Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

Shukur Xolmirzaev ijodida ijtimoiy masalalarning ifodalanishi

                                                                           Hakimova Dildora Farhodovna                                                                                              Abdulla Qodiriy nomidagi                                                                                       Jizzax davlat pedagogika                                                                           universiteti  o‘qituvchisi                                                                        Annotatsiya: Ushbu maqolada Shukur Xolmirzaev qissalarida qahramonlar dunyo qarashi, ularning fel-atvori, kechinmalarida muayyan tarixiy davrning o‘ziga xos ijtimoiy -siyosiy manzarasi, kishilarning turmush tarzi mahorat bilan bayon etilgani ko‘rib chiqiladi. Kalit so‘zlar : qissa, ijtimoiy muammo, ijodkor mahorati, dunyoqarash, qalb kechinmalari, badiiy tasvir, persanaj, falsafa, axloq va boshqalar. Abstract: The article examines the worldview of the heroes of Shukur Kholmirzaev’s stories, their actions, the unique socio-political landscape of a particular historical period, the way of life of people. Key words: Story, social problems, skill of creator, worldview, heart feelings, fiction appearance, character, philosophy, ethics and etc. Annotatsiya: V state issleduyutsya mirovozzrenie geroev rasskazov Shukura Xolmirzaeva, ix deystviya, unikalnыy sotsialno-politicheskiy landshaft togo ili inogo istoricheskogo perioda, obraz jizni lyudey. Klyuchevыe slova: rasskaz, sotsialnыe problemы, tvorcheskoe masterstvo, mirovozzrenie, serdechnыe chuvstva, xudojestvennыy oblik, xarakter, filosofiya, etika i dr. Hayotning barcha muammolari markazida turadigan inson obrazi badiiy adabiyotning ham asosiy mavzusi hisoblanadi. Inson adabiyotning tasvir predmetidir. Inson tasviri yo‘q joyda badiiy adabiyot yo‘q, shu bilan birga adabiyot – “inson tasviri” demak-boshlicha insonning ichki dunyosi tasviri, uning kechinmalari tasviri demakdir. Jahonga mashhur yozuvchi Chingiz Aytmatov: “Badiiy asar odamning odam haqidagi hikoyasidir”[14;25] deydi . O‘zbek yozuvchilari ayni hayot haqiqatini o‘z ruhiyatini taftish etib, o‘zligini anglashga intiladigan qahramonlar vositasida odamlarga ham boshqalar kabi emas, o‘ziga xos munosabat bildirish,o‘z qahramoni orqali atrofdagi odamlarni o‘zimizga ma’qul kelish yo kelmasligiga qarab emas, balki boricha, qanday yaratilgan bo‘lsa, shundayligicha ziddiyatli va murakkab inson sifatida qabul qilish zarurligini, muhimi, insonni  anglash ekanini ta’kidlashga urinayotganliklari milliy mustaqillik o‘zbek adabiyotiniga xos muhim xususiyatdir. Insonni tushinishga da’vat etish insonni anglash falsafasini talab qiladi. Insonni tasvirlash orqali esa ana shu hayot falsafasi yaratiladi. Inson qalbi kechinmalarining serqirra tasvirini, ruhiyat tahlilining o‘ziga xosligi, kechinma va voqealik masalalarini teran idrok etgan va bu yo‘lda o‘zining aniq yo‘nalishiga ega bo‘lgan o‘zbek nasrining serqirra