Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

3+1 qo'shma ta'lim dasturi

Belarus davlat pedagogika universiteti bilan qo'shma ta'lim dasturiga marhamat!

Konstitutsiya asosiy qonunimiz!

8-dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni

Yuksak vatanparvarlik tuyg‘usi aks etgan qasida!

10-dekabr — O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun

Yangi yil — yangi marralar sari imkoniyat!

Kirib kelayotgan yangi 2024-yilingiz muborak bo’lsin!

Xotira muqaddas – inson qadri aziz!

9-may — Xotira va qadrlash kuni

JDPU 50 yoshda!

Jizzax davlat pedagogika universitetining 50 yoshlik yubileyi muborak bo‘lsin!

Chumqor tog‘ va tog‘ oldi tekisligida ekoturizmni rivojlantirish yo‘llari

G‘o‘dalov M.R – JDPU dotsenti mirkomilgudalov78@gmail.com Quvondiqova Shohista-JDPU 3-kurs talabasi Annotsiya: Chumqor tog‘ va tog‘ oldi tekisliklarining tabiati ekoturizmni rivojlantirish maqsadi o‘rganildi va tahlil qilindi. Kalit so‘zlar: Chumqor tog‘, G‘o‘ralash dovoni, Oyqor tog‘lari, turistlar tashrifi, ekomarshrut, chang‘i sport kompleks, tabiiy va tarixiy yodgorliklar. Chumqor tog‘ G‘o‘ralash dovonidan boshlanib, uzunligi 70 km ni tashkil qiladi. Chumqortog‘ g‘arbdan sharqqa qarab cho‘zilgan bo‘lib, Zarafshon va Sangzor daryo havzalari o‘rtasida suvayrig‘ich vazifasini bajaradi. Chumqortog‘ning suvayrig‘ich qismi, sharqda G‘o‘ralash daryosining Langarsoy va Urmitan (Zarafshon daryosining havzasi) daryolarini ajratib turuvchi G‘o‘ralash dovonidan boshlanadi. G‘o‘ralash dovondan boshlab shimoli-g‘arb tomon yo‘nalib, Urmitan (3102 m) dovoni, Bozorxonim cho‘qqisi (3405 m), Qamchiq (2868 m) dovoni kuzatiladi. Nomsiz dovonda (3210 m) Chumqortog‘ janubga qarab buriladi. Lattaband (1995 m) dovonidan janubi-g‘arbga qarab pastlashib ketadi. Eng g‘arbiy chekkasida Formontepa va Qurama qishloqlari atrofida uning balandligi 900 m ga pastlashadi. Chumqortog‘ tizmasining shimoliy yonbag‘riga nisbatan tik va qisqadir. Molguzar tizmasi Chumqortog‘dan shimolga 35-400 gradus burchak bilan ajralib ketib, Sangzor daryo havzasini shimol va shimoli-sharqdan chegaralab turadi. Bu tog‘ tizmasini Chumqortog‘dan o‘zining shimoli-g‘arb tomon yo‘nalishi va uning gipsometrik balandligi (sharqda 2600 m dan, g‘arbda 900 m gacha) katta emasligi bilan ajralib turadi. Tizmaning janubiy yonbag‘ri tik va ko‘pincha qoyali. Shimoliy yonbag‘ri janubiga nisbatan ancha uzun, ayniqsa o‘rta va pastki qismida yotiqdir. Chumqortog‘ning eng yuqori qismlarini mahalliy aholi Oyqor tog‘lari deb ataydi. Chumqortog‘ning Oyqordan ham balandroq bo‘lgan cho‘qqilari ko‘p bo‘lsada, ular ichida Oyqor tabiatining go‘zalligi bilan ajralib turadi. Oyqorning gumbazsimon cho‘qqisi so‘ngan vulqon konusini eslatadi va uzoqdan qaragan kishida, ajoyib taassurot qoldiradi. Cho‘qqi ufq ustida o‘zining tik yonbag‘irlari bilan muallaq turgandek ko‘rinadi. Oyqor cho‘qqisi yozning faqat ikki oyidagina qor qoplamidan holi bo‘ladi. Bu davrda yonbag‘irlarni qalin o‘t va gullar gilami qoplaydi. Boshqa vaqtlarda, hatto vodiyda saraton jaziramasi boshlangan davrda ham uning cho‘qqisida qor bo‘ladi. Oyli tunlarda qor qoplami o‘zidan sehrli oq nur taratgandek bo‘ladi. Shimolga qaragan baland tik yonbag‘ir o‘zgacha, yorqin oy nuriga cho‘madi. Oyqorning dengiz sathidan 3200 m balandda bo‘lgan ulkan gavdasi, bunday tunlarda oy nurida billurdek yaltiraydi. Ayniqsa, to‘lin oy kechalarida ajoyib va takrorlanmas manzara hosil qiladi. Bu manzarani tomosha qilib, Oyqor nomi bejiz berilmaganligiga ishonch hosil qiladi. Shu o‘rinda taʼkidlash lozimki, Oyqor tog‘lari to‘g‘risida ko‘plab afsona, hikoya va hatto qo‘shiqlar ham to‘qilgan. Oyqor tog‘lari hozirgi zamon yozuvchilari o‘rtasida ham mashhur bo‘lib, Mamadiyor Sherbekov va Nurali Qobul kabi yozuvchilar asarlarida ham to‘xtalib o‘tilgan. Shuningdek, Oyqor haqida IX-XII asrda yashab, ijod