Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

Zahiriddin Muhammad ibn Umarshayx Mirzo Bobur tavalludiga 538 yil to‘ladi

Zahiriddin Muhammad ibn Umarshayx Mirzo Bobur (1483-1530) 1483 yil 14 fevralda Andijonda tavallud topgan. O‘zbek mumtoz adabiyotining yirik vakili: buyuk shoir, tarixchi, geograf, davlat arbobi, iste’dodli sarkarda, boburiylar sulolasi asoschisi, temuriy shahzoda. Boburning otasi – Umarshayx Mirzo Farg‘ona viloyati hokimi, onasi – Qutlug‘ Nigorxonim Mo‘g‘uliston xoni va Toshkent hokimi Yunusxonning qizi edi. Bobur barcha temuriy shahzodalar kabi tarbiyachilar, yirik fozilu ulamolar ustozligida harbiy ta’lim, fiqh ilmi, arab va fors tillarini o‘rganadi, ko‘plab tarixiy va adabiy asarlar mutolaa qiladi, ilm-fanga, she’riyatga qiziqa boshlaydi. Dovyurakligi va jasurligi uchun u yoshligidan «Bobur» («Sher») laqabini oladi. Bobur otasi yo‘lidan borib, mashhur so‘fiy – Xoja Ahrorga ixlos qo‘yadi va uning tariqati ruhida voyaga yetadi, umrining oxiriga qadar shu e’tiqodga sodiq qoladi. Otasi Axsida bevaqt, 39 yoshida fojiali halok bo‘lgach, oilaning katta farzandi, 12 yoshli Bobur valiahd sifatida taxtga o‘tiradi. Bobur hukmronligining dastlabki 2-3 yilida  mavqeini mustahkamlash, bek va amaldorlar bilan o‘zaro munosabatni yaxshilash, qo‘shinni tartibga keltirish, davlat ishlarida intizom o‘rnatish kabi muhim chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Boburning dastlabki siyosiy maqsadi Amir Temur davlatining poytaxti, strategik va geografik jihatdan muhim bo‘lgan Samarqandni egallash va Movarounnahrda markazlashgan kuchli davlatni saqlash, mustahkamlash hamda Amir Temur saltanatini qayta tiklashdan iborat edi. Temuriylarning o‘zaro urushlari kuchaygan kezlarda Shayboniyxon Movarounnahrni istilo qilishga kirishadi U 1499 yili Jizzax va Samarqand orqali Qarshi va Shahrisabzgacha bosib boradi, katta o‘lja bilan Dashti Qipchoqqa qaytadi. Oradan ko‘p o‘tmay katta kuch bilan Movarounnahrga qaytgan Shayboniyxon Buxoro va Qorako‘lni egallaydi, 1500 yili Sulton Ali Mirzo kaltabinlik bilan Samarqandni Shayboniyxonga jangsiz topshiradi. Biroq, shahar aholisi va zodagonlarining ma’lum qismi temuriylar hukmdorligini tiklash tarafdori edi. Ular Farg‘ona hokimi Boburga maktub yo‘llab, Samarqandni ishg‘ol qilishga da’vat etganlar. Bobur temuriylar saltanatini himoya qilish va uni saqlab qolish uchun astoydil harakat qilib, Shayboniyxonga qarshi bir necha yil davomida muttasil kurash olib borsa-da, ammo mamlakatda hukm surgan og‘ir iqtisodiy tanglik va siyosiy parokandalik sharoitida maqsadiga erisha olmaydi. Bobur Samarqand taxti uchun kurashayotgan paytda Andijonni Sulton Ahmad Tanbal egallab oladi. Bobur 200-300 navkari bilan Hisor tog‘lari orqali Afg‘onistonga o‘tadi va u yerdagi ichki nizolardan foydalanib, G‘azni va Qobulni egallaydi. Qobulni egallagach, mustaqil davlat tuzishga jadal kirishadi, qo‘shinni tartibga keltiradi, qattiq ichki intizom o‘rnatadi. Qobulga, umuman Afg‘onistonga Bobur o‘z yurti kabi qaradi, qurilish, obodonlashtirish, kasbu hunar va qishloq xo‘jaligini rivojlantirish ishlarini boshlab yubordi. Shahar ichidagi Bolo Hisor qal’asini o‘z qarorgohiga aylantirib, uni qayta ta’mirlatdi, yangi imoratlar qurdirdi va oilasi bilan shu qal’ada yashadi. Uning Humoyun, Gulbadanbegim, Komron va Hindol ismli farzandlari shu yerda tug‘iladi. 1507 yil boshlarida Bobur Hindistonga yurish boshlaydi. Ammo bu urinishi muvaffaqiyatsiz tugab, yana Qobulga qaytadi. Bobur Movarounnahr va Xurosondagi siyosiy vaziyat va urush harakatlarini kuzatib boradi. Shayboniyxon Eronni zabt etish uchun yurish boshlaganda Bobur shoh Ismoil bilan harbiy-siyosiy  ittifoq tuzib 1511 yil bahorida Hisorni, yozida Buxoroni, oktabr boshlarida Samarqandni yana qo‘lga kiritadi. 1512 yil 24 noyabrida G‘ijduvon jangida Bobur shayboniylardan yana yengilib, Qobulga qaytishga majbur bo‘ladi. Movarounnahrni egallash ilinjidan uzil-kesil umidini uzadi va butun e’tiborini Hindistonga qaratadi. 