Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

Maktab o‘quvchi-yoshlarda nota savodxonligini rivojlantirish va shakllantirishda faoliyat turlari.

JDPU  Sirtqi bo’lim “Musiqa ta’lim”  o’qituvchisi  Egamkulov Oybek Altmishevich (+998911907798) Annotatsiya: Maqolada maktab o‘quvchi-yoshlarda nota savodxonligini rivojlantirish va shakllantirishda faoliyat turlari haqida ma’lumotlar keltirilgan. O‘quvchi tomonidan olingan barcha nazariy bilim va ko‘nikmalar bo‘lajak ijrochining amaliy tayyorgarlik jarayonida kasbiy bilimga aylanadi. Kalit so’zlar: Nota savodxonligi, nota yozuvi, musiqa cholg’u asboblari, notani varaqdan o’qish, pedagogika, qo‘shiq, ashula kuylash, musiqa savodi.   Musiqa ta’limi va uning pedagogik jarayon sifatida shakllanishi, umumiy musiqa ta’limi va kasbiy musiqa ta’limi shaklida olib borilishi mumkin. Kasbiy musiqa ta’limida ma’lum bir cholg‘u va vokal ijrochiligi tushuniladi. Sharq musiqa ta’limi o’ziga xos an’anaga ega. Ushbu an’analar va o‘qitish uslublari xozirgi zamonaviy uslublar bilan integratsiyalashuvini ishlab chiqish ta’lim jarayonida o‘z samarasini beradi. O‘quv fanini o‘rganishdan maqsad o‘quvchini fandagi ob’ektiv yangilik bilan tanishtirish emas, balki unda sub’ektiv yangilikka ega bo‘lgan bilimlarni shakllantirishdan iborat. Shu sababli, o‘quv fanlari integratsiyasi ilm-fandagi shu jarayonlardan farq qiladi. Bu ma’noda integratsiya[1] – fanlarning differentsiatsiyasi[2] tufayli tarixan tarkib topgan o‘quv fanlariga bo‘lib o‘qitish tizimining kamchiliklarini tuzatishga qaratilgan ularning o‘zaro bog‘liqligini ta’minlash shakli sifatida qaralishi mumkin. O‘quv fanlarini integratsiyalashning didaktik mohiyati turli o‘quv fanlari bo‘yicha yangi bilimlarni shakllantirishning kontseptual tuzilma va metodlarini aniqlash imkonini beruvchi pedagogik tadbirlar tartibi hamda qonuniyatlarini ishlab chiqish zarurati bilan belgilanadi. Tor ma’noda qaralganda, o‘quv fanlari integratsiyasi fan sohalari va ilmiy bilimlar o‘zaro sintezining uzviy davomi hisoblanadi. O‘quv fanlari integratsiyasining asosiy maqsadi sub’ektiv yangi bilimlarni sintez qilishdan iborat bo‘lib, integratsiya jarayonlarining bosh vazifasi – sub’ektiv yangi ilmiy bilimlarni sintez qilishga qaratilgan pedagogik texnologiyalarni ishlab chiqishdan iborat[3]. Musiqa ta’limida nota haqidagi bilimlarni o‘zlashtirish, nota yozuvini o‘qish ko‘nikmasini shakllantirish va ijro ko‘nikmalarini rivojlantirish asosiy vazifalardir. Ushbu olingan nazariy bilimlar va ko‘nikmalar amaliy mashg‘ulotlarni, ya’ni ijro etish ko‘nikmalarini shakllantirishda muhim omil sanaladi. Olingan nazariy bilimlar inversiyaga uchrab, bo‘lajak musiqa o‘qituvchilarini tayyorlashdagi kasbiy-amaliy bilimlarga aylanadi. O‘quvchi tomonidan olingan barcha nazariy bilim va ko‘nikmalar bo‘lajak ijrochining amaliy tayyorgarlik jarayonida kasbiy bilimga aylanadi. Bu kabi o‘zgarishlar amalga oshirilmasa, umumta’lim hamda maxsus fanlarga oid bilimlar kasbiy faoliyatga tatbiq etilmasa ular bo‘lajak mutaxassis uchun kasbiy bilim emas, balki propedevtik[4] ahamiyat kasb etuvchi ma’lumot sifatidagina ahamiyatga ega bo‘ladi. Musiqa mashg‘uloti boshqa mashg‘ulotlardan o‘zining badiiyligi, qiziqarliligi va bolalarga ko‘proq ijodiy zavq, emotsional tuyg‘ular va obrazli kechinmalar uyg‘otishi bilan ajralib turadi. Shuning uchun musiqa mashg‘uloti eng avvalo, tarbiya mashg‘ulotidir. Musiqa mashg‘uloti beshta faoliyat turidan tuziladi:
