Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

YANGILANAYOTGAN KONSTITUTSIYA MENING KELAJAGIMDA

  Hech kimni baxt o‘z-o‘zidan quchgan emas, Qush ham ko‘kka mashaqqatsiz uchgan emas. Oydin tunlar, osoyishta tiniq tonglar Oydan tushgan emas, ko‘kdan tushgan emas. (Iqbol Mirzo) Anchadan beri Vatan, unda bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlar haqida yozishga urinaman. Negaki, Vatan bizga Alloh tomonidan berilgan eng buyuk ne’mat bo‘lib, undagi o‘zgarishlar haqida har qancha yozsang ham, yana qaysidir jihatlari qolib ketayotganday, go‘yo misralar ojiz, rangsiz, g‘aribday tuyulaverarkan. Vatan haqida aytmoqchi bo‘lganlarning esa hisobi yoq. Ona yurt islohotlarini qalban anglab, xalqimiz doim saodatga xizmat qiluvchi referendumdan umidi kattaligini his qilasan kishi. O‘zbekiston gullab-yashnasa, hech kimga muhtojlik sezmay, shaffof islohotlar yo‘lidan borsa, bu, albatta, yurtda farovonlikka, erkin ijodga, ulkan kashfiyotlarga, ijobiy o‘zgarishlarga qanot bo‘ladi. Aks holda Vatan ham xuddi Ona kabi iztirob chekadi. Vatanga muhabbat so‘zda emas, amalda isbot qilinadi, deydilar. Demak, har birimiz uni sevish barobarida ko‘z qorachig‘idek asrashimiz, e’zozlashimiz, millionlar taqdirida aks etuvchi referendumga befarq bo‘lmasligimiz lozim. Shundagina Vatandan rizolik topamiz. Mana shu rizolikning o‘zida ne-ne hikmat mujassam. Zero, Vatan – onaday muqaddas ma’vo. Bir donishmandning “Bilimning o‘zi kamlik qiladi, siz – uni qo‘llashingiz kerak, xohishning o‘zi kamlik qiladi, siz – uni amalga oshirishingiz kerak”, – degan so‘zlari mohiyatidan kelib chiqadigan bo‘lsak, bir fuqaro o‘laroq, Vatanimizda bo‘layotgan islohotlarni teran tahlil qilishimiz, munosabatimizni izhor etishimi shart. Buning uchun biz o‘zimizdagi mavjud imkoniyatlardan mulohazakor foydalangan holda amalda ishtirok etish orqaligina maqsadga erishamiz. Shu ma’noda, ayni kunlarda mamlakatimizda bo‘lib o‘tayotgan referendumoldi jarayonlari ham bevosita millatning taqdirida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Xususan, referendum fuqarolarning davlat, viloyat yoki mahalliy koʻlamda eng muhim masalalar boʻyicha ovoz berish yoʻli bilan oʻz fikrlarini bevosita bildirishlari orqali amalga oshar ekan, umumxalq ovoz berish yoʻli bilan qonunlar qabul qilish va davlat ahamiyatiga molik eng muhim masalalarni hal qilar ekan, bu – bevosita demokratiyaning muhim vositasidir. Tushunarliroq aytadigan bo‘lsak, referendumning saylovlardan asosiy farqi shundaki, referendum oʻtkazilayotganda biron bir lavozimga nomzod yoki nomzodlar roʻyxati uchun ovoz berilmaydi, balki unda muayyan masala – qonun, qonun loyihasi, konstitutsiya, konstitutsiyaga tuzatishlar, mamlakat va xalqaro maqomga taalluqli yoki ichki siyosatiga oid biron bir savol qoʻyiladi. Saylov natijalari majoritar tizim boʻyicha ham, proporsional tizim boʻyicha ham aniqlanishi mumkin boʻlsa, referendum natijalari faqat majoritarizm (mutlaq koʻpchilik ovozini hisoblash) tamoyillari asosidagina aniqlanishi mumkin. Modomiki, shunday ekan, ayrim o‘zgarishlarni, istilohlarni asos sifatida keltirib o‘tishni joiz bildik. Filolog sifatida, avvalo, ona tilimizga bo‘lgan munosabatning in’ikosi bo‘lgan “O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir” deyilgan 4-moddasida. O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni (yangi tahriri)ga ko‘ra  O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi. Zero, millatning borligini, birligini belgilovchi omillardan yana biri milliy til masalasi ekan, 7000dan ortiq tillar ichida yo‘qolib borayotgan tillar qatorining 200 o‘rinida o‘zbek nili turar ekan, tilimiz haqida qayg‘urishimiz, uning nufuzini oshirishimiz, himoya qilishimiz shart. Tahriri berilayotgan 23-moddada esa Davlat xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni saqlab qolish hamda rivojlantirish to‘g‘risida xalqaro huquq normalariga muvofiq g‘amxo‘rlik qiladi” deyiladi. Bunga ko‘ra, Vatanimizda tug‘ilgan, yashagan, hozirda esa xorijda yashayotgan, O‘zbekiston fuqarosi