Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

QADIM VA O‘RTA ASRLAR DAVRI MANBAALARINING JIZZAX VOHASI MADANIY MEROSINI O‘RGANIShDAGI AHAMIYATI

Aqchaev Farrux Shavkatovich JDPU Ijtimoiy gumanitar fanlarni o‘qitishda masofaviy ta’lim kafedrasi mudiri, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori., dotsent Abdullaev Shahobiddin Norqo‘zi o‘g‘li JDPU Ijtimoiy gumanitar fanlarni o‘qitishda masofaviy ta’lim kafedrasi o‘qituvchisi +998976448444. Akchayev_1984@inbox.ru Annotatsiya. Ushbu maqolada Jizzax vohasi madaniy meros ob’ektlarini o‘rganishda qadimgi va o‘rta asrlar davri manbaalari, shungdek mazkur mavzu yuzasidan amalga oshirilgan ilmiy tadqiqotlar tahlili keltirilgan. Kalit so‘zlar. Jizzax vohasi, Ustrushona, “retranslyator makon”, madaniy meros ob’ektlari, rustoq, rabod, qal’a, karvonsaroy, muqaddas qadamjo va ziyoratgoh. Abstraktnыy. V dannoy state provoditsya analiz drevnix i srednevekovыx istochnikov po izucheniyu ob’ektov kulturnogo naslediya Djizakskogo oazisa, a takje analiz nauchnыx issledovaniy, provedennыx po dannoy teme. Klyuchevыe slova. Djizakskiy oazis, Ustrushona, «prostranstvo peredatchika», ob’ektы kulturnogo naslediya, rustak, rabad, kal’a, karavan-saray, svyaщennoe mesto i svyatыnya. Abstract. This article provides an analysis of ancient and medieval sources for the study of cultural heritage objects of the Jizzakh oasis, as well as the analysis of scientific research carried out on this topic. Keywords. Jizzakh oasis, Ustrushona, «transmitter space», cultural heritage objects, rustaq, rabad, castle, caravanserai, sacred site and shrine. Tarixiy manbalarda qayd etilganidek, qadim o‘tmishda Sug‘diyona, o‘rta asrlarda Ustrushona davlati tarkibiga kirgan ushbu madaniy hudud, Turon zamini tarixida muhim siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy o‘rin egallagan, undagi barcha tarixiy jarayonlarda faol ishtirok etgan, mintaqaning uzviy, ajralmas bir bo‘lagi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Ko‘plab manbalardan ma’lumki, Jizzax vohasini, xususan unga tutash Mirzacho‘lni Buyuk Ipak yo‘li tizimidagi karvon yo‘llari turli yo‘nalishlarda kesib o‘tgan va bu yo‘llar o‘rta asrlarda «Movarounnahrning ulkan savdo bandargohi» – Samarqandni – Shosh, Xo‘jand, Farg‘ona, Yettisuv, Sharqiy Turkiston va Xitoy bilan bog‘lab turgan. Vohada olib borilgan tadqiqotlardan ma’lum bo‘ladiki, Jizzax madaniy o‘lkasi azaldan Zarafshon daryosi havzasidagi o‘troq dehqonchilik vohasining shahar qishloqlari uchun muhim strategik ahamiyatga ega «sharqiy darvoza» vazifasini o‘tagan bo‘lsa, Shosh o‘lkasi, Farg‘ona vodiysi, Sirdaryo bo‘yi ko‘chmanchi – chorvadorlari uchun Jizzax moddiy va madaniy, o‘zaro hamkorlik aloqalari o‘tkaziladigan “retranslyator makon” sifatida faoliyat ko‘rsatgan[1] bo‘lishiga qaramasdan, shu paytgacha Jizzax vohasi aholisining madaniy merosi alohida tizimlashtirilgan tadqiqot mavzusi sifatida