat bo‘lishi mumkin) kampozitsion jihatdan yaxlitlashtirishdir. Baxshilarning o‘zlari ham “Terma shu, terib aytib berasan” deydilar. Ular ba’zan “Nima aytay?” termasini “doston terish” deb ham yuritilardiki, bu ham yuqoridagi fikrni tasdiqlaydi. Termada ijro davomida ayrim bandlarning qo‘shilishi yoki o‘rin almashishi, ba’zi bandlarning tushib qolishi mumkin” [1]
Yangi ijtimoiy voqelikni badiiy tasvirlashda termalar xalq ijodining boshqa janrlariga nisbatan ancha qulay va ixcham sanaladi. Shu sababli termalar davr talabiga hozirjavob asarlardir. Ularning mavzu doirasi rang-barang bo‘lib, tematik jihatdan bir necha turlarga bo‘lish mumkin. Bular orasida avtobiografik termalar yeng ko‘p tarqalgandir. Avtobiografik termalar baxshilar biografiyasi bilan bog‘liq. Bu tipdagi termalarning xarakterli namunalari qatoridan “Do‘mbiram” termalari munosib o‘rin oladi. Termalarning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri ularning bevosita doston kuylash jarayoni bilan bog‘liqligidir.Baxshi dostonchilik o‘tirishlarida audotoriyaning kayfiyati, yoshi, sostavini hisobga olib, dastlab ularga mos keladigan termalardan kuylaydi. Ko‘pchilik hollarda “Do‘mbiram” termasini kuylash bilan dostonchilik yig‘inlari boshlangan. Bunda baxshi o‘z do‘mbirasi (ba’zan dutori yoki qo‘bizi) ni bir suhbatdoshday jonlantirib, tinglovchilarga o‘zini tanitadi va jiddiy asar – doston tingdashga ularni hozirlaydi. Termada syujet ikki yo‘nalish bo‘ylab rivojlantiriladi. Birinchidan, baxshi do‘mbira maqtovini bersa, ikkinchidan, o‘z hayotinig ba’zi qirralari haqida hikoya qiladi.
“Do‘mbiram” termalari deyarlik barcha baxshilar repertuarida mavjud. Ular o‘rtasida umumiy mushtarak tomonlar bo‘lishi bilan birga, alohidalik ham borki, bu xususiyat u yoki bu baxshining individual hayot tarzi va poetik “yo‘li” bilan izohlanadi. Odatda, bu xil termalarning barchasida do‘mbira tuzilishiga, uning qanday materialdan yasalganligiga ahamiyat beriladi.
Masalan, Plkan shoir:
Korsoning zardoli, qopqog‘ing tutdan,
Maqtov bilan kelding Qatog‘on yurtdan[2], –
Deb kuylasa, Nurmon shoir esa:
Kosang yong‘oqdan, bo‘yining tutdan,
Maqtov bilan kelding Hisorday yurtdan,[3] –
deb kuylaydi. Bu misralar forma jihatdan deyarlik farq qilmaydi. Lekin shu formaga singdirilgan mazmunda baxshining biografiyasiga oid ma’lumotlar uchraydi. Ya’ni, birinchi misrada do‘mbira tuzilishi iqodalansa, ikkinchi misrada baxshi tug‘ilgan qishloqning nomi bayon etilgan.
“Do‘mbiram” termasida yumoristik momentlar ham muhim o‘rin tutadi. Bunda do‘mbiraning “tanqidi” muhim vomitadir. Bu narsa tinglovchilar doirasida shirin kayfiyat, hazil-mutoyibaga sharoit hozirlaydi:
Seni chertib besh panjam qiyilib,
Tirnoqning ofati bo‘lgan do‘mbiram[4].
(Po‘lkan shoir).
Yoki:
Qutulmadim senday yog‘och naymutdan,
Tirnoqning ofati bo‘lgan do‘mbiram[5].
(Po‘lkan shoir).
Baxshi nazdida do‘mbira yig‘ilgan xaloyiqning ko‘nglini olishi, ularni xushnud etishi kerak. Buning uchun do‘mbiraning ovozi yaxshi chiqishi, torlar esa baxshi xohlagan maqomda “sayramog‘i” lozim. Ana shunda baxshining o‘zi ham do‘mbira sehriga berilib, “daryoday toshib”, “dengizday mavj urib”, “ilhomi jo‘shib” tinglovchilarni o‘ziga jalb qiladi. Baxshi aytganidek:
Men chertganda chiqabergin yuz maqom,
Dovushga qanotim bo‘lgan dshho‘mbiram[6]
(Nurmon shoir).
