Sangirova M.H.[1]
Annotatsiya – Mazkur maqolada Zominsuv daryosi havzasidagi qulay tabiiy geografik sharoitidan kelib chiqib, ekoturizmni rivojlantirishning ba’zi bir jihatlari o‘rganilib, ish bo‘yicha kerakli taklif va tavsiyalar berilgan.
Kalit so‘zlar – Zominsuv havzasi, G‘arbiy Turkiston, tabiiy yodgorlik, ekoturizm, Supa platosi, Chortangi darasi, Miq qa’lasi, g‘orlar, Archamozor ziyoratgohi, buloq, 300 yoshli shumtol.
Kirish. Hozirgi vaqtda ekologik turizm “Turizm va ekskursiya jahon kengashi”ning va «Butunjahon turizm tashkiloti»ning ma’lumotlari bo‘yicha jadal rivojlanib borayotgan turizm industriyalarining asosiy tarmoqlaridan biri bo‘lib bormoqda. Viloyatda ekoturizmning rivojlanishi nafaqat manaviyatimiz, ilm-fan, madaniyat, marifat, tabiatni muhofaza qilish, ekoturistlarni jalb qilish, biologik xilma-xillikni saqlash muammolarini hal qilishga balki, shu bilan birga iqtisodiy masalalarni, mahalliy xalqimizning ijtimoiy-iqtisodiy sharoitini yaxshilash, yangi ish joylari bilan taminlashga katta hissa qo‘shadi. Zominsuv xavzasidagi qulay tabiiy geografik sharoit mamlakatimizdagi yekologik turizm resurslariga boy hududlar qatorida kiradi. Shu sababli ichki, xalqaro turistik oqim va yekoturistik oqim ham bizda kuchayishining juda katta, salohiyatli imkoniyatlari bor.
Zominsuv daryosi G‘arbiy Turkiston tog‘ tizmasining Shovqartog‘, Zomintog‘ va Molguzar tog‘laridagi qor va muzlarning erishi hamda ko‘plab buloq suvlarning o‘zaro qo‘shilishidan Zominsuv daryosi hosil bo‘ladi. Zominsuv havzasi Turkiston tizmasining shimoliy yonbag‘rida dengiz sathidan 550 m dan 4300 m gacha bo‘lgan balandlikda joylashib, o‘zining noyob tabiiy sharoiti bo‘yicha atrofidagi tog‘li hududlardan keskin farq qiladi va aniq tabiiy chegaraga ega. Turkiston tizmasining shu hududi, o‘ziga xos xususiyatga ega bo‘lib, yumshoq iqlimli va barq urgan xilma-xil o‘rmon hamda o‘tloq o‘simliklari bilan qoplangan. Past, o‘rta va baland tog‘lardan to qorli cho‘qqilargacha (Shovqortog‘-4030 m) juda ko‘p xilma-xil ekzotik landshaftlari bilan ajralib turadi. Shuning uchun ham bu yerda turizmning barcha turlarini rivojlantirish uchun nihoyatda katta imkoniyatlar bor.
Zominsuv daryosining yuqori suv yig‘uvchi havzasida mavsumiy muz va qorlarning erishidan to‘yinuvchi bir necha soy-buloqlar mavjud bo‘lib ular daryoning asosiy oqim modulini tashkil etadi. Xususan o‘ng tomondan Galdirautsoy, Usmonlisoy, O‘riklisoy kelib qo‘shilsa, chap tomondan Yettikechuv va uning bir qancha (Ko‘lsuv, Chandirsoy, Qizilmarzasoy, Qashqasuv, Kattashir ) irmoqlari Zominsuv daryosining asosiy suv yig‘uvchi havzasini tashkil qiladi.
