MA’NAVIY-AXLOQIY FAZILATLARNING IJTIMOIY- TARIXIY ASOSLARI
Dilnoza Umirzaqovna Jumanazarova – p.f.n., dosent.
Jizzax DPU. Tel +998933006884
Annotasiya. Ushbu maqolada ma’naviy-axloqiy fazilatlar, xislatlar va sifatlar hamda ularning aksi bo’lgan ma’naviy-axloqiy noqisliklar, qusurlar va ayblar, ularning inson faoliyatida va axloqida namoyon bo’lib borishi to’g’risidagi fikrlar tahlilga tortilgan. Shuningdek, ma’naviy-axloqiy fazilatlarning ijtimoiy-tarixiy va pedagogik-psixologik asoslari xususida fikr yuritilgan.
Kalit so’zlar. Ma’naviy-axloqiy fazilat, ma’naviy-axloqiy noqislik, ibratlilik, oriyatlilik, xislatlar va sifatlar, qusurlar va ayblar.
Абстрактный. В данной статье анализируются мнения о духовно-нравственных добродетелях, свойствах и качествах и их противоположностях, морально-нравственных недостатках, недостатках и пороках, их проявление в человеческой деятельности и нравственности. Также обсуждались социально-исторические и педагогико-психологические основы духовно-нравственных качеств.
Ключевые слова. Духовно-нравственная добродетель, духовно-нравственная неполноценность, образцовость, нравственный характер, черты и качества, недостатки и пороки.
Abstract. In this article, the ideas about spiritual and moral virtues, characteristics and qualities and their reflection, spiritual and moral defects, defects and faults, and their manifestation in human activity and morality, are analyzed. Also, the socio-historical and pedagogical-psychological foundations of spiritual and moral qualities were discussed.
Key words. Spiritual and moral virtue, spiritual and moral deficiency, exemplary, moral character, traits and qualities, defects and faults.
Ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari jamiyat taraqqiyotining har bir bosqichida o’zining dolzarbligi bilan ijtimoiy taraqqiyotning yangilanish, yangi bir pog’onaga ko’tarilish davrida, sifat o’zgarishlari ro’y berayotgan davrda yanada ham kuchayadi. Chunki jamiyatning sifat jihatidan yangi pog’onaga ko’tarilishi ma’naviyatning, axloqiylikning yanada yuksalishini talab etadi, faqat tarbiya orqaligina har bir jamiyat a’zosiga yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlar singdiriladi. Ana shular evaziga insonning ijtimoiy faolligi oshadi, ma’naviy-axloqiy tarbiyasi o’zgaradi. Bu esa jamiyatning navbatdagi taraqqiyotini yanada tezlashtiradi.
Ma’naviy-axloqiy tarbiya yuksak ma’naviyatning asosi, yuksak ma’naviyat esa har qanday davlatning negizi ekanligini hisobga olsak, hozirgi yangi O’zbekistonda milliy qadriyatlarimizni yanada yuksaltirish, yoshlarda yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarni rivojlantirish davlat siyosati darajasiga ko’tarilgani ham bejiz emas albatta. Darhaqiqat prezident Sh.M.Mirziyoyev ta’kidlaganidek, – “…jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo’lsa, uning joni va ruhi – ma’naviyatdir. Biz yangi O’zbekistonni barpo etishda ana shu ikkita mustahkam ustunga, ya’ni, bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyotga hamda ajdodlarimizning boy merosi, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan kuchli ma’naviyatga tayanamiz”[1].
Mazkur strategik g’oyaning ustuvor vazifalaridan kelib chiqqan holda xalqimiz, ayniqsa, o’nib-o’sib kelayotgan yoshlarimizga, umuman keng jamoatchilikka qadimdan shakllanib kelgan milliy an’analarimiz, urf-odat va marosimlarimizni betakror tariximizning ajralmas qismi, moddiy va ma’naviy qadriyatlarimizning asosi sifatidagi o’rnini ko’rsatmog’imiz lozim.