  1. Qo‘shiq va ashula kuylash
  2. Musiqa savodi.
  3. Musiqa tinglash.
  4. Musiqa mos harakatlar bajarish.
  5. Bolalar cholg‘u asboblarida jo‘r bo‘lishdan iborat[5].
Musiqani o‘qitishda asosiy faoliyat turlaridan biri bu musiqa savodi bo‘lsa, ushbu faoliyat turi o‘zining nazariy va amaliy protseslari bilan boshqa faoilyat turlaridan farq qiladi. Musiqa savodi musiqani o‘rganishda eng muhim faoliyat turlarudandir. Ushbu faoliyat turi o‘zida yana boshqa faoliyat turlarini mujassam qiladi. Ya’ni bu faoliyat turlari nota savodxonligi(nazariy bilimlar), notani o‘qiy olish ko‘nikmasini shakllantirish, solfejio qila olishdir. Yuqorida aytib o‘tilgan musiqa savodini o‘ragtishdagi ushbu faoliyat turlari hozirgi kunda umumta’lim maktablarida kam qo‘llaniladi. Chunki, berilgan darsliklarda ushbu faoliyat turlarini olib borish uchun materiallar yetarlicha emas. Darsliklarda ko‘proq nazariy bilimlar uchun materiallar berilgan. Bilamizki, musiqa o‘quvchini nafaqat musiqa o‘rgatadi, balki uning ma’naviyatiga va tarbiyasiga ta’sir qiladi. Shunday ekan, musiqa madaniyati fanida kuylash ijro etish, kelajakda jahon va o‘zbek kompozitorlari asarlarini, mumtoz o‘zbek milliy  asarlarini o‘rgana olishi darsliklarimizning asosiy maqsadi bo‘lmog‘i lozim. Butun jahon san’at durdonalarini birgina haftasiga bir soat o‘tiladigan maktab darsliklariga kiritishning imkoni yo‘q. Shuning uchun o‘quvchiga avvalo nota yozuvini o‘rgatilsa, unga notani o‘qiy olish va solfejio qila olish ko‘nikmalari shakllantirilsa, kelajakda o‘quvchi o‘zi uchun kerak bo‘lgan san’at durdonalarini olib, o‘qib uni ijro eta oladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 2 fevraldagi “Madaniyat va san’at sohasini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora – tadbirlar to‘g‘risida”gi №PQ-112-sonli qaroriga  ko‘ra umumta’lim maktablarida o‘quvchilarning cholg‘uda ijro etish ko‘nikmasini shakllantirish va cholg‘uni ijro etib berish talablari qo‘yilmoiqda. Bu esa bugungi kun yoshlari nafaqat intellektual, balki yetuk ma’naviyat egasi bo‘lishini ta’minlaydi. Cholg‘uni o‘rganishda o‘quvchining cholg‘u turlari haqida tushunchalar olishi, uning amaliy ijro elementlari va asosan notadan mashq va kuylarni o‘qib ijro eta olishi muhimdir. Kichik sinfdagi bolalarda musiqa darslarida nota yozuvi va cholg‘u turlari ijrosini o‘rganishda eng sodda va eng oddiy uslub va ma’lumotlardan foydalanish lozim. Chunki bu yoshdagi o‘quvchilarning aksariyatida tovushlarni balandligini his qilish anchayin qiyin kechadi. Bu esa har bir o‘quvchida individual harakterga ega bo‘lgan jarayondir.     Kichik sinfdagi bola dastlabki sinfalarda olgan barcha ma’lumotlarni mazmuni va mohiyatini tushunmasdan yod oladi va o‘z ongida ushbu ma’lumotlarni shunchaki eslab qolingan tasvir yoki yozuv sifatida saqlaydi. Bu esa vaqt o‘tib uning yodidan chiqishi yoki eslay olmasligi mumkin bo‘lgan holatlarga olib keladi. Dastabki notalar joylashuvi yoki ularning cho‘zimi haqidagi asosiy bilimlar doimiy ravishda amaliy tarzda ko‘nikma bilan singdirilmas ekan, bu o‘quvchining ta’lim jaryonining keyingi bosqichlarida, ya’ni yuqori sinflarda o‘zining salbiy tomonlarini ko‘rsatishi mumkin. Bu esa o‘quvchining musiqani o‘rganishida yoki biron