o‘rganilmagan. Biroq, o‘lka tarixi haqida ma’lumot beruvchi yozma manbalar va arxeologik qazuv ishlari natijalari asosida yaratilgan ilmiy adabiyotlar mavjud. Bu manbalarni ikki qismga bo‘lib o‘rganish mumkin. Ulardan birinchisi, Ustrushona dehqonchilik vohalarining o‘rta asrlar tarixiga bag‘ishlangan asarlar bo‘lsa[2] ikkinchi qismi, chorvadorlar tarixiga oid yozma manbalar hisoblanadi. Chorvadorlar turmush tarzi, ma’naviy hayoti va urf-odatlari  yozma manbalar hamda etnografik materiallar asosida ham tadqiq qilingan. Ammo, Ustrushona chorvadorlariga tegishli mozorqo‘rg‘onlarda aniqlangan ma’naviy-diniy hayot bilan bog‘liq materiallar ilmiy jamoatchilik hukmiga vaqtli nashr va ilmiy maqolalar tarzida yetkazilgan[3]. Lekin, ular ham umumlashgan, yaxlit tarzda havola qilinmagan. Shu o‘rinda, ta’kidlash joizki, shu  vaqtga qadar olib borilgan dissertatsion tadqiqotlar natijasida vohaning ilk o‘rta asrlardagi o‘zlashtirilishi tarixi, qadim va o‘rta asrlardagi tarixiy topografiyasi[4], Ustrushona chorvadorlarining antik davrdagi madaniyati[5], Ustrushonaning ilk o‘rta asr qishloq makonlari[6], o‘rta asrlardagi moddiy madaniyati[7], eftaliylar va turk hoqonligi davridagi siyosiy, moddiy-madaniy hamda ma’naviy hayoti[8], sug‘orma dehqonchilik va irrigatsiya sohasi[9] ilmiy nuqtai-nazardan o‘rganilgan. Biroq tavsif berilgan izlanishlarda mualliflar yuqorida ko‘tarilgan muammoga o‘z yo‘nalishlari va tadqiqot ob’ektlari doirasida baho berganlar. Jizzax viloyati O‘zbekistonning markaziy qismida joylashgan bo‘lib, uning katta qismi cho‘l va dashtliklardan iborat. Viloyatning relefi o‘ziga xos bo‘lib, unda tog‘, tog‘ oldi, dasht va tekislik (cho‘l) zonalari tutashib ketgan. Hududda istiqomat qilgan dastlabki  urug‘ jamoalar chorvador hamda o‘troq dehqonlar uchun qulay tabiiy shart-sharoit va unumdor yerlar, ayniqsa, oqar suv manbalari mavjudligi vohada inson faoliyati hamda uning moddiy va ma’naviy madaniyati bilan bog‘liq ijtimoiy jarayonlarning o‘zaro rivojlanishiga asosiy sabab bo‘lib, bu qadimgi davrlardan kishilar dunyoqarashi va e’tiqodi bilan bog‘liq madaniy meros yodgorliklarining shakllanishiga ham o‘ziga xos zamin hozirlagan. Hududning dehqonchilik vohalari va unga tutash dashtliklarda yashovchi aholi hayot tarzi, e’tiqod va sig‘inish ob’ektlari bilan bog‘liq tarixiy yodgorliklar borasida so‘z yuritilgan yozma manbalarni ikki qismga bo‘lish mumkin. Birinchi tur manbalar – voha va uning atrofida yashovchi chorvadorlar hayot tarzi bilan bog‘liq bitiklar, ikkinchisi esa vohaning o‘troq dehqon aholisi tarixi haqida ma’lumot beruvchi esdaliklardir. Aholi xo‘jalik hayoti va ma’naviyati bilan bog‘liq ziyoratgohlar haqida ma’lumot beruvchi turli davrga oid yozma manbalar, asosan, o‘rta asrlar tarixiy voqealari bilan bog‘liq. Vohadagi tarixiy yodgorliklar va ziyoratgohlarni  o‘rganishda asosiy muammo – hudud tarixi hamda ular haqida yozma manbalarning kamligidadir. Ustrushonaning