1519 yil bahorida Hindistonnni zabt etish rejalarini amalga oshirishga kirishadi va keyingi 5-6 yil davomida bir necha yurishlar uyushtiradi. Nihoyat, 1526 yil aprelda Panipatda asosiy raqibi, Dehli sultoni Ibrohim Lo‘diyning yuz ming kishilik qo‘shinini 12 minglik askar bilan tor-mor qiladi hamda Dehlini egallaydi, ko‘p o‘tmay Hindistonning Bengaliyagacha bo‘lgan qismini o‘ziga bo‘ysundiradi. Agrani o‘ziga poytaxt sifatida tanlagan Bobur katta qurilish va obodonlashtirish ishlarini boshlab yuboradi. Shu tariqa uch yarim asrga yaqin hukm surgan qudratli boburiylar sulolasiga asos soladi. Bobur Hindistonda ham, xuddi Afg‘onistonda bo‘lganidek,  ko‘plab ijtimoiy-xayrli ishlarni amalga oshirdi, mamlakat taraqqiyotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi. Tarqoqlik va parokandalikka, o‘zaro ichki nizo, qirg‘inlarga barham berib, viloyatlarni birlashtirdi, markazlashgan davlatni mustahkamlash va yurtni obodonlashtirishga, ilmu hunar va dehqonchilikni rivojlantirishga katta e’tibor qaratdi. Qurilish ishlariga boshchilik qildi. Boburning o‘z guvohligiga ko‘ra, shoir sifatida ijodiy faoliyati Samarqandni ikkinchi marta egallagan vaqtda boshlangan; «Ul fursatlarda biror-ikkirar bayt aytur edim», deb yozadi u. Bobur Samarqanddaligining ilk oylarida Alisher Navoiy tashabbusi bilan ular o‘rtasida yozishma boshlanadi. Bobur atrofida ijodkorlar to‘plana boshlashi ham shu yillarga to‘g‘ri keladi. O‘tmish adabiyot va tarix, musiqa va san’atdan yaxshi xabardor bo‘lgan, diniy ta’limotga chin ixlos qo‘ygan Bobur har doim olimu fuzalolar davrasida bo‘ldi, xususan ijod ahliga, kasbu hunar sohiblariga samimiy ehtirom ko‘rgazib homiylik qildi, ularni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirib turdi. Bobur tabiatan ijodkor edi. Yigitlik yillaridan boshlab to umrining oxirigacha samarali ijodiy ish bilan shug‘ullandi, har qanday sharoit va zaziyatlarda ham ijoddan to‘xtamadi, natijada har jihatdan muhim boy ilmiy va adabiy meros qoldirdi. Boburning ulkan san’atkorligi shundaki, shaxsiy kechinmalarini jiddiy umumlashma darajasiga ko‘tara oladi va natijada, asarlarida olg‘a surilgan g‘oyalar umuminsoniy qadriyatlar darajasiga ko‘tariladi. Bobur ijodida, xususan, she’riyatida kindik qoni to‘kilgan ona yurtini dil-dildan qo‘msash, uning tuprog‘iga talpinish, g‘ariblik azoblaridan o‘tli hasrat, yoru diyor sog‘inchi va visol ilinji, taqdir zarbalari va turmush uqubatlari, zamona nosozliklaridan nola badiiy tahlil etiladi. Hozirda uning 119 g‘azali, bir masnu she’ri, 209 ruboiysi, 10 dan ortiq tuyuq va qit’alari, 50 dan ortiq muammo va 60 dan ziyod fardlari aniqlangan. Devoni tarkibida umumiy hajmi 270 baytdan iborat 8 masnaviy ham o‘rin olgan. 1526 yil 21 dekabrda Boburga qarshi suiqasd uyushtiriladi. Mahv etilgan Ibrohim Lo‘diyning onasi oshpazlar bilan til biriktirib, uning ovqatiga zahar qo‘shtiradi. Shuning asoratimi yoki ko‘p yillik mashaqqatli va qo‘nimsiz hayot ta’sirimi, har holda keyingi yillarda Bobur tez-tez kasalga chalinib turadi. 1527 yil oktabrda Bobur yana xastalikka uchragach, umrining oxirlab qolganini his etadi. Shunda Bobur o‘zi e’tiqod qo‘ygan Xoja Ahror Valiy ruhidan najot tilab, ixlos bilan uning nasrda bitilgan «Volidiya» asarini she’riy tarjima qiladi. Boburning mohir tarjimon sifatidagi qobiliyati namoyon bo‘lgan 243 baytli bu asar katta ijodiy ilhom bilan juda qisqa muddatda yakunlangan. Boburning o‘z e’tiroficha, tarjima tugashi hamonoq batamom sog‘ayib ketgan. Bu yillarda u «Boburnoma» fasllari ustida ishlashni davom ettirdi, yangi-yangi g‘azal-ruboiylar yaratdi, o‘z iborasi bilan aytganda, «Hindistong‘a kelgali aytqon ash’orni» tartibga solib, shuningdek, «Volidiya» tarjimasini, «Xatti Boburiy» bilan bitilgan namuna va qit’alarni Movarounnahr va Afg‘onistonga, Humoyun, Xoja Kalon, Hindollarga yubordi. Humoyun Mirzoga atalgan ijtimoiy-axloqiy masalalarni tahlil etuvchi mashhur maktubi ham Bobur ijodiy faoliyatining yorqin qirralaridan biri bo‘ldi. Bir necha muddat oldin podsholikni Humoyunga topshirgan Bobur 1530 yili  47 yoshida o‘zi asos solgan saltanat poytaxti Agrada vafot etdi va o‘sha yerda dafn etildi, keyinchalik 1539 yilda vasiyatiga muvofiq hoki Qobulga keltirilib, o‘zi bunyod ettirgan «Bog‘i Bobur»ga qo‘yildi.