- Jo‘rayev N. Tarix falsafasi. – T.: “Ma’naviyat”, 1999.
- Gʻafforov Sh. Tarix va taqdir: Rossiya imperiyasidan Turkistonga ko‘chirilganlar. – T.: “Fan”, 2006.
- Ahmedov B. Tarixdan saboqlar. – T.: “O‘qituvchi”, 1994.
- Nabiyev A. Mustaqillik uchun kurash yoxud parchalangan Turkiston tarixi. – T.: “Yozuvchi”, 1998.
- Проект положения об управлении в Семиреченской и Сырдарьинской вилоятях. – СПб., 1867.
- Переселенческое дело в Туркестане. – СПб., 1910.
- O‘zMA, I-16-fond, 1-ro‘yxat, 574-ish.
- O‘zMA,17-fond, 1-ro‘yxat, 32702-ish.
- N.Abduraximova , F.Ergashev. Turkistonda chor mustamlaka tizimi.-T.: “Akademiya”, 2002.
- Обзор Сырдарьинской области за 1913 г.Т., 1916.
ROSSIYA IMPERIYASI KO‘CHIRUVCHILIK SIYOSATINING TURKISTON XALQLARINING IJTIMOIY-IQTISODIY AHVOLIGA TA’SIRI
(Sirdaryo viloyati misolida)
S. Majidov, JDPU
Tarix fakulteti katta o‘qituvchisi
Annotatsiya: Ushbu maqoladan tadqiqotchining Rossiya imperiyasi ko‘chiruvchilik siyosatini Turkiston tub xalqlarining ijtimoiy-iqtisodiy ahvoliga ta’siri Sirdaryo viloyati misolida tahlil qilingan. Unda yangi hujjatli manbalarga tayangan holda Turkistonda XIX asrning ikkinchi yarmida hukm surgan hokimiyat mustamlaka tizimining mazmun-mohiyati ko‘rib chiqilgan. Shuningdek tartibotning isloh qilinishi va rusifikasiyalashtirish jarayonining Sirdaryo viloyati misolida kechishiga tadqiqotchi tomonidan alohida e’tibor qaratilgan.
Kalit so‘zlar: mustamlaka, metropoliya, Turkiston, kamsitiluvchilik siyosat, Sirdaryo viloyati, ekspropriasiya, mentalitet, fon Kaufman, ekspansiya, istiqlol.
Аннотация: В данной статье анализируется исследователем про влияния переселенческой политики Российской империи на социально-экономическую жизнь коренного населения Туркестана на примере Сырдарьинской области. В нём на основании новых документальных источников рассмотрена сущность, характерные черты и особенности колониальной системы власти в Туркестане во второй половине XIX века. А также особое внимание уделяется исследователем на реформирование режима и на усиление русификаторских тенденций в Сырдарьинской области.
Ключевые слова: колония, метрополия, Туркестан, дискриминационная политика, Сырдарьинская область, экспроприация, менталитет, фон Кауфман, экспансия, независимость.
Annotation.: In this article, the researcher’s analyzes the impact of the resettlement policy of the Russian empire on the socio-economic situation of the indigenous peoples of Turkestan on the example of the syrdarya region. Based on new documentary sources, it is examined the meaning of the colonial system of power that ruled Turkestan in the second half of the 19th century. Furthermore, the researcher pays special attention to the reform of the order and the progress of russifikation on the example of Syrdarya region.
Key words: colony, metropolis, Turkestan, discriminatory policy, Sirdaryo region, expropratsion, mentality, fon Kaufman, expansion, independence.
KIRISH. Biz tarixning ayni burilish davrida yashamoqdamiz. Ana shu burilish nuqtasining o‘ziyoq tafakkurimizni, tor dunyoqarashimizni, har tomonlama chegeralab qo‘yilgan tushunchalarimizni o‘zgartirishimizni taqozo etmoqda. Yillar mobaynida qotib qolgan tushunchalarimiz o‘zgarmoqda va mudrab qolgan ongimiz uyg‘onmoqda. Bugun esa barchamiz ijtimoiy-ma’naviy hayotimiz butunlay boshqacha tus olgan va o‘zgacha mazmun kasb etayotgan murakkab ruhiy-ma’naviy holatni boshdan kechiryapmiz.
