Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

 O‘rin-joy jihozlari va buyumlari leksikasi

Manzura Tulaganovna Narmatova-o‘qituvchi Jizzax davlat pedagogika universiteti Tayanch so‘zlar: leksema,tillar,lug‘at,buyum,jihoz,to‘shak,yostiq,gilam,kiygiz    kabi Key words: lexeme, gold, dictionary, product, furniture, mattress, pillow, carpet, clothes, etc. Annotatsiya:  maqolada “Malika ayyor”, “Bahrom va Gulandom” dostonlarida            o‘rin-joy jihozlari va buyumlari leksikasi tushunchasiga oid maishiy leksemalar tahlil qilingan.   Annotation: the article analyzes household lexemes related to the concept of the vocabulary of furniture and objects in the stories «Malika aiyar», «Bahrom and Gulandom». Xalqimizning an’anaviy turmush tarzida, kundalik-miaishiy hayotida ehtiyoj sifatida foydalanish zarur bo‘lgan o‘rin-joy jihozlari va buyumlarini ifadalovchi o‘nlab leksemalar (masalan, to‘shak, ko‘rpa, yostiq, bolish, ko‘rpacha, choyshab, polos, kiygiz, gilam, gilamcha va boshqalar) borki, ularni bir tizim asosida etnolingvistik tahlil qilish nihoyatda dolzarb vazifalardan biri sanaladi. Quyida ulardan ayrimlarining etnolingvistik tahlilini keltiramiz: To‘shak sof turkiycha bo‘lgan mazkur leksemaning qo‘llanilishi juda qadimiy tarixga borib taqaladi: töshӓk shaklida M.Qoshg‘ariyning “Devoni lug‘otit turk”ida uchraydi. (10.,DLT, I, 374-bet). Mazkur leksema deyarli barcha turkiy xalqlar tilida faol qo‘llanadi. Masalan, hozirgi o‘zbek tilida to‘shak, turkman tilida dushek, qirg‘iz tilida doshek, uyg‘ur tilida chushek tarzida qo‘llanilishi hech kimga sir emas. Tilimizning nufuzli lug‘atida mazkur leksemaning ikki xil ma’nosi borligi qayd etilgan. 1. Jun, paxta singari yumshoq narsa solib tikib tayyorlangan, yotish, o‘tirish uchun to‘shaladigan buyum, anjom; 2. Yotish uchun solingan o‘rin, ost va ustga tashlanadigan (solinadigan) narsa. (16.,O‘TIL, IV, 250-bet). To‘shak leksemasi jamiyat taraqqiyotining har bir davrida, og‘zaki va yozma nutqlarda, qo‘lyozma asarlarda qo‘llanilganligini kuzatish mumkin. Masalan, Navoiy asarlardagi “Kat yuzida to‘shak solib necha qat, Anda yotquzdi zaru xastani bot (SS. X. 288-bet) yoki “Netib qilg‘ay safodin sajdae fosh, to‘shakdin ilki olmas lahzae bosh” (6.,F.Sh. VIII, 513-bet) kabi misralarni dalil sifatida keltirishning o‘zi yetarli deb, deb o‘ylaymiz. Darhaqiqat, Navoiy asarlari lug‘atida to‘shak – “to‘shak, polos, oyoq ostiga to‘shaladigan har bir narsa” (8.,ANATIL, III, 272-bet) degan izohning berilishi mantiqan to‘g‘ri. To‘shak leksemasining tadqiqotimiz ob’ektiga jalb qilingan xalq dostonlarida ham qo‘llanilishini kuzatdik va bu o‘rinda ayrim mulohazalarni berishni lozim topdik. “Malika ayyor”da mazkur so‘z birligi bor-yo‘g‘i 2 