- Xayriddin Sulton. Saodat sohili. T.: G‘. G‘ulom nomidagi NMIU, 2005, 142 bet
- Sulton, Xayriddin. Navoiy – 30. Janri yo‘q kitob. – T.: “Mashhur-press” nashriyoti, 2022. 495 bet.
- Sirojiddin Sayyid. Yuz oh, Zahiriddin Muhammad Bobur. T.: O‘zbekiston, 2010, 156 bet.
- Bahodir Karim. Ruhiyat alifbosi. T.: G‘.G‘ulom nomidagi NMIU, 2018, 364 bet
- Umarali Normatov, «O‘zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 2006-yil 3-son.
SAODATNING NURLI SOHILLARI
Haydarova Zilola Akmal qizi – Jizzax davlat pedagogika universiteti Maktabgacha va boshlang‘ich yo‘nalishlarda masofaviy ta’lim kafedrasi o‘qituvchisi
+99891 593 2664
Annotatsiya: Xayriddin Sulton – Bobur Mirzo haqida “ko‘b va xo‘b” yozgan ijodkor. Zahiriddin Muhammad Bobur shaxsiga bo‘lgan qiziqish tufayli adibning shu mavzuda bir qancha asarlari yozilgan. Maqolada ana shunday asarlardan biri – Bobur Mirzo hayotining so‘nggi kunlari yoritilgan “Saodat sohili” qissasi tahlil qilinadi. Qissadagi shoh va shoirning insoniy qiyofasi, ilm ahliga bo‘lgan munosabati yoritilgan o‘rinlar o‘rganilgan.
Kalit so‘zlar: shoh va shoir, boburshunos olim, gumanistik qarashlar, asar mavzusi, badiiy tafakkur, estetik ta’sirchanlik, insoniy fazilatlar, “Bo‘ston”, “Bog‘chasaroy fontani”, tarixiylik, badiiy haqiqat.
Annotatsiya: Xayriddin Sultan – xudojnik, kotorыy «mnogo i mnogo pisal» o Babure Mirze. V svyazi s interesom k lichnosti Zaxiriddina Muxammada Babura na etu temu bыlo napisano neskolko proizvedeniy pisatelya. V state analiziruetsya odno iz takix proizvedeniy – povest «Saodat Saxil», kotoraya oxvatыvaet poslednie dni jizni Babura Mirzы. Vыdelenы mesta v povesti, gde chelovecheskiy obraz sarya i poeta, ix otnoshenie k lyudyam nauki.
Klyuchevыe slova: sar i poet, uchenыy Babur, gumanisticheskie vzglyadы, tema proizvedeniya, xudojestvennoe mыshlenie, esteticheskoe vpechatlenie, chelovecheskie kachestva, «Boston», «Boxchasaroyskiy fontan», istorichnost, xudojestvennaya pravda.
Annotation: Khairiddin Sultan is an artist who wrote «a lot and a lot» about Babur Mirza. Due to the interest in the personality of Zahiriddin Muhammad Babur, several works of the writer were written on this topic. The article analyzes one of such works – the story «Saodat Sahil», which covers the last days of Babur Mirza’s life. The places in the story where the human image of the king and the poet, their attitude towards the people of science are highlighted.
Key words: king and poet, Babur scholar, humanist views, theme of the work, artistic thinking, aesthetic impression, human qualities, «Boston», «Boghchasaroy Fountain», historicity, artistic truth.