Insoniyatning tarixiy-hayotiy tajribalari shuni tasdiqlaydiki, insonlarda faqatgina ijobiy, balki, anchayin salbiy fazilatlar ham azaldan mavjud bo’lgan. Shuning uchun ham xalq orasida inson fazilatlari azaldan ikki ma’noda: ijobiy va salbiy ma’noda keng qo’llangan. Bularning birinchisi ma’naviy-axloqiy fazilatlar, xislatlar va sifatlar bo’lsa, ikkinchisi – ma’naviy-axloqiy noqisliklar, qusurlar va ayblardir. Har ikkalasi ham butunlay boshqa-boshqa tushunchalar bo’lsa-da, ular inson faoliyatida va axloqida muntazam ravishda alohida namoyon bo’lib boradi. Quyida biz jamiyatimizda tan olingan, xalq orasida inson fazilatlarining ijobiy ma’noda keng qo’llaniladigan ma’naviy-axloqiy fazilatlar, xislatlar va sifatlar to’g’risida fikr yuritamiz.
Ibratlilik fazilati. Bu fazilat ham ma’naviy-axloqiylik mezonlarining yetakchisi va insoniy fazilatlarning eng sarasi hisoblanadi. Bu tushunchada el-yurt ehtiromiga sazovor bo’lgan biror insonning hatti-harakati, havas qilsa arzigulik jasorati, undan boshqalarning o’rnak olishi, orqasidan ergashishi kabi ma’nolar ifodalanadi. Keksa tarixda, qadimgi ajdodlarimiz, ota-bobolarimiz va momolarimiz faoliyatidagi ibratlilik fazilatiga juda ko’plab misollar topiladi. Faqatgina, bu o’rinda Bobur hayotidan olingan va boshqalarga ibrat – namuna bo’la olgan uchta misolni keltirish bilan chegaralanamiz: Bobur faoliyatidagi ibratlilik fazilatining birinchi namunasi 1526 yildagi hind rojasi Rano Sango Sinkx bilan bo’lgan jang oldidagi mashhur nutqi”[2] bo’lsa, Boburdagi ibratlilik fazilatining ikkinchi namunasi ichimlik ichishni yo’qotish bilan bog’liq voqyeadir[3].
Boburning ma’naviy-axloqidagi hammaga ibrat – namuna bo’ladigan fazilatning tarbiyaviy jihati shundaki, uning bu otashin nutqidan qattiq ta’sirlangan, ruhlangan beklar va askarlar qo’lga Qur’onni olib g’alabagacha jang qilishga qasam ichganlar. Oxir-oqibatda ular g’alabaga ham erishganlar. Yoki Boburning amri bilan sindirilgan oltin kumush idishlar kambag’al va darveshlarga ehson etilgan, G’aznadan keltirilgan chag’irning hammasiga tuz solib, sirka qilib, keyin chuqur qazdirib, unga to’ktirilishi va ustiga katta harsang tosh qo’yilishi, shu harsang tosh yonida buqa so’ydirib, uni xalqqa va askarlarga ehson qilishi hammaga ibrat bo’lgan. Bu safargi ehsoni uning eng katta g’alabalaridan biri – o’z nafsi ustidan qozongan g’alabasining sharafiga qilingan edi. Bobur faoliyatidagi ana shu ikkinchi ibrat faqat dushman bilan jang qilishdagina emas, nafs bilan jang qilishda ham barcha askarlari va beklariga namuna bo’lgan. Natijada, sarkardaning bu ishini ko’rgan uch yuzga yaqin askarlar ham tavba-tazarru qilishib, ichimlikni qayta ichmaslikka, iste’mol qilmaslikka qasam ichganlar. Buyuk bobomiz faoliyatidagi bu ibratlilik va o’zgalarga namunalilik fazilati ham tarix sahifalarida, xususan, “Boburnoma”da[4] muhrlanib qolgan.
