O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan «Do‘rmon» ijod uyida «Respublika yosh ijodkorlarining an’anaviy seminari» bo‘lib o‘tdi.
Ushbu seminarda Jizzax davlat pedagogika universiteti talabasi Muqaddas Mamarasulova ham ishtirok etdi. Muqaddas Mamarasulova seminar taassurotlari bilan bo‘lishdi.
Men “Respublika yosh ijodkorlarining an’anaviy seminari “ga «Badiiy tarjima» yo’nalishi bo’yicha Jizzax viloyatidan kelib qatnashdim. Seminarning ikkinchi kuni Adiblar xiyobonida joylashgan so’z mulkining sultoni Alisher Navoiy haykali poyiga gul qo’yish marosimi biz kabi ijodga endi kirib kelayotgan yoshlarga adabiy ruh baxsh etdi. Kunning ikkinchi yarmida ustozlarning so’zga chiqib, o’gitlar va joyi kelganda hazil gaplari seminarning ochilish marosimini yanada ko’tarinki ruhda o’tishiga turtki bo’ldi. Kechga borib esa, she’riyat sho’balarida qaynoq mushoiralar boshlangan bo’lsa, nasr sho’balarida o’ziga xos og’irlik ruhi kezib yurdi. Albatta o’zimning yo’nalishim ya’ni badiiy tarjima haqida gapirmasam bo’lmas.
Bizning bu galgi seminarda yutug’imiz tarixiy bo’lib qoldi deb ayta olamam. Chunki bizning hakamlar hay’ati tarkibida afsonaviy adib, tarjimon, «tanqidchilarning shoiri»(E. Vohidov shunday nom bergan), ustoz Ibrohim G’ofurov bor edi. Yoshlari 84 ga kirganiga qaramasdan, biz yosh ijodkorlarga tengsiz o’git va tavsiyalarini shaxsan yetkazgani kelibdilar. Fikrlarining tiniqligi meni yana bir bor hayron qoldirdi va ustoz uchun xursand bo’ldim. Ular bilan o’zbek adabiyoti qanchalik badiiy tarjimonlarga muhtoj ekanligini, qaysi asarlar navbat kutayotganini, umuman shu sohaning kamchilik va yutuqlari haqida suhbatlashdik. Bizlarni tingladilar, o’zimiz va tarjimalarimiz bilan tanishdilar. Eng quvonarlisi, mening yurtimizda Badiiy Tarjimonlar Uyushmasini ochish fikrimni juda qo’llab-quvvatladilar. Keyingi 3- kun davomida ham qadimiy Do’rmon bog’imizda uchratgan joylarida «Siz shu taklifingiz ortidan qattiq tushing! Badiiy Tarjimonlar Uyushmasini ochish – juda zo’r fikr!» deb qayta-qayta takrorladilar. Bu albatta menga o’zimga bo’lgan ishonchni yanada orttirdi. Nasib bo’lsa, muhtaram prezident bilan yana bir bor uchrashish baxtiga muyassar bo’lsam, ushbu taklifni albatta olib chiqaman va kelajakda bu sohaning rivoji uchun o’z hissamni qo’shishga doim tayyorman!
Seminar menda juda katta taassurot qoldirdi. Kuni kecha seminarning taqdirlash marosimida ishtirok etib ortga qaytdik. Bizga ma’lum bo‘lishicha ushbu Respublika yosh ijodkorlar seminari o‘tkazila boshlanganiga 25 yil to‘ldi. Men ana shunday yubiley sanada ishtirok etganimdan juda mamnunman.