2018 yil 28-mart Jizzax davlat pedagogika instituti kichik majlislar zalida “O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 14 martdagi “Xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash to’g’risida”gi Nizomini tasdiqlash haqida”gi 200-son qarori ijrosini ta’minlash va institutda xotin-qizlar bilan olib borilishi zarur bo’lgan ishlarga qaratilgan umumiy yig’ilish bo’lib o’tdi.
Yig’ilishni institut ma’naviy-ma’rifiy ishlar prorektori F.Axmedov ochib berdi. F.Axmedov o’z nutqida institut xotin-qizlaridan noroziligini, bunga tegishli chora ko’rilmasa yaxshi natijaga olib kelmasligini aytib, institutda kiyinish, muomala madaniyati izdan chiqib ketayotganligini, ayrim professor-o’qituvchi ayollarning o’zlariga tarbiya zarurligini ta’kidladi. Institutda ma’naviy-axloqiy tarbiyaga birinchi o’rinda o’qituvchi ayollar undan so’ng talaba-qizlar javob berishlarini, talaba-qizlarning kiyinishi va talabaligini bildirib turuvchi beyjikda institutga kirib kelishini ta’minlashni, har bir o’qituvchi ayol darsni boshlashdan oldin besh daqiqa odob-axloq, ma’naviy tarbiya haqida gapirib, talaba-qizlarning kiyimi, soch turmagi, eng asosiysi auditoriyaning tozaligiga e’tibor qaratib keyin darsni boshlashi lozimligini uqtirdi. Talaba-qizlarning institut hududida bemalol noo’rin gaplarni gapirib yurishi, telefonda har xil shaxsiy muammolarni hal qilishi, o’zlarini oliy dargohda emas xuddi parkda yurganday xis qilishlarini to’xtatishi shartligini aytib, bu hol yana takrorlansa qat’iy chora ko’rilishini ta’kidladi.
F.Axmedovning kirish so’zidan so’ng institut xotin-qizlar qo’mitasi raisi Z.Abduvaliyeva institutda olib borilishi zarur bo’lgan ishlar to’g’risida ma’ruza o’qidi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan xotin-qizlarga ulkan sharoitlar yaratilganligi, jumladan, 2018 yil 2 fevralda “Xotin-qizlarni qo’llab-quvvatlash va oilaviy hayotga tayyorlash to’g’risida” gi farmoni, O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkmasining 2018 yil 14 martdagi “Xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash to’g’risida”gi Nizomni tasdiqlash haqida”gi 200-son qarori mazmun-mohiyatini tushuntirib o’tdi. Mana shunday sharoitlarga shukur qilmasdan ba’zi talaba-qizlarimiz o’z vaqtlarini bexuda narsalarga, behuda ishlarga sarflab, o’qishni, ta’lim olishni chetga surib, turli xil o’zlariga yarashmaydigan kiyimlarni kiyib, sochlarini yoyib, sharm-hayoni unutib qo’yayotganliklari haqida gapirdi. Institutda beandisha talaba-qizlarga mutlaqo o’rin yo’qligini, ular avval ota-onasidan tarbiya olib kelishlarini ta’kidladi. Pedagog degan ulug’ nomga ega bo’lish oson emasligi, institutga o’qishga kirish faqatgina diplom olish emas, o’z ustida muntazam ishlash, nafaqat fanlarni bajarish, balki qo’shimcha mashg’ulotlar, pazandachilik, tikuvchilik, ilmiy ijodkorlik, badiiy xavaskorlik bilan xam shug’ullanish kerakligini talaba-qizlarga uqtirdi. Bundan tashqari institutimizda ancha yillardan buyon faoliyat ko’rsatib kelayotgan “Orasta qizlar” to’garagi endilikda “Qizlarjon” klubiga o’zgarganligi, bu klubni tashkil qilishdan asosiy maqsad talaba-qizlarning bir-birlariga mehr-oqibatli, jonkuyar bo’lishligini ta’minlash ekanligini aytib o’tdi. Qiz bolaning hayosi uning yuzida, kiyinishida, yurish-turishida, odobida bilinishini ta’kidlab, barcha fakultetlar xotin-qizlar qo’mitalari raisalariga birinchi navbatda talaba-qizlarning kiyinishini qattiq nazoratga olish shartligini ta’kidlab so’zini yakunladi.