Mustaqillik yillarida Bobur ijodiga bo‘lgan qiziqish yanada ortdi. Zahiriddin Muhammad Bobur asarlari qayta nashr etildi, o‘rganildi. Bunday savobli ishlarning ro‘yobida boburshunos olimlarimizning xizmatlari beqiyos. Shoh va shoir hayoti va ijodini o‘rganishda va targ‘ib qilishda Xalqaro Bobur fondining amaliy faoliyati e’tirofga loyiq. Bobur va boburiylar adabiy, ilmiy, madaniy merosini o‘rganishga qaratilgan ekspeditsiyaning xayrli ishlari boshida Zokirjon Mashrabovdek fidoyi, millatparvar, jonkuyar inson turdi. Ekspeditsiya a’zolari nafaqat Bobur asarlarini, balki jahon adabiyoti durdonalarini va ekspeditsiya safari xotiralarini yorituvchi safarnomalarni o‘zbek kitobxonlarining qo‘liga yetib borishida katta mehnat va mas’uliyatni zimmalariga olmoqdalar. Zahiriddin Bobur ijodiy faoliyatini o‘rganish jarayonida Xalqaro ekspeditsiya vakillari ijodkor hayoti va faoliyatiga daxldor ko‘plab adabiy manbalarga ega bo‘lishdi va Mirzo Bobur shaxsiyatiga oid bir qancha asarlar o‘zbek kitobxonlari qo‘liga yetib bordi. Xususan, Xayriddin Sultonning “Boburiynoma”, Qamchibek Kenjaning “Hind sorig‘a”, “Boburiylardan biri”, “Andijondan Dakkigacha” asarlari fikrimizning yaqqol dalilidir. Qolaversa, Yaponiyalik olim Eyji Manoning “Boburnoma” bo‘yicha olib borgan ilmiy-tadqiqot ishlari, amerikalik olim Berkning “Akbarshoh-boburiylarning eng buyugi” asari, ingliz adibasi Rumer Godenning “Gulbadan”, Muhammad Haydar Mirzoning “Tarixi Rashidiy” asari, “Boburnoma”ning ingliz, olmon, fransuz, rus tillariga tarjima qilinishi boburiylar ijodiga bo‘lgan qiziqishlarning yuksak ekanligidan dalolatdir.
Xayriddin Sulton ham Bobur shaxsi va ijodi bo‘yicha bir qancha asarlar yozgan, ilmiy ekspeditsiyalarda qatnashgan adib. Xayriddin Sulton ijodini kuzatar ekanmiz, adib asarlarida tarixiylik mezonlari bir qancha asarlarida aks etganligini ko‘ramiz. Ayniqsa, adibning Bobur Mirzo shaxsiyatiga bo‘lgan o‘zgacha mehri tufayli chin ma’noda adabiyotimizda gultoji asarlar yaratilishiga zamin bo‘ldi. Adibning o‘zi e’tirof etishicha, Bobur Mirzoga bo‘lgan mehri uning “Tole yo‘qki jonimg‘a balolig‘ bo‘ldi…” misralari bilan boshlanuvchi ruboiylarini o‘qish asnosida bolalikdan boshlangan. Keyinchalik zakovatda, muruvvatda, matonatda, mardlikda tengsiz bo‘lgan shoh va shoir Bobur Mirzoning insoniyligiga qiziqish uyg‘onadi. Bobur Mirzoni otasiday, onasiday, farzandiday sevib qoldi: “Shu yo‘sin, — deb yozadi adib keyinchalik, — Bobur Mirzoning mardlik va muruvvatda, zakovat va matonatda tengsiz shaxsiyatiga maftun bo‘lib qoldim.
Men uni otamday, onamday, farzandimday yaxshi ko‘rib qoldim. Qariyb yigirma yildirki, shu maftunkor ishq bilan sarmast yashayman”.[5;15]
Xayriddin Sulton ijodining asosiy qismini Bobur Mirzoga bag‘ishlangan asarlar tashkil etadi. “Oy botgan pallada”, “Saodat sohili”, “Panoh”, “Tavba”, “Boburning tushlari”, “Nuqta”, “Boburiynoma” kabi asarlarida yozuvchi Bobur Mirzo shaxsi, uning gumanistik qarashlari-yu chin insoniy fazilatlarini kuylaydi.
