Skip to main content

Ishonch telefoni: +(99872) 226 68 10

JIZZAX VILOYATI REKREATSIYA MINTAQALARIDAN TURISTIK MAQSADDA FOYDALANISH IMKONIYATLARI

M.H.Sangirova JDPU Geografiya va iqtisodiy bilim asoslari kafedrasi o’qituvchisi. Annotatsiya: Jizzax viloyatining tog’li va tekislik hududlaridagi rekreatsion imkoniyatlar va uning hududdagi turizmni rivojlantirishdagi o’rni. Kalit so’zlar: Rekreatsiya, landshaft, turizm, sardoba. “Turizm sodda qilib aytganda dunyoni tushunish, dunyoni anglash shu bilan birga dunyo sahniga chiqish demakdur. Biz shu muhum sohani rivojlantirishimiz uning keng imkonyatlaridan foydalanishimiz kerak’’ I Karimov O`zbekiston mustaqilligining dastlabki kunlaridanoq yurtimizda xizmat ko`rsatish sohasida turizm xizmatlari zamonaviy xizmat turi sifatida talqin qilinib, unga e’tibor davlat siyosati darajasiga ko’tarilgan. Soha rivoji uchun zaruriy tashkiliy huquqiy mexanizimlar vujudga keltirilib hukumat tomonidan tegishli me’yoriy hujjatlar qabul qilindi. Bu yo’nalishdagi ishlar hozir ham davom etayotgani fikrimizning isbotidur. Shu tufayli “Johon sayohat va turizm kengashi” (WTTC)ning ko’rsatgichi bo’yicha O’zbekiston Respublikasi ham turizm sohasida eng tez rivojlanayotgan mamlakatlar qatoriga qo’shilgan. Sohani rivojlantirishga respublika hududidagi barcha viloyatlar kabi Jizzax viloyati ham o’z hissasini qo’shib kelmoqda. Viloyatda o’ndan ortiq landshaft mintaqalari borligi aniqlandi. Ushbu ajratilgan landshaft mintaqalari bir-biridan farq qiladi. Shu bilan birgalikda landshaftlarda o’ziga xos umumiylik ham ko’zga tashlanadi. Ulardagi umumiylik shundan iboratki, viloyatning tekislik qismida joylashgan landshaftlar o’zining tabiiy sharoiti, tabiiy resurslari va xo’jalikda foydalanilishiga ko’ra tog’li hududda joylashgan landshaftlardan farq qiladi. Tekislik landshaftlari tog’li landshaftlardan nafaqat xo’jalikda foydalanish jihatdan farq qilibgina qolmasdan, balki rekreatsiya imkoniyatlari jihatdan farq qiladi. Shuni hisobga olib hududdagi landshaftlarni rekreatsiya imkoniyatlari va ulardan foydalanish xususiyatiga ko’ra ikki guruhga ya’ni, tekislik landshaftlari va tog’oldi hamda tog’li landshaftlar guruhga ajratiladi.
  1. Tekislik landshaft rekreatsiya mintaqalari:
Viloyatning tekislik landshaftlariga Jizzax, Mirzacho’l, Forish, Qizilqumbo’yi tekislik landshaftlari kiradi. Tog’oldi va tog’li landshaftlariga Zomin, Chumqortov, Molguzar, Shimoliy Nurota, Qaroqchitog’, G’o’bdin, Sangzor vodiysi va G’allaorol tog’oldi tekisligi landshaftlari kiradi. Ushbu guruhga kiruvchi landshaftlarning rekreatsiya imkoniyatlari va ulardan foydalanish jihatlari bir-biridan farq qiladi. Viloyat tekislik landshaftlaridagi qisqa muddatli rekreatsiya imkoniyatlarini foydalanish xususiyatiga ko’ra – baliq ovlash va cho’milib hordiq chiqarish hamda qadimiy gidrotexnik inshootlarni ko’rish kabi yo’nalishlarga bo’lish mumkin. Bunday hududlarga Aydar, Arnasoy, Tuzkon ko’llari, qadimgi sardobalar va qadimgi suv omborlari qoldiqlarini misol qilib aytishimiz mumkin. O’zbekistonda qadimgi gidrotexnik inshootlari A.Nizomov tomonidan har tomonlama o’rganilgan. A.Nizomovning ta’kidlashicha Jizzax va Sirdaryo viloyatlari hududi qadimdan sardobalarga boy bo’lgan. Chunki ushbu viloyatlarning tekislik landshaftlari o’zlashtirilgunga qadar asosan jazirama cho’l landshaftlaridan iborat bo’lgan. Savdogarlar yo’lda suvdan charchamasligi uchun yo’l yoqalarida suv to’planadigan xandaklar qazilgan va ulardagi suv bug’lanib ketmasligi uchun ularning ustini maxsus binolar bilan yopib qo’yilgan. Hududda joylashgan qadimgi suv inshoatlari jumladan sardobalarni ko’rish sayyohlarda katta qiziqish uyg’otadi.
