Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

MUSIQA O‘QITUVCHISINING INNOVATSION PEDAGOGIK MAHORATINI RIVOJLANTIRISH

Abilov Muslim Normuxammadovich, J.D.P.U. musiqa ta’limi kafedrasi mudiri. Annotatsiya. Mazkur maqolada musiqa o‘qituvchisining innovatsion pedagogik mahoratini rivojlantirish haqida so‘z boradi. Hozirda jahon bo‘ylab keng ommalashgan musiqiy kompyuter dasturlari, nota muharrirlari imkoniyatlaridan ta’lim jarayonida samarasi borasida fikrlar keltirilgan. Kalit so‘zlar. Musiqa, dastur, texnologiya, kompyuter, muharrir, tajriba, ommaviy, islohot. Jadal rivojlanib borayotgan ta’lim tizimi yangiliklaridan muntazam ravishda xabardor bo‘lish, fan va pedagogikaning yangi texnologiyalarini faoliyatida samarali qo‘llay olish hozirgi zamon pedagoglarining asosiy vazifalaridandir. Mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati va ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar ham ayni shu masalalarga qaratilmoqda. Jamiyatning kelajagi ta’lim tizimining qay tarzda rivojlanganligi bilan belgilanadi. Bu borada ta’lim tizimini isloh qilish, unga rivojlangan xorijiy mamlakatlarning ilg‘or texnologiyalarini joriy etish barobarida milliy qadriyatlarimizni singdirgan holda ta’limni tashkil etish, bu jarayonni puxta, samarali, sifatli va zamon talablariga mos ravishda amalga oshirish ishlari bugungi kunda davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. O‘zbekiston Respublikasida oliy ta’limni isloh qilish sharoitida ta’lim muassasalarida ta’limni modernizatsiya qilish va xorijiy ta’lim texnologiyalarini jalb etish, ta’lim jarayonlariga joriy etish bugungi kunning eng dolzarb muammolaridan biridir. Ushbu jarayon pedagogik jarayonning barcha jihatlari, o‘quv-tarbiyaviy ishlarining tashkiliy shakllari, mazmuni va texnologiyasini qamrab olmoqda. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida PF-5847-sonli O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni 2019 yil 8 oktabrda e’lon qilindi, bu esa mamlakatimizda oliy ta’limni modernizatsiya qilish va ta’limda xorijiy texnologiyalarni tatbiq etish masalasini ta’lim jarayoniga bosh maqsad qilib qo‘yadi. Mamlakatimizda oliy ta’limni tizimli isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, zamonaviy bilim va yuksak ma’naviy axloqiy fazilatlarga ega, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, oliy ta’limni modernizatsiya qilish, ilg‘or ta’lim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida farmonda, asosan, quyidagilarga e’tibor qaratildi:
  • oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayonini bosqichma-bosqich kredit-modul tizimiga o‘tkazish;
  • xalqaro tajribalardan kelib chiqib, oliy ta’limning ilg‘or standartlarini joriy etish, jumladan, o‘quv dasturlarida nazariy bilim olishga yo‘naltirilgan ta’limdan amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirilgan ta’lim tizimiga bosqichma-bosqich o‘tish;
  • oliy ta’lim mazmunini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarining barqaror rivojlanishiga munosib hissa qo‘shadigan, mehnat bozorida o‘z o‘rnini topa oladigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish;
  • xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, pulli xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va boshqa budjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga oliy ta’lim muassasalarida texnopark, forsayt, texnologiyalar transferi, start-ap, akselerator markazlarini tashkil etish hamda ularni tegishli tarmoq, soha va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini tadqiq qiluvchi va prognozlashtiruvchi ilmiy-amaliy muassasalar darajasiga olib chiqishdan iborat[1]. Ushbu farmonga asoslangan holda ta’limga imkon qadar xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, pulli xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va boshqa budjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga oliy ta’lim muassasalarida texnopark, forsayt, texnologiyalar transferi, start-ap, akselerator markazlarini tashkil etish ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ta’minlashga asos bo‘ladi. Buning uchun talabalarni xorijiy texnologiyalardan unumli foydalanishga o‘rgatsak, o‘z maqsadimizga erishgan bo‘lamiz. Klassik pedagogikaning ta’kidlashicha, bilim o‘rgatishning muvaffaqiyati ilm o‘rganuvchining bilim olishiga bo‘lgan qiziqishiga ko‘proq bog‘liq ekanligini va unda bilim olishga intilish bo‘lmasa, unga bilim o‘rgatish juda mushkulligini ta’kidlaydi. Hozirgi kunda talabalarni bilim olishga qiziqtirish pedagoglardan bilim, ko‘nikma va malakadan tashqari xorij tajribalaridan, texnologiyalardan unumli foydalanish mahoratiga ega bo‘lishni talab etadi. Modernizatsiya, pedagogik texnologiya tushunchalarining ta’rifiga to‘xtalib o‘tamiz.
