Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

BOG‘CHA JAMOASINING BOLAGA TARBIYAVIY TA’SIR KO‘RSATISH IMKONIYATI

Jizzax davlat pedagogika universiteti Pedagogika psixologiya fakulteti Katta o`qituvchisi Abduqodirova Nazira Xoliqnazarovna   Annotatsiya: Ushbu maqolada bog‘cha jamoasining bolaga tarbiyaviy ta’sir ko‘rsatish imkoniyati borasida ma’lumotlar keltirilgan. Kalit so‘zlar: kamtarlik, vijdoniylik, qat’iylik, o‘z-o‘zini tuta bilish, bolaning shaxs sifatida kamol topishi, axloqiy rivojlanishi.   Tafakkur ham boshqa psixik protseslar kabi bolalarda yoshligidan boshlab taraqqiy eta boshlaydi. Ma`lumki, bola tug‘ilishi bilanoq tafakkur qilish imkoniyatiga ega bo‘lmaydi. Bazi  olimlar bola tafakkurini maymun tafakkuriga o‘xshatadilar.  Psixologlarning maymun tafakkuri haqidagi nazariyasi haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bola tug‘ilishi bilan insondir, u insonlar jamiyatida yashaydi, insonlar bilan munosabatda bo‘ladi, ularning ta’sirida o‘sadi. Bola tafakkuri avval boshdan inson tafakkuridir. Boladagi tafakkur asta sekinlik bilan, bilimli va tajribani ortishi, yashash sharoiti va oladigan ta’lim – tarbiyasining ta’siri ostida o‘sib oradi. Bola dastlab tashqi olamni va uydagi narsalarni sezish, idrok qilish orqaligina bilib oladi. Bola asta sekin yoshi orta borgan sayin narsalar o‘rtasidagi o‘xshashlik tomonlarini payqay boshlaydi, so‘ngra o‘xshash narsalarni umumlashtiradi. Masalan: 6 – 7 oylik bola yolg‘iz qolgan paytida stol oldiga emaklab kelib, dasturxonni tortib o‘ziga kerakli narsani oladi, so‘ngra krovatni oldiga borib xuddi shunday yo‘l bilan choyshab yoki odeyalni tortib oladi. Yasli yoshidagi bolalarning tafakkur stixiyali emas, balki kattalarning rahbarligida rivojlanadi. Ijtimoiy muhit ham shaxsning shakllanishida muhim o‘rin egallaydi.Bolalar va kattalar muloqoti hamda hamkorligini tadqiq qilgan D.B.Elkonin, M.I.Lisina, shuningdek, V.A.Suxomlinskiy kabi mashhur psixologlar va pedagoglar faoliyati shuni ko‘rsatadiki, bolaning shaxs sifatida kamol topishi, axloqiy rivojlanishi, o‘quv faoliyatini ijodiy egallashda kattalar bilan bola o‘rtasidagi mahsuldor hamkorlik muhim o‘rin tutishi isbot qilingan. V.Y.Lyaudis va uning shogirdlari hamkorlikdagi mahsuldor faoliyat tarkibini sharhlashga alohida e’tibor beradilar. Uning maqsadi-o‘qishda o‘zlashtiriladigan predmetli faoliyatning hamda birgalikdagi harakat aktlarining, munosabatlari va muloqotning o‘z-o‘zini boshqarish mexanizmlarini qurish hisoblanadi. Hamkorlikdagi faoliyat predmeti o‘qish faoliyatining anglangan va umumlashgan usullari va birgalikdagi faoliyatning o‘zaro ta’siri va muloqot normalaridir. Yirik psixolog B.F.Lomov umumiy psixologiyada qabul qilingan faoliyatni tahlil qilish sxemasini ko‘rib chiqib, ushbu faoliyatni bajaruvchi individning boshqa individlar bilan hamkorligi o‘zaro ta’sirini alohida ta’kidlab o‘tadi. Muallif psixologiyada o‘zaro ta’sir faqat ijobiy hollardagina nazarda tutilishi, lekin uning sxemasi ochib berilmaganligini uqtiradi. Uning fikricha, individual faoliyatni tahlil qilgan tadqiqotchilar faoliyat subyektining boshqa odamlar bilan aloqasini mavhumlashtirganlar. Biroq bu mavhumlashtirish qanchalik muhim bo‘lishidan qat’iy nazar o‘rganilayotgan     hodisalarni   bir tomonlama       ochish imkoniyati to‘g‘risidagi fikrlar B.F.Lomov tomonidan asoslab ko‘rsatilgan. Yuksak g‘oyaviy yo‘nalishga ega bo‘lgan, umumiy maqsad, harakatlarning bir-biriga mosligi va uyushqoqligi bilan bir butun, nihoyatda hamjihat, sog‘lom hamda muayyan maqsadni ko‘zlovchi jamoani uyushtirish orqali tarbiyalash – yoshlarga tarbiya berishning asosiy tamoyillaridan biridir. Bunday yoshlar jamoasi tarbiyachining tayanch yordamchisi, tarbiyaviy ta’sirning qudratli qurolidir. Jamoa va yoshlarning bir-biriga bog‘liqligi g‘oyat darajada cheksizdir. Chunki odam shaxs sifatida tug‘ilmaydi, u individ sifatida dunyoga keladi. Odamlar ya’ni