Yoki:
Guying kelsa Po‘lkan gapni o‘ylamas,
Rayhon gulda bulbul sencha so‘ylamas.
Guldirab chiqasan fayzli kecha.
Tomoshalar qilar jami boybicha[7].
(Po‘lkan shoir).
Baxshi o‘z do‘mbirasiga murojaat etib, uni maqtaydi, yig‘ilgan xalqqa manzur bo‘lishi zarurligini ta’kidlaydi. Agar do‘mbira baxshi aytgan yo‘lga kirmasa, yaxshi sayramay, ovozga jo‘r bo‘lmasa unday holda o‘choqqa solib yoqishini uqtiradi. Bunday “o‘ch olish” zaminida baxshining o‘z do‘mbirasiga bo‘lgan ishonchi yotadi, ya’ni do‘mbiraning hech qachon bunday holga tushmasligiga imoni komil. Aks holda do‘mbira el ko‘nglini xushnud etolmasa bunday do‘mbira o‘tini ham hech narsaga arzimasligi tabiiydir. Buni baxshi yumoristik tarzda ifodalab deydi:
Yorib yoqsam biror chaydush qaynamas,
Senday yog‘och o‘tin bo‘lgan do‘mbiram[8].
(Nurmon shoir).
Ma’lumki, do‘mbira baxshining doimiy hamrohi. O‘g‘ir kunlarida ham, shodlik-quvonchli damlarida ham uning ovunchog‘i va yo‘ldoshi. Shuning uchun ham vaqti-vaqti bilan do‘mbiraga jilo berib, uning torlarini yangilab turmog‘i tabiiydir. Baxshi ta’biricha, bu bilan do‘mbiraning “suyagi qizib”, uning ohangi yanada avjlanadi.
Yangi tor tortaman, eskingni uzib,
Tobora chiqasan suyaging qizib[9].
(Nurmon shoir).
Baxshining do‘mbiraga jilo berishi faqat vaqti-vaqti bilan uning tortishi o‘zgarib turishidagina emas. Avvalo, uni ko‘z qorachig‘idek ehtiyot qilmog‘i, avaylab saqlamog‘i, ishlatmog‘i, o‘z e’tiqodiga ko‘ra, uni “begona ko‘zlar”dan ham saqlamog‘i lozim. Chunki, do‘mbira baxshi uchun behad shon-shuxrat, obro‘-etibor bo‘lishi bilan birga uning rizq-ro‘zi hamdir:
Sen bo‘lgansan menga adrasu-parcha,
Yalong‘ochga chopon bo‘lgan do‘mbiram[10].
(Po‘lkan shoir).
“Do‘mbiram” termasi baxshinig biografiyasi, uning ijodiy va amaliy faoliyati bilan birga dostonchilik udumlari bilan ham bog‘liqdir. Shunday udumlardan biri – doston kuylash jarayonida “do‘mbira to‘nkarmoq” va “ro‘mol yozmoq” marosimining tkrmada aks etishidir.
Shunday hollar ham bo‘ladiki, o‘tmishda ba’zan baxshilar doston kuylash jarayonida, uning eng qiziq qiziq joyiga borganida idroni to‘xtatib do‘mbirani to‘nkargan holda davradan tashqariga chiqib ketadilar. Shu payt davrada o‘tirganlar topgan tutganlarini bir ro‘molchaga tugib “baxshi haqi”ni o‘rniga qo‘yadi[11].
Ya’ni:
Men qo‘yayin seni endi to‘nkarib,
Yarim kecha haddi bo‘ldi jonivor.
…Damin olib aytib berar kamin,
Ro‘mol yozar vaqti bo‘ldi jonivor[12].
(Nurmon shoir).
Termada do‘mbira va baxshi munosabati turli usullarda bayon qilinadi. Baxshi o‘z do‘mbirasi orqali hurmat va e’tibor qozongan. Terma baxshining qanday ulug‘, muqaddas joylarda bo‘lganligi va hatto o‘sha joylarda qoldirgan “izi” haqida ham ma’lumot beradi:
Sayr qilib chiqdim Nog‘ron dashtini,
Shunday o‘tib ko‘rdim Beglomishini,
Bundan o‘tib borib ko‘rdim Qarshini,
Qarshiyu Kosonni ko‘rgan do‘mbiram[13].