Zominsuv havzasida yil mobaynida yer usti suvlari to‘lin davri turli xil bo‘lib, suvning eng ko‘paygan vaqti may – iyun oyiga to‘g‘ri keladi, ya’ni qorning intensiv erish va eng ko‘p yomg‘ir yog‘ish vaqtiga, bu vaqtda daryolardagi suv sarfi, yillik o‘rtacha sarfdan 10-15 marta oshib ketadi. Noyabrdan mart oyigacha, daryoning suv balansi kam suvli mejen holatda bo‘lib, bu vaqtda esa daryo asosan yer osti suvlaridan to‘yinadi.
Daryoning uzunligi 58 km, havzasining maydoni 704 km
2 (Yo‘ldashev N, 2012). Zominsuv qor, yomg‘ir va soy-buloq suvlaridan to‘yinadi. O‘rtacha yillik suv sarfi 1,83 m
3/sek (Duoba qishlog‘i yaqinida), eng katta suv sarfi 16,8 m
3/sek (1969.28.05 ). To‘linsuv davri (aprel – avgust) da yillik suv sarfining 60 – 65 % oqib o‘tadi, qishda ba’zan qurib qoladi. Eng sersuv davri – iyunda, o‘rtacha suv sarfi 4,56 m
3/sek ga teng (1-jadvalga qarang) Zominsuv daryosi ko‘plab sug‘orish ishlariga sarflanishi natijasida Xovos – Jizzax temir yo‘liga yetmasdan Qo‘shtamg‘ali qishlog‘idan 3,5 km janubi – sharqda tugaydi.
Zominsuv havzasidagi ba’zi bir soylarning morfometrik ko‘rsatkichlari
1-jadval
Daryolarning nomi |
Suv xarajatlari m3/sek |
I |
II |
III |
IV |
V |
VI |
VII |
VIII |
IX |
X |
XI |
XII |
Yillik |
Zominsuv |
0.86 |
0.87 |
0.89 |
1.43 |
2.85 |
2.90 |
2.15 |
1.40 |
1.20 |
1.11 |
0.97 |
0.03 |
1.43 |
O‘rikli |
0.22 |
0.21 |
0.21 |
0.39 |
1.09 |
1.13 |
0.58 |
0.37 |
0.31 |
0.29 |
0.26 |
0.23 |
0.44 |
Ettikechuv |
0.52 |
0.53 |
0.53 |
0.87 |
2.23 |
2.66 |
1.58 |
1.00 |
0.72 |
0.69 |
0.60 |
0.52 |
1.04 |
Zominsuv daryosining asosiy suvini Yettikechuv daryosi beradi. Zominsuv havzasida Yettikechuv havzasi maydoni kattaligi va tabiatining rang-barangligi bilan ajralib turadi. Yettikechuv daryosining irmoqlari bo‘lgan Qashqasuv, Qizilmozor va Ko‘lsoy hamda vaqtincha oquvchi Shariloqsuv soylari bilan qo‘shib hisoblaydigan bo‘lsak, havzasi ancha katta hisoblanadi.
Bu to‘rtala soylikni Chortangi darasida qo‘shilishidan Yettikechuv daryosi hosil bo‘ladi. Daryo Chortangi darasidan to Duoba qishlog‘iga qadar Yettikechuv deb nomlanadi. Yettikechuv daryosi Duoba qishlog‘ida O‘riklisoy bilan qo‘shilib Zominsuv daryosini hosil qiladi.
Yettikechuv havzasi tabiiy yodgorliklarga boyligi va ekoturistik ob’ektlarning ko‘pligi tufayli sayyohlarni doimiy ravishda o‘ziga jalb qilib kelgan. Yettikechuvning yuqori oqimidan quyiga qarab ekomarshrut yo‘nalishini belgilaydigan bo‘lsak, Chortangi darasi, Miq qal’asi, bir necha g‘orlar, Archamozor ziyoratgohi, buloqlar, 300 yoshli shumtol va boshqa bir qancha tabiiy yodgorliklarni tomosha qilish imkoniyatini beradi.