Yangilanishlar davri hamisha o‘tmishga qiziqishning beqiyos darajada o‘sishidan boshlanadi. Ayni o‘tmishga qiziqish odamni istiqbolga intilishga, uni aniq yo‘nalishga sola bilishga da’vat etadi. O‘tmish voqealari, tarixiy hodisalar ayni damdagi xulosalarimizni tiniqlashtiradi, ertangi kunimizning, rejalarimizning asosini va haqiqatini ko‘rsatib beradi.
Ana shu nuqtai nazardan biz bugun tarixnavislik va tarixshunoslikdagi solnomachilik, quruq raqambozlik, bayonchilik illatlaridan butunlay qutulishimiz darkor [1:22].
ASOSIY QISM. O‘zbekistonning yangi tarixidagi tub yo‘nalishlardan biri podsho Rossiyasining O‘rta Osiyoni bosib olishi va bu yerdagi hukmronligi bilan bog‘liq murakkab tarixiy davrni xolisona yoritish hamda mustamlaka rejimining o‘lka xalqlari ijtimoiy tuzumi va turmush tarziga o‘tkazgan ko‘p taraflama ta’siri masalasini tizimli o‘rganishdir [2:5].
Mazkur nuqtai nazardan qaraganda, Turkistonning tub xalqlari uchun mustamlakachilik davridagi ko‘chiruvchilik amaliyotining salbiy oqibatlarini, uning mintaqadagi ijtimoiy-siyosiy ahvolga, shuningdek, millatlararo munosabatlarga ta’sirini o‘rganish muhimligi va zaruriyati, shubhasizdir.
Kezi kelganda tarixiy haqiqatni ta’kidlash lozim, rus aholisining mustamlaka mamlakatlariga ko‘chirish bo‘yicha Rossiyaimperiyasi 300 yillik katta tajribaga ega edi. U 1552 yilda Qozon, 1555 yil Sibir, 1556 yilda Astraxan xonliklari va boshqa o‘lkalarni bosib olib, u yerlarga rus millatiga mansub bo‘lgan aholini ko‘chirishning har xil usullarini puxta egallab olgan edi.
Binobarin,o‘zbeklarning yangi davrdagi tarixi mustamlakachilik asorati ostida kechdi. O‘zbeklar, O‘rta Osiyolik boshqa xalqlar va qozoqlar bilan birga, XIX asrning 60-yillarida podsho Rusiyasi tarafidan qurol vositasi ila bo‘ysundirildi. Shu vaqtdan boshlab O‘rta Osiyo va Qozog‘iston, tom ma’nosi bilan, Rusiyaning mustamlakasiga aylantirildi. Dehqonchilik madaniyati rivojlangan bu boy o‘lka Rusiyaning rivojlanib kelayotgan sanoati uchun xom ashyo manbaiga, qulay va mo‘may foyda keltiruvchi bozoriga aylantirildi[3:200].
Podsho Rossiyasi Gʻarbiy Turkiston o‘lkasini bosib olgach, avvalo mahalliy xalqni insoniy va siyosiy huquqlardan mahrum etdi. Tarixiy dalillarga murojaat qiladigan bo‘lsak, podsho Rossiyasi Gʻarbiy Turkiston xalqlariga nisbatan milliy diskriminasion (kamsituvchilik) siyosatini olib borgan. Chunonchi, tub aholi vakillari oliy va o‘rta darajadagi lavozimlarga yaqinlashtirilmay, hokimiyat tamoman rus harbiylari va amaldorlari qo‘liga berilgan [4:60].
Oq podshoning Turkistondagi ma’muriyati va rus sanoatchilari millatfurush mahalliy feodallarning ko‘magiga tayanib, o‘lkaning zahmatkash, mute xalqini bearmon taladilar. Ular o‘lkani boylik orttirish manbai deb bildi. Ruslar Markaziy Osiyoni Rossiyaning xom ashyo manbai va tayyor mahsulotlar bozoriga aylantirish uchun hech narsadan toymadilar.
Xo‘sh, mazkur siyosiy jarayonni amalga oshirish Turkiston o‘lkasining Sirdaryo viloyatida qanday kechgan edi?