(Nurmon shoir).
Moskov, Nijniy, Qozon, No‘g‘oyni kezib,
Shaharni qidirib yurgan do‘mbiram[14].
(Po‘lkan shoir).
Yuqoridagi misralardan aniq va ravshanki, baxshilar “Do‘mbiram” termasi orqali qaysi shaharda bo‘lganliklari, yani safar taassurotlari haqida ham qimmatli ma’lumotlar beradilar. Xususan, Po‘lkan shoir 1916 yil Chor Rossiyasining farmoni bilan mardikorlikda bo‘lgan paytlarida Rossiyaning qator shaharlarini kezgan.
Baxshilar “Do‘mbiram” termasini kuylash jarayonida traditsion quyma misralardan ham ijodiy foydalanadilar. Nurmon shoir termaning boshlanishida do‘mbira yasalgan materialni “Kosang yong‘oqdan, bo‘yining tutdan” deb boshlab, keyingi misrada o‘z yurtining nomini keltiradi. Termaning davomida esa xuddi o‘unday o‘rinda, ya’ni do‘mbira yasalgan materialning nomini o‘zgartirib batamom yangi ma’nodagi band tuzadi:
Jasating olchadir, qulog‘ing gujum,
Sen soz bo‘lsang, mening kelar avjim,
Nosoz bo‘lsang olmoqqa yo‘q ilojim,
Qish kuni ermagin, bozorda harjim,
Har kechalar bir to‘n bo‘lgan do‘mbiram[15].
Demak, birinchi misra an’anaviy qoliplangan bo‘lib, unga ma’lum bir nagruzka yuklatiladi. Ba’zi hollarda esa baxshi badihago‘ylik bilan xuddi shu birinchi misradagi turoqlar o‘rnini almashtirish yo‘li bilan yangi qofiya sistemasini yaratadi. Shu orqali forma va ma’no jihatdan farq qiladigan yangi bandlar tuziladi. Nurmon shoir esa “Do‘mbiram” termasida turoqlar o‘rninigina almashtirish bilan cheklanmay, shu misradagi hijolar sonini ham o‘zgartiradiki, bu hol tabiiy ravishda do‘mbira kuyi va ohangining ham o‘zgacha bo‘lishini ta’minlaydi:
Qulog‘ing gujum, jasading olcha,
Guldurab chiqasan fayzli kecha,
Ulfating soni bordir oltmishcha,
Har maqomg‘a chiqabergin shu kecha,
Majlisga kosakul bo‘lgan do‘mbiram[16].
Xullas, “Do‘mbiram” termalari, o‘zbek xalq og‘zaki ijodiyotida alohida xususiyatlarga ega bo‘lib, birinchidan, baxshining sozga ovozni monmnd qilishi; ikkinchidan, do‘mbirasining tarixini yoritib shu orqali o‘z hayotining ba’zi qirralari haqida hikoya qilishi, ya’ni xalqqa o‘zini tanishtirish uchun vosita vazifasini o‘tashi, uchinchidan, doston kuylash an’analarini o‘zida mujassamlashtirishi bilan ahamiyatga molikdir.
[1] Тўра Мирзаев, Халқ бахшилари эпик репертуарининг асосий хусусиятлари, қўлёзма, 148-бет.
[2] Ўзбек фольклори, Тошкент, Ўз ССР Давлат ўқув-педагогик нашриёти, 1939 йил, 50-бет. Бундан кейинги мисоллар шу китобданш олинади.
[3] Ўша китоб, 51-бет.
[4] Ўша китоб, 51-бет.
[5] Ўша китоб, 50-бет.
[6] Ўша китоб, 51-бет.
[7] Ўша китоб, 50-бет.
[8] Ўша китоб, 50-бет.
[9] Ўша китоб, 50-бет.
[10] Ўша китоб, 50-бет.
[11] Бу ўринда шуни таъкидлаш лозимки, машҳур бахшилар бундай “дўмбира тўнкариш”, пул йиғиш удумини қилмаганлар. Улар бу удумни ўзлари учун нолойиқ одат деб билганлар.
[12] Ўша китоб, 52-бет.
[13] Ўша китоб, 51-бет.
[14] Ўша китоб, 50-бет.
[15] Ўша китоб, 52-бет.
[16] Ўша китоб, 52-бет.