Ma’lumki, “yaxlit voqeani tasvirlash asnosida hikoyanavis yo shu voqeaning, yo uning vositasida xarakterning mohiyatini ochib beradi”.[6; 393] O‘z badiiy niyatiga ko‘ra asar g‘oyasiga xizmat qiladigan materialni saralab, ajratib olish, xarakterlarni muvaffaqiyatli yoritish, ishning aniq va ravshanligi hikoya muvaffaqiyatini ta’minlaydi. Ana shunday muvaffaqiyat sirlarini mukammal o‘zlashtirgan ijodkor Xayriddin Sultonning ijodiy imkoniyatlari uning hikoyalarida yaqqolroq ko‘zga tashlanadi. Garchand epik janrning eng kichik namunasi sifatida baholansa-da, ba’zi hikoyalarda qissa va romanlarga teng mazmunni topish mumkin. Qolaversa, tahlil va talqin masalalarida ustozlardan yetarli saboqni o‘zlashtirgan ijodkor asarlari, albatta, o‘z o‘quvchisini topadi. Adibning hikoyalari ham shunday jarayondan o‘tgan, zuvalasi pishiq asarlardir. Xayriddin Sulton Bobur Mirzo hayotidan olingan “Oy botgan pallada” hikoyasining matbuotda e’lon qilinishi jarayoni haqida yozar ekan, bir asarning kitobxon qo‘liga yetib borishi uchun qanchadan qancha elaklardan elanishi lozimligini batafsil aytib o‘tadi. Dastlab hikoyani muallifning o‘zi yozganiga ishonishmaydi va qolgan ijod namunalariniyam so‘rashadi: “Talabalar shaharchasi bilan redaksiya orasi uzoq, ammo “marshrutka” yigirma tiyinga oborib qo‘yadi. Kunora bo‘lmasa ham, haftada bir borib xabar olib turaman. Va har safar ajib mujdalar eshitib qaytaman; bo‘lim mudiri o‘qiyapti, adabiy kotibga o‘tdi; mas’ul kotib tanishmoqchi…
Bir kuni davlat sirini oshkor qilgandek pichirlab aytishdiki, bosh muharrir o‘rinbosari Vahob akaga berdik!” [2;198] Asar bosilishga ruxsat berilgandan so‘ng ham redaksiyadagilar yozuvchiga Pirimqul Qodirovning ham oldidan o‘tish lozimligini, chunki bir tomoni andisha, ikkinchi tomondan esa adibchalik Bobur Mirzo hayoti va faoliyatini mukammal biladigan ijodkor yo‘q ekanligini aytishadi. Qolaversa, zamona zayli bilan Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romani taqiqqa uchragan, kitobxonlar qo‘liga yetib borish uchun ruxsat berilmayotgan edi. Adibni o‘ziga ustoz deb bilgan Xayriddin Sulton uchun bu katta sharaf, katta yutuq edi. Yozuvchining hikoyalari “Guliston” jurnalida e’lon qilinadi. Yana bir e’tiborli jihati shundaki, Xayriddin Sulton hikoyalari adabiyotning yetuk vakillaridan saboq olgan yozuvchi Xayriddin Sulton ham nuktadon ustozlaridek mohir hikoyanavis bo‘ladi. Ana shu hikoyalar esa kelajakda katta-katta asarlarning yozilishi uchun poydevor bo‘la oldi.
“Saodat sohili” qissasi ham ana shu poydevorlardan yaralgan go‘zal binodir. Asar 1981 yilda yozilgan. Asarning asosiy voqealari Bobur Mirzo va Hofiz Ko‘ykiy munosabatlariga qurilgan. Agar asarni sinchiklab o‘qisak, Bobur Mirzoning ham shoh, shoir, ham oddiy inson sifatidagi qiyofasi yorqin bo‘yoqlarda chizilganligiga guvoh bo‘lamiz. Qissada Bobur Mirzo hayotining so‘nggi kunlari mahorat bilan yoritiladi. Vatan sog‘inchi va firog‘i bilan yashayotgan Zahiriddin Muhammad Bobur, o‘zga ellarda otasining daragini surishtirib bevaqt, fojiali vafot etgan Binoqul, jahongashta, ko‘ngli pok, Boburga chin ixlosmand bo‘lgan Hofiz Ko‘ykiy kabi obrazlarning qalb kechinmalari, dard-sitamlari, alam va fig‘onlari asarning har bir nuqtasida aks etib turadi.