Bobur hayotidagi hammani qoyil qoldiradigan va havas qilsa arziydigan eng mashhur uchinchi ibratlilik fazilat – o’g’li Humoyunning qattiq kasallikka chalingan paytdagi unga umr tilashi, zarur bo’lsa o’zining jonini fido qilishi bilan bog’liq Ollohdan so’ragan iltijolaridir.
Ko’ramizki, ibratlilik fazilatidagi ibrat – namuna tushunchasining ma’nosi esa ibrat tushunchasinikiga qaraganda qamrovi biroz kengroq. Bu atama-tushuncha xalqimizning mehrini qozongan, el-yurt e’tiboriga loyiq, havas qilsa arzigulik, hatti-harakatlaridan o’rnak olib, hayot davomida ularga doimo rioya qilish ma’nolarini aks ettiradi, insondagi ibratlilik fazilatining o’zak asosini tashkil qiladi.
Oriyatlilik fazilati ham ma’naviy-axloqiylik mezonlaridan biri, insoniy fazilatlarning eng go’zali sanaladi. Insondagi bu ma’naviy fazilat u tug’ilgan paytdayoq ko’zga tashlanmaydi. Balki, inson faoliyatining barcha bosqichlarida oriyat his-tuyg’usi, ko’nikmasi, qarash va xislatlari sifatida shakllanadi. Oriyatning shakllanishida insonning individual holati, uning biologik-ijtimoiy betakror botiniy jihatlari, ota-onalarining, ajdodlarining qadriyatlari va inson ijtimoiy-siyosiy faoliyati atrofida kechadigan jarayonlar yetakchi omillar sanaladi.
Xalqimiz orasida biror kishiga nisbatan “falonchi nihoyatda oriyatli-da”, “oriyatli odam edi” kabi iboralar tez-tez qo’llanib turadiki, uning zamirida bir qator ijtimoiy-tarixiy, hayotiy-ruhiy asoslar bor. Masalan, oriyatli insonlar eng avvalo, iymoni butun, Ollohdan xabari bor bo’lganlari uchun ham xalqning nazariga tezda tushadi, chunki bunday insonlar tabiatan o’zining ajdodlari, eldoshlari, xalq va millatning or-nomusini, shon-shuhratini doimo dilida saqlovchi, qadr-qimmatini, izzat-hurmatini o’z joyiga qo’ya oladigan mard insonlar bo’lishadi. Ular vatandoshlarining or-nomusi uchun, tarixi, qadriyatlari, tili, dini va ijtimoiy qiyofasini har qanday tajovuzkorlarning hiyla-nayranglari, hurujlaridan himoya qila oladigan kishilar toifasiga kiradi. Bunday insonlar, hayotda oriyatlilik fazilatiga ega bo’lgan, ma’naviy-axloqiylilik mezonlari talablariga to’lig’icha javob bera oladigan, kerak bo’lsa, shu yo’lda jonini fido qilishga tayyor turadigan mard o’g’lonlar hisoblanadi.
Keksa tarix sahifalariga nazar solsak, ajdodlarimiz, ota-bobolarimiz orasida nihoyatda or-nomusli, oriyatli va elparvar, himmatli bunday insonlar ko’plab uchraydi. Bu o’rinda birgina tarixiy misolni – sohibqiron bobomiz Amir Temurning faoliyatidagi oriyatlilik fazilatining yorqin namunasini keltirish bilan chegaralanamiz:
1359 yilda To’qlug’ Temur lashkarlari Kesh viloyati tomon harbiy yurishni boshlaydi. Bu paytda Shahrisabzga bir yildan buyon hukmdorlik qilib kelayotgan Hoji Borlos (sohibqiron bobomizning amakisi – D.J.) To’qlug’ Temurga qarshi bora olmasligini bilib, Keshni tashlagancha, Xurosonga qochishga harakat qiladi. Hoji Borlos o’ziga sodiq kishilari bilan Amudaryo bo’yiga yetib kelganda, ularning orasidagi Temur Shahrisabzga qaytish maqsadini bildiradi. Ikki amaki o’rtasidagi qisqa muloqotda Temur unga qarata: “Siz boravering, men bundan qiyin kunlarda el-yurt ichida bo’lishim kerak”, – deydi va Keshni To’g’luq Temurdan himoya qilishga bel bog’laydi.