ijodkori Shukur Xolmirzaevning: “Adabiyotning quvvati zo‘r! Uning mangu vazifasi insonni yozish, ochish, kashf etish, eng pinhon taraflarini ham ocha bilish va pirovardida shu tariqa ezgulikka, inson kamolotiga ko‘maklashishdir”[8;27],– tarzida ta’rif bergan. Asarda bayon etilgan turli voqea-hodisalar, e’tibor qaratilgan har xil muammolar esa adabiy qahramon timsolida muayyan davr kishilarining dardi, tashvishlarini aks ettirish omili hisoblanadi. Badiiy asarda hayot voqeligi, odamlar turmushi adabiy qahramonlar xatti-harakati, o‘y-fikrlarini ifodalash orqali aks ettiriladi. Ijodkorning dunyoqarashi, maqsadi, ijtimoiy hayot hodisalari va inson dunyosi to‘g‘risidagi falsafiy mushohadalari ham aynan adabiy qahramonlar obrazida ifodalanadi.[13;65] Hayot hodisalari va inson ruhiyatini xolis kuzatish, taftish etish orqali yozuvchilar davrimizning muhim jarayonlari mohiyatini yoritishga erishmoqdalar, yoxud o‘tmish davr – mustabit tuzum, uning mafkurasi yetkazgan fojealarni insonlar ongu tafakkuri hamda ruhdagi inqirozga, ziddiyatga bog‘lab yoritmoqdalar. Demak, nasrimiz o‘z taraqqiyotining yangi davrini davom ettirmoqda. Ma’rifatli jamiyatdagi inson haqidagi haqiqatni aytish zamondoshimiz qiyofasining to‘liq qirralarini tasvirlash, yuksak milliy va umuminsoniy qadriyatlarni e’zozlashga da’vat ruhi mustaqillik davri o‘zbek qissalarining muhim estetik xususiyatdir. XX asrning 60 yillaridan o‘zbek adabiyoti ravnaqiga katta hissa qo‘shgan va XXI asrda ham barakali ijod etib kelayotgan yozuvchilar avlodi ichida Shukur Xolmirzaev alohida ajralib turadi. O‘zbek adabiyotida tarjimai holi Shukur Xolmirzaevdek kamtar va kamsuqum adib kam topiladi. Adib butun umrini badiiy ijodga bag‘ishlagan. Shu ma’noda, adibning asosiy tarjimai holi: orzulari, dardlari, armonlari; amalga oshirgan, oshira olmagan ishlari; nafratlari-yu, sevinch, iztiroblari, o‘zidan, do‘stlaridan, idealidan o‘tgan sifatlar uning asarlari bag‘rida yotadi. Zamonani, o‘tmishni chuqur va atroflicha o‘rganish, xalq dardi va orzularini aks ettirishdagi ehtiyoj hamda hikoya janrida orttirilgan tajriba jahon va o‘zbek yozuvchilari mahoratini o‘rganish yozuvchini turli mavzudagi qissalar yozishga olib keldi. “Bukri tol” (19761 y.), “O‘n sakkizga kirmagan kim bor” (1964 y.), “Yo‘llar yo‘ldoshlar” (1973 y.), “Yur tog‘larga ketamiz” (1976 y.) singari qissalari Shukur Xolmirzaevni jiddiy izlanuvchan qissanavis sifatida tanitdi. Ularning barchasi bir xil saviyada emas, albatta. Qissalarida adib o‘z ijodiy yo‘nalishi va uslubiga sodiq qolgan. Xalqimiz hayotini, yurtdoshlarimiz taqdiridagi muhim jarayonlarni, o‘zbekni o‘zbek qilgan fazilatlarni, bir so‘z bilan aytganda millat ruhini aks ettirish Shukur Xolmirzaev qissalarining yetakchi xususiyatidir. “Yozuvchi millat ruhidan kelib chiqmasa bo‘lmas ekan,”[8;28] – degan o‘z iqrornomasi uning butun ijodini, asarlarini, shaxs sifatidagi tabiatini tutashtirib turadi. “Shaxs ruhiyatini tasvirlash Shukur Xolmirzaev ijodiga xos muhim belgi deyish mumkin”[14;65] – deb yozadi olim Q.Yo‘ldoshev yozuvchi ijodi xususida fikr yuritayotib. Qissalardagi