Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

“TA’LIMDA FILOLOGIYaNI RIVOJLANTIRIShNING GLOBAL MASALALARI”

Mustaqillik yillarida respublikamizda malakali kadrlar tayyorlash va ta’limni sifatli tashkil etishning samarali tizimi yaratildi va bugungi kunda oliy ta’limni modernizatsiyalashga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida e’tibor berilmoqda. O‘zbekiston Resspublikasi Prezidentining 2017 yil 20 apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori oliy ta’limda ilm-fanni yanada rivojlantirish, ilmiy salohiyatni mustahkamlash, bitiruvchilarni zamonaviy dasturlar bo‘yicha o‘qitish, professor-o‘qituvchilarning ilmiy-tadqiqot faoliyati samaradorligi va natijadorligini oshirish, iqtidorli talabalarni ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishga keng jalb etish kabi jarayonlarning yanada takomillashib borishiga yordam beradi. Konferensiyalar  tashkil  etish  ilmiy  tadqiqotlarning  ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 2 martdagi 78-F sonli Farmoyishi asosida Abdulla Qodiriy nomidagi Jizzax davlat pedagogika institutida 2021 yil 3 may kuni Boshlang‘ich ta’lim fakulteti Boshlang‘ich ta’lim nazariyasi va amaliyoti kafedrasi tomonidan “Ta’limda filologiyani rivojlantirishning global masalalari” mavzusida xalqaro  miqyosda  konferensiya  tashkil  etildi. Mamlakatimizda til, adabiyot va xalq madaniyati yuksalishi yanada kuchayib borayotgan hozirgi sharoitda filologiya muammolarini jahon filologiyasida erishilgan yutuqlar asosida chuqur hal qilishga e’tibor ortmoqda. Ushbu xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya aynan filologiyani rivojlantirish masalalariga bag‘ishlanganligi bilan ahamiyatlidir. Konferensiyani tashkil etish uchun tashkiliy qo‘mita shakllantirildi va  tashkiliy qo‘mitaga taqdim etilgan maqolalar tahrir etilib, to‘rtta sho‘baga ajratilib o‘rganib chiqildi. Ushbu konferensiyaga  respublikamizning barcha viloyatlaridagi oliy ta’lim muassasalari  professor-o‘qituvchilari tomonidan, shuningdek, Hindiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Tojikiston Respublikalari va boshqa chet el mutaxassislari tomonidan maqolalar taqdim etilgan bo‘lib, tilshunosligining nazariy va amaliy muammolari, adabiyotshunoslikni takomillashtirishning dolzarb masalalari, badiiy nutq va uslub, tarjimashunoslik masalalari, globallashuv sharoitida ona tili va adabiyotni o‘qitish muammolari kabi  yirik masalalarni ijobiy  hal etishning nazariy jihatlarini ko‘rsatib berishi shubhasizdir.