Voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilinadi
Prezidentning “Voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.
Voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasining ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanadi:
umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalarida voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish ishlarini yangicha yondashuv asosida “xavfsiz ta’lim muassasasi” tamoyiliga asoslangan holda tashkil etish;
bandligi ta’minlanmagan yoshlar bilan ishlashning mutlaqo samarali mexanizmlarini joriy etish;
g‘ayriijtimoiy xulq-atvorli va huquqbuzarlik sodir etishga moyil voyaga yetmaganlar va yoshlarning qat’iy tuzalish yo‘liga o‘tishini ta’minlash va ijtimoiy moslashtirish ishlarini tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish;
voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish ishlariga umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalarining psixologlarini maqsadli ravishda keng jalb etish;
voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish ishlarini tashkil etishda idoralararo va jamoatchilik bilan hamkorlikning aniq mexanizmlarini belgilash;
maxsus yordamga muhtoj, shu jumladan aholining zaif qatlamiga mansub, imkoniyati cheklangan, ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar va notinch oila farzandlariga ijtimoiy-huquqiy va tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatish ishlarini tizimli ravishda tashkil etish.
Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuraturasi, Xalq ta’lim vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalarida voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish ishlarini quyidagilarni nazarda tutuvchi “Xavfsiz ta’lim muassasasi” tamoyiliga asoslangan holda tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullanadi:
ta’lim oluvchilarda qonunga hurmat, huquqbuzarliklarga murosasizlik madaniyatini shakllantirish va huquqiy nigilizmga barham berishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlarni amalga oshirish;
ta’lim oluvchilarni ommaviy madaniyat, zo‘ravonlik, shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi va pornografik mahsulotlarning g‘ayriqonuniy muomalasidan, terrorizm, ekstremizm va boshqa buzg‘unchi g‘oyalardan samarali himoya qilish, yoshlarni Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanish madaniyatini shakllantirish;
umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalarida ta’lim oluvchilarning o‘quv mashg‘ulotlariga qatnashishi davomatini nazorat qilish, shuningdek ular tomonidan sovuq qurollarni olib yurish kabi salbiy holatlarning oldini olish;
ta’lim oluvchilarni fanlarni chuqur o‘zlashtirish, chet tillarini o‘rganish, sport bilan shug‘ullanish va boshqa ijtimoiy foydali to‘garaklarga jalb qilish qamrovini kengaytirish;
ta’lim oluvchilarning tamaki, alkogol mahsuloti va kishining aql-idrokiga ta’sir qiladigan boshqa moddalarni iste’mol qilishining oldini olish;
voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish ishlarini tashkil etishda ko‘ngilli asosda ko‘maklashish bo‘yicha ta’lim oluvchilarning tashabbuskor tashkilotlari faoliyatini yo‘lga qo‘yish;
“ta’lim muassasasi – oila – mahalla” hamkorlik tizimi asosida ta’lim oluvchilarning g‘ayriijtimoiy va huquqbuzarlik sodir etishga moyil xulq-atvorini bartaraf etish choralarini ko‘rish.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Ichki ishlar vazirligining bandligi ta’minlanmagan yoshlar bilan ishlash tizimini quyidagilarni nazarda tutgan holda rivojlantirish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullanadi:
davlat-xususiy sherikchiligidan keng foydalangan holda bandligi ta’minlanmagan yoshlarga mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarni va chet tillarini o‘rgatish ishlarini tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish;
bandligi ta’minlanmagan yoshlarni haq to‘lanadigan ishlarga, shu jumladan mavsumiy ishlarga uyushgan holda jalb qilish;
bandligi ta’minlanmagan yoshlarni Vatanga muhabbat, vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularni terrorizm, ekstremizm, zo‘ravonlik, shafqatsizlik va boshqa buzg‘unchi g‘oyalardan samarali himoya qilish ishlarini aniq manzilli dasturlar asosida tashkil etish.
Prezident administratsiyasi huzuridagi Yoshlar ishlari agentligi huzurida Yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi va tegishincha yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha hududiy idoralararo komissiyalar tashkil etiladi.
Yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:
davlat organlari va hududiy organlarning, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyati samaradorligini, yaqin hamkorligi va bahamjihat ishlashlarini ta’minlash maqsadida ularning yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirish;
milliy qonunchilikni va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish maqsadida yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida davlat dasturlari hamda boshqa dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni tashkillashtirish, shuningdek, ularning ijrosini nazorat qilish;
yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni tahlil qilish, baholash, monitoring qilish va samaradorligini oshirish;
yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida samarali xalqaro hamkorlik va bahamjihat harakatni tashkil etish, shuningdek, mazkur sohada axborotlarni yig‘ish va tahlil qilish;
yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘yicha hududiy idoralararo komissiyalarning faoliyatini muvofiqlashtirish.
Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi huzurida Voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tashkil etiladi.
Voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:
voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish ishlarini muvofiqlashtirish va uslubiy rahbarlik qilish;
ichki ishlar organlari sohaviy xizmatlarining voyaga yetmaganlar va yoshlar bilan ishlash bo‘linmalari faoliyatini samarali tashkil etish;
“ta’lim muassasasi – oila – mahalla” hamkorlik tizimini mutasaddi idoralar va tashkilotlar bilan samarali hamkorlikda amalga oshirilishini ta’minlash;
voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasining innovatsion shakl va usullarini joriy etish, faoliyatni tashkil etishda ichki ishlar organlarining davlat organlari va jamoatchilik bilan o‘zaro hamkorligining ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish, ushbu tizimni rivojlantirish bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli strategik dasturlarni ishlab chiqish.