Modernizatsiya – pedagogik ta’lim jarayoni va pedagogika fanini davr talablari asosida yangilash. Innovatsiya – yangidan kiritilgan tushunchalar, tartib-qoidalar, texnologiyalar va yangiliklar. Pedagogik texnologiya – a) o‘quv faoliyatini oqilona tashkil etish va jihozlash; b) imkon qadar ozroq vaqt sarflab, ta’lim natijasini kafolatlaydigan izchil pedagogik tizim; v) pedagogik muammolarni metodologik darajada hal etishga imkon beruvchi pedagogik hodisa; g) o‘quv jarayonini to‘liq boshqarish imkonini beradigan tizimli tafakkur usulini pedagogik amaliyotga tatbiq etish shakli; d) pedagogik maqsadga erishishni kafolatlaydigan harakatlarning izchil tizimi[2]. Bugungi kunda axborotlar ko‘lamining kengligi ta’lim jarayoni ishtirokchilarida vaqt muammosini keltirib chiqarmoqda. Demak biz kam kuch va kam vaqt sarflab, ko‘proq natija olish choralarini qo‘llashimiz kerak. Xo‘sh, musiqa ta’limi va tarbiyasi jarayonida bu ishni qanday amalga oshirishimiz mumkin? Bo‘lg‘usi musiqa madaniyati o‘qituvchilarini tayyorlash jarayonida musiqiy-nazariy, metodik va ijrochilik fanlari o‘qitiladi. Bu jarayonda barcha musiqiy fanlarning o‘zaro integratsiyasini tashkil qilish bilan birga zamonaviy axborot texnologiyalari, kompyuter dasturlari va mobil ilovalardan foydalanish maqsadga muvofiqdir. Bugungi kun o‘quvchi-yoshlari asosiy axborotlarni global internet tarmoqlari va mobil telefonlardan olayotgani hammamizga ma’lum. Shunday ekan biz ularning bu layoqatidan ta’lim yo‘lida unumli foydalanishimiz lozim. Berilayotgan har bir topshiriqlar zamonaviy kompyuter dasturlari, onlayn ta’lim platformalari va xalqaro ilmiy axborotlar bazasiga murojaat qilishni taqozo etishi, talabalarni yangi bilimlarni mustaqil o‘zlashtirishga yo‘naltirishi kerak. Hozirda jahon bo‘ylab keng ommalashgan musiqiy kompyuter dasturlari, nota muharrirlari imkoniyatlaridan ta’lim jarayonida samarali foydalanish lozim. Oliy ta’lim muassasalariga berilgan akademik mustaqillik sharofati bilan musiqa ta’limi yo‘nalishi o‘quv rejasiga musiqiy informatika fani kiritildi. Birgina Sibelius nota muharrida ishlash ko‘nikmalarini hosil qilish orqali talabalarda ijodkorlikni rivojlanishini kuzatishimiz mumkin. Bu talabalarda musiqiy – nazariy tushunchalarni mustahkamlash bilan birga ijrochilik ko‘nikmalarini rivojlantirishga hamda bo‘lg‘usi musiqa o‘qituvchi sifatida kasbiy kompetensiyalar shakllanishiga yordam beradi. Ta’lim innovatsiyalari muammolarini hal etishda o‘qituvchining faoliyati haqida masala eng muhim masala bo‘lib turibdi. Pedagogning ijodiy potensiali uning kreativligi, ya’ni ijodkorligi shaxsiyatini shakllantirishga intilishida, pedagogik odobning namoyon bo‘lishi, empatiya, qobiliyat, tasavvurni rag‘batlantirish, yumor hissini rivojlantirish, qiziqarli, kutilmagan, paradoks savollarni qo‘yish o‘quvi, talabalarni savol berishga jalb qilish o‘quvi va hokazo orqali oshirilishi mumkin. Rus pedagogi Ye.I. Ilin: “Pedagogika “quyma quyish”dan foydalanish mumkin bo‘lgan soha emas. Uni nusxa