shimoli-g‘arbiy qismida joylashgan hozirgi Jizzax vohasiga IX–X asrlarda yashagan arab tarixchi-geograflari tomonidan tekkis, cho‘lliklarga tutash rustoqlarga ega bo‘lgan dehqonchilik vohalari sifatida ta’rif berilgan. Ibn Havqalning yozishicha, Fankon rustoqining bosh shahri Dizak bo‘lgan, shahar atrofidagi qo‘rg‘onlar esa rabot deyilgan[10]. Ushbu manbalarni tahlil qiladigan bo‘lsak, ulardan Jizzax viloyati hududida Fankon-Fag‘non (Dizak), Zomin, Sarsanda, Susanda (Zomin), Xarqona, Yangiqo‘rg‘on ( G‘allaorol), Burnamad (Baxmal), Nujket (Nushkent, Baxmal tumanida), Marsmanda, Mink (Zomin tumanida) nomi bilan ataluvchi rustoqlar, ularning obod markaziy shaharlari, o‘nlab rabod, qal’a, karvonsaroylar[11] bo‘lganligi bilan bir qatorda, aholining ma’naviy-ruhiy ehtiyojlarini qondiruvchi muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar mavjud bo‘lganligini bilishimiz mumkin. Mazkur shahar va qal’a rabodlarning ko‘pchiligi hozirgi kunda arxeologik tadqiqotlar orqali aniqlangan bo‘lib, ular tarixiy yodgorliklar va ziyoratgohlar bilan uzviy bog‘langan. O‘rta asrlarga oid arab muarrixlarining asarlarida tarixiy yodgorliklar haqida aniq ma’lumotlar keltirilgan. Masalan, ibn Havqal Zomin haqida undagi bozor, jome’ masjidi, shahardagi bog‘ va uzumzorlar; Dizak haqida esa Feknon rustoqi, Xudaysar raboti va ayniqsa, Mink rustoqidagi tog‘-kon hunarmandchiligi, temir rudasini qazib olish va shu joyda undan jangovor qurollar yasash; uning ma’muriy markazi  Marasmanda shahrida har yili bo‘lib o‘tadigan  yarmarkalar, xalq sayllari haqida ma’lumot beradi. Bundan tashqari, al-Istahriy va ibn Havqal asarlarida Ustrushonadagi yo‘llar, ularning yo‘nalishi, aholi manzilgohlari, ziyoratgohlari, shahar va qishloq, rabot va karvonsaroylar, chegara hududlar, Jizzax vohasining ko‘chmanchilar dashti bilan yaqin joylashgan rustoqlari orasidagi masofalar haqida batafsil ma’lumotlar keltirilgan. Yuqorida ta’kidlangan arab manbalarida Ustrushonadagi bosh shahar sifatida Bunjikatdan keyin Zomin tilga olinadi[12]. Zomin Farg‘ona bilan So‘g‘dni bog‘lovchi katta karvon yo‘li yoqasida (hozirgi Zomin tumani markazida), tog‘ oldi o‘lkasida joylashgan. Bu haqda ibn Havqal: “U Farg‘onadan as-So‘g‘dga olib boruvchi yo‘lda joylashgan, uning boshqa nomi Savsanda. U yerda eski shahar ham bor, lekin u xaroba holatida. Bozorlar, jome’ masjidi va aholisining hammasi Savsandaga ko‘chirilgan. Bu yangi shahar butun as-So‘g‘ddan Farg‘onaga ketayotgan yo‘lovchilarning to‘xtov yeridir. Unda oqar suvlar, bog‘lar, tokzorlar va ekinzorlar bor”[13], – deb ma’lumot beradi. Ushbu ta’rifdan biz uchun Zomin rustoqida joylashgan yangi shahar, bozorlar, jome’ masjidi haqidagi ma’lumotlar ham qimmatlidir. Faknon rustoqining bosh shahri Dizak aholisi zich joylashgan shahar bo‘lib, ko‘p sonli uylari, bozorlari, bog‘lari, musofir va savdogarlar uchun karvonsaroylari bilan mashhur bo‘lgan. O‘rta asr tarixchi-geograflari Ibn