marta uchradi, uning to‘shakda, to‘shaklar, to‘shaklardan kabi shakldoshlari 1 martadan qo‘llanilganligi aniqlandi: Avazdan minnatdor bo‘lib, mehmonxonaga kirgizib, mehmonlarni to‘shak tashlab o‘tirgizdi, ko‘p siyladi, yugurib qildi xizmatni, qildi ziyofatni (11.,M.a. 41-bet). Nega xizmatkor kanizlar Qalandarlarning ostiga tezlik bilan to‘shak tashlab, Qalandarlar aqlin oldi (11.,M.a. 100-bet). Uchovi birga-birga pastki tomga chiqib, qo‘rg‘onning shohsupasiga borib, yaxshi libos to‘shaklardan chiqarib soldi (11.,M.a.154-bet). “Bahrom va Gulandom” dostonining matnida to‘shak leksemasining qo‘llanilganligi kuzatilmadi. Yostiq sof turkiycha bo‘lgan bu leksema uy-joy jihozlari va buyumlari sifatida juda qadimdan qo‘llanilgan. U “bosh ostiga qo‘yib yotish, yonboshlash, suyanish uchun ishlatiladigan yumshoq buyum, bolish” (14.,O‘TIL, II, 99-bet) ma’nosini ifodalaydi. Mazkur izohdagi bolish (bolisht) aslida yostiq leksemasining funksional ma’nodoshi, sinonimi sanaladi. Navoiy asarlari  lug‘atida bolish (bolisht) (yostiq va bolish) va gird bolish, lo‘la bolish, yumaloq yostiq ma’nolarini ifodalashi haqida ma’lumot berilgan va quyidagi matnlar keltirilgan: Kelu hujram supurgil, ey iqbol, Gird bolisht ravzan olig‘a sol (5.,SS. X. 59-bet). Sipehr uzra bo‘lsun sanga taxtgoh, Quyosh girdbolishtidin takyagoh (4.,SI. XI. 341-bet). Keyingi misradagi takyagoh lesemasi aslida arab tilidan o‘zlashgan so‘z bo‘lib, “boshpana, turarjoy, makon, musofirxona, yetimxona, suyanchiq”, shuningdek, shevalarda “yostiq bolish, suyanchiq” ma’nolarini ifodalaydi (15.,O‘TIL. III. 547-bet). Qadimgi qo‘lyozma manbalarda, xususan, Navoiyning ayrim asarlarida takya so‘zi yostiqqa ma’nodosh-sinonim bo‘lib qo‘llanilganligi ma’lum. Masalan, Hazratning “Devonig‘a yoru oshna ul, Takya qilur o‘lsa muttako ul” kabi misralarini lisoniy dalil sifatida keltirishning o‘zi buni tasdiqlaydi, deb o‘ylaymiz. Xalqimiz orasida “tosh yostiq”, “qattiq yostiq”, “lo‘la yostiq” kabi so‘z birikmalari azaldan bor. Ularning dastlabki ikkala varianti yozma adabiyot namunalarida, xususan, Navoiy asarlarida, uchinchi varianti (lo‘la yostiq) og‘zaki so‘zlashuv nutqida hozirgacha faol qo‘llanadi. Masalan, Navoiyning “Hayrat ul-abror” dostonidagi “Uyquga qo‘ymoq tilasam yerga bosh, Takyai xoro manga bir xoro tosh” kabi misralari ham fikrimizga birlamchi dalil bo‘la oladi. Undagi takyai xoro birikmasi “tosh yostiq”, “qattiq yostiq” ma’nolarida qo‘llangan. Lo‘la yostiq leksemasining ma’nodosh-sinonimi lo‘latakya ham ancha keng qamrovda qo‘llanilgan. Xususan, mazkur atama qaraqolpog‘istondagi va Qashqadaryo hududidagi o‘zbek shevalarida “uzun, yumaloq yostiq”, “tosh yostiq”, “qattiq yostiq” ma’nolarini ifodalab qo‘llanilishi ko‘pchilikka