Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING “MAMLAKATIMIZDA ChET TILLARINI O‘QITISh TIZIMINI TAKOMILLAShTIRISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA”GI QARORI LOYIHASIGA MUNOSABAT

Mamlakatimizda chet tillarini o‘qitishni rivojlantirish, ta’lim sifatini oshirish, o‘quvchi yoshlarning chet tillarni o‘rganish bo‘yicha ko‘nikma va malakalarini oshirish ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi. Oliy ta’lim muassasalari pedagoglari, filologlari, chet tili o‘qituvchilari, tarjimon kadrlarning oldiga xorijiy tillarni chuqur o‘rganish vazifalarini, chet tillarini qiyosiy o‘rganish, xorijdagi ilg‘or mamlakatlarning innovatsion pedagogik tajribalaridan foydalanish va shu asosida chet tilini o‘qitishning metodikasini yaratish vazifasini qo‘ymoqda. Ta’lim muassasalarida chet tillarini o‘qitishning yangi tizimini joriy etish, ta’lim muassasalarini zamonaviy darsliklar va boshqa o‘quv materiallari bilan ta’minlash, mazkur yo‘nalishga malakali pedagoglarni jalb etish, raqobatbardosh kadrlarni tayyorlash va ilm-fan natijalaridan foydalanish jarayonlarini takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimizda chet tillarini o‘qitish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi. Ushbu qaror loyihasi yurtimizdagi barcha ta’lim muassasalariga,  Maktabgacha ta’lim muassasalaridan tortib Oliy ta’lim muassasalarigacha  chet tillar o‘qitish tizimini takomillashtirishga qaratilgan ulkan mas’uliyat va vazifalarni yuklaydi. Ushbu qaror loyihasiga ko‘ra mamlakatimizdagi barcha Oliy ta’lim muassasalarida chet tillarni o‘qitish va bilimni baholash borasida zamonaviy kommunikativ kompetensiyaviy metodikalarga asoslangan innovatsion ta’lim dasturlarini xalqaro konsultantlarni jalb etgan holda ishlab chiqish va ta’lim tizimining barcha bosqichlariga joriy etish, chet tillarni o‘qitish borasida yangicha yondashuvlarga yo‘naltirilgan ilmiy faoliyatni ko‘proq rag‘batlantirish, bunda asosiy e’tiborni ilmiy ishning amaliy samaradorligiga qaratish, ilmiy izlanuvchilar tomonidan ishlab chiqilgan metodlarni bevosita ta’lim muassasalarida amaliy sinovdan o‘tkazish tizimini ishlab chiqish va joriy etish, oliy ta’lim muassasalarining nofilologik ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarida chet tillari sohalarga moslashtirgan holda o‘qitiish, chet tillarini o‘qitish bo‘yicha zamonaviy o‘quv-metodik hamda bilimni baholashga oid materiallarni o‘z ichiga olgan yagona ta’minotni amalga oshiruvchi, shuningdek professor-o‘qituvchilarning masofaviy tarzda malaka oshirish va onlayn sertifikatsiyalash imkoniyatini beruvchi elektron dasturiy platformani yaratish va shu kabi bir qator masalalar belgilab qo‘yildiki, bularning barchasidan ko‘zlangan asosiy maqsad mamlakatimizda chet tillar o‘qitish tizimini takomillashtirish orqali Chet tillarni o‘qitishning zamonaviy tendensiya va innovatsion pedagogik texnologiyalarini yaratish, o‘quv-uslubiy ta’minot, ta’limdagi dolzarb masalalar bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarning salmog‘ini oshirishga qaratilgan. Jizzax davlat pedagogika instituti Chet tillar fakultetida mingdan ortiq talabalar chet tilini o‘rganmoqda. Chet tillar fakultetida asosiy mutaxassislik fani sifatida ingliz tili chuqur o‘rgatilmoqda. Ikkinchi til sifatida esa nemis va fransuz tillari o‘qitilmoqda. Talabalar va professor o‘qituvchilarimiz chet tillarini bilish darajasiga, ya’ni xalqaro va milliy kvalifikatsiya sertifikatlari, jumladan, IELTS, CEFR, APTIS sertifikatlarini olishga alohida e’tibor qaratishgan va ushbu sertifikatga ega professor-o‘qituvchilar, talabalar rag‘batlantirilmoqda. Institut hamda Britaniya Kengashi bilan tuzilgan o‘zaro hamkorlik shartnomasi asosida Jizzax davlat pedagogika institutida IELTS imtihonlari o‘tkazilmoqda. Ushbu shartnomaga ko‘ra  Jizzaxlik talaba yoshlar, abiturientlar, professor-o‘qituvchilar Toshkent shahriga bormasdan Jizzax shahrining o‘zida ushbu xalqaro imtihonni topshirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.  Umid qilamizki, ushbu imkoniyatning yaratilishi professor-o‘qituvchilarimiz uchun qaror ijrosini amalga oshirishga qaratilgan yana bir vosita hisoblanadi. Fakultet professor-o‘qituvchilari oliy ta’lim tizimida xorijiy tillar o‘qitish uzviyligini ta’minlash, ta’limning barcha yo‘nalishlari uchun o‘quv adabiyot va darsliklarning yangi avlodini xorijiy hamkorlar ishtirokida yaratish borasida ilmiy izlanishlar olib bormoqda. Shuningdek, professor-o‘qituvchilarni xorijiy davlatlarga ilmiy stajirovkalarga va malaka oshirish kurslariga yuborish ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi hamda bu borada jahondagi nufuzli xalqaro universitetlar bilan hamkorlikda ishlar amalga oshirilmoqda.   Jabborova Anora Jizzax davlat pedagogika instituti Chet tillar fakulteti dotsenti v.b.