Amur Temur hayotida sodir bo’lgan ana shu tarixiy suhbatning o’ziyoq sohibqiron bobomizning nihoyatda oriyatli, himmatli shaxs, elparvar farzand ekanligidan dalolat bera oladi. Yana shu suhbatdan kelib chiqadigan yakuniy fikr shuki, bunday kishilar tabiatan o’ta oriyatli insonlar sanalgan. Ular hamma vaqt “avvalombor o’z-o’zini, o’z oilasini, qavmu-qarindoshini e’zozlaydi, hurmat qiladi, sevadi, boshiga ko’taradi. Shuningdek, vatan, el-yurtning yuksalishi, rivoji va taraqqiyotidan mamnunlik, qoniqish his-to’yg’ularini sezadi, har qanday holatda el-yurt, millat, vatani haqida soxta, yolg’on-uydirmalardan orlanadi, xazar qiladi”[5].
Ko’ramizki, oriyatli kishilarning bunday yuksak insoniy fazilatlari ma’naviy-axloqiy odob mezonlarining tarkibida alohida o’rin egallaydi. Agarda, ularni hozirgi yoshlar ongiga bus-butunicha singdirilsa, el-yurt, xalq, millat manfaatlari taraqqiyoti, obro’-e’tibori, shon-shavkati, or-nomusi uchun astoydil xizmat qilish, kerak bo’lsa, jon fido qilish his-to’yg’usini shakllantirish imkoniyatini beradi.
Ma’naviy jasoratlilik fazilati ibratlilik va fidoyilik fazilatlarining mazmun-mohiyatiga birmuncha yaqin turadi. Birinchi prezident I.A.Karimov bildirgan fikrlari bilan ifodalasak, “har qanday murakkab vaziyatda ham adolat va haqiqat yo’lida o’zini ayamay, el-yurt uchun, Vatan uchun ibratli ishlarni amalga oshiradigan va yuragida jasorat hissi nihoyatda kuchli bo’lgan” kishilarning, ya’ni ma’naviy jasoratli insonlarning fazilatlari sanaladi. “Aynan mana shunday odamlarning ma’naviy fazilatlari tufayli ezgu his-tuyg’ular, muqaddas va ulug’ tushunchalar dunyoda hanuz barqaror bo’lib kelmoqda”[6].
Agarda tariximiz sahifalariga nazar solsak, ma’naviy jasoratli kishilarning fazilatlari xilma-xil ko’rinishlarda namoyon bo’lganligini kuzatamiz. Ularni shartli ravishda bir nechta guruhlarga ajratib, yoshlar ongiga singdirishda va ma’naviy-ma’rifiy, axloqiy tarbiya berishda samarali foydalanilsa maqsadga muvofiq bo’ladi:
– Ilm-fan sohasida tengsiz kashfiyotlarni amalga oshirgan va tarix sahifalaridan o’chmas iz qoldirgan buyuk mutaffakir ajdodlarimizning faoliyatlaridagi ma’naviy jasoratlilik fazilatlari. Abu Nasr ibn Iroq, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Xo’jandiy, Ahmad ibn Muhammad Xorazmiy, Mirzo Ulug’bek, Alisher Navoiy va boshqalarning shu sohadagi faoliyatlari millat tarixida alohida o’rin tutadi.
Fikrimizni dalillashga harakat qilamiz: bu o’rinda birgina Mirzo Ulug’bek va Alisher Navoiy faoliyatiga nazar solaylik. Amir Temurning nabirasi, benazir alloma Mirzo Ulug’bek bir tomondan qariyb qirq yil mobaynida Movarounnahrda donishmand hukmdor sifatida tinchlik va totuvlik uchun katta shijoat va matonat ko’rsatishi, ikkinchi tomondan esa, o’zida minglab yulduzlar harakatini jamlagan mukammal astronomik jadvalni yaratishi – ilm-fan sohasidagi ulkan faoliyati ma’naviy jasoratning haqiqiy namunasi bo’la oladi.