Yettikechuv daryosining yuqori oqimida Chortangi darasi joylashgan. Chortangi darasi tubida Yettikechuvning irmog‘i Ko‘lsoy hayqirib oqib, tabiatini yanada ko‘rkamlashtiradi. Daraning quyi qismida esa tik qoya devorlari 300-400 metrgacha yetadi. Tepadan qarsangiz dara tubidagi Ko‘lsoy bazo‘r ko‘zga tashlanadi. Bu yerda kishini maftun etadigan darajada xushmanzara daralar, shovqini chuqurlik tubidan arang yetib keladigan ko‘plab sharsharali go‘shalarni kuzatish mumkin. Chortangi darasidan to‘rt tomonga yanada chuqurroq daralar bilan tarmoqlanib ketgan. Ularda ko‘plab kichik sharsharalar uchraydi. Jumladan, Yettikechuv daryosining irmog‘i bo‘lgan Qizilsoy soyligida mahalliy aholi tomondan “Esmeralda” deb ataladigan maftunkor sharshara joylashgan. Sharshara 5 m balandlikdan toshlarga urilib, o‘ziga xos go‘zal manzara hosil qilib oqib tushadi.
Zomin – Baxmal tumanlarini bog‘laydigan avtoyo‘ldan bor-yo‘g‘i 500 m lik uzoqlikda joylashgan “Esmeralda” sharsharasi haqida ko‘pchilik ma’lumotga ega emas. Buning o‘ziga xos ikkita asosiy sababi bor:
- birinchidan, sharshara Chortangi darasining yurish qiyin bo‘lgan va faqat so‘qmoq yo‘llar orqali boriladigan joyda joylashganligi;
- ikkinchidan, sharshara O‘zbekiston-Tojikiston davlat chegaralarini muhofaza qiladigan harbiy qismga yaqin joylashganligi tufayli ham doimiy kelib-ketuvchilari kam bo‘lganligidir.
Kelgusida mahalliy va xorijlik sayyohlarni ko‘plab jalb qilish maqsadida Qizilsoy, Chortangi darasi va Esmeralda sharsharalarini o‘z ichiga olgan bir kunlik ekoturlar tashkil qilish yaxshi samara beradi.
Yettikechuv daryosining yuqori oqimida, ya’ni Turkiston tizmasining shimoliy yonbag‘rida 20 ga yaqin katta-kichik g‘orlar bo‘lib, ularning birortasi ham turistik ekskursiya uyushtirish uchun qayta jihozlanmagan. Faqat Yettikechuv qishlog‘iga yaqin ayrim g‘orlardan mahalliy aholi tomonidan muzlatkichlar o‘rnida foydalanmoqda. Bu yerdagi mahalliy aholi bahor va yoz faslida yig‘ilgan saryog‘ va qatiqlarini mesh (echki terisidan tayyorlanadi) larga solib, qish oylariga qadar g‘orlarda saqlaydi. G‘orlarda saqlangan mesh mahsulotlari boshqa mesh mahsulotlarga nisbatan xushta’mligi bilan ajralib turadi. Shu o‘rinda Yettikechuvda uzoq yillar davomida g‘orda mesh saqlash sa’natini, Fransiyadagi g‘orda vino saqlash sa’natiga qiyoslansa bo‘ladi. Fransuzlar g‘orda tayyorlangan vinolarining ta’mi bilan butun dunyoga mashhur bo‘lgan. Yettikechuvda ham g‘orda mesh saqlash sa’natini xorijlik sayyohlarga namoyish qilib, “g‘or mesh” larining brendini dunyoga taratsa bo‘ladi.
Chortangi darasidan chiqib, Yettikechuv daryosi oqimi bo‘ylab 2 km masofa yurilsa, soyning o‘ng tomonida toshdan qurilgan qal’aning xarobalari ko‘zga tashlanadi. Bu qadimgi afsonaviy “Miq” qal’asidir. “Miq” qal’asi Yettikechuv qishlog‘idan 20 km janubda, Yo‘lsoy va Yettikechuv daryosining yuqori qismida, ya’ni tik qoyali dara tepasida joylashgan.