“Ijodda aql – aqldan quvvat oladi” degan an’ana hukm suradi. Bu degani badiiy ijod – an’ana va novatorlik asosida yaratiladi. Zamondosh shoirlar qadimdan hozirgi davrgacha yashab ijod etgan jahon ijodkorlari asarlarini o‘qib ilhomlanadilar”,[3;153] – deydi boburshunos olim Vahob Rahmon. Darhaqiqat, qissa voqealari bilan tanishgan kitobxon ko‘z o‘ngida “Boburnoma”, Pirimqul Qodirovning “Yulduzli tunlar” romani voqealari gavdalangandek bo‘ladi. Lekin asarning badiiy saviyasi, til uslubi, tasvirlash mahorati o‘zgacha. Yozuvchi Bobur Mirzoni nozik qalb egasi sifatida tasvirlaydi:
“Bog‘i Nurafshonning yashil qo‘ynida yarqirab turgan oq marmar saroyda Afg‘on, Hind va Bangola o‘lkalarining mutlaq hukmdori – keyinchalik yevropalik muarrixlarning “faromushxotirligi” tufayli tarix sahifalariga “Buyuk Mo‘g‘ul imperiyasi” degan mubham nom bilan bitilguvchi ulkan saltanat sohibi Zahiriddin Muhammad Bobur Mirzo arkoni davlat bilan ertalabki mashvarat o‘tkazmoqda”.[1;89]
Zukko o‘quvchi, yevropalik olimlarning faromushxotirligi ta’kidlangan nuqtalarda yozuvchining zarifona kinoyasi, istehzosini his etadi. Asarning shu qismida Bobur Mirzo Hofiz Ko‘ykiy bilan uchrashadi. Hofiz Ko‘ykiyning Toshkentdan kelganini eshitgan shoh qalbida allanechuk his-tuyg‘ular jo‘sh ura boshlaydi. Arkoni davlati Aabdulvohid Forig‘iydan u zotning ta’rifini so‘raydi: “ – Mavlono Forig‘iy, – dedi ohista, – bu zot kim bo‘lsa ekan? Sizning hech eshitganingiz bormi?
Abdulvohid Forig‘iy damqisa kasaliga mubtalo edi, o‘rnidan qo‘zg‘alib. Hansiragancha so‘z boshladi:
– Olampanoh, sizni yo‘qlaguvchi bu zot Movarounnahrning mashhur allomalaridan bo‘lur. “Ko‘ykiy” taxallus qilibdur, deb eshitganim bor. Toshkandda ekanimda bir kitobatini mutolaa qilib edim. “Risola fi fani attafsir va-l usul va-l furu’ va-l mantiq va-l kalom” deb nom bermishlar ekan, shoyon tahsinga sazovor edi. Yana bir nima tasniflari bor, alalxusus, ilmi tarixda benazirdur”.[1;90]
Toshkent so‘zini eshitgan Bobur xayoli uzoq o‘tmish tomon ketadi. Beixtiyor, qalbida jo‘sh urgan sog‘inch hissi No‘yon ko‘kaldosh, G‘ulda Qosimbek, Xoldor, Mirshoh qavchin, Qo‘chbeklarni xotirlash bilan qo‘shilib ketadi. Bobur Mirzo ularni yaxshi va yomon kunlaridagi hamroh, ba’zilarini esa xiyonatkor insonlar sifatida xotirlaydi. Yigirma yetti yil oldingi holatlar shohning ko‘z oldidan birma-bir o‘tadi. Ham qalbi, ham so‘zlari titrab, Hofiz Ko‘ykiy bilan diydor ko‘rishadi.
“Saodat sohili” qissasida nozik tashbehlar, o‘xshatishlar, Bobur Mirzo shaxsiyatini ochish uchun husni ta’lillardan foydalanadi. Adibning mahorati ham shundaki, garchand “Boburnoma”dan ijodiy foydalangan bo‘lsa-da, lekin qissa davomida bayonchilikka aslo yo‘l qo‘ymaydi. Bahodir Karim ta’biri bilan aytganda, navislikni ega-kesimdan iborat jarayonga aylantirmaydi. [4;6] Qolaversa, adib Bobur Mirzo faoliyatini badiiy idrok etishda ustoz adib Pirimqul Qodirov tajribalariga suyanganini ko‘rishimiz mumkin. Abdulla Qodiriy, Oybek, Pirimqul Qodirovdek tarixnavis yozuvchilarning ijodidan bahramandlik, ayni paytda tarixga murojaat qilgan yozuvchi zimmasida turgan mas’uliyatni his etish, o‘zidagi alohida istedod tufayli Xayriddin Sulton Bobur Mirzo yashagan davr, muhit bilan o‘z davri, o‘z zamonasi aro robita, bog‘lanishlar topa olgan.