Yoki milliy adabiyotimizning buyuk sardori va g’ururi, milliy tilimizning asoschisi Alisher Navoiyning hayotdagi xayrli ishlari, bunyodkorlik faoliyati va ijoddagi muvaffaqiyatlari ham shu sohadagi ma’naviy jasoratga misol bo’la oladi. Chunki, “agar bu ulug’ zotni avliyo desak, u avliyolarning avliyosi, mutafakkir desak, mutafakkirlarning mutafakkiri, shoir desak, shoirlarning sultonidir. Inson qalbining quvonchu qayg’usini, ezgulik va hayot mazmunini Navoiydek teran ifoda etgan shoir jahon adabiyoti tarixida kamdan-kam topiladi. Ona tiliga muhabbat, uning beqiyos boyligi va buyukligini anglash tuyg’usi ham bizning ongu shuurimiz, yuragimizga avvalo Navoiy asarlari bilan kirib keladi. Biz bu bebaho merosdan xalqimizni, ayniqsa, yoshlarimizni qanchalik ko’p bahramand etsak, milliy ma’naviyatimizni yuksaltirishda, jamiyatimizda ezgu insoniy fazilatlarni kamol toptirishda shunchalik qudratli ma’rifiy qurolga ega bo’lamiz”[7].
Ilm-fan sohasida tengsiz kashfiyotlarni amalga oshirgan, yuksak ma’naviy jasorati bilan yaqindagi tarix sahifalaridan o’chmas iz qoldirgan buyuk bobolarimiz va momolarimizning fazilatlari ham hozirgi davr uchun ma’naviy jasorat namunasi bo’la oladi. Yurtboshimiz tomonidan alohida ta’kidlangan buyuk insonlar, masalan, “o’zining mustaqil fikriga ega, kerak bo’lsa, yuqori lavozim egalariga yoqmaydigan, to’g’ri gaplarni ham dadil ayta oladigan ulkan olim” Yahyo G’ulomov, “nafaqat o’z she’rlari, balki butun hayoti bilan o’zbek ayolining ma’naviy qiyofasini namoyon etgan atoqli shoiramiz Zulfiyaxonim”, “ma’naviy jasorat sohiblaridan yana biri atoqli olim va jamoat arbobi Ozod Sharafiddinov”[8] va boshqalarning faoliyatini misol qilib ko’rsatish mumkin.
– El-yurt deb, Vatan birligi, ozodligi va obodligi uchun hammaga ibrat – namuna bo’la olgan, katta fidoyilik ko’rsata olgan buyuk ajdodlarimizning faoliyatlaridagi ma’naviy jasoratlilik fazilatlari. Bunday fazilatlarga ega bo’lgan insonlar tarixda ham, ajdodlarimiz va ota-bobolarimiz orasida ham ko’plab uchraydi. Masalan, Urganchni Vatan bosqinchilaridan himoya qilishda tug’ (bayroq) ko’tarib jon fido qilgan buyuk bobokolonimiz, shayx Najmiddin Kubroning hayotdagi qahramonlik faoliyati, Chingizxon qo’shiniga qarshi qariyb o’n bir yil uzluksiz ravishda mardona kurash olib borgan Jaloliddin Manguberdining jangovorlik faoliyati ham ana shu sohada ma’naviy jasoratning eng oliy namunasi bo’la oladi. Yoki muqaddas yurtimizni bosqinchi dushmanlardan ozod qilib, buyuk davlat barpo etgan sohibqiron bobomiz Amir Temurning jangovarlik va bunyodkorlik faoliyati ham ma’naviy jasoratning eng yaxshi namunasi bo’la oladi. Yoki o’tgan asrning boshlarida Samarqand atrofidagi Namoz Pirimqul o’g’lining o’z eldoshlari uchun mahalliy hukmron doiralariga va chorizm mustamlakasi vakillariga qarshi olib borgan fidoyilik va adolatli hatti-harakatlari ham bunga yorqin misol bo’la oladi. Tariximiz sahifalaridan bunday misollarni ko’plab keltirish mumkinki, ularning hammasi millatimiz faxri, ko’rki va yuzi sanaladi. Shonli tariximizdan o’chmas iz qoldirgan ajdodlarimizning bunday faoliyatlari har bir insonda, yoshlar avlodlarida faxr va g’urur tuyg’usini shakllantiradi.
