ZAHIRIDDIN MUHAMMAD BOBUR O‘ZBEK ADABIYOTINING BUYUK SIYMOSI
Mirzayev Bekzod Nuraliyevich, JDPU Tarix fakulteti O`zbekiston tarixi kafedrasi katta o`qituvchisi, tarix fanlari bo`yicha falsafa doktori
Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zbek adabiyotining Navoiydan keying buyuk siymosi hisoblanadi. Uning ijodini esa g‘azal janrisiz tasavvur etib bo’lmaydi. Bu o‘rinda oshiqona g‘azallar, alohida, ahamiyatga ega. G`azallarida ma’shuqaning qiyossiz go‘zalligi o‘ziga xos badiiy timsollar vositasida tasvirlanadi. Ushbu g‘azallarining ajoyib xususiyati shundaki, shoir g‘azalning biror baytida oshiq yoki ma’shuqa jumlasini keltirmaydi. Uni turli o‘xshatishlar va ta’riflar orqali o‘quvchiga yetkazadi.
Yuzida ul labi xandon ko‘rinur,
Sutga ko‘p boqsa, bale, qon ko‘rinur.
Xatti mushkinmudurur gul yuzida,
Yo suman ustida rayhon ko‘rinur.[1]
Bu yerda Bobur ma’shuqasining chehrasini yoritmoqchi bo‘lib labini xandon, labi ustidagi mayin tukchalarni esa mushkka o‘xshatadi.
Quyidagi baytda esa ma’shuqaning libosiga e’tibor qaratilib uni o‘ziga xos o‘xshatishlar bilan ta’riflaydi.
Gar siym bargi gulni qilsa libos o‘ziga ,
Bo‘lg‘aymu, ey gulandom, ko‘nglak bila taningdek? [2]
Shoir ma’shuqasining qaddini siymga , gulni esa uning libosiga qiyoslaydi va gul yuzli yoriga murojaat etib, bu o‘xshatish unga mos yoki mos emasligini savol tariqasida so‘raydi.
Olida go‘yin ko‘rung, ilgida chavgonin ko‘rung,
Yuzida zulfi bila go‘yi zaxandonin ko‘rung!
Sekretib yeldurganida tavsanig‘a ko‘z soling,
Yoyqolib yo‘l yursa, sarvi xiromonin ko‘ring![3]
Bobur bu o‘rinda ma’shuqasiga yuqoridagi g‘azallariga nisbatan boshqacharoq yondashadi. Ma’shuqasini ot ustida go‘y, ya’ni koptok o‘ynayotgan holatda tasavvur etib, yorining ot ustida qanday mahorat bilan yuzishini o‘zgacha zavq bilan ta’riflaydi.
Bobur she’riyatida ma’shuqaning tashqi qiyofasini gavdalantirishga bag‘ishlangan bir qator tasvirlar ijodkorning dunyo go‘zalligini, yor go‘zalligini, insoniy go‘zallikni yaqindan his qila olganligini , u orqali zavqlanishi va ta’sirlanishi natijasida ijodkorda butun zamona va hayotni shunday go‘zal hamda betakror ko‘rish havasi , orzusi tug‘ilganini ko‘rsatadi.
“Bobur g‘azallarida yorning lutfu inoyatidan mamnunlik, beqiyos go‘zalligini tomosha qilib lazzatlanish, yor vaslini e’zozlash tuyg‘ulari alohida o‘rin egallaydi.
Garchi bu mazmundagi she’rlarda ham an’anaviy shikoyat ohanglari eshitilib tursa-da, lirik qahramon hasratomuz ifodalar emas, balki sevgi va go‘zallikni kuylovchi navolar orqali o‘z yorini ulug‘lab boshiga ko‘taradi”.[4] “Yana ko‘z uyida ma’vo qilibsen…” deya boshlanuvchi g‘azali shunday asarlardandir.
Sog‘inmas “jannatul-ma’vo”ni Bobur,
Aning ko‘nglida to ma’vo qilibsen.[5]
Bobur ijodining bir qancha o‘rinlarida ma’shuqaning ishq masalasidagi zolimligi haqida fikr yuritilib, unda oshiq o‘z yorining qiynoqlaridan ozor chekadi:
Ul pari ishqida yo‘q o‘lmoqdin o‘zga choraye,
Chun – o‘zi qotil, so‘zi – muhlik, ko‘zi – xunxor emish.[6]
Yuqoridagi baytda oshiq ma’shuqasining ishqidan behad zulm ko‘rganligi sabab o‘lishdan o‘zga chora yo‘q deydi. U yorining zolimligi sabab mahbubasini qotilga, so‘zini yolg‘onga, ko‘zini esa qonxorga qiyoslaydi.
Umuman, Bubur she’riyati o‘zining janr xususiyatlari, mavzu doirasi bilan o‘zbek adabiyotining nodir namunalari qatoridan faxrli o‘rin egallaydi. Ulardagi hayot va insonni qadrlash, go‘zallikdan bahramand bo‘lishga intilish haqida oshiq zamiriga yashiringan lirik qahramon – Boburning shaxsiy qarashlari orqali bilib olamiz . Shuning uchun ham Bobur she’riyatini ul zot yashab o‘tgan murakkab davrning o‘ziga xos badiiy ko‘zgusi deyish mumkin.
[1] Navoiy, Bobur. G‘azallar. – Toshkent : “Yangi asr avlodi”, 2019. 188-bet.
[2] Navoiy, Bobur. G‘azallar. – Toshkent : “Yangi asr avlodi”, 2019. 198-bet.
[3] Navoiy, Bobur. G‘azallar. – Toshkent : “Yangi asr avlodi”, 2019. 198-bet.
[4] Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi . –Toshkent: “Sharq”, 2014. 310-betlar.
[5] Navoiy, Bobur. G‘azallar. – Toshkent : “Yangi asr avlodi”, 2019. 198-bet.
[6] Navoiy, Bobur. G‘azallar. – Toshkent : “Yangi asr avlodi”, 2019. 235-bet.