  1. Tog’oldi va tog’ landshaft rekreatsiya mintaqalari:
Tog’oldi va tog’li landshaftlariga Zomin baland tog’ landshafti, Chumqortov, Molguzar, Shimoliy Nurota, Qaroqchitog’-G’o’bdintog’, Sangzor vodiysi va G’allaorol sertepa tekislik landshaftlari kiradi. Ushbu landshaftlardagi rekreatsiya imkoniyatlaridan foydalanish xususiyatiga ko’ra muntazam davolanadigan va muddatli dam oladigan joylarga ajratish mumkin. Bundan tashqari tog’ havosida sport mashg’uotlari bilan shug’ullanish hisobiga dam oladigan va yozgi oromgohlarda dam olib sog’ligini tiklaydigan, ya’ni sog’lomlashtirish maskanlariga bo’linadi. Qisqa muddatli dam oladigan joylarga muqaddas joylarni ziyorat qilish va dam olish, tabiiy yodgorliklarni ko’rish, tamosha qilish hisobiga dam oladigan joylarga ajratiladi. Viloyat hududida iqlimiy asosda muntazam davolaydigan maskanlarga Zomin davolanish maskani misol bo’ladi. Ushbu davolanish maskani Turkiston tog’ining shimoliy yonbag’ridagi Zominsuv suv havzasida joylashgan. Davolanish maskani joylashgan hudud archa o’rmonlari bilan qoplangan. Archa daraxti o’zidan fitotsid moddalari chiqarib havodagi mikroblarni o’ldiradi. Shuning uchun tog’ havosi toza bo’ladi. Ushbu davolanish maskanida bo’g’ma yo’tal (astma) kasalliklari davolanadi. Shuni aytish joizki, Turkiston tog’ining shimoliy yonbag’rida chalov va betagadan iborat yilqi sevib yeydigan o’simliklar keng tarqalgan. Shu sababli ushbu hududda yilqichilik ham yaxshi rivojlangan. Mahalliy aholi yilqi sutidan qimiz tayyorlaydi. Qimiz oshqozon, ichak kasalliklarini davolash uchun eng yaxshi tabiiy dori hisoblanadi. Shu sababli bu yerda tayyorlanadigan qimizdan davolash maqsadida foydalanish mumkin. MDH davlatlarida qimiz asosida davolash Rossiya federatsiyasining Boshqirdiston respublikasida yo’lga qo’yilgan. Viloyatda bu boy imkoniyatdan unumli foydalanish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Tog’oldi va tog’ landshaftlari rekreatsiya imkoniyatlaridan yana biri tog’ sporti bilan shug’ullanish maskanidir. Bunday maskanga Zomin milliy bog’i misol bo’la oladi. Ushbu dam olish maskani 1978 yilda barpo etilgan bo’lib, ushbu  maskan nafaqat Respublika sportchilarini, balki xalqaro sportchilarni jalb qilish maqsadida tashkil etilgan. Uning xalqaro ahamiyatga ega bo’lganligini hisobga olib, xalqaro park deb atashadi. Tog’larning tepasida abadiy qor va muzliklar yo’q, shunga qaramay uning beqiyos manzarasi odamlarda o’chmas ta’ssurot qoldiradi. Past tog’lar, yassi tepaliklarning to’lqinsimon yopiq yonbag’rilarida sayoz soylar va tik jarliklar ko’p. Milliy bog’ hududining asosiy qismini o’rtacha balandlikdagi tog’lar egallagan. Bu yerdagi ko’plab tizma tog’lar tor va chuqur, ba’zan 700 metrgacha yetadigan daralar bilan almashinib turadi. Tog’larning tik qoyali yonbag’irlarida shamol hosil qilgan ajoyib shakllar, sizot suvlari uyishi tufayli vujudga kelgan ko’plab g’orlar, uyilmalar bor. Baland tog’lar dengiz