Havqal, al- Istahriy, al-Muqaddasiylarning yozishlaricha, “Dizak tekislikda (joylashgan) shahar. Uning yonida Fankon nomli rustoqi bor. Urush vaqtida unda Samarqand aholisi to‘planadi. Unda ko‘p sonli odamlarni sig‘diradigan rabotlar bor… Dizakda oqar suvlar va bog‘lar bor. U hosildor shahar. Dizakliklar jun va tivitdan kiyim-kechak tikishga, gilam to‘qish va namat bosish ishlariga nihoyatda usta”[14] ekanligi barobarida dehqonchilik borasida ham mohir bo‘lganligi ta’kidlanadi. Manbalarda ta’kidlanishicha, o‘lkada mevalar shu qadar ko‘p yetishtirilganki, hatto mevalar bilan uy hayvonlari boqilgan. Shaharda hunarmandchilik, shahar atrofida ziroatchilik rivojlangan. Ustrushona bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borgan tadqiqotchilarning ta’kidlashlaricha, noma’lum muallif tomonidan yozilgan  “Hudud ul- Olam” asarida ham Jizzax vohasi haqida ma’lumotlar bor. Unda yozilishicha, “Dizak oqar suv yaqinidagi uncha katta bo‘lmagan shahar. Uning yonida Marasmand degan joy bor, har yili u yerda yarmarka bo‘ladi va aytishlaricha, bir kunlik savdo muomalasi 100000 dinordan oshadi”[15]. 1X–X asrlarda Dizak shahri muhim harbiy strategik ahamiyatga ham ega bo‘lgan. Dizak bu davrda dashtdan kirib keluvchi cho‘lliklarning talonchilik yurishlariga qarshi zarba beruvchi islom lashkari “g‘oziylar” qarorgohiga aylangan. Shu sababli Dizakda nafaqat ustrushonaliklarning, balki samarqandliklarning ham xususiy robotlari qad ko‘targan[16]. Jizzax vohasida robotlarni boshqa inshootlarga nisbatan ko‘p va mohirlik bilan qurishgan. Xudaysar robotining ovozasi esa uzoq ellargacha tarqalgan. Ehtimol, shuning uchun ham yana bir o‘rta asr muallifi Ahmad al-Kotib  Ustrushona haqida: “Bu ulkan va muhim ahamiyatga ega mamlakat, unda 400 ta qal’a va bir qancha yirik shaharlar mavjud”[17], – deb ta’kidlagan. “Qal’a va robotlar mamlakati” hisoblangan Ustrushonaning Fag‘non rustoqi boshqa ma’muriy hududlar qatori Somoniylar davlatiga qo‘shib olingandan keyin ham yangi shahar va qishloqlarga asos solingan. Yuqorida keltirilgan ma’lumotlardan ko‘rinib turibdiki, arab yozma manbalarida qadimgi va o‘rta asrlardagi Ustrushona davlati tarixi, xususan, Jizzax viloyatida joylashgan tarixiy yodgorliklar haqida g‘oyat qimmatli, xolis ma’lumotlar berilgan. Ularda Ustrushonada, bir tomondan, dehqonchilik, hunarmandchilik va savdoning rivojlanishi, ikkinchi tomondan esa vohaning obod bo‘lib gavjumlashgani, ichki va tashqi savdo hamda tovar-pul munosabatlari kengayishiga sabab bo‘lganligi ta’kidlanadi. Bu holat aholining doimiy sig‘inish ob’ektlari bilan bir qatorda, tarixiy yodgorliklar va aholi ziyoratgohlari ham obod bo‘lib borishiga sabab bo‘lgan. Abu Sa’d Abdulkarim Sam’oniyning “Nasabnoma”[18] asarida bir bob samarqandlik olimlar tavsifiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda Ustrushona shahar va qishloqlaridan yetishib chiqqan