Ichki ishlar vazirligining quyidagi:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar va viloyati ichki ishlar bosh boshqarmalari, viloyatlar ichki ishlar boshqarmalari huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmalarining Voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etish bo‘limlari (bo‘linmalari, guruhlari)ni Voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etish bo‘limlariga o‘zgartirish;
tuman (shahar) ichki ishlar organlari huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalarining voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini tashkil etish guruhlari (bo‘linmalari)ni Voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasini amalga oshirish guruhlari (bo‘linmalari)ga o‘zgartirish to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinishi mumkin.
2020 yil 1 iyuldan boshlab yuridik shaxs tashkil etmagan holda Ichki ishlar vazirligi huzurida Voyaga yetmaganlar va yoshlar bilan ishlash tizimini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etiladi hamda uni shakllantirish manbalari etib quyidagilar belgilanadi:
O‘zbekiston yoshlar ittifoqining rivojlantirish jamg‘armasi tushumlarining 10 foizi;
ichki ishlar organlari huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalari tomonidan aniqlangan voyaga yetmaganlar va ularning ota-onalari yoki ularining o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan sodir etilgan ma’muriy huquqbuzarliklarga doir ishlar bo‘yicha undirilgan jarima mablag‘lari summasining 15 foizi;
xalqaro moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning grantlari hamda qonunchilik bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Ichki ishlar vaziriga Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasining Voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari xodimlarining qo‘shimcha shtat birliklarini joriy qilish hamda ushbu sohaga fuqarolarni shartnoma asosida jalb qilish huquqi beriladi.
Belgilanishicha, Jamg‘arma mablag‘lari faqat quyidagilar uchun sarflanadi:
ichki ishlar organlari voyaga yetmaganlar va yoshlar bilan ishlash bo‘linmalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va xodimlarini rag‘batlantirish;
ichki ishlar organlari voyaga yetmaganlar va yoshlar bilan ishlash bo‘linmalari xodimlarining qo‘shimcha joriy etilgan va budjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilmaydigan shtat birliklarini hamda shartnoma asosida jalb qilingan fuqarolarni moliyalashtirish;
ichki ishlar organlari voyaga yetmaganlar va yoshlar bilan ishlash bo‘linmalari xodimlari, ishchi xizmatchilarining kasbiy tayyorgarligini oshirish, ular tomonidan ilg‘or xorijiy tajribani, shu jumladan xorijiy mamlakatlarga chiqish orqali o‘rganish bilan bog‘liq tadbirlarni tashkil etish.
Ichki ishlar vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining quyidagi:
oliy ta’lim muassasalarida voyaga yetmaganlar va yoshlar bilan ishlash bo‘yicha inspektor lavozimini oliy ta’lim muassasasining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan joriy etish;
oliy ta’lim muassasalari voyaga yetmaganlar va yoshlar bilan ishlash bo‘yicha inspektorlarining xizmat faoliyati bo‘yicha tegishli oliy ta’lim muassasasi bilan bir vaqtda ichki ishlar organlari huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalariga hisobdorligini belgilash to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinadi Ichki ishlar vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining quyidagi:
umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari psixologlari zimmasiga g‘ayriijtimoiy xulq-atvorli va huquqbuzarlik sodir etishga moyil voyaga yetmaganlar va yoshlar bilan psixologik ish amaliyotini tizimli ravishda amalga oshirish, shu jumladan ularning shaxsini ijtimoiy-psixologik portretni tuzgan holda o‘rganish, shuningdek ularni qat’iy tuzalish yo‘liga o‘tganlar va jinoyat sodir etishga moyillar toifasiga ajratgan holda yangi jinoyat sodir etish xavfini psixologik baholash, psixologik yordam ko‘rsatish vazifalarini yuklash;
umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy ta’lim muassasalari psixologlari mehnat faoliyati bo‘yicha tegishli ta’lim muassasasi bilan bir vaqtda ichki ishlar organlari huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalariga hisobdorligini belgilash to‘g‘risidagi takliflari qabul qilinadi.
Mahalla fuqarolar yig‘inlari qoshida ta’lim muassasalari psixologlari rahbarligida jamoatchilik asosida faoliyat ko‘rsatuvchi “Psixologik qo‘llab-quvvatlash markazi” tashkil etiladi.
Quyidagilar Markazning asosiy vazifalari etib belgilanadi:
mahallalarda ta’lim muassasalari o‘quvchilari, ularning oila va aloqadagi ijtimoiy guruhlar a’zolarining psixologik ahvolini o‘rganish;
voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida xulq-atvordagi salbiy, g‘ayriijtimoiy va suitsidal o‘zgarishlarni ularning psixologik portretini tuzish va uni tuzatish bo‘yicha manzilli chora-tadbirlar belgilash orqali barvaqt diagnostikasini amalga oshirish;
voyaga yetmaganlar va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar sodir etilishiga va o‘z joniga qasd qilish holatlariga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan psixokorreksiya ishlarni olib borish. (манба кун.уз. интернет нашридан олинди )