Yana bir fikr: yangi davr – mustaqillik davrida o’zbek xalqining baxti va taqdiri prezident Islom Karimov nomi bilan bog’langanligi uchun u kishining faoliyatini ham ma’naviy jasorat namunasiga misol qilish mumkin. Chunki, mamlakatimiz rahbarining “mustaqil milliy siyosat, Ota yurt mavqyeini olam uzra yuksaklarga ko’tarish, mamlakatda barqarorlik va ijtimoiy uyg’unlikni ta’minlash, demokratik huquqiy davlat tizimini shakllantirish, ijtimoiy kafolatlarni mukammallashtirish yo’lidagi va boshqa qator xizmatlari”[9] milliy mustaqilligimiz sohasidagi ma’naviy jasoratning, fidoyilikning, boshqalarga esa ibrat-namunaning kundalik hayotdagi eng yorqin ifodasi bo’la oladi.
–Islom madaniyatiga betakror hissalarini qo’shgan vatandosh bobolarimizning, ko’pgina aziz-avliyolarning serqirra faoliyatlaridagi ma’naviy jasoratlilik fazilatlari. Agarda millatimiz tarixi sahifalariga nazar solsak, bunday fazilatlarga ega bo’lgan insonlar juda ko’plab topiladi. Musulmon olamida “muhaddislar sultoni” deb shuhrat qozongan Imom Buxoriy, Abu Iso Muhammad ibn Iso Termiziy kabi bobolarimiz, Burhoniddin Marg’inoniy, Bahouddin Naqshbandiy, Abdulxoliq G’ijduvoniy kabi aziz-avliyolarning olib borgan faoliyatlari ham shu sohadagi ma’naviy jasoratning yaxshi namunalari bo’la oladi. Bunday buyuk zotlarning asarlaridagi ilgari surilgan g’oyalar va islomiy ko’rsatmalar dinimizning asosini tashkil qiladi, hayotni to’g’rilik, ezgulik va insoniylikdan iborat, deb biladigan jamiki mo’min-musulmonlarning qarash va intilishlari bilan hamoxanglikda bo’ladi. Shuning uchun ham ular yozib qoldirgan katta va kichik kitoblar millionlab insonlar qalbini haqiqiy iymon nuri bilan munavvar etish uchun xizmat qilib kelmoqda.
El-yurt, millatning ma’naviy mustaqilligiga erishish uchun astoydil jon kuydirib xizmat qilgan, chorizm mustamlakasi davridayoq ma’rifat g’oyalarini baland bayroq qilib millat nomidan ko’tarib chiqqan jadidchi bobolarimizning muborak faoliyatlari ham ma’naviy jasoratning eng yaxshi namunalari bo’la oladi. Chunki, “Mahmudxo’ja Behbudiy, Munavvarqori, Abdulla Avloniy, Is’hoqxon Ibrat, Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy Abdulhamid Cho’lpon, Usmon Nosir kabi yuzlab ma’rifatparvar, fidoiy insonlarning o’z shaxsiy manfaati, huzur-halovatidan kechib, el-ulus manfaati, yurtimizni taraqqiy toptirish maqsadida amalga oshirgan ezgu ishlari avlodlar xotirasidan aslo uchmaydi”[10]. “O’tgan asr boshlarida, tariximizning og’ir va murakkab avrida maydonga chiqqan jadid bobolarimizinng fidoyiligi zamirida ham ana shunday jasorat namunasi mujassam edi, desak hyech qanday mubolag’a bo’lmaydi”[11].