qahramonlar ruhiyatini ko‘rsatish uchun uning imo ishorasi gap so‘zidan tortib, qilayotgan har bir ishi, hatti-harakatigacha, xarakter haqiqatiga mos tarzda ifodalash lozim. Umri davomida tinimsiz izlangan, o‘qishdan tolmagan yozuvchi hayotning ijtimoiy masalalari, odamning chigal ruhiy kechinmalari, tuyg‘ulari sirini anglamoq va buni ijodida to‘la aks ettirmoqqa qattiq bel bog‘ladi. Shuning uchun ham uning asarlarida yon-verimizda yashayotgan, har kuni ko‘rib turganimiz kishilarning jonli qiyofasi tasvirlansa-da, adib hayotdan shunchaki ko‘chirib qo‘ymaydi. Boshqalar nazaridan pinhon nuqtalarga e’tibor qaratadi. «Shukur o‘z zamondoshlari orasidagi ba’zan ko‘z ilg‘amas munosabatlarga nazar tashlaydi va birinchi qarashda uncha muhim bo‘lmagan bu munosabatlardan kitobxonlarga saboq bo‘ladigan ma’no izlaydi. Xolmirzaev hayotni bevosita tasvirlash uchun harakat qiladi. Aytmoqchi bo‘lgan fikrlarni hayot materiallarining bevosita tasviri orqali ifoda etadi. Me’yorni yaxshi his qilib, voqeani batafsil tasvirlaydi. Ikkinchi darajadagilarga ko‘p o‘rin berib o‘tirmaydi. Shu sababdan voqealar lo‘nda- lo‘nda bo‘lib, kitobxonga borib yetadi. Ba’zan adib tanlagan voqea – fikrni tasdiqlashga ojizlik qilsa, harakat qiluvchi shaxslarning o‘tmishiga murojaat etadi va shaxslar faoliyatini mantiqan dalillash uchun harakat qiladi. Xullas ko‘pgina yosh prozaiklarimizda bo‘lgan nuqson-bayonchlikdan qochadi.»[10;5] – degan edi bu haqda olim M.Qo‘shjonov.   Ijodkor badiiy asar yaratar ekan, avvalo o‘zi ko‘rgan kechirgan, his etgan hodisalar haqida yozadi. Bu esa undagi ijtimoiy dard bilan yuzaga chiqadi. Yuqoridagi mulohazalardan kelib chiqib aytish mumkinki, badiiy adabiyotda ijtimoiy masalaning yoritish dolzarbdir. Uning tadqiqiga bag‘ishlangan qatar ilmiy ishlar mavjud. Biroq hanuzgacha bu masala to‘liq yechimini topgani yo‘q. Chunki, har bir davrda turli ijtimoiy muhit va masalalar yuzaga keladi va badiiy adabiyot ularni o‘quvchiga imkoni boricha ochib berishga intiladi, uning o‘zi ham mana shu taraqqiyotga muayyan ta’sir o‘tkazadi. “Badiiy adabiyot ijtimoiy borliqning in’ikosi,tarixiy taraqqiyotdagi muayyan bosqichning mahsuli sifatida maydonga keladi va ayni paytda,uning o‘zi ham mana shu taraqqiyotga muayyan ta’sir o‘tkazadi.”[4;13] Shukur Xolmirzaev qissalarida dolzarb ijtimoiy muammolar talqini bilan yondosh holda ko‘p o‘rinlarda personajlar ruhiyatidagi nozik ruhiy holatlarni san’atkorona ifoda etgan. Adibning “O‘n sakkizga kirmagan kim bor?” qissasida atrofimizda uchrab turadigan ijtimoiy-maishiy masalalarni tasvirlaydi. Mazkur qissadagi ona obrazlari Zaynabxon va onasi o‘rtasidagi suhbatga e’tibor qaratadigan bo‘lsak: “– Hi, maylising ham ordona qolsin. Bolangning fe’lini bilasan-ku, javob olib kelavermaysanmi! – Sekinroq, – shivirladi Zaynabxon. – Majlisda men to‘g‘rimda ham gap bo‘ldi-da, onajon. Meni “G‘alaba” kolxoziga partkom qilib tayinlashdi. Kampir qiziga tikilgan ko‘yi jim qoldi…
  • Bu atrofda kolxoz yo‘q-u?
  • Dashtda u, – Zaynabxon sabrsizlik bilan.
Kampir qiziga og‘rinib qaradi.
  • Yana ketarkansan-da?