cholg‘u ijrochiligini o‘zlashtirishida muhimdir. Yuqori sinfga o‘tish jarayonida o‘quvchilarda refleksiv faoliyatni kuzatishimiz mumkin. Refleksiv faoliyat – bolada o‘z tushunchalari va hatti-harakatlarini anglash hamda mustaqil nahlil qilishi asosida xulosalar shakllanishi fajarayonidir. Bu jarayonda o‘quvchiga avvalo musiqani his etish, uning harakterini aniqlay olish va tovushlar harakatini idrok eta olish kabi ko‘nikmalarini shakllantirish mumkin. Bunda turli tasvirlar yoki harakatlardan foydalanish yanada ko‘proq samara beradi. Masalan, tovushlarning yuqorilashuvini zinadan chiqayodgan bola yoki registrlarni va kuy harakterini anglab yetish va tasavvurga ega bo‘lish uchun kuylarni turli hayvonlar obrazida ijro etish muhimdir. O‘quvchiga dastlabki sinflarda tovush o‘zi nima, uning xususiyatlari, tovushlarning harakatlanishi, uning kuylarni hosil qilishdagi o‘rni va ahamiyati haqida keng qamrovda o‘rgatiladi. Nota savodini o‘zlashtirishda nazariy bilimlarni emotsional harakterlar bilan mujassam tarzda shakllantirilmas ekan, bu jarayonda nazariy bilimlarni amaliyotda qo‘llay olmasligi aniq. Matn yozuvidagi harflarni o‘rganish jarayonida o‘qiy olish va harflarni o‘qish jarayonida ularni talaffuz qilish ko‘nikmasi ham ayni vaqtda shakllantirib boriladi. Shunday ekan musiqiy tilni ham nazariy bilimlar, ya’ni nota yozuvida eng asosiy bo‘lgan tovushlarning chizqlarda balandligiga qarab joylashishi va kuydagi har bir tovushning muayyan bir vaqt davomiyligini(cho‘zimi,sanalishini) o‘rganishi bilan bir vaqtda uni o‘qiy olish va aniq ravon (cholg‘u yoki vokal ijrochiligida) kuylay olish kerak. Bu holatda bolalarning individual hususiyatlaridan kelib chiqib amaliy mashg‘ulotar tanlanishi mumkin. Masalan, o‘ziga xos ovoz imkoniyatlari va xususiyatlari mavjud bo‘lgan, musiqiy qobiliyati va tushunchalari yuqoriroq bo‘lgan o‘quvchilarda vokal ijrochiligida amaliy mashg‘ulotlarni olib bormoq maquldir. Bu ularning ichki musiqani his qilish qobiliyatlari yanada shakllanishi va notani his qilish ko‘nikmalaari yanada rivojlanishini ta’minlaydi. Hatto bir xil yoshdagi o‘quvchilar orasida ham musiqiy qobiliyati va imkoniyatlari turlicha bolalar uchraydi. Qobiliyati va ovoz imkoniyatlarida nuqsoni bo‘lgan o‘quvchilarda notani o‘qiy olish ko‘nikmalari qanday shakllantiriladi? Bu toifadagi o‘quvchilar bilan notani va u haqidagi ma’lumotlarni o‘rganilgandan sso‘ng notani o‘qiy olish ko‘nikmasini shakllantirish qobiliyatliroq o‘quvchilarga nisbatan ancha qiyinchiliklarni paydo qiladi. Vokal ijrochiligini ushbu toifadagi o‘quvchilarda qo‘llaganda o‘quvchilar notalarni nomlarini va ularning cho‘zimlarini aniq aytishi yoki kuylashi mumkin. Lekin bu holatda eng zarur bo‘lgan narsa bu tovushlarning aniq balandligini ijro eta olishdir. Bunda qanday samarali ishlar olib boorish mumkin? Bunday o‘quvchilarda notalarning nomlarini va cho‘zimlarini o‘rganish bilan bir vaqtda tovushlarning balandligini his qilish va uni ijro eta olish ko‘nikmalarini biron cholg‘uda ijro etish uislublari o‘zining samarasini ko‘rsatadi. Notani o‘qiy olish ko‘nikmasini shakllantirish va rivojlantirishga uzoq vaqt mashqlar va harkatlar natijasida erishiladi. Asosan bu jarayon boshlang‘ich davrda imkon qadar qisqa