Al-Xovasiy, Az-Zominiy, Al-Ustrushaniy, As-Sanjufiniy, Ash-Shibliy, Al-Mojarmiy, An-Nujonikasiy, Al-Yorkasiy, As-Sobatiy, Al-Kabudiy va Al-Xudisariy kabi bir qator olim, shoir, muhaddis va faqihlar haqida ma’lumot beriladi. Ushbu ma’lumotlar Jizzax vohasidagi bugungi kunda mavjud bo‘lgan madaniy meros ob’ektlari, qadamjo va ziyoratgohlarning paydo bo‘lishi, ularning shakllanish tarixini o‘rganishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi. Ushbu guruh manbalari qatorida mahalliy aholi qo‘lidagi turli diniy ulamolarning o‘z avlodlariga meros sifatida yozib qoldirgan huquqiy hujjatlari[19], vaqfnoma[20] va nasabnomalari ham o‘rganildi[21]. Xususan, Zomin tumani Yom qishlog‘ida istiqomat qiluvchi Asatullaxon Isoxonov xonadonida saqlanib kelayotgan “Nasabnoma”[22]da vohaning Ko‘kto‘nli ota, Malik ota hamda Qozon ota singari ziyoratgohlariga nomi berilgan avliyolarning shaxsi, shuningdek, hududda kechgan tarixiy voqea va hodisalar bayon etilgan. Tarixiy yozma manbalarda Jizzax vohasi aholisining ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy tarixi, turmush tarzi, urf-odatlari hamda madaniy merosi to‘g‘risida ma’lumotlar qayd etilgan bo‘lib, xususan Nizomiddin Shomiyning “Zafarnoma” asaridagi 1367–1368 yillarda bo‘lib o‘tgan urush voqealariga bog‘ishlangan bobda Dizak va uning yaqinidagi Xarman mavzei va Malik roboti (Malik ota ziyoratgohi joylashgan hudud) haqida ma’lumot berilgan[23]. Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida esa Dizak va uning atrofidagi Zomin, Yom, Xavos singari qo‘rg‘on va kentlar aholisi, ularning turmush tarzi va urf-odatlari haqida yozilgan[24]. Voha ziyoratgohlari va aholi urf-odatlari bilan bog‘liq ma’lumotlar Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarida ancha keng yoritilgan. Muarrixning yozishicha, “Ustrushona bir paytlar Umarshayx Mirzo tasarrufida bo‘lgan”. Shuningdek, asarda Jizzax vohasidagi aholi maskanlari – Dizak, Zomin, Yom, Peshag‘or, Yor-Yayloq, Xaliliya kabi kentlar va Ilono‘tti darasi haqida ma’lumot beriladi. Ulardan biz uchun Sayid Burxoniddin Qilich (Zomin tumanida shu nomdagi ziyoratgoh) avlodlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar qimmatlidir. Unda: “…Xoja Mavlonoyi Qozining ismi Abdullodir. Bu nom bilan mashhur bo‘lgan edi. Ota tarafdin nasabi Shayx Burxoniddin Qilichga tutashadi. Ona tarafidin Sulton Ilik Moziyga bog‘lanadi”[25], tarzida yozib qoldirilgan. Umuman olganda ilmiy adabiyotlar tahlili shundan dalolat bermoqdaki, Jizzax vohasidagi madaniy meros ob’ektlari tadqiqotchilar tomonidan tarixshunoslik va manbashunoslik, tarixiy va etnosotsiologik jihatdan hali to‘liq o‘rganilmagan. Tavsif berilgan adabiyotlarda esa mualliflar ko‘tarilgan muammoga o‘z yo‘nalishlari va tadqiqot ob’ektlari doirasida baho berganlar. Xulosa qilib aytganda, yangilanayotgan O‘zbekiston sharoitida ko‘plab tadqiqotchilar singari mamlakatimiz etnograflari jamoasi ham bugungi kunda xalqimizning moddiy va nomoddiy madaniyatini kengroq