Ma’lumki, Rossiya imperiyasining strategik niyatlarining amalga oshirilishi uning ixtiyoridagi va nazoratidagi hududlarni ancha kengayishiga olib keldi. Rossiya Qo‘qon xonligi, Buxoro amirligining aholi juda zich joylashgan hududlarining yarmidan ko‘pini, Xiva xonligining Kaspiy va Amudaryo bo‘yidagi hududlarini bosib oldi. So‘ng, istilo etilgan hududlarni hamda uning aholisini samarali boshqarish va ekspluatasiya qilish maqsadida, shuningdek, mintaqadagi xonliklarning ustidan o‘z hukmronligini o‘rnatish yoki ularni imperiyaga qaram qilish uchun Turkiston viloyatini shu nomdagi general-gubernatorlikka aylantirib, uni Harbiy vazirlikka bo‘ysundirish zarur deb topildi. Bu borada qonun 1867 yil iyulda qabul qilinib, imperator yangi general-gubernatorlikning birinchi boshlig‘i etib Samarqand istilochisi fon Kaufmanni tayinladi. Bu general-gubernatorlik o‘sha paytda Sirdaryo va Yettisuv viloyatlaridan iborat edi [5:66].
Keyingi yillarda rus qo‘shinlari Buxoro amirligi, Xiva xonligi va Turkistonning bosib olgan hududlarida, Sirdaryo, Yettisuv viloyatlaridan tashqari, Zarafshon okrugi (1868 y.), Amudaryo bo‘limi (1873 y.), Farg‘ona viloyati (1876 y.), Kaspiyorti viloyati (1881y.) tuzildi. Kaspiy dengizi orqali oxirgi viloyatga va podsho Rossiyasining ta’sir doirasida bo‘lgan Shimoliy Eron hududiga metropoliyadan aholini ko‘proq ko‘chirish maqsadida hamda turkmanlarni batamom bo‘ysundirishni ko‘zlab imperiya rahbariyati bu viloyatni Kavkaz noibligining tarkibiga (1882 y.) o‘tkazdi.
Turkistonning taqdiri 1886 yili qabul qilingan va “Turkiston o‘lkasini boshqarish to‘g‘risida Nizom” deb atalgan maxsus qonun bilan belgilandi [3:201].
1886 yilgi “Nizom” ga muvofiq Turkiston o‘lkasining ma’muriy-hududiy bo‘linishi o‘zgartirildi. Bunda mavjud birliklarni unifikasiyalash prinsipiga izchil rioya qilina boshlandi. Chunonchi, Zarafshon okrugi Samarqand viloyatiga aylantirildi. Uning tarkibiga Sirdaryo viloyatining Xo‘jand uyezdi o‘tkazildi va keinchalik Samarqand viloyati Jizzax, Kattaqo‘rg‘on, Samarqand va Xo‘jand uyezdlaridan tashkil topdi [9:97].
Farg‘ona viloyati hududining ichki tuzilishi o‘zgarishsiz qoldirildi. Sirdaryo viloyatida muqaddam tuzilgan uyezdlar qatoriga Amudaryo bo‘limi qo‘shib olindi. Bir paytning o‘zida Qurama uyezdi Toshkent uyezdi deb o‘zgartirildi.
Sirdaryo, Farg‘ona va Samarqand viloyatlari “tub” viloyatlar deb ataldi.
O‘rganilayotgan davrga oid imperiyaning ijtimoiy-siyosiy ahvolini biroz mushohada qiladigan bo‘lsak, o‘sha paytlarda Rusiya qishloqlarida vujudga kelgan tanglikni bartaraf qilish va rus dehqonlarining g‘alayonlarini bostirish maqsadida “tinib-tinchimas” rus dehqonlarining bir qismini ma’muriyat Rusiyaning ichki rayonlaridan Turkiston o‘lkasiga ko‘chirdi. Ular, asosan, Turkistonning Yettisuv, Sirdaryo va Farg‘ona viloyatlariga joylashtirildi. Mahalliy dehqonlar azaldan foydalanib kelgan yerlar tortib olindi va bu yerlar ko‘chib kelganlarga taqsimlab berildi.
Nima uchun Rossiya imperiyasi o‘zining ko‘chiruvchilik siyosatini Turkistonda keng qamrovli o‘tkazilishiga bu qadar jiddiy e’tibor qaratdi?