Yuqoridagi fikr-mulohazalar asosida quyidagi xulosalarni berish imkoniyati tug’iladi:
Birinchidan yangi O’zbekistonning siyosiy, iqtisodiy, ma’naviy vazifalarini amalga oshirish, eng avvalo, jamiyatning va uning har bir a’zosi – insonning yuksak ma’naviy-axloqiy madaniyatiga bog’liq. Aslida axloq inson – shaxs ma’naviyatini rivojlantirishning asosi hisoblanadi. Insonning umri davomiylikni taqozo qilganliligi, ya’ni umri farzandlarida davom etgani kabi ulardagi mehr-oqibatlilik, vatanga e’tiqodlilik, samimiylik, xushmuomilalilik, halollik, odamiylik, lafzida sobitlik, andishalilik, ota-onaga hurmat, ishbilarmonlik, ilmlilik, zukkolilik kabi eng yaxshi fazilatlarni kelgusi avlod vakillari davom ettiradilar. Shuning uchun ham bu xislatlarni farzandlarga va o’quvchi-yoshlarga singdirishni oilada, maktabda shakllantirish hamda kamol toptirish muhim ahamiyatga ega. Bunday ma’suliyatli vazifani bajarish esa jamiyatda eng avvalo ota-ona va murabbiy-pedagog zimmasiga yuklatilgan.
Ikkinchidan yuqorida keltirib o’tganimizdek, inson faoliyatidagi yuksak ma’naviy- axloqiy fazilatlari majmui ma’naviy-axloqiy tarbiyaning asosini va mazmun-mohiyatini tashkil etadi. Ular orasida zukkolik va idroklilik, ishbilarmonlik, sobitlik, iymonlilik, e’tiqodlilik, madaniyatlilik, ma’rifatlilik, axloqlilik va odoblilikka doir insoniy fazilatlar, xislat va sifatlardagi kichik guruhlar yetakchi o’rinlarni egallaydi.
Uchinchidan ta’kidlangan fazilatlar, xislat va sifatlarning yosh avlodni tarbiyalashdagi alohida-alohida o’z o’rni va salohiyati bor, mazmun-mohiyati bilan bog’liq amalga oshirilishi zarur bo’lgan pedagogik-didaktik vazifalari ham mavjud. Jamiyatda ham, kundalik hayotda ham ana shu ma’suliyatli vazifa eng avvalo, murabbiy-pedagoglar va ota-onalar zimmasiga tushishini unutmasligimiz zarur.
[1] Мирзиёев Ш.М. Инсонпарварлик, эзгулик ва бунёдкорлик – миллий ғоямизнинг пойдеворидир. «Tasvir» нашриёт уйи. – Тошкент – 2021.-Б. 4.
[2] Заҳириддин Муҳаммад Бобур. Бобурнома. – Т.:Фан,1990.-Б.289.
[3] Қамар Амон. Маънавият назарияси ва тарихи. – Т.: Шарқ, 2002. –Б.114.
[4] Имомназаров М. Миллий тараққиётнинг маънавий-ахлоқий асослари. – Т., 2007.-Б.290.
[5] Асадов Б. Ёшлар ва қадриятлар. – Т.: Истиқлол, 2000. 68-69 бетлар.
[6] Каримов И. Юксак маънавият – енгилмас куч. – Т.: Маънавият, 2008.-Б.159
[7] Каримов И. Юксак маънавият – енгилмас куч. – Т.: Маънавият, 2008.47-48 бетлар.
[8] Ўша асар.166-167 бетлар.
[9]Имомназаров М. Миллий тараққиётнинг маънавий-ахлоқий асослари. – Т., 2007.-Б.49.
[10] Каримов И. Юксак маънавият – енгилмас куч. – Т.: Маънавият, 2008.-Б.49.
[11] Ўша асар.-Б.163.