Juvonning chehrasiga daf’atan iliq bir mehr toshib, ma’yus kulimsiradi. – Ketaman. Ketishim kerak. – So‘ng derazaga ko‘z tashlab olib, shoshildi. – Onajon, o‘sha kolxozning raisi ham majlisda bor edi. Ilgaritdan tanishmiz. O‘rtoqlardan. Gostinitsada joy yo‘q ekan, olib keldim. Mehmonxonada yota qolsin, erta bilan turib ketadi. Balki o‘zim ham u kishi bilan… – O‘g‘liga qarab olib, davomini aytmadi, kalitni so‘radi. Sen o‘rtoqlardan deganing bilan… – g‘uddiladi kampir, – ming qilsa ham erkaksiz uy.. [10;94]bu parchani o‘qigan kitobxon, o‘zbek oilasidagi ona-yu qizning oddiygina suhbati deb o‘ylashi tabiiy.  Lekin yuqoridagi parchada maishiy hayotda uchraydigan oddiy voqeylik mavjud. Adib asar yararatilgan davrning ijtimoiy masalasini, ya’ni “kolxozlashtirish” siyosati kishilar hayotiga qanday ta’sir etganini mohirona ochib bergan. Dialogning so‘ngida Muslima buvining: “…ming qilsa ham erkaksiz uy…” jumlasida juda katta ijtimoiy masala or-nomus g‘oyasi singdirgan. Azaldan o‘zbek xalqida har qanday holatda ham or-nomus masalasi ustun turgan. “…Erkaksiz uy” deganda Muslima buvi Zaynabxonning bevaligini yuziga solmadi, balki uning sha’nini o‘ylagan holatda, begona erkakning uyida tunab qolishini oqlamadi. Nomus, or, sadoqat, vafo, muhabbat kabi muqaddas tuyg‘ular o‘zbek ayollarining ziynati hisoblangan. “Nomus hamisha g‘amgindir” Ulug‘ Gyotening ushbu fikrini o‘qiganda, nomus deganda, avvalo odamning ko‘z o‘ngiga onasi, qizi, singlisi, yori keladi. Shu tasavvurning o‘ziyoq bu tuyg‘uga ilk ichki sharhni beradi. Demak, hayotdan ham qimmatli, jondan ham azizroq tuyg‘u bu. O‘zbek ayolining nomusga mardona munosabati Muslima buvining xatti-harakatlarida ochib beriladi. Muslima buvi uchun or-nomus masalasi bu dunyoda arava-arava tilla bilan tiklab bo‘lmaydigan narsa. “Zaynabxonning o‘zi dashtdan yakka kelganida Muslima buvining lablaridan kulgi arimasdi, Jalolov bilan kelganida esa kampir bir narsasini yo‘qotganday yerga qarab yurar, qiziga gapirmas, lekin unga dardli qarab-qarab qo‘yardi.”[10;109]   Shukur Xolmirzaev qahramonlarining aksariyati uning o‘zi tug‘ilib o‘sgan tuproq-Surxon diyorining mehnatkashlaridir. Asar voqealari sodir bo‘ladigan manzil ham ko‘pincha shu vohada bo‘ladi. Shu voha qahramonlari timsoli misolida adib o‘zbek xalqining, o‘zbek tuprog‘ining o‘ziga xosliklarini tajassum etadi. “O‘n sakkizga kirmagan kim bor?” qissasida ham  vatanparvarlik g‘oyasini qahramonlar ruhiyati orqali ochib berishga harakat qildi. “-Siz faqat dashtim, dashtim deysiz, nimasi yaxshi shu dashtingizni?! Kim biladi. Lekin uka kishining yaxshi ko‘radigan yeri bitta bo‘lishi kerak, bitta.”