Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

9-may Xotira va Qadrlash kuni…

Muqaddam Ashrapova: “Noma’lum askar” degan atama menga og‘ir botadi. Nega u noma’lum bo‘lsin… (G‘alabaning 75 yilligiga)  O‘zbekiston fan arbobi, tibbiyot fanlari doktori, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, janggohlarda shifokor sifatida ko‘rsatgan jasorati uchun o‘z vaqtida qator orden, medallar bilan taqdirlangan Muqaddam aya Ashrapovani ilk bor ustozimiz Zulfiyaxonimning xonadonida ko‘rganman. Aya ustozimiz bilan yaqin edi. Ilk ko‘rishuvimizda shoira odatdagidek barcha shogirdlari qatori Muqaddam ayaga meni ham yaxshi gaplar bilan tanishtirgan, shuning uchun u kishining yodida qolgan bo‘lsam kerak, keyinchalik “Saodat” jurnalining topshirig‘i bilan uyiga borib suhbatlashish uchun ijozat so‘raganimda darrov rozi bo‘lgan. Men o‘sha va undan keyingi suhbatlar natijasida Muqaddam Ashrapova haqida bir necha maqolalar yozganman. Qat’iyatli, shiddatli, iste’dodli bu ayolning 1943 yil fevral oyida ko‘ngilli bo‘lib frontga ketgan, Moskva janggohlaridan boshlangan askarlik (u kishi frontda shifokorlik qilgan bo‘lsa-da, urushda hech bir ishtirokchining ma’suliyati askarnikidan kam bo‘lmasdi) yo‘li Kursk, Orel, Lvov, G‘arbiy Ukraina hududlarida davom etdi. Urushda oddiy odam bo‘lib yashab bo‘lmaydi. Uning har bir kuni, har soniyasi qo‘rquvni yengishni, jasoratli bo‘lishni talab qiladi. Chunki sen har lahzada jon qayg‘usini his etasan, yoningda hozirgina o‘q otayotgan askar birdan mina ostida qoladi. Oyoq-qo‘llari parcha-parcha bo‘lib sochilib ketadi. Sening yuraging ham mayda-mayda bo‘ladi, bo‘g‘zingga yosh tiqilib keladi. Shu gunohsiz jon uchun opa, singil o‘rnida ham yig‘laging keladi, ammo boshqa yarador ingrab yotadi. Sen maydalangan ruhingni yig‘ishing, butun yurak bilan yaradorni panaroq joyga yelkalab, sudrashing kerak… Muqaddam ayaning hikoyalarini ta’sirlanib, hayajon bilan tinglaganman (Aya adabiyot, san’atni juda sevar, ko‘p kitob o‘qirdi, Zulfiya opa bilan yaqinligi ham shundan bo‘lsa kerak). Eshitganlarimni hayajon ohorini to‘kmay qog‘ozga tushirganimda Muqaddam Ashrapova timsolida Ikkinchi jahon urushida sapyor, aloqachi, razvedkachi, shifokor sifatida ishtirok etgan o‘zbekistonlik 4,5 mingdan ziyod xotin-qiz fidoyiligini ham alohida ta’kidlashga harakat qilganman. Aslida ayol va urush bu hayotning qarama-qarshi qutblaridir. Oila tinchligi, farzandlar salomatligi ayol uchun har narsadan muhim. Shuning uchun ularni kesilgan sochi ustidan pilotkani bostirib kiyib, ter va qon hidi qotgan gimnastyorka, askarlarcha etiklarda tasavvur qilish qiyin. Lekin bizning ayollarimiz shu kiyimni kiygan. – Aytishga oson, – degan edi Muqaddam aya. – Ayollarga aynan ayol bo‘lgani uchun urushda yurish erkaklarga qaraganda bir necha marta qiyin bo‘lgan. Agar o‘sha paytlari menga sizga o‘xshagan jurnalist to‘g‘ri kelib: – O‘rtoq shifokor, hozir nimani orzu qilyapsiz? – desa: – Onajonim tikib bergan, jiyda gulinikiga o‘xshagan xushbo‘y hid gurkirab turgan top-toza o‘rin-ko‘rpamda manovi la’nati jang maydonlaridan uzoqda tinchgina uxlashni orzu qilyapman, degan bo‘lardim… Lekin shunday orzular qilsa ham, Muqaddam aya va boshqa minglab ayollar jang maydonini tashlab ketmadi. Burch, mas’uliyat, or-nomus barcha istaklardan ustun keldi va bugun 75 yilligi nishonlanayotgan G‘alabada huzur-halovatdan kechib qilingan fidoyilikning katta hissasi bor. Men bugun xotiram daftarlarini xayolan varaqlab, Muqaddam Ashrapova aytgan, biroq avvallari maqolamga sig‘may qolgan ba’zi fikrlarni topdim, ular ortidagi hikmatni endi anglagandek bo‘ldim va aynan shuning uchun yana aya haqida yozgim keldi. – Bilasizmi, qizim, “Noma’lum