ma’lum bo‘lgan lingvistik holatdir. Xorazm shevalari taka yostiqning barcha turlarini ifodalab kelsa, xalq dostonlarida, xususan, “Bahrom va Gulandom”da yostiq leksemasi faqat bir o‘rinda qo‘llanilganligi kuzatildi: Mayin yostiqlar yonboshiga qo‘yilgan. Oltindan ishlangan supada Sayfur o‘tirdi (9.,B.G. 36-bet). “Malika ayyor” dostoni matnida yostiq, lo‘la, takya kabi leksemalar uchramadi. Gilam: bu leksema aslida forscha so‘z bo‘lib, “tuksiz gilam”, “palos” ma’nosini ifodalaydi. Tilimizning izohli lug‘atida “jun, ipakdan to‘qilib, yerga, polga to‘shaladigan yoki bezak uchun xona devorlariga osib qo‘yiladigan uy jihozi, badiiy to‘qimachilik buyumi” (13.,O‘TIL, I, 501-bet) tarzidagi ma’lumotni uchratamiz. Gilam leksemasi fors-tojik tilida “palos, taqir gilam” ma’nolarini ifadalovchi kelim so‘z birligi tilimizga gilam shaklida o‘zlashgan. Mazkur leksemaning qo‘llanish qamrovi juda keng: tojik tilida gilem, arab tilida gelim, kelim shaklida ishlatilishi etimologik lug‘atlarda qayd etilgan (12.,O‘TEL, III, 62-bet). Bu o‘rinda ta’kidlash lozim: gilam so‘zining o‘zi va shakldoshlari qo‘llanilishiga ko‘ra uzoq tarixiy taraqqiyot bosqichlarini bosib o‘tgan: yozma yodgorliklarda o‘z ifodasini topgan. Masalan, Hazrat Navoiyning mashhur “Farhod va Shirin” asaridagi “Gileme solinib gulgunu zebo, Yasalib ko‘rgasi gulrangu debo” kabi misralarni lisoniy dalil sifatida keltirishning o‘zi kifoya, -deb o‘ylaymiz. Mazkur gilema leksemasining gilam shakli tilimizda og‘zaki so‘zlash nutqida, xalq dostonlari tilida faol qo‘llanilganligini kuzatdik. Lekin biz o‘rgangan “Malika ayyor” dostoni matnida faqat bir o‘rinda mavjudligi aniqlandi: Ey yigitlar, Go‘ro‘g‘li turkmanlarning bekligini o‘xshatolmaydi shekilli, meni gilamga solinglar, bordor-bordor qilib, Go‘ro‘g‘lining taxtiga mindiringlar. (11.,M.a.19-bet). “Bahrom va Gulandom” dostonida ham bir o‘rinda qo‘llangan: O‘tirish joyin tuzatdi, // Zavqi-safoli davlatdi, // Har turli gilamlar to‘shab, // Qimmatbaho liboslardan, // Boz ustiga yoyib tashlab (9.,B.G.86-bet). Kiygiz (kigiz, kiyz). Bu leksema sof turkiycha, “yungdan bosib tayyorlanadigan qalin pishiq palos, namat” ma’nosini ifodalaydi. Kigizdan uy jihozlari va oyoq kiyimlari tayyorlanganligi bois uning qo‘llanilish doirasi keng, paydo bo‘lishi qadimgi davrlarga borib taqaladi. Buni qadimgi tabobatda biror yaraga kigiz(kiyiz)ni kuydirib bosib qo‘yish odatidan bilsa bo‘ladi. Hatto yozma yodgorliklarda, xususan, Navoiy asarlarida “Layli va Majnun” dostoni matnida kiyiz shaklining ham qo‘llanilganligini kuzatdik: Bulbul topmay o‘zini azosiz, // Bo‘lg‘ay pari bo‘yniga qora kiyz (2.,L.M. IX. 292-bet): Kiyz porasin ohi kuydurub chust, // Boshi yarasiga bog‘ladi rust (2.,L.M. IX. 191-bet). Kigizdan