davrda o‘zlashtirilsa, keyinchalik vokal yoki cholg‘uning biron turini o‘rganishida o‘zining samarasini beradi. Chunki, masalan biron bir cholg‘uni o‘rganishda har bir cholg‘uning o‘z imkoniyatlari va ijro xususiyatlaridan kelib chiqib ijro ko‘nikmalarini shakllantirish ham o‘ziga xos qiyinchiliklarni va mehnatni talab etadi. Ushbu amaliy ko‘nikmalarni qisqa davrda shakllantirish uchun o‘qituvchidan ham har bir o‘quvchiga individual yondoshgan holda turli yangi metodlar va zamonaviy uslublar tavsiya etiladi. Nota yozuvini o‘rganish va notani o‘qish ko‘nikmalarini qisqa vaqtda shakllantirishda bugungi kunda ta’limning barcha turlarida shakllanib ulgirgan va boshqa fanlar mavzularida keng foydalanilayotgan multimediali metodlar, elektron musiqiy doskalardan foydalaniladigan zamonaviy uslublar samaraliroqdir. Musiqani o‘qitishda fan mavzulariga asosan multimedilardan foydalanish va multimedialarning yangidan yangi ko‘rinishlarini ishlab chiqish bugungi kun musiqa pedagoglarining asosiy vazifalaridan biri bo‘lmog‘i lozimdir. Elektron doska ham o‘zida bir qancha funktsiyalarni mujassam etgan. Ushbu imkoniyatlar o‘quvchiga nafaqat notalar cho‘zimi va balandligi, balki kuyning ritmik va melodik xususiyatlarini anglashga ham yordam beradi. Nota yozuvini o‘rganish va uni o‘qish ko‘nikmalarini shakllantirish jarayonida musiqani to‘la to‘kis his qilib borish imkoniyatlariga ega bo‘ladi. Ushbu amaliy mashg‘ulotlarni olib borish davomida notani o‘qib kuylah, ya’ni solfejio qilish ko‘nikmasini ham shakllantirilsa, o‘quvchining musiqiy intellektualligi shakllantiriladi. Solfejiomusiqani o‘rganishdagi eng kam e’tibor qilinadigan amaliy mashg‘ulotlardan biridir. Ushbu mashg‘ulot turli ko‘rinishdagi musiqiy amaliy mashqlarning majmuasi bo’lib, uning maqsadi musiqaning nazariy qismini amaliyotda qo’llash ko’nikmalarini shakllantirishdir. Bu kabi mashqlar va mavzularni har tomonlama diqqat bilan o’rganish musiqa ijrochiligini o‘rganuvchi uhun lozimdir. Keng ma’noda solfejio mashg‘ulot turiga notalarni varaqdan kuylash deb ta’rif berishimiz mumkin. Ta’kidlash joizki, bu so’z ikkita nota nomidan hosil qilingan, ya’ni sol va fa notalaridan. Nima uchun musiqani o‘qitishda solfejio mashg‘ulotlari shunchalik kerak? Tasviriy san’atni egallagan rassom turli ranglar jilosini va ularni o‘z o‘rnida qo‘llay olishi, tasvirni jonli tarzda qog‘ozga tushirishi qanchalik muhim bo‘lgani kabi, musiqa ijrochisi ham ko‘zga ko‘rinmas, alohida qalb tuyg‘usi va alohida ichki eshitish qobiliyati ila his qiladigan tovushlarni ko‘ra bilishi, ularni bir biri bilan ranglar kabi ham ohangligini tushunishi, tovushlarning harakatini seza olish kabi emotsional imkoniyatlarni shakllantiradi.   [1] Integratsiya – fanlarning yaqinlashishi va oʻzaro aloqa jarayoni; differensiatsiya bilan birga kechadi. [2] Differentsiatsiya (fran. differentiation, lot. differentia — farqlanish, farq) , ixtisoslashish — dastlab bir xil elementlardan iborat bo’lgan sistemaning sifat jihatdan farq qiladigan bir qancha qismlarga ajralib ketishi. [4] Propedevtika – biror narsa toʻgʻrisidagi dastlabki bilimlar majmui. [5] Ualiyeva G.I., Rejametova N.I. Mashg’ulotlarni o’tkazish metodikasi. Modul bo’yicha. O’quv-uslubiy majmua. 2018 yil