askar” degan atama menga og‘ir botadi. Garchi unga atab haykal qo‘yilgan bo‘lsa-da, bu atamada birorta shakl-shamoyil ko‘rmayman. Masalan, Sovet Ittifoqi Qahramoni, deganimizda ko‘z oldimizga yovqur, yonib turgan bir jangchi keladi. Suvrat bo‘lsin, haykal, byust bo‘lsin jonliday qabul qilamiz. Ammo “Noma’lum askar” o‘z oti bilan noma’lum… Axir, ota-onasi, qadrdon uyi bag‘ridan fashizmga qarshi urush uchun ketgan yigit ma’lumku, uning ismi bor, kimligi aniq. Deylik, urushda halok bo‘ldi, jasadi ham topilmadi. Yo asir tushdi. Baribir nega u noma’lum bo‘lsin? Bir marta jangga kirgan bo‘lsayam, bitta o‘q otgan bo‘lsayam, u frontga bordi… Aynan shunday fikrlari bo‘lgani uchun bo‘lsa kerak, O‘zbekistonda Xotira kitobi yaratilganida Muqaddam aya rosa suyungan edi. “Agar astoydil izlansa, hech kim noma’lum bo‘lmaydi”, degan edi. Darhaqiqat, mana bugun tarix qavatlaridan qancha-qancha fidoyilarning ismi yarqirab chiqib kelyapti. Janggohlarda ishtirok etgan, izlanishlar samarasi o‘laroq topilgan har yangi ism bizning “O‘zbekistonning bu G‘alabada ulkan hissasi bor”, degan ishonchimizni mustahkamlayapti. Darvoqe, G‘alabadagi hissa… – Ittifoq tarkibidagi boshqa, ayniqsa, Belarus, Ukraina, kabi respublikalardan bu urushda ayollar ko‘proq ishtirok etgan, degan fikr yuradi. Sanoqda bo‘lsa bordir, lekin yurtimizda qolgan opa-singillarimiz ham bu urushda sirtdan ishtirok etdi. Bizning askarlarimiz konvertlar ichiga quritilgan gul yaprog‘i solingan xatlar olishar edi. Posilkalarda kashtali ro‘molchalar kelardi. Ulardan qalampir-munchoq hidi gurkirab turardi. Kelinchak eriga, opa inisiga, singil og‘asiga, sevgilisiga… Aslo “Urushdan qochib kel, sen bizning ko‘zimizning oqu qorasisan, joningni asra!” deb xat yozmagan. Barcha xatlarda “G‘alaba bilan qaytishingizni kutyapmiz” degan xitob bo‘lardi. O‘zim gospitallarda nechtasini askarlarga o‘qib berganman. Qizlar, kelinchaklarimizni hijron shoir qilib yuborgan, she’rlar to‘qishardi… Yigitlarimiz okoplarda aytib yurardi bu she’rlarni, kashtali ro‘molchalarni tumordek ko‘krak cho‘ntaklarida asrabdi… Muqaddam aya bu gaplarni gapirar ekan, men kinolarda ko‘rganim, kitoblarda o‘qiganim ko‘krak burma ko‘ylak kiyib, sochlarini chambarak qilib dalada ishlayotgan urush yillari ayollari ko‘z o‘ngimda ulkanlashib borardi. Yana va yana savol bergim, tasavvurlarimni to‘ldirgim kelaverardi. – Ayajon, urushda qariyb ikki yildan ziyodroq bo‘libsiz. Tug‘ilgan kunlarni o‘tkazar edik, yigitlar bizga o‘rmon gullarini sovg‘a qilardi, deyapsiz… Odam bolasi hamma narsaga ko‘nikadi, urushga ko‘nikish, uni odatiy hayot sifatida qabul qilish mumkinmi? Aya bu savolimga keskin ravishda: – Yo‘q! – deb javob bergan edi. – Alloh insonni hayot uchun yaratadi, urush esa g‘ayrioddiy, g‘ayriodatiy, g‘ayriinsoniy hodisa. Qahramonliklar, jasoratlar yaratadi, deb urushga zinhor yon bosmaslik kerak. Farzandlarimiz ruhiyatida bolalikdan urushga nafrat uyg‘otish zarur. Shuning uchun urush haqida gapirganda, yozganda xolis bo‘lish kerak. Askarlarning irodasi, bardoshini toblashi, vijdoni, iymonini imtihondan o‘tkazishi barobarida odamkush ekanini, shafqatsiz ekanini, vayronlar, barbodliklar doyasi ekanini, albatta, aytish kerak… … Hozir eslab yozayapmau qorachadan kelgan bodomqovoq bu ayol yelkamdan qarab, yozuvlarimni kuzatib turgandek… Urushdan qaytib kelgach, fan nomozdi, fan doktori darajalariga erishib, mohir jarroh sifatida qancha insonlarning hayotini uzaytirgan, o‘nlab olim, olimalarga ustozlik qilgan bu ayolning samimiy suhbatlarida hammamiz, ayniqsa, urush ko‘rmagan, tinchlik qadrini bilishi shart bo‘lgan yoshlar uchun ajoyib ibratlar bor. Demak, ularga qaytaveramiz. Qutlibeka Rahimboeva (O‘zA)