sathidan 2600 metr balandlikdan boshlanadi. Bular yaxshi sathli qad ko’targan alohida qoyalar zanjiridir. Turkiston tizmasi bu yerda to’lqinsimon, tishsimon cho’qqilar-u, keng botiqlar tarzida namoyon bo’ladi. Tog’ yonbag’irlari tik. Bu yerda garchi hozirda muzliklar bo’lmasada, qadimgi muzliklarning (tik devorli va yassi tubli tog’ yonbag’irlarining yuqori qismidagi o’yiqlar) va muzlik vodiysini kesib o’tuvchi ko’ndalang qoshli ostonalar ko’rinishidagi izlar saqlanib qolgan. Milliy bog’ning eng xushmanzara yerlaridan biri Zominsuv daryosining yuqoda qismida joylashgan supa yassi tog’idir. Dengiz sathidan 2380-2500 metr balandlikda ikki yarus marzida joylashgan bu yassi tog’lik past-baland qoya yuzali bo’lib, g’orlar bilan o’yilib-o’yilib ketgan. Tubida Ko’lsoy daryosi xayqirib oqayotgan daryo bu yer tabiatini yanada ko’rkamlashtiradi. Daryoning quyi qismida esa tik qoya devorlari 300-400 metrgacha yetadi. Tog’ oldi va tog’ landshaftlarida yoz oylarida sog’lomlashtirish maskanlari ham keng tarqalgan. Bunday joylarga Chumqortovning shimoliy yonbag’rida joylashgan Boyqo’ng’irsoy, Shimoliy Nurota tog’larining shimoliy yonbag’ridagi Omonsoy, Molguzar tog’ining shimoliy yonbag’rda joylashgan Ravotsoy misol bo’ladi. Ushbu soylardan oqadigan daryolar buloq suvlaridan to’yinadi, shu sababli soylarda suv yoz oylarida ham ancha mo’l bo’ladi. Soy yonbag’irlari tog’ o’rmonlari bilan qoplangan. Soylarda suvlarning mavjudligi va ularda cho’milish imkoniyatlarining mavjudligi, tog’ yonbag’irlarining o’rmon bilan qoplanganligi ushbu soylarda o’quvchi yoshlarning yozda miriqib dam olishlari uchun imkoniyat yaratadi. Shu sababli ushbu soylarda dam olish sog’lomlashtirish maskanlari barpo etilgan. Viloyatda muqaddas joylarni ziyorat qilib buloq bo’yida  qisqa muddatli  dam oladigan joylar ham keng tarqalgan. Bunday muqaddas  joylarga Molguzar tog’ining janubiy yonbag’ri tog’ etaklarida joylashgan Sa’d ibn Vaqqos ziyoratgohi va Chumqortog’ning shimoliy yonbag’ri tog’ etaklarida joylashgan Novqaota ziyoratgohlari misol bo’la oladi. Ushbu ziyoratgohlar yonida karst buloqlari joylashgan bo’lib, ushbu buloqlar atrofida ziyoratga kelgan kishilar dam olishadi. Hulosa o’rnida shuni aytish joizki viloyat hududida rekreatsion imkoniyatlarning kengligi, viloyatning respublika markazida joylashganligi hamda hozirgi kunda yurtimiz bo’ylab ichki turizmni rivojlantirishga e’tibornining kuchayganligini hisobga olib, tashrif buyuruvchi turistlarga hizmat ko’rsatish yuzasidan malakali mutaxassis hodimlarni jalb qilgan holda marketingni kuchaytirish maqsadga muvofiq deb hisoblayman. Foydalanilgan adabiyotlar: 1.Yakubov O’ Vohobov X. Rekriatsion geografiya asoslari  T.2012 y.
  1. Alibekov L.A. Zomin milliy bog’i va geoekologik muammolar yechimining geografik asoslari –Toshkent: Fan va texnologiya, 2013 y.
  2. G’o’dalov M.R. Jizzax viloyati tabiati va uni muhofaza qilish. – Toshkent. “Fan va tehnologiya”, 2014 y.