bo‘lmagan shaxslar – vatandoshlar ham o‘zini jonajon mamlakatimiz ahil va inoq oilasining ajralmas bo‘lagi sifatida his etadi. Davlatning vatandoshlar haqida g‘amxo‘rlik qilish majburiyatining Konstitutsiya darajasida belgilanishi ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishdan jamiyat va davlat manfaatdor ekanligini anglatadi. Mazkur norma O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘si va ijobiy imijini mustahkamlashga, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga, shuningdek, turli davlatlarda yashayotgan, ishlayotgan, o‘qiyotgan vatandoshlarimiz bilan aloqalarni rivojlantirishga hamda o‘zlarining tarixiy Vatani – O‘zbekistonning obro‘sini yanada oshirishga o‘z hissasini qo‘shishga imkon beradi. Zero, O‘zbekiston barchamizniki. Komil insonda Vatan bitta bo‘ladi, bu ham bo‘lsa uning kindik qoni to‘kilgan, u yashab faoliyat yuritayotgan muqaddas zaminidir. Bu o‘zgarishlarda beixtiyor “Vatan qadrini vatangado va musofir biladi” – degan naql yodimizga tushaveradi. Bobokalonimiz, buyuk imperiya asoschisi Bobur ham ayni shu tuyg‘u azobida to o‘lgunga qadar birga yo‘ldosh bo‘ldi. O‘z asarida ham bir yurti qovuni isini olish uchun ming azob chekkani to‘g‘risida to‘xtalib o‘tiladi. Vatan hamisha o‘z tuprog‘idan yiroqdagilar uchun qo‘l yetmas Mirrix yulduzidek uzoq va nurli issiqlik bilan tortguvchi kuchga ega. Dunyo miqyosida yuz berayotgan taloto‘plarga boqa turib, bizning diyorda Inson huquq va erkinliklari har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli bo‘ladi” deyilgan 19-moddasida inson omili muhim ekanligi doimo kafolatlanganligiga shukronalar aytamiz. Xususan, inson tug‘ilganidan boshlab unga tegishli bo‘lgan tabiiy va ajralmas huquqlar sirasiga inson hayoti, sha’ni, qadr-qimmati, ozodligi, tengligi, erkin bo‘lishi, xavfsizligi, dahlsizligi kabilar kiradi va bu huquqlar qonunlarda belgilanganligi yoki belgilanmaligidan qat’iy nazar insonga azaliy tegishlidir, deb e’tirof etiladi. Bu asosiy huquq va erkinliklar insonning tug‘ilishi va uning umri davomida u bilan doimo birga bo‘ladi. Ayni shu maqsadda Konstitutsiyamizga insonning asosiy huquq va erkinliklari ajralmasdir hamda ular har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli bo‘ladi, degan muhim qoida kiritilmoqda. Ushbu qoida bilan insonning fundamental va ajralmas huquqlarini ta’minlash davlat va jamiyatning eng asosiy vazifasi sifatida Konstitutsiya darajasida mustahkamlanmoqda. Bu esa har bir inson mazkur huquqlarga egalik qilish uchun biror-bir rasmiylashtiruv talab qilinmasligini hamda ular davlat tomonidan kafolatlanishini anglatadi. Mazkur normaning Konstitutsiyaga kiritilishi Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” g‘oyasiga mos bo‘lib, insonni jamiyatda emin-erkin va xavfsiz yashashiga, o‘z qobiliyat va iste’dodini to‘liq namoyon etishiga xizmat qiladi. Referendumning taqdirimiz uchun nechog‘lik muhim ekanligini anglab, tafakkur qiladigan bo‘lsak, yashash huquqi har bir insonning ajralmas va tabiiy huquqi hisoblanayotganligi, 25-,27-, 28-, 29-moddalar tahriri ko‘plab insonlar taqdirini tubdan o‘zgartirajagidan xursand bo‘lamiz. O‘zbekistonda 2008-yildan barcha jinoyatlar uchun o‘lim jazosi bekor qilingan. Lekin Konstitutsiyada emas, balki jinoyat qonunchiligida o‘z aksini topgan edi. O‘lim jazosini taqiqlashni konstitutsiyaviy darajada belgilanishi insonni hayotdan hatto davlat ham mahrum etishga haqli emasligini kafolatlaydi. Ushbu norma bilan davlatimiz bu o‘ta jiddiy masalada hech qachon ortga qaytmasligini, insonparvarlik g‘oyalariga sodiq ekanligini butun dunyoga namoyon qiladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari bilan uchrashuvda “Tarixiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, insonning qadr-qimmati, avvalo, uning tabiiy yashash huquqida namoyon bo‘ladi. Bu – eng ulug‘ va muqaddas qadriyatlarimizdan biridir. Ma’lumki, biz o‘lim jazosi tayinlanadigan jinoyatlar sonini bosqichma-bosqich kamaytirib, bu jazoni to‘liq bekor qildik”, degan taklif bilan chiqdi. Shu