uy jihozlari, gilam, gilamcha, oyoq kiyimlar (paypoq)dan yana bosh kiyimlari (masalan, kiygizli telpak, qalpoq)  tayyorlanishi ham qadimgi davrlarga borib taqaladi. Masalan, kigizli telpaklar (kiygiz bo‘rk) bosh kiyimi atamasini Navoiyning “Majolisun-nafois”ida ham uchratdik: “Mavlono Ashraf  darveshvash va nomurodsheva kishi erdi. Va kigiz bo‘rk ustuga kurchuq charmar erdi. (3.,M.N. XIII. 11-bet). Bu ma’lumotlardan ayon bo‘ladiki, kiygiz, kigiz, kiyz shaklidagi leksemalar qadimdan ajdodlarimiz va ota-bobolarimizning kundalik turmush tarzidagi muloqotlarda faol qo‘llangan, qo‘lyozma asarlarida o‘z ifodasini topgan. Buning yorqin dalilini biz o‘rgangan dostonlar matnida ham kuzatdik: Shu vaqtda Bahrom: “Bundayin yurmayin, meni hech kim bilmasin, -deb kiyimlari ustidan bir kigizni kiyib, odam esiga olmaydigan, kimsa deb birov so‘ramaydigan odam bo‘lib, Gulandomga tikilib, tuproqqa yonboshlab yota berdi” (9.,B.G. 64-bet). Xulosa qilib aytganda, o‘rin-joy jihozlari va buyumlari tilimizning lug‘at boyligidan munosib o‘rin olgan. Ularni to‘plash, bir tizim asosida leksikografik ma’lumotlar tayyorlash ma’naviy qadriyatlarimizdan biri sanaladi. O‘rin-joy jihozlari va buyumlarining o‘zbek xalq og‘zaki ijodida qo‘llanilishi holatlarini o‘rganish ham muhim ilmiy-amaliy tadqiqotni taqozo etadi.   Adabiyotlar:  
  1. Abdulxayr M. Navoiy asarlari izohli lug‘ati. Toshkent, O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi, 2018.
  2. Navoiy.Mukammal asarlar to‘plami.20 jildlik(1987-2003) Layli va Majnun,IX jild.
  3. Navoiy.Mukammal asarlar to‘plami.20 jildlik(1987-2003) Majolis un nafois XIII jild.
  4. Navoiy.Mukammal asarlar to‘plami.20 jildlik(1987-2003).Saddi Iskandariy, XI jild.
  5. Navoiy.Mukammal asarlar to‘plami.20 jildlik(1987-2003).Sab’ayi sayyor, X jild,
  6. Navoiy.Mukammal asarlar to‘plami.20 jildlik(1987-2003).Farhod va.Shirin, VIII jild.
  7. Navoiy.Mukammal asarlar to‘plami.20 jildlik(1987-2003).Hayratul abror VII jild
  8. Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lug‘ati (1983-1985).
  9. .B.G-Bahrom va Gulandom –Toshkent:G‘.G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti,1886.
  10. Devoni lug‘otit turk 1-jild.T. Fan,1960
  11. a.- Malika ayyor.- Toshkent:G‘.G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti,1886.
  12. Raxmatullaev Sh. O‘zbek tilining etimologik lug‘ati. I.2013.
  13. O‘TIL- O‘zbek tilining izohli lug‘ati.Besh tomlik.- Toshkent:O‘zbME.,1-jild,2006.
  14. O‘TIL- O‘zbek tilining izohli lug‘ati.Besh tomlik.- Toshkent:O‘zbME.,2-jild,2006.
  15. O‘TIL- O‘zbek tilining izohli lug‘ati.Besh tomlik.- Toshkent:O‘zbME.,3-jild,2006.
  16. O‘TIL- O‘zbek tilining izohli lug‘ati.Besh tomlik.- Toshkent:O‘zbME.,4-jild,2006.