ota-onalar, atrofdagi kishilar bilan bo‘lgan muloqotda, o‘zaro munosabatlarda shaxsga aylanadi. Bu narsa yasli yoshidagi bolalar orasida o‘tkazilgan ilmiy tadqiqotlar asosida isbotlangan. Agar katta yoshdagi odamlar bola bilan munosabatda bo‘lmasalar, bola bilan “gaplashmasalar” va o‘ynamasalar, u aqliy va hissiy taraqqiyot jihatdan keskin suratda orqada qolib ketadi. Shaxs ong egasi bo‘lgan odamdir, ong esa faqat tabiiy hodisalar olaminigina aks ettirib qolmay, balki shaxs insoniyat tajribasi asosida to‘plangan narsalar bilan munosabatda bo‘ladigan ijtimoiy ong mahsulotlarini ham aks ettiradi. Bola o‘yinga adabiy qahramonga taqlid qilishiga intilishi, munozaralarda qatnashishi – bularning hammasi maktab bolasi shaxsini faolligining namoyon bo‘lishidir. Jamoada bola shaxsini tarkib topishi amalga oshadi. Bundan bola avvalo o‘zi haqida uchinchi shaxs tilidan gapiradi. Masalan: “Aqidani o‘ynagisi kelyapti”. Undan keyin bolani o‘z-o‘zini anglashining sodda shakli sifatida o‘z xarakter hislatlarini anglash yuzaga keladi. Lekin faqat yoshlar jamoasining boshqa a’zolari bilan bo‘ladigan munosabatdagina bolaning o‘z-o‘zini anglashi jamoada o‘z rolini anglash darajasigacha ko‘tariladi. Boshqalar uni “yaxshi” yoki “yomon” deb baho berishlarini tushungandan keyingina bola o‘z-o‘ziga baho berishni o‘rganadi. Mana shunday yo‘l bilan taqlid qilish yuzaga keladi. Avval qisqa muddatli, ba’zan tasodifiy jarayon sifatida, undan so‘ng esa jamoaning yetarli darajada faol ta’sir ko‘rsatishi tufayli shaxsning hislati sifatida o‘z-o‘zini tanqid qilish xislati yuzaga keladi. Shuning uchun tarbiyaning muvaffaqiyatli shartlaridan biri – shaxsni “jamoada va jamoa orqali tarkib toptirishdir”. O‘smir o‘z tengqurlari, jamoa hayoti va faoliyatida faol ishtirok etib, jamoa manfaatlarini ko‘zlab yashashiga hamda o‘z xatti-harakatlarini ana shu jamoaga bo‘ysundirishga o‘rganadi. Bola faqat jamoada va jamoa ta’siri ostida jamoa o‘zaro birdamlik munosabatlar tajribasini, ijtimoiy yo‘nalishni taraqqiy ettirish, shaxs va jamiyat o‘rtasidagi to‘g‘ri munosabatlar tajribasini egallaydi. Jamoadan tashqarida bunday sifatlarni umuman tarbiyalab bo‘lmaydi. Shuningdek, tengqurlar jamoasi shaxsning barcha ijobiy sifatlarini (kamtarlik, vijdoniylik, qat’iylik, o‘z-o‘zini tuta bilish va h.k.) tarkib toptirish va taraqqiy ettirishga ta’sir ko‘rsatadi. Jamoa yalqovlik, xudbinlik, ichi qoralik, qo‘rqoqlik, o‘z-o‘zini tuta bilmaslik, ikki yuzlamachilikni fosh qilib tashlaydi. Muvaffaqiyatsizlikdan gangib qolmaslikka ko‘maklashadi, o‘zini yo‘qotib qo‘yish, tushkunlik va o‘ziga bo‘lgan ishonchni yo‘qotishga yo‘l qo‘ymaydi, ya’ni yoshlar o‘z tengqurlari jamoasini o‘zini ko‘zguda ko‘rgandek bo‘ladi. O‘zining yaxshi va yomon hislatlarini va jamoadoshlarning yaxshi va yomon sifatlarini bilib olish bilan birga ularga va har qanday hislatlarga ijobiy yoki salbiy munosabatni aks ettiradilar. Yoshlarning o‘ziga xos xususiyatlari turlicha bo‘lishi sababli jamoaning ham tashkil topishi va uning faoliyati unga bog‘liqdir. Chunki jamoaning yo‘nalishi faqat jamoada tarkib topadi. Shuning uchun jamoa o‘zaro munosabatlar va jamoa faoliyat tajribasi shunchaki qat’iylikni emas, balki jamoa qat’iyligini, shunchaki kamtarlikni emas, balki jamoa kamtarligini tarkib toptiradi. Jamoa tarbiyaviy ta’sirining asosiy tomoni shundaki, u tarbiya subyekti sifatida namoyon bo‘ladi.   FOYDALANILGAN ADABIYoTLAR:
  1. Sayidahmedov N. Pedagogik mahorat va pedagogik texnologiya. – T.: OPI, 2003.
  2. Sultonova G.A. Pedagogik mahorat. – T.: Nizomiy nomidagi TDPU, 2005.
  3. Markova A.K. Psixologiya professionalizma. – M.: Znaniye.
  4. Muslimov N.A. Bo‘lajak kasb ta’limi pedagoglarini kasbiy shakllantirish / Monografiya. – T.: Fan, 2018.
  5. Khaliqnazarovna, A. N. (2019). FORMATION OF A HEALTHY LIFESTYLE IN THE FAMILY OF PRESCHOOL CHILDREN. European Journal of Research and Reflection in Educational Sciences Vol, 7(12).