Yozuvchi qissa yozilish asnosida tarixiy haqiqatni badiiy asarga singdirib yuboradi. Bobur Mirzoning Obiburdon qishlog‘idagi chashma boshiga – toshga yozdirgan baytini keltirib o‘tadi: “Axir biz bir paytlar Kobil sari otlanganda xuddi shundog‘ yo‘l tutmish edik! Siz esa, bukun go‘yo bilgandek, ortimizdan izma-iz yurib kelibsiz. Vo ajab! Obiburdondan oshg‘an chog‘imiz bir chashma labida to‘xtab edik. Shu chashma yoqasida bir toshga bayt ham yozdirib edim. Banogoh ko‘zingiz tushgani yo‘qmi?
Olim afsuslanib bosh chayqadi:
– Hech, olampanoh… Ne bayt edi o‘zi?
– Hanuz xotirimdan o‘chgan emas, – dedi Bobur, – Jonfizo baytlar edi:
Shunidun ki, Jamshidi farrux sirisht,
Ba sarchashmae bar sange navisht:
“Bar in chashma chun mo base dam zadand,
Biraftand chun chashm barham zadand…” [1;101]
Bobur Mirzoning o‘zi ham o‘z xotirasidan hayratga tushadi. Baytning yodidan chiqmaganligi, uning uchun g‘oyat ahamiyatli ekanligi Bobur Mirzoning dilida ajib hislarning tug‘yoniga sababchi bo‘ldi. Ayni shu voqea “Boburnoma”da ham keltirilgan bo‘lib, yozuvchi uni badiiy adabiyotga olib kirdi. Eng hayratlisi, o‘sha tosh, o‘sha chashma, o‘sha hudud asrlar o‘tib tadqiq qilinar ekan, xuddi o‘sha holatda olimlar tomonidan topiladi, tadqiq qilinadi. Qutlug‘ tabiatli Jamshid podsho bu buloq boshiga keldi va ko‘plar kelganligini, o‘tirganligini hamda ular ham ketganligini baytda yozadi. Mana shu epik tasvirdan Sa’diy Sheroziy “Bo‘ston” asarida foydalangan edi:
Ko‘plar ham bu chashma boshiga yetdi,
Suv ichdi, dunyodan ko‘z yumib ketdi.
Qanchasi zulm ila olamni oldi,
Go‘rga o‘zi ketdi, olgani qoldi.
Mana shu bayt oradan uch asr o‘tib, Bobur Mirzoning qalbiga ham titratma soladi. Qalbidan o‘tgan kechinmalarni abadiyatga muhrlash, kelajak avlodga eslatish uchun toshga bitadi. Hayratlisi, yana oradan uch asr o‘tgach, rus she’riyatining eng yorqin vakili Aleksandr Pushkin ham “Bog‘chasaroy fontani” asari uchun epigraf qilib Jamshid podshoning buloq boshiga yetgani haqidagi baytni tanlaydi. Asrlar silsilasidan o‘tib kelayotgan ushbu misralar biz uchun dunyoning o‘tkinchiligiga ishoradir. Bu chashma – umr, ko‘plar keldi, kelganlarning barchasi ketdi. Bugun chashmaning boshida biz o‘tiribmiz, biz uning suvlaridan bahra olmoqdamiz. Lekin hammamiz hech bir istisnosiz ketamiz. Bu – abadiyat qonuni. Faqatgina o‘zimizning ezgu amallarimiz, ezgu so‘zlarimiz, ezgu niyatlarimiz bilan haqiqat yo‘lidan bora olsak, dini, tili, e’tiqodidan qat’i nazar kelajak avlod eslaydi. Bobur Mirzoning hayotiy qarashlari, e’tiqodi, a’mollari va amallarining bugun jahonda ham qadr-qimmatini yo‘qotmaganligi shoh va shoir dahosining naqadar dilbar shaxs bo‘lganligidan dalolat beradi.