o‘rganish va tahlil etish imkoniyatlariga ega bo‘lib bormoqdalar. Hozirda, o‘zbek xalqining etnik tarixi va etnografiyasini to‘laligicha yoritish uchun alohida olingan tarixiy-etnografik mintaqalar aholisining kundalik turmush-tarzi, faoliyat turi, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish tendensiyalari til va madaniyatlaridagi umumiylik va lokal xususiyatlar mohiyatini bilishga, to‘plangan ma’lumotlarni keng jamoatchilik, ayniqsa yoshlar qatlamiga yetkazishga keng yo‘l ochildi. Bu kabi vazifalarni amalga oshirishda Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida 2021 yil 19 yanvar kuni ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalari bo‘yicha tashkil etilgan videoselektor yig‘ilishida biz tarixchilar oldiga quyidagi muhim vazifalarni qo‘ydi. Jumladan, o‘z topshiriqlarida “Milliy tarixni milliy ruh bilan yaratish kerak. Aks holda uning tarbiyaviy ta’siri bo‘lmaydi. Biz yoshlarimizni tarixdan saboq olish, xulosa chiqarishga o‘rgatishimiz, ularni tarix ilmi, tarixiy tafakkur bilan qurollantirishimiz zarur”[26]ligini ko‘rsatib o‘tdilar. Darhaqiqat, yoshlarni vatanparvarlik va milliy iftixor ruhida tarbiyalash uchun tarixni chuqur  o‘rgatish, bu yo‘nalishdagi ilmiy tadqiqotlarni kengaytirish muhim ahamiyat kasb etadi. [1] Гулямов Я.Г. Кладбище Кулпи – Сар ИМКУ., Вып. 2, Т: «Фан», 1961, с. 92-93. [2] Ибн Ҳавқал. Китоб сурат ал –ард (Араб тилидан таржима ва изоҳлар муаллифи Ш.С. Камолиддин). Тошент: ”Узбекистон миллий энциклопедияси” Давлат илмий нашриёти, 2011., Ибн Хордадбех. Книга “Пути и страны” / Пер. с арабск. коммент. и исслед. указ. и карты Н.Велихановой.- Баку: Элм,1986., Истахри (Абу Исхак Ибрагим ибн Мухаммад). Китаб масалик ал-мамалик. // Материалы по истории киргизов и Киргизии. – М. 1973.Вып.1. [3] Пардаев М.Х.Қадимги Жиззах вохасида ўтроқ деҳқонлар ва кўчманчи чорвадорлар маданияти // ЎММТ №.33. Тошкент, 2002. С.146-153., Пардаев М. Қўй ва бўри руҳига сиғинишнинг ўзаро боғлиқлиги ҳақида // Узбекистонда ижтимоий фанлар. Т,: 1995,- № 1. Б.42-46., Грицина А.А. Кочевники в Уструшане( на примере изучения курганов в Сырдарьинской и Джизакской областях) // Цивилизации скотоводов и земледельцев Центральной Азии. – Самарканд-Бишкек: –С.2005, 186-195.,  Грицина А.А. Уструшанские были. – Ташкент: Издательство народного наследия им. А. Кадыри, 2000., Тошбоев Ф.Э. Уструшона кўчманчи чорвадор халқлари дафн удумлари  ҳақида баъзи мулоҳазалар. // Ўзбекистон тарихи ва маданияти. Тошкент, 2011, 300-304 б., Тошбоев Ф.Э. Тошбоев Ф.Э. Уструшона халқларининг антик даврдаги дафн удумлари. (Ғулбо, Сағаноқ ва Ширинсой мозорқўрғонлари мисолида). Жиззах давлат педагогика институти Ахборономаси №3, Жиззах: 2013. Б. 47-54., Тошбоев Ф.Э. Уструшона қадимги халқларининг ит ва бўри билан боғлиқ дафн маросимлари. Самарқанд 2018. [4] Грицина А. Северная Уструшана в середине I тыс. до н.э. – нач. ХIII в. н.