ko‘chirib, seriyalab amalga oshirib bo‘lmaydi. Chunki bir odamga yaraydigan uslub boshqa odamga to‘g‘ri kelmasligi mumkin, shunday bo‘ladi ham. Bu nusxa ko‘chirib, har bir odamning potrfeliga solib qo‘yish mumkin bo‘lgan “kalit” emas, balki biror yakka tartibda ishlanadigan “ochqich” bo‘lib, u faqat mohir usta qo‘llaridagina ish beradi”, – deb ta’kidlaydi. Ta’lim jarayonida o‘z oldimizga, eng avvalo, talabalarga “Kasb ta’limi metodikasi va nazariyasi” fanini o‘rganish, ularning kelajakdagi kasbi uchun naqadar zarurligini anglatishga harakat qilishimiz va pedagogik amaliyotdan misollar keltirish yo‘li bilan o‘qitishning motivatsiyasini ta’minlaymiz. Talabalarni bilim o‘rgatishga qiziqtirishga intilamiz va bunda biz har xil ish o‘yinlari (Charxpalak, asalari uyasi, zaif zveno, noma’lum tulpor va shu kabilar) va xorijiy texnologiyalardan unumli foydalanamiz. Ya.A. Komenskiy aytganidek, “Kim bir marta tuyani ko‘rsa, bulbul sayrashini eshitsa, qandning ta’mini totib ko‘rsa, u tuyaning ko‘rinishini ham, bulbul xonishini ham, qandning mazasini ham hech qachon esdan chiqarmaydi”. Bu jihatdan har bir kafedrada ishlab chiqilgan, talabalarni qiziqtiradigan, faollashtiradigan va o‘quv jarayoniga tatbiq etilgan yangi o‘qitish uslublari hamda xorijiy texnologiyalardan maqsadli foydalanish qo‘l kelmoqda. Demak, o‘quv jarayoniga xorijiy texnologiyalarini tatbiq etishga nafaqat talabalar, balki pedagoglar nazariy va amaliy jihatdan tayyor bo‘lishi ta’limning sifatini oshirishni ta’minlaydi. O‘quv jarayoniga har tomonlama yondashish, dasturga xorijiy texnologiyalarni kiritish, bizning fikrimizcha, bo‘lg‘usi mutaxassislarni diplomdan so‘nggi jaryonga tayyorlash sifatini yanada oshiradi.   FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
  1. Muslimov, M.Usmonboyeva, D.Sayfurov, A.Toʻrayev Pedagogik kompetentlik va kreativlik asoslari. T., 2015
  2. C. Грехнев Культура педагогического общения: Книга для учителя. – М.: Просвещчение, 2010
  3. Hasanova, N. K. (2021). Possibilities of music education and upbringing in the formation of personal maturity. ISJ Theoretical & Applied Science, 08 (100),http://s-o-i.org/1.1/TAS-08-100-79 Doi: https://dx.doi.org/10.15863/TAS.2021.08.100.79
  4. Muminova Muqaddas Riskulovna Mental Enlightemment Scientific-Methodological Journal. THE ROLE OF SPORT ACTIVITIES, GAMES AND COMPETITIONS IN THE NURTURE OF 6-7 YEARS OLD CHILDRENhttps://uzjournals.edu.uz/tziuj68-78betlar 2022
  5. Urinova S.Sh. Boʻlajak musiqa oʻqituvchilarining kasbiy kompetentligini oshirishning nazariy asoslari. “The best innovatior in science” xalqaro maqolalar tanlovi toʻplami. Organized by Innovative Academy. Tashkent February 5, 2022. Pg 811. https://zenodo.org/record/5979621#.YpC2PKhBxD8
  [1] Ўзбекистон Республикаси Президентининг ПФ-5847-сонли фармон. Қонун ҳужжатлари маълумотлари миллий базаси, 09.10.2019 й., 06/19/5847/3887-сон; 30.04.2020 й., 06/20/5987/0521-сон. [2] Педагогик атамалар луғати. П.ф.д., проф. Р.Х. Джураев, п.ф.д. Ў.Қ. Толипов. 47-58-бет.