Bobur Mirzoni butun jahon e’tirof etib turgan yorqin shaxsiyati, insoniy dahosi asrlar osha bashariyatning yo‘lini yoritib turuvchi mayoq vazifasini o‘tashi asar badiiyatiga singdirib yuborilgan. Yozuvchi “Saodat sohili”ning saodatli manzillaridan kitobxonni ma’rifat bulog‘ining chashmalaridan bahra olishga undaydi. Hofiz Ko‘ykiy bilan bo‘lgan suhbatida shoh Bobur tilidan “Nasoyim ul-muhabbat”ning muhabbatli shabadalaridan parcha keltiradi: “Birov alard in savol qildikim, darvishlik sizga mavrusdir yoki muktasab? Alar dedilar: tangri hukmi bila bu saodatqa musharraf bo‘lduk, – deya ko‘ngliga behad marg‘ub bo‘lgan parchani hafti qiroatning inja tovlanishlari bilan ta’kidladi Bobur. – Derlarki, alarga hargiz qul va dodak bo‘lmas ermish. Alardin bu ma’nida so‘rabturlar. Alar debturlarki, qachon bu bandalig‘ xojalig‘ bila rost kelur?!” [1;94]
Yana bir o‘rinda imom Muhammad G‘azzoliyning kitobga bo‘lgan mehrini ta’rif-tavsiflaydi. Kitobni o‘qiganda qalb qo‘riga joylay olishni, kitob shunchaki bezak emas, inson ma’naviy kamolotining bosh mezoni bo‘lishi lozimligini adib mahorat bilan Bobur Mirzo tilidan keltirib o‘tadi.
Har qanday badiiy asarni sinchiklab o‘qish, tahlil qilish, munosib baholash munaqqiddan mas’uliyat talab etadi. Ham ilmiy saviya, ham estetik did bo‘lishi lozim. Qolaversa, asarning badiiy saviyasini kitobxonlarga yetkazib berish oson emas. Xayriddin Sulton asarlarini o‘qir ekanmiz, tili va uslubi sodda, o‘qishli, ravon ekanligini ko‘ramiz. Ana shularni mulohaza qilganimizda yozuvchining ijodiy konsepsiyasi, laboratoriyasi naqadar boy ekanligiga amin bo‘lamiz.
Adolatli munaqqidimiz A.Qahhorning ajoyib bir fikrlari bor: “Yurtni obod qilaman deganning o‘zi obod bo‘ladi”. Darhaqiqat, yurtining obodligi va farovonligi uchun jon chekkan insonlar xalqi oldida ham obod bo‘ladi. Tariximizga nazar tashlasak, ham yurt obod qilgan, ham o‘zi obod bo‘lgan ajdodlarimizning ko‘pligiga guvoh bo‘lamiz. Jahon tarixida nasl-nasabiga munosib obod bo‘lgan shaxslardan biri – Zahiriddin Muhammad Bobur. O‘zining hayoti bilan ibrat maktabi bo‘lgan Mirzo Bobur ijodiy faoliyati bilan tarixga o‘z nomini zarhal harflar bilan bitib qo‘ydi. So‘z mulkining sultoni hazrat Alisher Navoiyning:
Menga qilsa yuz jafo, bir qatra faryod aylamam,
Elga qilsa bir jafo, ming qatla faryod aylaram.
baytlari ham Zahiriddin Muhammad Bobur hayotiga taalluqlidir, desak xato bo‘lmas.
Ana shunday mangulikka daxldor bo‘lgan shaxs qiyofasini mahorat bilan chiza olgan Xayriddin Sultonning “Saodat sohili” qissasidan taralgan ziyo kitobxonlarni Bobur Mirzodek buyuk avlodlarimiz barpo etgan odamiylik sohillari tomon boshlab turishi aniq.
Foydalanilgan adabiyotlar