э. (археолого-топографическое исследование).: Автореф. дис. канд. ист. наук. – Самарканд, – 1990. – С. 24. [5] Тошбоев Ф. Уструшона чорвадорларининг антик даврдаги маданияти: тар. фан. фал. док. (PhD) учун ёзилган дисс. автореф. – Самарқанд, 2017. – Б.22. [6] Ғофуров Ж. Уструшонанинг илк ўрта аср қишлоқ маконлари: тар. фан. фал. док. (PhD) учун ёзилган дисс. автореф. – Самарқанд, 2019. – Б.22. [7] Сверчков Л. Поселение Мык – источник по истории средневековой Уструшаны: Автореф. дис. канд.ист.наук. – Самарканд, 1991. – Б. 21. [8] Пардаев М. Северо-Западная Уструшана в эпоху раннего средневековья (по материалам нижнего течения р. Сангзор): Автореф. дис. канд. ист. наук. – Самарканд, 1995. – С. 24. [9] Суюнов С. История орошения Северо-Западной Уструшаны (V-ХVI вв. по археологическим материалам): Автореф. дис. канд.ист.наук. – Самарканд, 1999. – Б. 24. [10] Ибн Ҳавқал. Китоб сурат ал-ард (Араб тилидан таржима ва изоҳлар муаллифи Ш.С. Камолиддин).–Тошент: “Ўзбекистон миллий энциклопедияси” Давлат илмий нашриёти, 2011. –Б. 68. [11]Ибн Ҳавқал. Китоб сурат ал-ард. – Б. 68–70.,  Ибн Хордадбех. Книга “Пути и страны” / Пер. с арабск. коммент. и исслед. указ. и карты Н.Велихановой. Баку: Элм,1986; Истахри (Абу Исхак Ибрагим ибн Мухаммад). Китаб масалик ал-мамалик // Материалы по истории киргизов и Киргизии. – М., 1973. Вып.1. – С. 5–23;Бетгер Е.К. Извлечения из книги «Пути и страны» Абу-л-Касима ибн Хаукаля. Труды САГУ.  – Ташкент, 1957.– С. 17. [12] Ибн Ҳавқал. Китоб сурат ал-ард…  –Б. 69. [13] Ўша жойда. [14]Ўша жойда. [15]Сверчков Л.М. Поселение Мык–источник по истории средневековой Уструшаны: Автореф.дис…. канд.ист.наук.- Самарканд,1991. –С.15. [16] Бетгер Е.К. Извлечения из книги «Пути и страны» Абу-л-Касима ибн Хаукаля…  – С. 21. [17] Грицина А.А. Уструшанские были. – Ташкент: Издательство народного наследия им. А. Кадыри, 2000. –С. 33. [18] Абу Саъд Абдулкарим Самъоний. Насабнома / Арабчадан Абдулғаффор Раззоқ таржимаси, 1 -жилд. – Тошкент: Ҳилол, 2007. – Б. 134–200. [19] Ушбу ҳужжат Зомин тумани Ғорбобо зиёратгоҳи ҳудудидаги ғордан топилган.  Қўқон хони Худоёрхон (1845–1875) даврига оид бўлиб, Жаноб эшон Халифа Абдулкарим Домулло Баротга тегишли. [20] Ушбу вақфнома Фориш туманининг Жондаҳор ота, яъни Муҳаммад Шариф (Мавлоно Грекушоҳ) номи билан аталувчи зиёратгоҳига тегишли бўлиб, Мирзо Улуғбек ҳукмронлик даврига тўғри келади. [21]Воҳанинг Фориш ҳамда Зомин туманларидаги айрим зиёратгоҳлар ташкилотчилари ва масжидлар имом хатибларидан ана шундай тарихий қимматга оид ҳужжатлар ўрганилди. [22]Дала тадқиқотлари. Зомин тумани, Ём қишлоғи. 2016 йил. [23] Низомиддин Шомий. Зафарнома. –Тошкент: Ўзбекистон, 1996. – Б. 68–70. [24] Шарафуддин Али Яздий. Зафарнома. – Тошкент: Ўзбекистон, 1992. – Б. 36, 54–55. [25] Заҳириддин Муҳаммад Бобур. Бобурнома. – Тошкент: Ўқитувчи, 2008. – Б. 60–61. [26] Мирзиёев Ш.М. Инсонпарварлик, эзгулик ва бунёдкорлик – миллий ғоямизнинг  пойдеворидир. «Tasvir» нашриёт уйи. – Тошкент – 2021.   25 б.