Birinchidan, Rossiya imperiyasining boshqa mustamlakalariga va undan qaram mamlakatlarga nisbatan Turkistonnning strategik, iqtisodiy, ijtimoiy ahamiyati yuqori bo‘lgan. Turkistonda Rossiya imperiyasi o‘rnatgan harbiy-ma’muriy tizim, bu yerda joylashtirilgan ko‘p sonli rus qo‘shinlar va ko‘chirib keltirilayotgan rus, umuman, nasroniy diniga mansub aholi imperiyaning strategik mavqeini mustahkamlashga, tashqi siyosiy intilishlarini qo‘llab-quvvatlashga, mustamlakadan olib ketiladigan nafaqat moddiy, balki madaniy boyliklarni metropoliya manfaatlariga ko‘proq foyda berishiga xizmat qilishlari kerak edi;
Ikkinchidan, Rossiya imperiyasining ko‘chiruvchilik siyosatini asosiy maqsadi, ko‘chib keltirilgan rus aholisiga tayangan holda Turkiston o‘lkasida o‘z mavqeini mustahkamlash, mahalliy aholini ruslashtirishdan iborat edi.
Yana tarixiy dalillarga murojaat qilamiz: 1865 yili, ya’ni Toshkent rus istilochilari tomonidan bosib olingan yili, shaharda 13 ming xonadonga ega bo‘lgan 76 ming kishilik aholi yashagan bo‘lsa, oradan 45 yil o‘tgach, 1910 yilda unda 21 ming xonadonga ega bo‘lgan 150 ming kishi yashardi [4:61]. 1865 yilda asos solingan Toshkentning rus qismida (yangi shaharda) 1911 yilda 54 ming rus millatiga mansub aholi yashadi. Shunday qilib ruslar tomonidan bosib olingan shaharlarda kelgindilar uchun maxsus ajratilgan turar-joylar paydo bo‘ldi. Natijada shaharlar ikki qismga bo‘linib, biri eski shahar va ikkinchisi yangi shahar deb ataladigan bo‘ldi. Bundan tashqari mustamlakachilarning Gʻarbiy Turkiston hududida Kazalinsk, Petro-Aleksandrovsk, Skobelev, Chernyayevka kabi o‘nlab shaharlari vujudga keldi.
Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, birinchi general-gubernator K.P. fon Kaufmanga imperator tomonidan deyarli cheklanmagan vakolatlar berilganligi, general-gubernatorning buyukdavlatchilik mavqei va mahalliy xalqlarga o‘ta adolatsizligi hamda metropoliya aholisining vakillari o‘lkada o‘zlarini g‘olib deb hisoblaganligi Rossiya imperiyasining,mustamlaka ma’muriyatining siyosatida, amaliy faoliyatida o‘z aksini topdi.
Yana tarixiy faktlarga tayanadigan bo‘lsak, Yettisuv yerlariga, Sirdaryo bo‘yidagi hududlarga 60-yillarda o‘z xohishi bilan ko‘chib kelgan rus aholisi orasida shaharlik kambag‘allar, mayda savdogarlar va qashshoq dehqonlar aksariyatni tashkil etishgan. Ular mahalliy aholiga nisbatan qo‘pol, jinoyatkorona munosabatda bo‘lishgan. Mahalliy dehqonlarning, chorvadorlarning yerlarini tortib olish hollari juda ko‘p bo‘lgan.
Yuqorida qayd etilganidek,fon Kaufmanamaldagi cheklanmagan hokimiyatidan foydalanib, eng avvalo, Sirdaryo viloyatiga ko‘chib kelgan rus aholiga zarur bo‘lib qolganda yer sotib olishga ham ruxsat berilishi mumkinligini belgilagan edi. Lekin ruslarni, asosan davlat yerlariga hamda tub aholidan tortib olingan yerlarga joylashtirish ko‘zda tutilgandi. [2:65]. Shuni ham aytib o‘tish lozimki, Turkiston endigina mustamlakaga aylantirilayotganda Yettisuv va Sirdaryo viloyatlarida rus armiyasida xizmatini o‘tab bo‘lgan askarlarning, metropoliyadan ko‘chib kelgan dehqonlarning oilasidagi har bir erkakka 30 desyatinagacha yer berilgan. Yangi ko‘chib kelgan dehqonlar barcha soliqlar va to‘lovlardan ozod etilgan. Bundan tashqari moddiy yordamga muhtoj bo‘lgan dehqonlarning har bir oilasiga 100 rubl uzoq muddatli qarz (ssuda) berilgan edi [6:9].