“Miq” qa’lasi haqidagi dastlabki ilmiy xabarlar o‘tgan asrning 40-50 yillariga oiddir. 1980 yillarning o‘rtalarida arxeologlar tomonidan “Miq” qal’asida maqsadli ravishda ilmiy tadqiqot ishlari o‘tkazilgan. Uning tarixiga oid qimmatli ma’lumotlar to‘planib yaxlit bir ilmiy tizimga solingan (Pruger, 1986).
“Miq” qa’lasi 2 qismga, Yuqori va Pastki “Miq” qa’lalariga bo‘linadi. “Miq” qa’lalarida qadimda temir eritish ishlari amalga oshirilgan. Temir rudasi Yettikechuv daryosining chap sohilidagi Qizilmozor darasidan shaxta usulida qazib olingan. Shaxta g‘orlardan 2 tasi bugungi kunga qadar saqlanib qolingan. Hozirgi kunda g‘or og‘izlari xavfsizlikni hisobga olgan holda berkitib qo‘yilgan.
Og‘a Burgutli (1992) ma’lumotlariga ko‘ra, “Miq” qa’lasi atrofidagi shaxta g‘orlarida “olov uslub” ida temir qazib olingan. Qazilayotgan joyda gulxan yoqilib qizdirilgan, tog‘ jinsiga esa suv sepilgan. Bir necha bor shunday usul takrorlangach jinslar yorilib qazib olish osonlashavergan. Yumshoqroq jinslar esa cho‘kichlar, misranglar va yog‘och ponalar yordamida qazib olingan. Miq konida qazuvchilar faqat zarur temirli qatlamnigina ajratib olib, kengligi yura oladigan va qazilma ishlari davom ettirishga imkon beradigan darajada belgilab olganlar. Qadimgi konchilar Miq konida xech bir mustahkamlagichsiz va ustunsiz ish olib borishgan. Sababi, qattiq tog‘ jinslari shunga imkon tug‘dirgan. Bu yerda qazib olingan temir rudalarini “Buyuk Ipak yo‘li”ning bir tarmog‘i bo‘lgan G‘o‘ralash va Shahriston dovonlari orqali Xitoy davlatiga qadar olib borilgan.
Arxeologik materiallar ma’lumotiga ko‘ra, “Miq” qal’asi milodiy VII asrlarda qurilgan, undagi hayot XII asr o‘rtalariga qadar davom etgan. “Miq” qal’asi aholisi asosan temir rudasini qazib olish, uni eritish va qisman undan ish hamda harbiy qurollar yasash bilan shug‘ullanishgan.
“Miq” qal’asi o‘zbek xalqi boy tarixi va hunarmandchilik madaniyatining takrorlanmas bir qirrasidir. Yuqori va Pastki “Miq” qa’lalari va ular uchun temir yetkazib bergan Miq shaxta g‘orlarni tomosha qilish orqali, qadimda temir qanday qazib olingani va qayta ishlangani haqida taassavur paydo bo‘ladi.
Yettikechuv havzasining Chortangi darasiga qadar bo‘lgan joylari eng archasi siyrak bo‘lgan hudud hisoblanadi. Buning o‘ziga xos 2 ta asosiy sabablari bor:
– birinchidan “Miq” qa’lasida temir eritish jarayonida juda ko‘plab archalarni qirqib yuborib, o‘tin sifatida foydalangan;
– ikkinchidan XIX asrda O‘zbekistonga temiryo‘lning kirib kelish va uni Dashtobod shahridan o‘tishi bilan bog‘liqdir. Dashtobod shahridan o‘tgan paravozlar yog‘ilg‘i o‘rnida archa o‘tinlaridan foydalangan. Yettikechuv daryosi Zominsoy daryosining eng katta irmog‘i bo‘lganligi sababli, Yettikechuvning yuqori oqimidan Zominsoy daryosining quyi oqimi (Xulkar qishlog‘i) ga qadar yog‘och oqizish ishlari amalga oshirilgan. Natijada, Yettikechuv havzasida archalar juda ko‘plab qirqilib hamda maydoni qisqarib ketgan.
Daryoning irmoqlari hisoblangan Qashqasuv, Qizilmozor va Ko‘lsoy hamda vaqtincha oquvchi Shariloqsuv soylari – bosh daryosi bo‘lgan Yettikechuvdan farq qilib, atrofida archazorlar bilan yaxshi qoplangan. Buning o‘ziga xos sababi shundaki, ushbu soyliklar 2500-3000 m balandliklarda joylashganligi va antropogen ta’sirlarni yo‘qligi bilan baholash mumkin.
Yettikechuv havzasining Qizilmozor darasi qizg‘ish tuproq (tarkibida temir moddasi bor) lar tarqalgan. Bu yerdagi qorlarning erishi natijasida iyun oyining birinchi o‘n kunligida Yettikechuv va Zominsuv daryolarining suvlari qizg‘ish rangga kiradi.
Yettikechuv daryosining o‘rta oqimida Archamozor ziyoratgohi joylashgan. Shu o‘rinda ta’kidlash o‘rinliki, Archamozor ziyoratgohi degan joylar Usmonlisoy va O‘riklisoy soyliklarining yuqori qismlarida ham uchraydi. Zominsuv daryosining 3 ta asosiy irmog‘i (O‘rikli, Usmonlisoy va Yettikechuv) da ham Archamozor ziyoratgohlari va ularning yonida ramziy qabrlarni bo‘lishi, mahalliy aholining tog‘ archalariga bo‘lgan hurmatining yuqoriligini bildiradi. Sababi, qadimdan Archamozordan boshlab archalarga zarar yetkazish gunoh hisoblangan.
Xulosa o‘rnida Yettikechuv havzasidagi ba’zi bir tabiiy yodgorliklar xususiyatini o‘rgangan xolda quyidagi taklif va tavsiyalarni berib o‘tamiz:
- Yettikechuv havzasida turistlarning bir necha kun “ekologik so‘qmoq” yo‘nalishlarida xarakatlanishi va ushbu yo‘nalish vaqtida dam olishlari uchun “ko‘chma” uy-mehmonxonalar tashkil qilish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish;
- Yettikechuv havzasida ekoturizmini rivojlantirish borasida reklama ishlari (internet saytlar yaratish, reklama roliklari, bukletlar, fotoalbomlar va h.za) ni olib borishda mahalliy turistik tashkilot va firmalarga ilmiy tavsiyalar berish;
- Yettikechuv havzasida yoz mavsumida alpinizm, qish mavsumida tog‘ chang‘isi sport turlarini yo‘lga qo‘yish va ommalashtirish orqali xorijiy turistlar oqimi ko‘paytirish bo‘yicha dasturlar ishlab chiqish;
- Yettikechuv havzasida xalqaro tog‘ turizmining sxematik marshrut kartalari tayyorlash va xarakatlanish bo‘yicha ilmiy tavsiyalar ishlab chiqish lozim deb o‘ylamiz.
Foydalangan adabiyotlar
- Alibekov L.A. Zomin milliy bog‘i va geoekologik muammolar yechimining geografik asoslari. – Toshkent: Fan va texnologiya, 2013.
- Og‘a Burgutli. Tog‘ sadolari. –Toshkent: “Mehnat”, 1992 y.
- G‘o‘dalov M. R. Jizzax viloyati tabiati va uni muhofaza qilish. – Toshkent: “Fan va texnologiya”, 2014.
- Yo‘ldoshev N., Ismatullaeva Z. Zomin tumani geografiyasi. – Zomin: 2012 yil 7-15 betlar.
[1] Сангирова М.Ҳ . – Жиззах ДПУ География ва иқтисодий билим асослари кафедраси ўқитувчиси, jumanazarx@mail.