qilgan arab sayyohlari asarlarida va Zahriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarlarida ham tilga olib o‘tilgan. Oyqor tog‘larining go‘zalligini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan saʼnatkor, u haqda ijod qilmaslik mumkin emasligini tushunadi. Hozirgi vaqtda Oyqor tog‘lari, tabiat qo‘ynida dam oluvchilar uchun ajoyib tog‘ maskanlardan biri bo‘lib, bu yerni tabiatini tomosha qilish va dam olish uchun, nafaqat Jizzax viloyatidan balki O‘zbekistonning turli burchaklaridan sayyohlar tashrif buyurishmoqda. Bu hududda yil davomida dam olishni tashkil qilsa bo‘ladi. Agar tog‘ oldi hududi yaxshi o‘rganilib, yo‘llar solinsa, tabiiy va tarixiy yodgorliklar taʼmirlansa, sayyohlar uchun ekomarshrut yo‘nalishlari tuzib chiqilsa, turistlar tashrifi keskin ravishda ortar edi. Kelajakda Oyqor tog‘larida qishki chang‘i sport kompleksini tashkil qilish har tomonlama foydali bo‘lar edi. Sababi, qorning uzoq vaqt saqlanib turishi, chang‘i sport kompleksdan deyarli 5 oy, yaʼni noyabrdan mart oyigacha foydalanish imkoniyatlari bor. Bu loyihalar amalga oshirilsa qilingan xarajatlarni to‘liq qoplashi va qolaversa, yaxshigina foyda ko‘rish imkoniyatini ham beradi. Chumqortog‘lari va Sangzor havzasi turistik hududiga kelgan sayyohlar uchun bir necha turdagi ekomarshrut yo‘nalishlarini taklif etish lozim. Jumladan, piyoda yoki otlarda Oqtoshsoy, Kattasoy va Ko‘ktepa dovoniga (2600 m) hamda Baxmalsoydan boshlanib to G‘o‘ralash dovonigacha avtomobillarda boriladigan ekomarshrut yo‘nalishlarini misol tariqasida keltirish mumkin. Jizzax vilooyatining janubiy turistik hudud hisoblangan Chimqortog‘ va Sangzor havzasi hududida o‘tgan asrning 60 yillaridan boshlab bir qancha dam olish maskanlari va bolalar oromgohlari qurilgan. Bularga Ko‘kjar qishlog‘idagi Navoiy tog‘-metallurgiya kombinati tomonidan qurilgan “Tog‘ havosi”, “Bolalar” oromgohi, shuningdek, Uzunbuloq qishloqidagi “Do‘lana”, Mo‘g‘ol qishlog‘idagi “Mingchinor”, Baxmal xo‘jaligidagi “Terakli” bolalar oromgohlari misol bo‘ladi (Rauf Rahim, 2009 y). Eng achinarli tomoni shundaki, bu oromgohlarning biror-bittasi ham hozirgi kunda faoliyat yuritmayapti. Yozuvchi Rauf Rahim iborasi bilan aytilganda “butun Baxmal hududi oromgohlardan iborat” deyiladi. Haqiqatdan ham, tog‘ havosi va ekzotikaga boy tabiati bu yerga keluvchi sayyohlarni qiziqishlariga doimiy ravishda sabab bo‘lgan. Kelgusida bu hududda bolalar oromgohi faoliyatini qayta tiklash va qolaversa yangi oromgohlar tashkil qilish lozimdir. Bu yerda turli kasalliklarni davolashga ixtisoslashgan sanatoriyalar va dam olishga ixtisoslashgan sanatoriyalarni barpo etish har tomonlama foydali bo‘lar edi. Shuningdek, qisqa mudatda dam oluvchilar uchun kempinglar va uy mehmonxonalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq deb o‘ylaymiz. Foydalangan adabiyotlar
  1. Alibekov L.A. Inson va tabiat. Darslik. Samarqand: SamDU, 2020 y
  2. Og‘a Burgutli. Jizzax viloyati ziyoratgohlari. – T.: “Fan”, 2008 y.
  3. Hakimov Q, G‘o‘dalov M. Jizzax viloyati geografiyasi. Jizzax: “Sangzor”, 2004 G‘o‘dalov M. R. Jizzax viloyati tabiati va uni muhofaza qilish. – T.: “Fan va texnologiya”, 2014 y
  4. 5. G‘o‘dalov M.R., Normatova M. Jizzax viloyatining turistik hududlari. Zamonaviy ijtimoiy-iqtisodiy geografiya: yutuqlar, muammolar va istiqbollar.Respublika ilmiy-amaliy konferensiya materallari. Toshkent: 2013 y.
  5. G‘o‘dalov M.R., Hazratqulov H. Jizzax viloyatida turizmni rivojlantirish istiqbollari. Geografiyaning mintaqaviy muammolari. Respublika ilmiy-amaliy konferensiya materallari. Jizzax 2017 y.
  6. G‘o‘dalov M.R. Jizzax viloyatida turizmni rivojlantirishda klaster usulini tadbiq etish yo‘llari. Tafakkur ziyosi // Ilmiy-uslubiy jurnal.-2018, №2. 93-95 b.
  7. G‘o‘dalov M.R., Muxamedov O.L. Tabiatni muhofaza qilish: muammo va yechimlar. Guliston 2021