“INNOVATSIYA – TA’LIM SIFATI KAFOLATI” MAVZUSIDA SEMINAR O‘TKAZILDI
2022 yil 21 may kuni Matematika va informatika fakulteti Informatika va uni o‘qitish metodikasi kafedrasi tomonidan Jizzax davlat pedagogika instituti rektori va Jizzax viloyati xalq ta’limi boshqarmasi o‘rtasida imzolangan qo‘shma buyruq asosida Jizzax viloyatidagi 4 ta (Jizzax shahri, Sh.Rashidov Baxmal, G‘allaorol) tumanlardan jami 200 dan ortiq Informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchilari uchun “INNOVATSIYA – TA’LIM SIFATI KAFOLATI” mavzusida seminar tashkillashtirildi.
Jizzax davlat pedagogika institutining Madaniyat saroyida boʻlib oʻtgan seminarda Institutning o‘quv ishlari boʻyicha prorektori, Jizzax viloyati xalq taʻlimi boshqarmasi va tumanlar boʻlimlari metodist xodimlari, maktablarning fan oʻqituvchilar, Informatika va uni o‘qitish metodikasi kafedrasi hamda Ta’limda raqamli texnologiyalar kafedrasi professor-oʻqituvchilari ishtirok etishdi.
Seminarni Institut o‘quv ishlari prorektori dots. B.To‘xtamishev, Jizzax viloyati xalq taʻlimi boshqarmasi aniq fanlar metodisti Oʻ.Xurramov, Informatika va uni o‘qitish metodikasi kafedrasi mudiri dots. R.M.Yusupov kirish so‘zlari bilan ochib berishdi.
Ushbu seminarda Informatika va uni o‘qitish metodikasi kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan trening darslari o‘tildi. Shu jumladan, p.f.f.d. (PhD) A.R.Sattarov “Oʻquvchilarni “Bir million oʻzbek dasturchilari” loyihasiga keng jalb etish boʻyicha ba’zi bir mulohazalar”, katta oʻqituvchi X.E.Tangirov “Informatika va axborot texnologiyalari fanini oʻqitishda interfaol metodlardan foydalanish”, o‘qituvchi H.B.Toshpo‘latov “O‘quvchilarni dastur tuzishga o‘rgatishda zamonaviy ta’lim metodlarining imkoniyatlaridan foydalanish” mavzusida trening darslari o‘tishdi. Shuningdek, Sh.Rashidov tumani 29-maktab o‘qituvchisi H.G‘iyosov “O‘quvchilarni dasturlashga o‘rgatishda elektron ta’lim resurslaridan foydalanish”, Sh.Rashidov tumani 51-maktab o‘qituvchisi Sh.Isroilov “O‘quvchilarni informatika va axborot texnologiyalariga qiziqtirishda Scratch dasturlash muhiti imkoniyatlari” mavzusida trening darslari o‘tishdi.
Shundan so‘ng, Jizzax viloyatidagi Jizzax shahri, Sh.Rashidov Baxmal, G‘allaorol tumanlaridan tashrif buyurgan fan o‘qituvchilari va seminarda soʻzga chiqqanlar oʻrtasida savol-javoblar, bahs-munozaralar boʻlib oʻtdi. Ushbu seminar treningdan ko‘zlangan asosiy maqsad Jizzax viloyati xalq taʻlimi boshqarmasi tasarrufidagi umumta’lim maktablari Informatika va axborot texnologiyalari fani o‘qituvchilarini metodik qo‘llab quvvatlash, o‘qitishning zamonaviy metodlari, texnologiyalarini oʻqitishga joriy etishda tajriba almashish va o‘qituvchilarning fan bo‘yicha ko‘nikmalarini, kasbiy mahoratini oshirishga ko‘maklashishdan iborat bo‘ldi. Seminar davomida o‘qituvchilarga o‘qitishdagi zarur va foydali boʻlgan mobil ilovalar, internet saytlari, telegram botlar haqida ma’lumotlar berib o‘tildi va ulardan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha ko‘rsatmalar, metodik tavsiyalar berildi.