[10;140] Qissaning bosh qahramonlari Jamshid va Tilov o‘rtasidagi suhbatda Tilovning har qanday go‘shadan o‘zi tug‘ilib o‘sgan dashtning azizligini bot-bot takrorlashi orqali unda vatanparvarlik ruhi yuksakligini ko‘rishimiz mumkin. Voqealar davomida Tilov sevgilisi Umidaga ham qadrdon dashtini zavq bilan tasvirlaydi. “Umida sen dashtni ko‘rmagansan, bilmaysan. Goho eslasam yig‘lagim keladi. Tasuvvur qilasanmi, Umida, dasht keng, juda keng, osmoniyam – keng. Bulutlariyam – katta-katta. Dashtdayam shunaqa qishlog‘imiz bor, lekin uni bu yerdagiday har tarafdan tog‘lar qisib turmaydi.”[10;151] Atoqli yozuvchimiz Odil Yoqubov “Boysun safari” nomli estaliklarida Shukur Xolmirzaev haqida shunday xotirlaydi: “Kunlardan bir kun iste’dotli yozuvchimiz Shukur Xolmirzaev : – Yuring, Odil aka, bizning Boysun tomonlarga borib kelaylik. Sizni Boysun tog‘lariga olib chiqamiz , biz tomonlarning odamlari boshqacha: to‘g‘riso‘z, mard, chapani. Boysunni ko‘rasiz, tanishasiz…”[16] Endi yuqorida keltirilgan parchalarni solishtiradigan bo‘lsak, adibning qahramoni Tilovning to‘lib-toshib dashtini tasvirlagani va  Shukur Xolmirzaevning o‘zi Odil Yoqubovga faxr bilan tug‘ilib o‘sgan Boysun yurti haqida gapirganida bir xillikni Vatanga bo‘lgan muhabbat tasvirini  guvohi bo‘lamiz. Yuqoridagilardan kelib chiqib, quyidagicha xulosalarga keldik: 1.Shukur Xolmirzaev asarlarida jamiyatimizda tez-tez uchrab turadigan ijtimoiy masalalar o‘ziga xos talqin etilgan.
  1. Adibning “ O‘n sakkizga kirmagan kim bor?” qissasida or-nomus masalasini o‘zbek onasi obrazida ochib berilganini ko‘rib o‘tdik.
  2. Yozuvchining deyarli barcha asarlarida vatanparvarlik g‘oyaini qahramonlariga singdirganini va bu g‘oyaning asl negizi ijodkor dunyoqarashida aks etganligini ko‘rdik.
  Adabiyotlar ro‘yxati.
  1. O‘z.Res.Prezidenti Sh.Mirziyoev. Toshkent .2017 yil, 12 yanvar, PF-4789-son.
  2. Baltabaeva M. Kitob komillikka yetaklaydi.-Toshkent. 2017 y.
  3. Karimov I. Adabiyotga e’tibor-ma’naviyatga,kelajakka e’tibor.//Sharq yulduzi.2009 y. №3,7-bet
  4. Adabiyot nazariyasi. Ikki tomlik. – Toshkent. “Fan.” 1978 y. 13-bet
  5. Matmurodova M. Kitob va mutolaa madaniyati. Toshkent. 2010.
  6. Naimov A. Kitob –ilm va hikmat manbai. 2017 y.
  7. Nazarova Shahnoza. Yangi qissachilik sarhadlari. “Sharq yulduzi” jurnali, 2013 yil, 3-son
  8. Xolmirzaev Sh. Adabiyot o‘ladimi// “Tafakkur” jurnali.1998 yil 2-son
  9. Xolmirzaev Sh. Bukri tol.-Toshkent. “Sharq”, 1961 y. 46-bet
  10. Xolmirzaev Sh. Saylanma. 5 jildli, 4-jild.-Toshkent. “Sharq”, 2007 y.
  11. Sh Adabiyot, yozuvchi va ijod haqida. “Yoshlik”jurnali 2012/9
  12. Potebnya A.A. Estetika i poetika. –M.,1976.- s. 286
  13. Ulug‘ov A. Adabiy qahramon qadri. “Jahon adabiyoti”,2015yil, 5-son.
  14. Qozoqboy Y. Muhayyo Yo‘ldosh. Badiiy tahlil asoslari. –T.:”Kamalak”, 2016, 25-bet.
  15. Quronov D. Adabiyotshunoslikka kirish. – Toshkent. “Fan”. 2007.
  16. Odil Yoqubov. Boysun safari. www.kh-davron.uz.