bilan birga yurtboshimiz mavjud qonunlarga qaramay, ayrim fuqarolar tomonidan o‘lim jazosini tiklash, uni jinoyat qonunchiligiga qayta kiritish haqida takliflar ham ilgari surilayotganiga munosabat bildirib: “Demokratik va insonparvar g‘oyalarni oliy qadriyat darajasiga ko‘targan dunyodagi aksariyat davlatlarda o‘lim jazosi bekor qilingan. Chunki yashash huquqi – har bir insonning tabiiy huquqi bo‘lib, unga bu huquqni davlat emas, Yaratganning o‘zi ato etgan. Agar sizlar qo‘llab-quvvatlasangiz, Konstitutsiyamizga “O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlanadi”, degan yana bir muhim normani kiritishni taklif qilaman. Shu tariqa, biz bu o‘ta jiddiy masalada hech qachon ortga qaytmasligimizni, insonparvarlik g‘oyalariga sodiq ekanimizni butun dunyoga yaqqol namoyon qilamiz” – dedi. Yana quvonarli jihati shundaki, jamiyatda o‘qituvchining maqomi va o‘rniga bag‘ishlangan alohida modda kiritilmoqda. O‘zbekistonda o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etilishi mustahkamlanmoqda. Davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi (52-modda); Ushbu yangilik mamlakatda faoliyat yuritayotgan 685 mingdan ortiq pedagoglarning ijtimoiy mavqeyini mustahkamlash, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini kuchaytirish va kasbiy o‘sishini ta’minlash imkoniyatini yaratadi. O‘qituvchilarning maqomiga oid bo‘lgan o‘xshash normalar Germaniya, Portugaliya, Ukraina, Chili, Urugvay, Ekvador, Kolumbiya, Misr va boshqa davlatlar konstitutsiyalarida mavjud. Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, 82-moddaga binoan so‘nggi yillar mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari uchun tom ma’noda o‘ziga xos uyg‘onish davri bo‘ldi. “To‘rtinchi hokimiyat” sifatida bo‘y ko‘rsata boshladi. Ommaviy axborot vositalari yanada faol bo‘lishi uchun ularga keng imkoniyatlar va kuchli himoya taqdim etilishi kerak. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya ham aynan shunday o‘zgarishlarni o‘zida ifoda etmoqda. Ommaviy axborot vositalari faoliyati bilan bog‘liq o‘zgarishlar quyidagi ijobiy natijalarga erishishga xizmat qiladi: birinchidan, davlatning ommaviy axborot vositalari huquqlari amalga oshirilishini kafolatlashi OAVning axborotni izlash, olish, foydalanish va uni tarqatish huquqining kafolatlanishi jamiyatning ishonchli axborotga bo‘lgan ehtiyojlarini to‘laroq qondirishga xizmat qiladi; Prezident fuqarolar uchun axborot sohasida qulay imkoniyatlar yaratish, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishda ommaviy axborot vositalarining roli va ta’sirini kuchaytirish – yana bir ustuvor vazifa ekanligini aytib o‘tdi. Umuman olganda, kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar bilan Asosiy qonunning moddalari soni amaldagi 128 tadan 155 tagacha, Konstitutsiya normalarining umumiy hajmi esa qariyb 65% ga ko‘paymoqda. Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qabul qilinishi “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalq farovonligini yanada oshirish, davlat va fuqarolik jamiyatini jadal rivojlanishi uchun mustahkam asos yaratadi. Shuningdek, kiritilayotgan o‘zgartishlar inson, uning hayoti, huquq va erkinliklarini ta’minlashga olib keladi, fuqarolarda inson huquqlari ustuvorligini hamda ularning oliy qadriyat ekanligini mustahkamlaydi. Milliy qonunchiligimizni xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan qonun hujjatlariga muvofiqlashtirish, demokratik tamoyillar va xalqaro huquqiy talablarga to‘liq javob beradigan qonun normalarini qabul qilishga olib keladi. Zero, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz “inson-jamiyat-davlat” paradigmasiga asoslangan, unda barcha toifalarning – hatto jinoyat sodir etgan shaxslarning huquq va manfaatlari himoya qilingan. Ayni shu nuqtayi nazardan Konstitutsiyamizni har qanday shaxs – “bu mening Konstitutsiyam”, deb barala ayta olishiga asoslar mavjud.     Jizzax davlat pedagogika universiteti dotsenti, Viloyat Ma’naviyat tag‘ibotchilari jamiyati a’zosi Siddiqova Shohida Isoqovna