Z.Abduvaliyevaning nutqidan so’ng O’zbek tili va adabiyoti fakulteti xotin-qizlar qo’mitasi raisi D.Salimova institutda professor-o’qituvchilar va talaba-qizlarning odob-axloq qoidalariga qay darajada amal qilishlari haqida qisqacha to’xtaldi. Odob-axloq qoidalarini viloyatimizdagi boshqa oliy dargohlar talaba-qizlari misolida tushuntirib o’tdi. Talaba-qizlarga salomlashish, kiyinish, kattalarga yo’l berish, o’ng qo’ldan yurish qoidasiga muntazam amal qilish, institut hududida baland ovozda gaplashmaslik, o’rinsiz kulishlarga chek qo’yish kabilarga alohida to’xtladi. Talaba-qizlarni bo’sh vaqtlarida kitob o’qishga chorladi. Eng yaxshi va eng yaqin do’st kitob ekanligini aytib o’tdi.
Yig’ilish davomida chet tillar fakulteti xotin-qizlar qo’mitasi raisi T.Ravshanova so’zga chiqib, talaba-qizlarning xulqi va odobi haqida gapirdi. Talaba-qizlar dars davomida talaba-yigitlar bilan bir joyga o’tirib bemalol gaplashishlari, unisi yetmaganday telefonda xar xil narsalar tomosha qilishlarini, darsga mutlaqo befarq o’tirishlarini, bu holat davom etaversa, talaba-qizlar kelajakda qanday qilib maktab, kollejlarda dars berishi haqida kuyib gapirdi. Sharm-hayosi yo’q ayrim talaba-qizlar haqida hayotiy misollar keltirdi. Qizlarga yigitlar bilan rasmga tushavermaslik, o’zlarini qiz boladay tutishi to’g’risida qayta-qayta to’xtaldi. Institutda a’lo baxolarga o’iqyotgan, turli xil tanlovlar g’olibalari, turli nomdor stipendiya sohibalariga ergashish, ulardan ibrat olishni uqtirdi.
Yig’ilishda institut o’quv bo’limi uslubchisi B.Karimova, ilmiy bo’lim muhandisi G.Soliyeva, talabalar turar joyi tarbiyachisi A.Xabibova o’z fikr-mulohazalarini bildirib o’tdilar. B.Karimova talabalar institut hududiga qo’l tefonini olib kirmasligini qat’iy nazoratga olishni yo’lga qo’yish lozimligini ta’kidlagan bo’lsa, ilmiy bo’lim muhandisi G.Soliyeva iqtidorli talaba-qizlar bazasini dastlab fakultetlararo shakllantirib, so’ngra institut miqyosida, alohida ko’rgazma qilib o’ttkazish haqida taklif kiritdi. Ko’rgazmada talaba-qizlar o’zlarining yaratgan ijod namunalari bilan ishtirok etishlarini aytib o’tdi. Talabalar turar joyi tarbiyachisi A.Xabibova bu ko’rgazmani talabalar turur joyida ham tashkil qilishini, bunga alohida dastur ishlab chiqishini ta’kidladi. Shu bilan bir qatorda TTJ da turli mavzularda tanlovlar o’tkazilayotganligi, turli mavzularida davra suhbatlari tashkil etilayotganligi, navbatchilik jarayonida kafedra o’qituvchilari va fakultetlar xotin-qizlar qo’mitasi raislari tomonidan haftaning payshanba kunlari tashkil etilayotgan navbatchiliklarida turli tadbirlar o’tkazilib kelinayotganligi to’g’risida gapirdi. TTJ da “Navro’z” bayrami munosabati bilan faol talabalar tashabbusi asosida “Sumalak sayli” tadbiri o’tkazilganligi haqida fikr bildirdi.
Yig’ilish yakunida talaba-qizlar tomonidanberilgan savollarga ma’ruzachilar atroflicha javob berishdi.