Chunonchi, qat’i qoidalar va mahalliy aholini ko‘chib kelayotganlarning zulmidan himoyalash choralari bo‘lmagan sharoitda 1865-1881 yillarda Sirdaryo, Farg‘ona viloyatlariga, Zarafshon okrugiga va Amudaryo bo‘limiga 95 mingdan ko‘proq rus dehqonlari va shahar kambag‘allari ko‘chib kelishdi [7:17-21].
Ruslarning va Rossiyaning boshqa fuqarolarining Turkistonga, jumladan, uning eng yirik viloyat – Sirdaryoga ko‘chirib keltirilishining ko‘lamlari shu qadar ediki, 1886–1890 yillarda bu viloyatda 42 qishloq, shu jumladan Toshkent uyezdida 9 qishloq yuzaga keldi [8:19-20].
Zero, Rossiyadan ko‘chirib keltirilganlarning deyarli hammasi, ba’zi istisnolar bilan, ayniqsa, qishloq aholisiga nisbatan buyuk davlatchilik-shovinistik munosabatda va jangarilik kayfiyatida edi.
1891 yilga kelib faqat Sirdaryo viloyatining asosan Avliyoota (hozirgi Jambul) va Toshkent uyezdlarining bir o‘zida 19 ta rus qishlog‘i (aholisi 1298 kishi) tashkil etildi; 1896 yili Xo‘jand uyezdidagi 6 ta rus qishlog‘ida 1000 ga yaqin rus istiqomat qilardi [3:201].
Hukumat mustamlaka hududlarini kengaytirish va “ruslashtirish” borasidagi harakatlarini XX asr boshlarida ham davom ettirdi. Bunga, Stolipinning 1906 va 1910 yillardagi mashhur agrar qonunlari, jumladan, o‘lkaning tub aholisidan “ortiqcha yerlar”ni tortib olish to‘g‘risidagi “Turkiston nizomining 270-moddasiga qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonuni asos bo‘lib xizmat qildi. Ularga ko‘ra tub aholi yerlarini ekspropriasiya qilish amaliyoti qonuniylashtirildi va kuchaytirildi, rus posyolkalari, davlat o‘rmon chorbog‘lari va chorvadorlik uchastkalarini tashkil qilish maqsadida katta yer maydonlari mahalliy aholidan tortib olindi.
Chunonchi, yuqorida ko‘rsatilgan “ortiqcha yerlarni tortib olish to‘g‘risida”gi qonun joriy qilingan dastlabki yildayoq Sirdaryo viloyatining Avliyoota uyezdida 100 ming desyatinadan ortiq maydonda yangi ko‘chib kelganlarning 3 mingta xo‘jaligiga mo‘ljallangan 63 qishloq uchastkasi tashkil qilindi.
1912 yili viloyat ko‘chib keluvchilar fondiga 73674 desyatina, shu jumladan 65409 desyatina dehqonchilik uchun qulay yerlar tortib olindi. Bu yerlarga shu yili viloyatga Rossiyadan ko‘chirib kelingan 4630 jondan iborat bo‘lgan 1569 oila joylashtirildi [10: 161-162].
XULOSA. Rossiyadan ko‘chirib keltirilganlarni Turkistonda joylashtirish imtiyozlari keyinroq ancha kamaygan bo‘lsa-da, baribir metropoliyadan O‘rta Osiyoga, ayniqsa, Turkistonga aholi ko‘chib kelish harakati kengayib bordi. Rossiya imperiyasi imperiyacha tashqi siyosiy, mustamlakachilik maqsadlarni ko‘zlab O‘rta Osiyoda bosqinchilik harakatlarini olib borayotgandayoq zabt etilgan hududlarga harbiylashgan kazaklarni,rus fuqarolarini imkon qadar ko‘proq ko‘chirishga, turli imtiyozlar bilan ta’minlashga katta ahamiyat bergan edi. Bu masala Rossiyaning ichki guberniyalaridagi ijtimoiy ahvolni yengillashtirish vazifasi bilan bevosita bog‘liq bo‘lmagan, chunki XIX asrning birinchi yarmida ham (qozoq xonliklarini yo‘q qilish, Qo‘qon xonligiga qarashli Sirdaryoning quyi qismini bosib olish davrida), keyinchalik ham mintaqada zabt etilgan hududlarga eng avvalo pravoslav e’tiqodiga mansub aholini ko‘chirish siyosati imperiya hukmron doiralarining geostrategik harbiy-siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, mafkuraviy rejalarining tarkibiy qismi bo‘lgan.
Adabiyotlar: